Liboslarimizdan to kafanimizgacha Ovro‘podan keladi... Biz muhtoj bo‘lmay, kim bo‘lsin? – Buxoro jadidlari homiysi va yetakchisi Mirzo Sirojiddin


Saqlash
12:08 / 15.08.2022 1521 0

Buxoro amirligida islohotchilik harakatining vujudga kelishida asl kasbi savdogar, tabib bo‘lgan Mirzo Sirojiddin hakim Buxoriyning ham alohida o‘rni bor. Dunyo kezgan, rivojlangan davlatlardagi taraqqiyotni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Mirzo Sirojiddin o‘z vaqtida Buxoro jamiyatidagi muammolarga munosabatini bildirdi va ularni bartaraf etishga oid taklif-tavsiyalarini taqdim etdi.

 

Mirzo Sirojiddin 1877-yil 23-oktabrda Ismoilxo‘ja otaliq mahallasida (hozirgi Mehtar Anbar ko‘chasi) Hoji Abdurauf Mirzoxurdboy savdogar oilasida dunyoga kelgan. Hoji Abdurauf Sirojiddin 10 yoshga to‘lganida axloq, tarix, adabiyot, riyoziyot hamda arab tilini o‘rganishi uchun shaxsiy muallim tayinlaydi. 1889-yildan boshlab Hoji Abdurauf 12 yoshli o‘g‘li Mirzo Sirojiddinga savdo ishini va rus tilini o‘rgatadi hamda 1890-1891-yillarda Yangi Buxoro shahrida ochilgan rus-tuzem maktabida ta’lim olishini ta’minlaydi. Mirzo Sirojiddin bu maktabda geografiya, ingliz tili va buxgalterlik ishini o‘rganadi. 1891-yilda Hoji Abdurauf Mirzoxurd Parijda o‘qib kelgan o‘zbek o‘qituvchisini 14 yoshli o‘g‘liga fransuz tilini o‘rgatishi uchun yollaydi va Mirzo Sirojiddin 6 oy davomida fransuz tilini o‘rganadi.

 

Diniy va dunyoviy bilimlarni mukammal egallagan, rus va fransuz tillarida bemalol gapira oladigan Mirzo Sirojiddinning chet davlatlarga ilk safari 25 yoshida boshlangan. Uning sayohatga chiqish  sababi “...dunyoning obodligini, xarobalarini ko‘rib, ilm va san’at taraqqiyotidan xabardor bo‘lish, sayohatlari to‘g‘risida, butun tajriba va ma’lumotlarini o‘z diniy va vatandosh birodarlariga taqdim qilib, xalqni safar foydalaridan xabardor qilish”dan iborat bo‘lgan. Mirzo Sirojiddin sayohatlari davomida Boku, Botumi, Istanbul, Vena, Sofiya, Sarayevo, Budapesht, Berlin, Belgrad, Parij, London, Bern, Syurix, Marsel, Varshava, Sankt-Peterburg va Moskva shaharlarida bo‘lib, sanoat korxonalari, universitet, muzey, kutubxona va kasalxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishgan. Bu yerlardagi taraqqiyotning asosiy sababi ozodlik va ilm-fan rivojida ekanligini anglagan Mirzo Sirojiddin sayohatlari asosida yozgan memuar asari “Tuhfai ahli Buxoro” (Buxoro xalqiga sovg‘a)da Buxoroning Yevropa va Osiyoning bir qator davlatlaridan orqada qolishi haqida: “... Butun yer yuzini ular (Ovro‘po mustamlakachilari) o‘z tasarruflariga olganlar. Biz ularning qo‘l ostilariga qolganmiz. Biz iflos ko‘cha va bozorlarda yashab kasb qilishimiz va quyosh issiqligida ziroat bilan shug‘ullanishimiz kerak va qo‘lga kiritilgan boyligimizni ularning san’atlari evaziga berib, o‘zimizni gadoy qilishimiz kerak... Bolalarimiz libosidan boshlab to o‘liklarimizning kafanigacha Ovro‘podan keladi... Endi biz muhtoj bo‘lmay, kim bo‘lsin. Ular biz – osiyoliklarning boyliklarini olib ketar ekanlar, boy bo‘lmay, kim boy bo‘lsin? Axir biz ham ularday odammiz. Biz ham yaxshi uylarda yashashni orzu qilamiz”, deb yozadi. Buxoroning Yevropa mamlakatlaridan taraqqiyot jihatidan orqada qolganidan afsuslanib: “Hozir ovro‘poliklarning ishi shu darajaga borganki, temir yo‘l mashinalaridan tortib to kemalari va osmon tayyoralarigacha elektrik nurini bera oladilar. Biz esa hanuzgacha eshak minib yuribmiz”, deydi. Ammo Mirzo Siroj bundan tushkunlikka tushmaydi, u Buxoroning kelajagiga ishonadi va taraqqiyot asosini ilm, hunar va tarbiyaga bog‘laydi. Taraqqiyotga erishish uchun maorif sohasini rivojlantirish va isloh qilish kerakligini ta’kidlab: “Biz, Osiyo xalqi, ovro‘poliklardan taraqqiyot jihatidan orqada qolgan bo‘lsak ham, hali vaqt bor, qo‘limizdan chiqib ketgan ilm va sarvatni qayta qo‘lga olishga, bugungi faqirlikdan qutulishga imkoniyatimiz bor, taraqqiyot va obodonchilikni yo‘lini to‘sadigan biror narsa ko‘rinmaydi va hech kim bizning yuzimizga ilm va hunar eshiklarini yopgani yo‘q. Bizning taraqqiyotimiz ilmga bog‘liqdir. Biz maktab va madrasalarimizdagi ta’lim va tarbiyani isloh qilishimiz kerak”, deb o‘z fikr-mulohazalarini taqdim etadi.

 

Mirzo Sirojiddin 1903-yilning 5-yanvarida Buxoroga qaytib kelgan va shu yilning fevral oyida navbatdagi safariga otlangan. Eronning Sabzavor shahrida 8 oy tasavvuf ilmini o‘rgangan. Tahsil olish bilan birga yirik sarmoyador savdogar sifatida Mashhad, Nishopur va Sabzavor shaharlaridan paxta sotib olib, Moskva va Yevropa bozorlariga yuborgan.

 

1905-yil 16-iyunda Buxoroga qaytib kelgan Mirzo Sirojiddin 1906-yil yana Eronga qaytgan va Tehron shahridagi amerikacha tibbiyot kollejiga o‘qishga kirgan. O‘qishni tamomlagach, kollejda o‘qituvchilik qiladi, birozdan so‘ng Mozandaron shahar kasalxonalarining birida shifokorlik  faoliyatini boshlaydi va tez orada “doktor Mirxon” nomi bilan mashhur bo‘ladi.

 

Uzoq vaqt Eronda yurgan Mirzo Sirojiddin otasining talabi bilan o‘z yurtiga qaytayotganda Afg‘oniston chegarasida josuslikda ayblanib, qo‘lga olinadi. Hirotda so‘roq qilingan Mirzo Sirojiddin o‘zining josus emasligini isbotlagach, ozod etiladi. Afg‘oniston hududidan chiqib, Rossiya orqali Buxoroga qaytishni niyat qilgan Sirojiddin yana afg‘on chegara harbiylari tomonidan qo‘lga olinib, jinoyati o‘ta og‘ir mahbuslar ro‘yxatiga kiritiladi va 3 oy davomida qamoqda saqlanadi. Bundan xabar topgan Sirojiddinning otasi Hoji Abdurauf Buxoro qo‘shbegisi Jonmirzabekka o‘g‘lini qutqarishlarini so‘rab murojaat qiladi. Qo‘shbegi o‘zi hamda Buxoroning yirik savdogarlari tomonidan uning shaxsini tasdiqlab yozgan guvohliklari haqidagi hujjatlarni va Mirzo Sirojiddinning tarjimai holini elchi Mirzo Sharif Safo orqali Afg‘onistonga yuboradi. Tez orada Mirzo Sirojiddin 50 nafar siyosiy mahbuslar bilan amir huzuriga olib kelinadi. Mirzo Sirojiddinning shaxsi bilan tanishib chiqqan hukmdor uni ozod etadi va unga yetkazilgan moddiy hamda ma’naviy zararni qoplab beradi.

 

Ozodlikka chiqqan Mirzo Sirojiddin Afg‘oniston amiri Abdurahmonxonning do‘sti, saroyda yuqori lavozimda ishlayotgan Xudoyorxonning jiyani (singlisining o‘g‘li) Sayyid Akramxon to‘raning uyiga boradi.

 

Shu o‘rinda qisqacha Akramxon to‘raning Afg‘onistonga kelib qolishi voqealariga to‘xtalib o‘tsak. Rossiya imperiyasi tomonidan Qo‘qon xonligi egallangach, Xudoyorxon avlodlari qatori Akramxon to‘ra ham Toshkentda bir muddat tutqinlikda saqlanadi. Afg‘onistondagi siyosiy jarayonlar oqibatida Turkistonga qochib kelgan Amir Abdurahmon Akramxon to‘ra bilan yaqinlashib, u bilan do‘st tutinadi. Amir Abdurahmon hokimiyatga qaytgach, Sayyid Akramxon to‘rani Afg‘onistonga chaqirtirib, uni yuqori lavozimga tayinlaydi. Sayyid Akramxon to‘ra Buxoro jadidchilik harakatining yirik namoyandasi Usmon Xo‘janing qaynotasi hamdir.

 

Mirzo Sirojiddin Sayyid Akramxon uyida mehmonda bo‘lgan vaqtida mezbonning sog‘ligi yomonlashadi. Shunda Sirojiddin hukumat tabiblari bilan bir paytda uni davolashda ishtirok etadi. Sog‘ligini tiklash uchun Sayyid Akramxon to‘ra Zahriddin Muhammad Bobur qurdirgan boqqa ko‘chiriladi. To‘liq sog‘aygunicha Mirzo Sirojiddin undan har kuni xabar olib turadi. Bu paytda Afg‘oniston amiri Habibullaxon bo‘lib, otasining do‘stini davolagan Mirzo Sirojiddinni saroy tabibligiga taklif qiladi. Uch yildan ortiq vaqt mobaynida Afg‘onistonda qolib ketgan Sirojiddin 1909-yil dekabrda Buxoroga qaytadi.

 

1909-yilda o‘z yurtiga qaytgan Mirzo Sirojiddin Buxoro shahrida zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi xususiy shifoxona ochgan va umrining oxiriga qadar tabiblik qilgan. Shifoxonasi haqida “Buxoroyi sharif” va “Turon” gazetalarida e’lon berib, tibbiy maslahat va davolashni boylar uchun 3 tanga, o‘rta hollar uchun 2 tanga va kambag‘allar uchun 1 tanga etib belgilab qo‘yganini qayd qilgan.

 

Mirzo Sirojiddin Buxoroga qaytgach, uylangan hamda Mirzo Munir (1911–1982) va Zubayda (1912–1985) ismli farzandlari bo‘lgan.

 

Mirzo Sirojiddin tabiblik qilish bilan birga sog‘liqni saqlash, jamiyatdagi muammolar va ularni bartaraf etishga oid takliflari aks etgan maqolalar yozgan hamda 1912-1913-yillarda “Buxoroi sharif”, “Samarqand” gazetalari va “Oyina” jurnalida e’lon qildirib borgan. Uning maqolalarida ilm-fanni rivojlantirish va bola tarbiyasi masalalari yetakchilik qilgan.

 

Mirzo Sirojiddin o‘zining “Buxoroi sharif” gazetasida chop qilingan “Bir oz faoliyat lozim” nomli maqolasini: “Ba’zida ko‘zimizni ochib o‘tgan zamonlarga nazar tashlasak, biz ilm va oliy fanlardan ilg‘or millat edik va bir necha millatlarning harakatga kelishiga hissa qo‘shganmiz”, jumlalari bilan boshlaydi. Jahon ilm-fani rivojiga hissa qo‘shgan mutafakkirlarimiz Abu Nasr Farobiy, Abu Ali ibn Sino, Imom al-Buxoriy, shoir Rudakiylarni tilga olib, ularni o‘z asrining yagonasi va durdonasi, deb ataydi. Buxoroning hozirgi ahvolidan afsuslanib: “Bas, hozirgacha bizga nima bo‘libdiki va nima monelik qilmoqdaki, bizning ko‘zlarimiz hozirgi ilm-fanni ko‘rish u yoqda tursin avvalgi ilm-fandan ham yopiq qolmoqda”, deydi. Buxoroda sanoat korxonalari, tijoratxonalar va shirkatlar ochish zarurligini, tibbiyot ilmini rivojlantirib, sog‘likni saqlashga alohida e’tibor qaratish kerakligini ta’kidlaydi.

 

Mirzo Sirojiddin ilmni 2 qismga ajratadi: tana ilmi va din ilmi. Tana ilmi – mijoz salomatligi ilmi bo‘lib, unga tib, san’at, tijorat, dehqonchilik va boshqa ilmlar kiradi. Din ilmi – ilmi sharif bo‘lib, unga Tafsir, Hadis, Aqoid kiradi. Mutafakkir dunyoviy ilmlarni o‘rganishga da’vat etib, tijorat, sanoat, sayyohlik, kemasozlik, o‘q otish ilmlarini o‘rganish savob ekanligini uqtiradi. Shuningdek, rivojlangan mamlakatlar misolida dunyoviy ilmlarning xalq va millatning taraqqiyotidagi ahamiyatini ko‘rsatib o‘tadi. “Butun Ovro‘po Shveysariya millatining ilm tarbiyasi oldida bosh egadilar. Ularning maktab va madrasalarini ko‘rganimdan keyin esimga o‘zimizning maktab va madrasalarimiz keldi va juda afsuslandim. Nima uchun bizning millatimiz bu darajada ilmni xor qilganlar”, deb afsuslanadi.

 

U “Tuhfai ahli Buxoro” asarida Sharq mamlakatlaridan Eron maorif tizimi Buxorodan ancha ilgarilab ketganini ta’kidlaydi. “Boshlang‘ich jadid maktablari juda ko‘p, dorulmuallimin, dorulfunun, siyosiy, harbiy va tibbiy madrasalari Farangiston tartibidadir. Muallimlari ovro‘polik yo o‘sha yerlarda ta’lim olib kelgan shaxslardir. Farang ilmlariga doir kitoblarni fors tilida tarjima qilganlar. Fransuz va boshqa tillardan dars beradilar. Diniy ilmlarni diniy madrasalarda o‘rganadilar. Ijtihod darajasiga yetganlar. 20 yil Najaf va Karbaloga borib o‘qiydilar. Milliy va pulli madrasalar, xotin-qizlar madrasalari ochganlar. Rus, olmon, ingliz madrasalari ham bor. Falohat (qishloq xo‘jaligi) maktabi ham ishga tushgan, dorulfunun madrasasi tarkibiga kiradi. Farangiston tipidagi kasalxonalar, tashrehxonalar (diagnostika bo‘limlar) ochganlar. Tehronda sog‘liqni saqlash sohasida anjumanlar bo‘lib turadi. Komil tabiblar, ilmli va tajribali jarrohlar, diplomli do‘xturlar ko‘pdur”, deb ta’riflaydi hamda bunday taraqqiyotni o‘z vatanida ham ko‘rishni orzu qiladi.

 

Mirzo Sirojiddin Buxorodagi kutubxona va qiroatxonalarni ham isloh qilish masalasiga alohida e’tibor qaratib, ularning zamon talabiga javob bermasligini tanqid qiladi va  yevropacha tipda qayta qurishni tavsiya qiladi. Chet el kutubxonalarida Buxoroda yozilgan kitoblarni ko‘rganini bildirib: “Ovro‘po kutubxonalarida bizning ilmiy kitoblarimiz nihoyatda ko‘pdir. Ularni ehtirom yuzasidan sandiqlarga asrab qo‘yganlar va ko‘pchiligini o‘z tillarida tarjima qilganlar. Hozirgi vaqtda bu kitoblarni biron-bir madrasalarimizdan topib bo‘lmaydi. Bularning umuman yo‘q bo‘lib ketganligining boisini bilmadim”, deb hayratlanadi.

 

Mirzo Sirojiddin yurt kelajagi bo‘lgan  bolalar tarbiyasiga alohida e’tibor qaratadi. U bolaga tarbiya berish uchun, eng avvalo, onalarning tarbiyali va ilmli bo‘lishlari shart ekanligini ta’kidlab: “Bola tarbiyasiga bir lahza ham g‘aflatda qolmaslik kerak. Ularda yaxshi xislat va fazilatlarni shakllantirish zarur, yoshligidan bolaga ilm berish farz, chunki yoshlikda olgan tarbiya va bilim nihoyatda mustahkam bo‘ladi”, deb yozadi. Bolani erta maktabga berishni rad etib: “Farzand 7 yoshga to‘lishi bilan unga ilm, odob va kamolot kasbini o‘rgatish kerak, unga turmush qoidalari, odamiylik qonunlari va maosh to‘g‘risida xabar berish shart. Har kim bolasini tarbiyasiz qoldirsa, zotining saodat gavhari o‘smay... baxtsiz bo‘lib qoladi”, deb uqtiradi.

 

Mutafakkir kasb o‘rganish haqida ham fikr bildirib: “Dunyoning hamma ishlari uchun ilm kerak. Kasb egallamoqchi bo‘lgan kishi avval o‘sha mansab yo kasb ilmini o‘rganib, imtihon topshirib, so‘ng ishni boshlashi lozim. Hech bir shaxs ilmsiz muftiy, qozi, hokim, lashkarboshi yo shoh bo‘lishi mumkin emas. Ilm olgandan so‘ng bilim darajasi  va malakasiga qarab sohasi bo‘yicha uni pog‘onama-pog‘ona ko‘tarish kerak”, deb ta’kidlaydi.

 

1914-yil 17-yanvarda taraqqiyparvarlik harakatining yetakchisi va homiysi bo‘lgan Mirzo Sirojiddin 37 yoshida Buxoro shahrida sil kasaliga chalinib vafot etgan. Mashhur tabib, sayyoh va maorif islohotchisi bo‘lgan Mirzo Sirojiddin qisqa umri davomida tibbiyot sohasini rivojlantirish, ta’lim tizimini isloh qilish, dunyoning taraqqiy etgan davlatlaridagi o‘zgarishlarni Buxoroda joriy qilish,  milliy matbuotga asos solish, uni moddiy qo‘llab-quvvatlash ishlarida bosh-qosh bo‘ldi. Buxoro shahrida zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan shifoxona ochib, aholiga xizmat ko‘rsatdi. Ammo bugunga qadar Buxoro taraqqiyparvarlik harakatining yetakchilaridan biri bo‘lgan Mirzo Sirojiddinning hayot yo‘li, faoliyati va ilmiy merosi to‘liq o‘rganilmagan bo‘lib, uni tadqiq qilish tarixchilar oldida turgan muhim vazifalardan biridir.

 

Dilnoza JAMOLOVA,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19968
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17622
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//