Ishi mash’um “uchlik” tomonidan 20 daqiqada ko‘rib chiqilgan va o‘lim jazosi berilgan jadid


Saqlash
13:08 / 23.08.2022 1300 0

Azizlar, mamlakatimizning dunyoviy sha’ni va ma’rifat shamini yuksak tutgan fidoyilarimiz haqida qator maqolalar tayyorlab e’tiboringizga havola etmoqdamiz. Bugun navbat Karim Abdullayevga

 

Karim Abdullayev 1905-yil Turkistonning Otaboy qishlog‘ida o‘rtahol dehqon oilasida dunyoga kelgan. U avval o‘z qishlog‘ida savod chiqaradi. So‘ng tahsilni davom ettirish uchun Toshkentga yo‘l oladi. Karim Abdullayev 1922-yil Beglar Junayev, Ziyovuddin Qurbonov, Iso Ahmedov, Nabi Yuldashev va boshqa do‘stlari bilan Toshkentga keladi. Ularning aksari O‘zbek maorif instituti va ishchi fakultetlariga o‘qishga kiradilar. Ayni paytda Toshkentda iqtidorli yoshlarning tashabbusi bilan tuzilgan “Ko‘mak” jamiyatiga tortiladi. Ular Sayyid Alixo‘ja, Ahmad Shukuriy, To‘lagan Mo‘min, Botu va Nosir Saidlar tavsiyasi bilan Toshkent viloyati, Farg‘ona vodiysi shahar va qishloqlariga yo‘l olib, “Ko‘mak” jamiyati foydasiga aholidan pul mablag‘lari jamlab qaytadilar.

 

Karim Abdullayev 1926-yilgacha oliy ta’limda tahsil oldi. So‘ng O‘zSSR Maorif xalq komissarligida mehnat faoliyatini boshlaydi. U 1932–1936-yillarda Samarqanddagi Pedakademiya direktori, 1936-yildan O‘zSSR Sog‘liqni saqlash xalq komissari lavozimlarida faoliyat olib boradi. Karim Abdullayev 1936-yil 2-dekabr kuni O‘zSSR SNK majlisida sog‘liqni saqlash sohasida mavjud ulkan jinoyatlar haqida ma’ruza qiladi. Unda dori-darmon, kadrlar siyosatidagi nohaqliklar, ayniqsa, qurilish borasida davlatning mislsiz boyliklari o‘marilayotganini fosh etadi. Jumladan, qurilish ishlari muhandisi Kuznetsov va Karasovlarning ishini O‘zSSR Prokuraturasiga oshiradi, Rudometkin va uning o‘rinbosari Karasevlarning yo‘l qo‘ygan xatolarini, jinoyatlarini sanab, ularning o‘rniga loyiq insonlar tayinlanishini talab qiladi. Darhaqiqat, Karim Abdullayev sohada ulkan ishlarni amalga oshirishga erishdi. Uning tashabbusi bilan viloyatlarda qisqa muddatda mahalliy kadrlar tayyorlash maqsadida bir nechta tibbiyot bilim yurtlari ochildi. Eng uzoq qishloqlarda aholining sog‘lig‘ini tekshirish maqsadida ko‘plab sayyor qabulxonalar tashkil etildi. Mamlakatning qator qishloq va tumanlarida yangi shifoxonalar ish boshladi. U qisqa muddatda haqiqiy afsonaviy rahbarga aylanadi...

 

1937-yil 5-avgust kuni Karim Abdullayev “Milliy istiqlol” aksilinqilobiy tashkiloti a’zosi, Pedakademiya (O‘zDU) direktori va Sog‘liqni saqlash xalq komissari vaqtida millatchilarni o‘z himoyasiga olgan shaxs sifatida O‘zSSR JK ning 60-, 67-moddalari bilan ayblanib, qamoqqa olishga qaror chiqarildi. 1937-yil 27-avgust kuni bitilgan order asosida Toshkent shahri Gogol ko‘chasi 2-uydan qamoqqa olindi. Karim Abdullayevning shaxsiy anketasiga binoan oila a’zolari turmush o‘rtog‘i Aliyaxon Abdullayeva, qizi Mariya va o‘g‘li Telmanlardan iborat edi. Uning onasi Xonima aya hamda aka-ukalari Saidahmad va Yuldosh Abdullayevlar Turkistonda Otaboy qishlog‘ida yashar edilar.

 

Karim Abdullayev 1937-yil 28-avgust kungi ilk so‘roqda o‘zining “Milliy istiqlol” aksilinqilobiy tashkiloti a’zosi bo‘lganini rad etdi. Biroq, 1937-yil 7-oktabr kungi so‘roqda jismoniy qiynoq va tahqirlar ostida bir necha varaqdan iborat so‘roq bayonnomasiga imzo chekishga majbur etildi. So‘roq bayonnomasidagi ko‘plab nuqtalar bizga shunday xulosa chiqarishimiz uchun dastak beradi. Jumladan, O‘zDU rektori Hikmat Fayzullayev, ijtimoiy fakultet dekani Nazir Inoyatov, Biologiya fakulteti dekani Magdi Burnashev, aspirant Haydar Ashrafiy va boshqalarni aksilinqilobiy tashkilot a’zolari sifatida tilga oladi. Tashkilotning maqsadini bayon qilib: biz ta’limda o‘zbek tilining mavqeini mustahkamlash, talabalarda milliy ruhni tarbiyalash va yuksaltirish, ruslashtirishga qarshi jiddiy kurashish, milliy antagonizmni shakllantirish, mahalliy tilda kitoblarni ko‘paytirish, ilmiy terminlarni milliylashtirish, milliy istiqlol uchun intilish, ruslarning inqilobni amalga oshirishdagi qahramonliklariga nisbatan ularning mintaqadagi bosqinchilik va mustamlakachilik siyosatlariga ko‘proq to‘xtalish yo‘lidan bordik. Bosit Qoriyev teatr imkoniyatlaridan milliylikni rivojlantirish uchun ko‘proq foydalandi. Men Sog‘liqni saqlash xalq komissari bo‘lgan davrimda dorilarning sifatini pasaytirib, malereya kasalligini tarqatib yubordim, deydi. Vaholanki, bu iddaolarning barchasi K.Abdullayevga nisbatan ayblovdan to‘liq ko‘chirib olingan edi.

 

Akjigitov o‘z muvaffaqiyatini qog‘ozga muhrlab qo‘yish maqsadida 1937-yil 20-dekabr kuni yangi bir qarorga imzo chekdi. Unga binoan Karim Abdullayev endi “o‘ng troskiychi”likda ham ayblanib, O‘ZSSR JK ning 57-, 63-, 67-moddalari bilan aybdor deb topiladi.

 

1937-yil 22-dekabr kuni Karim Abdullayevga uning jinoiy ishi ko‘rsatildi. U hech qanday qo‘shimcha ma’lumot bera olmasligini aytib, tergovni to‘xtatishlarini so‘radi. Sho‘ro adolatidan ko‘nglini butunlay uzgan Karim Abdullayev har qanday choraga roziman, deb yozib imzo qo‘ydi.

 

Karim Abdullayev ishini yanada “ishonchliroq” dalillar bilan to‘ldirish maqsada ishga uni yaqindan bilgan O‘zbekiston hukumatining mas’ul xodimlari Akmal Ikromov, Mirmuslim Shermuhammedov, Qosim Sorokin va Kuchabovlarning so‘roq bayonnomalaridan parchalar tikildi. Shuningdek, xizmat davomida K.Abdullayev yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklarini aniqlash maqsadida tashkil etilgan maxsus komissiya tomonidan tayyorlangan xulosalar olindi.

 

Shu o‘rinda bir necha guvohliklardan parchalar keltirib o‘tishimiz mumkin. Jumladan, 1938-yil 19-mart kuni so‘roqda Magdi Burnashev “Karim Abdullayevni 1933-yildan beri taniyman. Burjua natsionalist, asosan mahalliy millatlardan kadrlar tayyorlashga e’tibor beradi. U o‘zbeklar o‘zining alohida millat sifatidagi qiyofasini, o‘z mavqeini yo‘qotib bormoqda. Yoshlarni milliy ruhda tarbiyalash zarur. O‘zbekistonni SSSR dan ajratib olish uchun chet ellar, masalan, Angliyadan yordam olish lozim derdi” deb yozsa, yana bir iqonlik do‘sti Safo Rismuhammedovich Murotov 1938-yil 7-iyul kuni “1923-yil O‘zbek maorif institutiga o‘qishga kirganman. Ayni paytda turkistonlik yoshlar Karim Abdullayev, Ataxon Norqo‘ziyev, Ziyovuddin Qurbonov, Alixon Norov, Beglar Junayev, Iso Ahmedov, Habibullo Yoqubov va boshqalar “Ko‘mak”da ishlab, aholidan pul yig‘ib yo Berlinga yoki boshqa shaharlardagi o‘zbek talabalariga yo‘llar edik”, deydi.

 

Bir vaqtlar Karim Abdullayev bilan Turkistonning Iqon qishlog‘idan Toshkentga kelgan Muhammadrasul Zamanboyev 1925-1926-yillarda Chimkent okrug sudi raisi, ko‘p yillar qishloq xo‘jaligi bo‘limida, so‘ng jinoyat – sud bo‘limida ishlaydi. 1935–1937-yillar quloqlar va dindorlarni ozod etib, ularning o‘rniga qashshoqlarni qamagan degan ayblov bilan O‘zSSR Bosh Prokurori yordamchisi Muhammadrasul Zamanboyev ham qamoqqa olingan edi. U 1938-yil 17–19-mart kunlari so‘roqda aksilinqilobiy tashkilot faoliyatini Sultonbek Xodjanov Moskvadan qaytib kelgach qayta yo‘lga qo‘yganini aytadi.

 

1938-yil 29-mart kuni Beglar Junayev “1936-yil K.Abdullayev meni Sog‘liqni saqlash xalq komissarligi huzuridagi o‘quv bo‘limi boshlig‘i lavozimiga ishga oldi. Aksilinqilobiy tashkilot mavjud va unga Akmal Ikromov, Sultonbek Xo‘janovlar rahbarlik qiladi” desa, 1938-yil 4-iyul kuni iqonlik Aziz Ahmedov “1936-yil yanvardan Sog‘liqni saqlash xalq komissarligida yordamchi xo‘jaliklarning boshqaruvi boshlig‘i bo‘lib, 1937-yil martgacha sohadagi ko‘plab jinoyatlarni ochib tashladim. 1937-yil Muhammadrasul Zamanboyev tavsiyasi bilan Toshkentning Kirov tumaniga xalq tergovchisi, undan so‘ng Qarshiga prokuror etib yo‘llanganman. Biz barchamiz Sultonbek Xodjanovning shogirdlarimiz” deb guvohlik beradi.

 

1938-yil 31-avgust kuni O‘zSSR Prokuraturasi tergovchisi Firsov Karim Abdullayev ishga kelguniga qadar vazirlikdagi mas’ul insonlar tomonidan amalga oshirilgan jinoyatlarni bo‘yniga olishini talab qiladi. K.Abdullayev bu talabga aslo rozi bo‘lmasligini ma’lum qiladi. Biroq, 1938-yil 1-oktabr kuni Karim Abdullayevni yana hamma ayblovlarga roziman, boshqa qo‘shimcha qilmayman, hech kimga e’tirozim yo‘q, deb yozib, imzo chekishga majbur etishadi.

 

K.Abdullayevning ayblov bayonnomasida O‘zDU rektori bo‘lganida Abdurauf Fitrat, Bekir Cho‘ponzoda, G‘ozi Olim Yunusov, Muso Saidjonov, Bo‘lod Soliyev, Nazrulla Inoyatov kabi olimlarni qo‘llab quvvatlagan. Iqonlik mullaning o‘g‘li Rauf Boyjonovni Leningradga o‘qishga yuborgan va uni stipendiya bilan ta’minlab turgan. Sog‘liqni saqlash komissarligi davrida detdomlar qurmay qastdan kasallarni ko‘paytirib yuborgan, o‘ng markazchi, troskiychi, millatchi terrorchilik tashkiloti a’zosi kabi uzundan uzoq mantiqsiz ayblovlar bilan O‘zSSR JK ning 58-, 64-, 63-, 67-moddalari qo‘llandi.

 

Karim Abdullayev ishi 1938-yil 4-oktabr kuni soat 11:35 dan 11:55 gacha mash’um “uchlik” tomonidan ko‘rib chiqilgan. U o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarning birortasini ham tan olmadi. Biroq, “uchlik” qandaydir kimsalarning g‘arazli ko‘rsatmalari yoxud tergovchilar tomonidan urib-so‘kib, tahqirlab, qiynab olingan imzolar asosida uni oliy jazoga mahkum etadi. Nohaq jazo shu kunning o‘zidayoq ijro qilindi.

 

Karim Abdullayev ishi 1957-yil 1-avgust kuni SSSR Oliy Sudi Harbiy kollegasi tomonidan oqlandi. Garchi turmush o‘rtog‘i O‘zbek tili va adabiyoti ilmiy tekshirish instituti aspiranti Aliyaxon Abdullayeva katta olim bo‘lib yetishmasa-da, ularning umid uchqunlari, qizi Mahbuba Abdullayeva o‘zbek ayollari orasidan yetishib chiqqan fizika fani bilimdoni, professor bo‘ldi. Uning ilmiy nazariyalari sho‘rolar davridayoq sotsialistik chegaralarni yorib chiqib Buyuk Britaniyaning nufuzli nashrlarida chop etildi. O‘g‘li Telman Abdullayev esa qurilish muhandisi sifatida Toshkentning yangi qiyofa kasb etishida o‘zining ulkan hissasini qo‘shdi. Hukumat rahbari Sharof Rashidovning qurilish sohasini ishonib topshira oladigan sanoqli odamlaridan biriga aylandi.

 

Karim Abdullayev oqlangani haqidagi xushxabar Toshkent shahar K.Marks ko‘chasi 57/9 xonadonda yashovchi qizi Mahbuba Abdullayevaga yetkazildi. U xatni o‘qir ekan otasining “xalq dushmani” bo‘lganiga hech qachon ishonmagani va uning oradan yigirma yil o‘tib haq ekanligi isbotini ko‘rib ko‘zidan shashqator yosh tinmadi. U bir enlik xat orqali suyukli dadajonini ko‘rganday, uni bag‘riga bosganday sezdi o‘zini. Xabarchining moddiy da’vo haqidagi g‘uldirashiga esa quloq ham solmadi. Aksincha, na 32 yoshida beayb-begunoh mahv etilgan otasi uchun, na o‘zlarining vayron bo‘lgan bolaligi uchun davlatdan bir so‘m ham talab qilmasligini yozib imzo chekadi. Ha, anglagan insonlar uchun bu tahqirlar bahosining qiymati yo‘q. Aksincha, dunyoning pulini aytganida ham o‘z qadrini yerga urgani  qolishini yaxshi anglaydilar...

 

Bahrom IRZYAYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19967
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17622
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//