15 daqiqalik sud va o‘lim jazosi – Bahovuddin Aminjonovning ayblov bayonnomasida nimalar ko‘rsatilgan edi?


Saqlash
09:08 / 30.08.2022 1055 0

Istak menim gul-farishtam, xayolimning arshidir,

Qanot qoqib kecha-kunduz talpinaman, uchaman.

Yuksak ruhim yuragimning jon ozig‘i, shohidir,

Yetay-yetmay bori-birdir dargohiga boraman.

Yo‘llarimda to‘siq ko‘pdir, lokin sira qo‘rqmayman,

Barchasini botirlarcha urub-yiqib o‘tarman.

Menim ko‘nglim dengiz kabi, ko‘klar kabi erkindir,

Achchiq alam, g‘urbatlarni, bildirmasdan yutarman.

Ulug‘ istak borlig‘imning obi hayot chashmasi,

Senga yetsam so‘ngra uchsa mayli ruhim qushchasi!...

 

Shokir Sulaymon. O‘qug‘uvchi tovushi // Turkiston gazetasi.

1923-yil 21-yanvar.

 

1922-yilning kuzida Germaniyaga tahsil olish uchun Buxoro Xalq Respublikasi tomonidan yo‘llangan 55 talaba orasida Bahovuddin Aminjonov ham bor edi.

 

Bahovuddin 1904-yil Buxoro shahrida mudarris xonadonida tavallud topgan. Otasi Aminjon Ziyovuddinov “Yosh buxoroliklar” partiyasining faollaridan bo‘lib, Buxoro tarixiga oid kitoblar bilimdoni edi. 1914-yil yosh tarixchi olim Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on Buxoro hududiga ilk marotaba kelganida uning uyida yashab, maslahatlar olgan edi. Aminjon Ziyovuddinov 1920-yil amirlikning ag‘darilishi natijasida vujudga kelgan Buxoro Xalq Respublikasida qator nufuzli vazifalarda ishlagan. 1921-yil siyosiy maqsadda Buxoro zaminiga kelgan Zaki Validiy yana Aminjon Ziyovuddinov xonadonida mehmon bo‘ladi. Bu esa uning Buxoro siyosiy hayotidagi yuqori mavqeidan darak beradi. Bahovuddin dastlab jadid maktabida savod chiqardi, so‘ng madrasa ta’limini olib fors, arab tillarini mukammal o‘rgandi.

 

1922-yilning kuzida Aminjon Ziyovuddinov o‘g‘li Bahovuddinni Germaniyaga tahsil olishga yuboradi. Buxoro hukumati tomonidan Germaniyaga yo‘llangan talabalar uchun mas’ul etib tayinlangan Olimjon Idrisiyning ma’lumotiga ko‘ra, tabiatan nozik Bahovuddin Germaniyada bir qancha vaqt davolanishga majbur bo‘ladi va o‘zi bilan borgan o‘quvchilar o‘rtasida o‘ta iqtidorliligi bilan ajralib turadi.

 

U avval Aziz Xo‘ja, Sattor Jabbor, Vali Qayumlar bilan Doktor Fekkelmanning xususiy o‘rta maktabida ta’lim olgan. Shundan so‘ng tibbiyot sohasida ta’lim olishga kirishadi va Berlin universitetining tibbiyot fakultetida o‘qishni davom ettiradi. Bahovuddin talabalik yillarida faqat mutaxassisligi yuzasidan ilm olish va tajriba orttirish bilan cheklanmagan. O‘zbekiston partiya rahbariyatiga tayyorlangan axborotda yozilishicha, u talabalar o‘rtasida qilgan ma’ruzalarida sovet hukumatining O‘zbekistonda olib borayotgan yer islohoti, tumanlashtirish, “Hujum” kabi tadbirlari o‘zbek xalqining asrlar davomida shakllangan an’anaviy turmush tarzi hamda qadriyatlariga qarshi yo‘naltirilganligini isbotlashga intiladi. Bahovuddin Vatanda mavjud og‘ir iqtisodiy-ijtimoiy ahvoldan juda yaxshi xabardor edi. Ayniqsa, o‘sha vaqtlarda mintaqada sil va shu kabi yuqumli kasalliklar avj olib ketgani, sovet davlatida esa unga qarshi kurash uchun na pul, na tibbiy xizmat ko‘rsatish muassasalari va na bir tayinli siyosat yo‘q edi. Shuning uchun, Bahovuddin Turkiston matbuotining to‘ng‘ichlaridan bo‘lgan “Yer yuzi” jurnalidagi o‘z chiqishlarida inson sog‘lig‘i uchun eng zarur va eng kamxarj yo‘l sifatida jismoniy tarbiya masalasini ilgari suradi. U xalqqa murojaat etib: “... Sog‘liqni saqlash ilmi bizga aytadir-kim, odamning sog‘lig‘ini saqlash uchun ko‘p va yaxshi harakat qilish, badanga foydalik ovqatlar olish, foydaliq materiallardan kiyim kiyish, uy-joyni yorug‘ va toza havoliq qilish kerak.

 

Bizning butun tanimizning og‘irlig‘i, tug‘ulg‘ondan tamoman katta bo‘lguncha yigirma bir marotaba og‘ir bo‘ladir... Ya’ni, bola tug‘ilg‘on vaqtida uning tamom og‘irlig‘i besh qadoq bo‘lsa, bundan taqriban ikki qadog‘i azala (muskul)lardir. Bu bola o‘sib bir yuz besh qadoq og‘ir bo‘lg‘onda, uning yolg‘iz azalalari yetmish sakkiz qadoq bo‘ladir. Mana bunga qaraganda, azalalarning boshqa tan a’zolariga qaraganda qancha ko‘p o‘sishga muhtoj bo‘lgoni ko‘riladir.

 

Azalalarni harakat qildirmasak, harakatning ozlig‘i va badan harakatlaridan qochish yuzasidan bizning aqlimiz va tabiatimizning kuchi ozayadir, ham biz hayotning yaxshiliqlarini ko‘ra olmaymiz. Azalalarni yaxshi, o‘zini kuchlik va muntazam harakat qildirish yuzasidan bizga tozaliq, kuchlik, kuch va shodliq keladir. Lekin, bir shart bor: badan tarbiyasi bilan amaliy suratda mashg‘ul bo‘lmoq kerak” deydi. Keyingi maqolasida amaliy tavsiyalarga o‘tadi va: “Tan harakatlarining bizga tegadurgon foydalaridan biri va muhimi insonning nafas olish apparati (o‘pka, yurak)ga, umuman nafas olishg‘a va qon yurishiga bo‘lg‘on ta’siridir. Biz tan harakatlari qilib a’zolarimizni ishlattirganimizda ularga ko‘prak havo, to‘g‘riroq aytganda, havoning 5 dan bir bo‘lagi bo‘lgan “muvallid ul-hamuza” (kislorod) g‘ozi (gazi) kerak bo‘ladir va buni esa biz o‘pkamiz orqali olamiz. Biz qancha ko‘p tan harakati, ispurt qilsak shuncha ko‘p nafas olamiz. Bu esa bizning foydamizdir. Biz tomoshag‘a chiqib bir ikki chaqirim yursak, nafas olishimiz odatdagidan ikki yarim misli ortadir. Uzoqroq vaqt, bir, ikki soat yursak, to‘rt-besh misli, agar tog‘larga chiqsak olti misli, tez chopsak 12 misli ortadir... Yurish, chopish, toqqa chiqish kabi harakatlar bilan ixtiyorsiz ko‘proq nafas olish o‘rniga, o‘zimiz uydan tashqariga chiqib qattiq-qattiq nafas olsoq ham bo‘ladi... O‘pkamiz kuchlik bo‘lsa, har xil yomon kasalliklarning mikroblari (qurt) o‘pkamizga kirganda unda jon ola olmaydir va o‘pkamiz bu mikro‘blar bilan muvaffaqiyatlik suratda kurashadir. Bu kasalliklarning biri va eng yomoni tubirkulo‘z (sil)dir. O‘pka kuchlik va sog‘ bo‘lganida bu mikro‘blar hech narsa qila olmaydirlar va biz sog‘ qolamiz. Mana, tan harakatlari vujudni, o‘pkalarimizni sog‘lom qiladir, har xil kasallarga muqobala qilishda qurollangan bo‘ladir” deydi. Yuqoridagi maqolalardan yana bir narsani anglash mumkinki, Bahovuddin turkistonlik boshqa talabalar qatorida ona tilini yot so‘zlardan ham imkon qadar himoya qilishga tirishadi. Maqolalarida biror marta ruscha, nemischa yoki latincha, umuman Ovro‘pa so‘zlarini kiritmaydi. Aksincha, fikrini sof o‘zbek tili imkoniyatlari doirasida uqtirishga intiladi.

 

 

1928-yil sovet hukumati Bahovuddinga o‘qish uchun stipendiya berishni to‘xtatadi. U mavjud vaziyatda turkistonlik talabalarning yetakchilari Ahmad Naim, Sattor Jabbor, Said Ali Xo‘jalarga maslahat soladi. Ular tahsilni tugallash maqsadida mablag‘ topish imkoniyatlarini qidira boshlaydilar. Shundan so‘ng Ahmad Naim Polsha elchixonasiga borib, Bahovuddin Aminjonovga o‘qishini tugatishi uchun yordam so‘raydi. Ular buni SSSRning Germaniyadagi vakolatxonasidan yashirishga qaror qiladilar. Chunki bu paytda SSSR vakolatxonasi talabalarning hamma harakatlarini kuzatuvga olib, ularning ta’limni tugatmasdan qaytarib yuborish uchun barcha choralarni ko‘rayotgan edi. Bahovuddin 1929-yil yanvar-fevral oylarida Varshavada bo‘lib, Polsha hukumatidan yordam olishga erishadi. U quvonchli xabar bilan Berlinga keladi, biroq voqealardan xabar topgan sovet ma’murlari uni kuch bilan Vatanga qaytarib yuboradi. SSSRga kelgan Bahovuddin 1931-yil O‘rta Osiyo Meditsina institutida o‘qishini yakunladi va diplomni olishi bilan ishga Yaltadagi “O‘zbekiston” sanatoriyasiga yo‘llanma oladi. 1932-yildan Yaltadagi “O‘zbekiston” sanatoriyasida bosh shifokor bo‘lgan Bahovuddin o‘zining ilmi, rahbarlik salohiyati bilan butun jamoaning hurmatini qozonadi. 1935-yil oxirida Moskvaga ilmiy konferensiyaga borgan yosh olim Bahovuddin Aminjonov 1936-yilning fevralida sanatoriyaga qaytadi. Biroq, uning ortidan boshqa xat kelib, ishdan olinadi va Toshkentga yuboriladi. U Toshkentga kelib Respublika tubdispanserida ish boshlaydi. Qisqa vaqtda bu jamoada ham katta hurmat qozonib ulguradi. Bahovuddin endigina 33 yoshni qarshilagan onlarida 1937-yilning yanvarida uni sho‘ro jallodlari yo‘qlab keladilar.

 

1937-yil 24-yanvar kuni Bahovuddin Aminjonov 1922–1929-yillarda Germaniya va Polshada o‘qigan, “Mustaqil Turkiston” aksilsovet tashkilotining a’zosi, Polshaning razvetkasiga josuslik maqsadida yollangan degan tuhmatlar asosida qamoqqa olinadi. Uning ortidan turmush o‘rtog‘i Tanzila va 3 yoshli qizi Suriyalar qon yig‘lab qoladi.

 

Dastlabki so‘roqdanoq uning tahsilni tamomlash maqsadida pul topish uchun Polshaga borishi voqeasi zo‘r aksilsovet faoliyat sifatida ko‘rildi. NKVD “ijodkor”lari tomonidan tayyorlangan so‘roq bayonnomasiga ko‘ra “Mustaqil Turkiston” aksilsovet tashkiloti 1928 yoki 1929-yilning boshlarida talabalar Ahmad Naim, Said Ali Xo‘ja, Sattor Jabbor, Ahmadjon Ibrohimov, Bahovuddin Aminjonov, Afzal Abusaidovlar tomonidan tuzilgan. Uning a’zolarining majburiyatlarini Afzal Abusaidov aytib turgan va Sattor Jabbor o‘z qo‘li bilan yozib chiqqan. Tashkilot ustavi tayyor bo‘lgach barcha talabalarga yetkazilgan va ular o‘zlarini tashkilot a’zosi sifatida tan oladilar va o‘z hayotlarini Vatan ozodligi uchun baxsh etishga qasamyod etadilar. So‘roqlar davomida uning Berlin shahri Sheneberg tumani Xauptshtrasse ko‘chasi №96-uyda yashovchi Artur Merkshga qo‘ng‘iroq qilgani, Germaniyada o‘qiyotgan do‘sti Afzal Abdusaidga xat yozgani, 1931-yil Sattor Jabbor Germaniyadan kelib, birinchi bo‘lib Bahovuddinning uyiga borgani kabi holatlar josuslik faoliyati sifatida talqin etildi. Vaholanki, Bahovuddin Said Ali Xo‘ja, Ahmad Naim, Afzal Abdusaidlar bilan 1922–1925-yillar sug‘urta jamiyati rahbari Merkshning uyida ijarada turganlar. Ular yillar davomida yaqin do‘st bo‘lib ketgan va Artur Merksh Bahovuddinga uyingga eson-omon yetib borsang, albatta qo‘ng‘iroq qilib qo‘y, deb tayinlagani uchun bir marta qo‘ng‘iroq qilgan edi. 1937-yil 26-iyun kuni B.Aminjonov Toshturma kasalxonasidan SSSR NKVD General Komissari Yejov nomiga ariza yo‘llaydi. Unda hech bir aybi yo‘q holda 1937-yil 23-yanvardan qamoqqa olingani, tergovlar noqonuniy tarzda, to‘liq zulm ostida olib borilganini yozadi. Natija 1937-yil 29-apreldan buyon tuberklozning o‘ta og‘ir formasi bilan kasallanib, ikki oydan buyon turma kasalxonasida yotganini, bu yerda kun sayin o‘limi yaqinlashayotganini ma’lum qiladi. U yoshligi va kelajakda vatan uchun xizmat qilishi mumkinligini aytib, o‘zining tibbiyot xodimi ekani va tub dispanserda davolanishga ruxsat so‘raydi. Turma kasalxonasida hech bir sharoit, na vrach, na dorining yo‘qligini aytadi. Afsuski, yolvorishlar havoga ketdi, ariza hech joyga chiqmasdan ishga tikildi. B.Aminjonovning ayblov bayonnomasida O‘zSSR JK ning 57-moddasi I qismi (Vatanga xiyonat, harbiy va davlat sirlarini sotish, shpionaj), 58 (qurolli qo‘zg‘olonga harakat), 64 (Sovet davlatiga qarshi terakt) va 67 (aksilinqilobiy tashkilotga a’zolik)-moddalari bilan aybdor deb topildi. 1938-yil 9-oktabr kuni bo‘lgan “uchlik” sudi soat 8:10 dan 8:25 gacha davom etdi. Bahovuddin Aminjonovga oliy jazo tayinlandi va noxolis hukm o‘sha kuniyoq ijro etildi.

 

Bahovuddin Aminjonov ishi uning turmush o‘rtog‘i Tanzilya Ismailovnaning arizasi asosida qayta ko‘rib chiqildi. 1961-yil 9-yanvar kuni, – bu paytda Samarqand shahridagi fabrikada ishlagan Tanzilya Ismailovna so‘roqqa chaqiriladi. U 19321936-yillarda eri B.Aminjonov bilan Yaltada yashagani, NKVD xodimlari tomonidan 1937-yil yanvarda erining qamoqqa olingani va oradan 9 oy o‘tgach uni ham qamoqqa olishganlarini aytadi. O‘zining hech bir aybi va sababi ko‘rsatilmagan holda 18 oy davomida qamoqda saqlanganini bildiradi. “Biror marta so‘roq-savol bo‘lmadi, faqat uzoqdan ikki marta meni Bahovuddinga ko‘rsatishdi, ammo so‘zlashishga imkon berishmadi. Keyin qamoqdan chiqarib yuborishdilar”, deydi. Bu sovet tergovchilarining ayblanuvchilarning kerakli bayonnomalarga imzo chekishi uchun qo‘llagan “samarali” usuli edi. Bahovuddin Aminjonov haqida, “u o‘ta ilmli, vijdonli va madaniyatli inson edi. Uning halolligi haqida barcha tanishlaridan so‘ranglar, axir, ular orasida tiriklari bor-ku!” deb javob beradi.

 

1961-yil 17-yanvarda so‘roqda Respublika tubdispanserining direktori tibbiyot fanlari doktori, professor Alimov Shokir Aminovich: 1936-1937-yillarda Respublika tubdispanserida ordinaturada bo‘lgan edim. O‘shanda B.Aminjonovni ko‘rganman. Men bunday bilimdon, mas’uliyatli, talabchan, g‘ayratli va mehribon insonni hech qachon ko‘rmaganman. U qisqa vaqtda butun jamoaning hurmatini qozonib ulgurgan edi. Bunday yaxshi odam kam bo‘ladi”, deydi.

 

1961-yil 18-aprelda Moskvada SSSR Oliy Sudi harbiy kollegiyasi Bahovuddin Aminjonovni asossiz ayblangan, deb topadi. U 1961-yil 26-iyulda to‘liq oqlanadi.

 

Bahrom IRZAYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19946
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17587
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//