“Tahqir, nohaqlik va azoblar ortida ma’nan o‘ldirilganman” – 11 yoshida Germaniyaga o‘qishga yuborilgan Usmon Omon taqdiri


Saqlash
12:08 / 25.08.2022 1598 0

Usmon 1910-yil Buxoro shahrida dunyoga kelgan. Otasi Qosim Omon o‘g‘li avval Buxoro Amirining kotibi, keyin qarovulbegi va Shahrisabz begi saroyida mulozim lavozimlarida ishlagan. Qosim 1918-yil “Yosh buxorolik”lar partiyasi a’zosi degan ayblov bilan Shahrisabzda qatl etilgan. Endigina 8 yoshga kirgan Usmonni bobosi Buxoroga olib keladi. 1920-yil Buxoroda amir saltanati ag‘darilib, Buxoro Xalq Respublikasi tashkil etildi. Usmon ham boshqa shahidlarning farzandlari qatorida “Avlodi shuhado” internat-maktabiga kirib, tirishqoqlik bilan o‘qiy boshlaydi.

 

1922-yil BXSR hukumati o‘lkaga Yevropa ilm-fani yutuqlarini joriy etish maqsadida 60 dan ortiq yoshlarni Germaniyaga tahsil olish uchun yo‘llaydi. Ular orasida 11 yoshli Usmon Qosim o‘g‘li ham bor edi. Usmon o‘z guruhida Buxorodan Moskvaga, undan Leningradga borib, dengiz orqali Germaniyaning poytaxti Berlin shahriga yetib keldi. Bu yerda yoshlar bir muddat iqlimga moslashtirilgach, yosh va qiziqishlariga qarab turli shaharlarga taqsimlandi. Usmon Omon o‘zi kabi kichik yoshdagi Ne’mat Narzullo, Hamro Abdulla, Abdulla Abdurahimlar bilan jami 18 kishi Kyosling shahridagi maktab-internatga joylashtiriladi. Olimjon Idrisiy, doktor Badri Kamol Sayfulmulklar, buxorolik yoshlarning yetakchilari Ahmad Naim va Afzal Abusaidlar kelib xabar olib turganlar. Afzal Abusaid va doktor Badrilar ba’zan bu yerda 1015 kun qolib, bolalarni ekskursiyalarga olib chiqar edi. Ahmad Naim o‘z suhbatlarida yoshlarga “Chor va sovet tuzumi ona yurtimizni mustamlakaga aylantirdi. Bizning buyuk maqsadimiz millatimizga xizmat qilishdir. Bizning vazifamiz yurtimizni mustamlaka qilish uchun kelganlardan ozod etish, Vatanni mustaqil davlat sifatida ko‘rishdir. Millat uchun yashang, fidoiy bo‘ling...” deb uqtirardi.

 

1925-yil O‘zSSR tuzilgach, sho‘ro hukumati Olmoniyada tahsil olayotgan o‘zbek yoshlarini qaytarish masalasini talab qila boshlaydi. Hatto, vaziyatni tekshirish uchun Toshkentdan Meyerson rahbarligida maxsus komissiya yo‘llaydi. Hay’at bir muddat tekshirgan bo‘lib, barchani SSSRga qaytarish kerakligini talab qiladi. O.Idrisiy yoshi katta talabalarni to‘plab majlis o‘tkazadi. U komissiyaning xolis ekanligiga shubha bildirib, talabalarning o‘qishni tugatmasdan Vatanga qaytarilishiga qarshi chiqadi.

 

Meyerson go‘yoki oxirgi xulosasini aytish uchun barcha yoshlarni Berlinga to‘playdi. “Pansion YOZ” mehmonxonasida bo‘lgan yig‘ilishda Meyerson xorijiy ta’limning aksilinqilobiy xarakteridan gap boshlab, dag‘dag‘a bilan hammani SSSRga qaytarishni talab qila boshlaydi. Talabalar uning so‘zlaridan ta’sirlanib g‘ala-g‘ovur ko‘taradi va komissiyaning talabalarni diplomni qo‘lga kiritmasidan qaytarish qarorini rad etadilar. Favqulodda toshkentlik Ahmad Shukriy baland ovozda gap boshlab, so‘ng qo‘lidagi toppanchasidan Meyersonga qarata o‘q uzadi. Komissiya a’zolari birdan majlisni ham yakunlamay qochib ketishadi. Shu topda politsiya yetib kelib, Shukriyni qamoqqa oladi. Sho‘rolar bundan foydalanib, yoshlarni aldov va qo‘rqituv yo‘llari bilan ortga qaytarishga kirishadilar. Dastlab, Asror Abror, Abdurashid Burhon, Iskandar Chori, Xolmurod Hoji o‘g‘li, Safar Hakim, Kivam Kiram kabi sakkiz nafar o‘quvchini SSSRga qaytaradi. Shundan so‘ng Olimjon Idrisiy, Ahmad Naim va boshqa faollar bilan yashirin yig‘ilish o‘tkazib, ayrim yoshlarni Turkiyaga chiqarib yuborishga qaror qiladilar. Ular buning juda xavfli ish ekanligini anglagan holda avval Ochilbegi Muqim, Jo‘ra Halim, Rahimquli Ro‘zi, Hazratqul Ochil kabi jami 14 nafar yoshlardan iborat birinchi guruhni Turkiyaga o‘tkazib yuborishga kelishadilar. Guruh SSSRga Polsha orqali ketayotgandek qilib, Varshavaga keltiriladi. Bu yerdagi turk elchixonasidan kerakli hujjat va pasportlar to‘g‘rilanib, Turkiyaga o‘tkazib yuborilishi kerak edi. Biroq, Usmon Omon, Abdulla Bade’, Ne’mat Nazrulla, Alovuddin Isomiddinlarning hujjatlaridagi kamchilik tufayli yana Olmoniyaga qaytariladi. Shundan so‘ng sho‘ro xufyalari tomonidan Turkiyaga borishning barcha yo‘llari yopib qo‘yildi va bu borada qattiq nazorat o‘rnatildi.

 

Yoshlar Germaniyada o‘qishni davom ettirishga kirishadilar. Ne’mat Narzulla, Rahmatjon Avazjon va Beshim Solihlar Zaraudagi tekstil institutiga kiradi. Muhammadjon Avazjonov va Aloviddin Isomiddinlar Kottibus shahridagi tekstil Oliy maktabiga kirishga muvaffaq bo‘ladilar. SSSRga qaytishdan bosh tortgan Usmon Omon va Abdurahim Burhonlar Kyoslingda o‘qishni davom ettirishga ketadi.

 

1925-yildan sovet hukumati yoshlarga pul yuborishni butunlay to‘xtatib qo‘ydi. 1925-yil fevralda endigina 15 yoshga kirgan Usmon do‘sti Abdurahim Burhonov bilan majburan qaytarildi. Majburan deyishimizga sabab Usmonga ijaradagi uyidan Kyosling gimnaziyasidan olgan shahodatnomasini olishga ham imkon berishmadi.

 

1925-yil boshida Vatanga qaytgan Usmon avval Buxoro shahri, Govkushon guzarida pochchasi Fayzulla Komilovning qaramog‘ida yashaydi. Boisi uning ota uylari allaqachon sovetlar tomonidan tortib olingan, o‘zi ham “dushman” sinf vakili sifatida qora ro‘yxatga tushib qolgan edi. Besh-olti oy davomida ish topa olmay, oxiri Buxoro elektrostansiyasida shogird bo‘lib ishga kiradi. Biroq, bu joyda ham qo‘nim topa olmadi. Ko‘p o‘tmay “ijtimoiy begona qatlam” vakili sifatida ishdan haydashadilar. Usmon Omon Toshkentga borib, K.Marks nomidagi pedagogika bilim yurtiga kiradi. 1931-yil bilim yurtini tugatib, shahodatnoma oladi. Usmon 1932-yil so‘ngida Buxoro shahriga kelib, maktabda olmon tilidan dars bera boshlaydi.

 

Usmon Omon 1934-yil iyulda yana Toshkentga yo‘l olib, Toshkent meditsina instituti tayyorlov kursiga kiradi. Biroq, uni majburan Xorazmga nems tili o‘qituvchi sifatida yo‘llashadi. 1935-yil Buxoroga kelib, Buxoro Pedagogika institutida olmon tilidan dars bera boshlaydi.

 

1938-yil 12-yanvar kuni IIXK Samarqand boshqarmasi Abdulla Bade’ ishi doirasida Buxoro pedagogika instituti o‘qituvchisi Usmon Qosimovich Omonovni 1936-yildan Buxoroda Gestapoga xizmat qiluvchi terrorchilik tashkiloti a’zosi degan ayblov bilan qamoqqa olishga qaror qiladi. Shu kuni order berilib, Buxoro shahri Registon maydonida joylashgan nashriyotga tegishli Usmonning yotoqxonasida tintuv o‘tkaziladi.

 

1938-yil 1528-yanvar kunlari davom etgan dahshatli qiynoqlar asosida avvaldan tayyorlab qo‘yilgan bir nechta so‘roq bayonnomalariga Usmon Omonning imzosi olindi. Bu qog‘ozlarda uning Olmoniyada birga o‘qigan do‘stlari va ular bilan aloqalari aks ettirildi. Shundan so‘ng o‘zining aksilinqilobiy faoliyati, jumladan, 1926-yil Buxoroga qaytgach Labi Hovuz atrofida kolbasa yasovchi Kurt Villi va shu yerdagi do‘konlardan birida sabzavot bilan savdo qiluvchi olmon millatiga mansub kishilar bilan aloq bog‘laganini, do‘stlari Hamro Abdulla va Ne’mat Nazrullalar ham josus ekani, ular kelajakda kutilayotgan urushning dahshatli bo‘lishi, shu vaqtda qurolli guruh tuzib aholini talash hamda terror bilan shug‘ullanishga kelishib olganlarini “yozgan” edi.

 

1938-yil 22-dekabr IIXK Samarqand boshqarmasi boshlig‘i Kalmikov Usmon Omonni 1925-yildan “Ozod Turkiston” a’zosi, 1926-yil Vatanga josus sifatida qaytgan, 1936-yildan Buxorodagi Gestapo vakili Hamro Abdullayevga xizmat qilgan deb qaror chiqaradi. Biroq, shu orada Samarqand IIXK bir guruh xodimlariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Jumladan, rahbar Kalmikov O‘zSSR deputati bo‘lgani tufayligina otilmay qoldi. Xodimlarning so‘roq jarayonida ko‘plab beayb kishilarni nohaq qamagani, mahkumlarni zo‘rlagani, xo‘rlash va yolg‘on ayblovlar to‘qigani isbotlanib, Ivan Filipovich Smolnikov 10 yilga, Hakim Hakmulovich Shaydulin 3 yilga MTLga hukm qilindi. Shundan so‘ng tergov jarayoni birmuncha yengillashdi.

 

Shunga qaramay O‘zSSR IIXK Sadjaya 1939-yil 21-fevral kuni Usmon Omonni amir amaldorining o‘g‘li, “Ozod Turkiston” aksilinqilobiy tashkiloti a’zosi, 1927-yildan josus Kurt Villiga ishlagan, 1936-yildan Gestapo josusi deb ayblab qaror chiqaradi. Biroq, birorta isbot bo‘ladigan dalil keltirilmadi.

 

1939-yil 15-aprel kuni so‘roqda Usmon Omon Abdulla Bade’ va Abdurahim Burxonovni tanishini, biroq ularning hech biri Germaniya josusi emas, deydi. Biroq, 1939-yil 19-iyul kuni IIXK Samarqand boshqarmasi boshlig‘i Mirhamidov tomonidan tayyorlangan ayblov bayonnomasida Usmon Omonni yana josuslikda ayblaydi.

 

1940-yil 13-fevralda Usmon Omon ishi SSSR IIXK qoshidagi “uchlik” tomonidan ko‘rilib, unga 8 yil MTL jazosi belgilaydi...

 

Usmon Qosimovich Omonov 1957-yil 15-oktabr sanasi bilan Buxoro shahri Oktabr ko‘chasi 7-uydan SSSR Oliy sovetining Prezidiumi raisi o‘rtoq Kliment Yefrimovich Voroshilovga ariza yo‘llaydi. Unda so‘zni o‘z o‘tmishidan boshlab: “...1931-yil Toshkentdagi K.Marks nomli pedagogika bilim yurtini tugatdim. 1933–1938-yillar davomida o‘rta maktab va Buxoro pedagogika institutida olmon tilidan dars berib kelardim. 1938-yil 13-yanvar kuni to‘satdan ish joyimdan qo‘limga kishan solib, Samarqandga olib ketdilar. Meni josus, aksilinqilobiy unsur deb tinimsiz do‘pposlab, qiynoqqa soldilar. Sakkiz sutka tik oyoqda turg‘azib, aqldan ozish darajasigacha olib borib, o‘zlari yozgan qog‘ozlarni imzolatdilar. Ularni imzolashimning sababi men tergovchining xonasida o‘lib ketishni istamadim. Shundan so‘ng ishimni harbiy tribunalga yo‘llashdilar, ular dalillar yetishmayapti deb qaytargach yana ikki yil Samarqand turmasida yotdim. 1940-yil Moskvada menga 8 yillik mehnat tuzatish lageri (MTL)ga yo‘llash jazosini belgilashdi. Jazoni Magadan viloyatidagi Dalstroy lagerida o‘tab, 1946-yil lagerdan bo‘shatildim. Ammo, to‘liq ozod bo‘lmadim. Menga vatanimga qaytishga ruxsat berishmadilar. Magadan viloyati Dalniy Sever posyolkasida ishlab yurdim. 1938–1957-yillar davomida men qarindoshlarim, oilamdan uzoqda bo‘ldim. Hozir Buxorodaman. Ammo, yoshligimni, ko‘plab qarindoshlarimni yo‘qotibman. 20 yil davomida pedagogik mahoratimni ishga sololmadim. Men 47 yoshdaman. Tahqir, nohaqlik va azoblar ortida ma’nan o‘ldirilganman. Men ham qachonlardir Germaniyada o‘qigan edim. Hozirda yaroqsiz bir nogironga aylandim. Qachonlardir ajoyib pedagog edim. O‘rtoq Voroshilov, o‘tinaman. Bo‘ynimdan sudlangan degan nomni oling. Qisqa vaqt bo‘lsa-da o‘qituvchi bo‘lib Oktabr inqilobining 40 yillik bayramini o‘qituvchi sifatida kutib olayin”.

 

Shu ariza ortidan Usmon Omon ishi ham qayta ko‘rishga topshirildi.

 

1958-yil 2-iyun kuni Usmon Omon qayta so‘roqqa chaqirildi. Bu vaqtda Buxoro shahri Krasina ko‘chasi 14-uyda yashab, hamon pasport ololmagandi. Ayni paytda Buxoro davlat savdoga qarashli gastronomda direktor o‘rinbosari bo‘lgan Usmon Omon tergovchining savollariga javob berar ekan, jumladan, nohaq qamoqqa olinib, jazoni Kolimada o‘tagani, o‘zining boshidan kechirgan azob-uqubatlarini birma-bir hikoya qiladi. “...Men hech qachon josus bo‘lmaganman. Ammo, tergovchilar tinimsiz urib bo‘ynimga qo‘yishdi. 1938-yil 28-yanvar kuni imzolaganim so‘roq bayonnomasidagi nom, ish joylar meniki, ammo faoliyat meniki emas. Men amir amaldori bo‘lgan otam vafot etganida sakkiz yoshda edim. O‘n ikki yoshli go‘dak holimda Germaniyaga ketganman. Qaytganimda ham 15 yashar bola edim. Qanaqadir “Ozod Turkiston” haqida hech qachon eshitgan ham emasman. Olimjon Idrisiy bilan bog‘lashdi. To‘g‘ri, men u kishini ko‘rganman. U kishi halol, elsevar, ajoyib inson edi. Uning aksilsovet faoliyatidan hech bir xabarimiz bo‘lmagan. Ishonamanki, Olimjon Idrisiy ham xoin emasdi. Olmoniyada biz ko‘p millatli yoshlar edik. U kishi barchamizni to‘g‘ri tarbiyalab, ilmga safarbar etardi. Idrisiy hech qachon vatanimiz yoki sovet davlati haqida yomon gapni aytmagan. Balki, bizning qalbimizni yaralashdan qo‘rqqandir. So‘roq bayonnomasidagi hamma tuhmatlarni tergovchilar mening nomimdan yozib, so‘ng meni urib, tahqirlab imzolattirgan edi” deydi. Tergovchining qanaqa qiynoq usullarni qo‘llagan degan savoliga “...Komachkov konveyerni qo‘llardi. Ya’ni, suvsiz, uyqusiz, ovqatsiz tik turg‘azib qo‘yib so‘roq o‘tkazar edi. Bu jarayonda ham to‘xtovsiz savalar edi. Uning yordamchilari esa hatto ichi suvga to‘ldirilgan butulka bilan qiynash, qish kunlari bir lungida hovliga olib chiqib qo‘yish, tizzagacha sovuq suvda turishga majbur etish, mix bilan azob berish kabi xilma-xil tahqirlarni qo‘llardilar” deydi.

 

 

                                               (Usmon Omon yashagan xonadon. Buxoro.)

 

Qayta so‘roqlar davomida Usmon Omonning hayoti faqat tuhmat va bo‘htonlar asosida uvol qilingani to‘liq isbotini topdi. 1958-yil 4-avgust kuni Turkiston harbiy okrugi Harbiy tribunali tomonidan Usmon Omon oqlanadi va bu xabar uning o‘ziga yuborildi.

 

Bahrom IRZAYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19946
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17587
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//