Jadidlarning milliy davlatchilik konsepsiyalari qanday bo‘lgan? – Sayyid Nosirxon to‘raning “Davlat nazariyasi” risolasidan parchalar


Saqlash
12:09 / 09.09.2022 1272 0

Azizlar! Quyida yurtimizdan yetishib chiqqan islom ulamolarining sardori Sayyid Nosirxon To‘ra Sayyid Kamolxonto‘ra o‘g‘lining davlat haqidagi nazariyalari bitilgan risolasidan parchalar keltirayapman. Albatta, bu bir tarixiy manbadir va jadid bobolarimizning milliy davlatchilik konsepsiyalari haqidagi tasavvurlarimizni yanada boyitish uchun xizmat qiladi.

 

“Har bir millat o‘z xohish-irodasi, maqsadiga ega va kurrai zaminning peshonasiga bitgan kunjagida o‘z dini va an’analariga muvofiq millat vatani farovonligi va boshqa millatlar siyosati hukmronligidan ozod bo‘lishi uchun ularni ro‘yobga chiqarishga intiladi.

 

Bu intilish hamma uchun butparastlar uchun ham, yahudiylar uchun ham, nasroniylar uchun ham; bir so‘z bilan aytganda, ilohiy kitobga ega barcha xalqlar, ularga ega bo‘lmaganlar uchun ham, Afrika va Amerikadagi yarim yovvoyi xalq uchun ham umumiydir. Ayniqsa oliyjanob islom xalqlari, muqaddas islom dini tarafdorlari, ilohiy qonun-qoidalar bitilgan va foniy va boqiy dunyoda farovonlikka erishish yo‘llarini ko‘rsatib beruvchi muqaddas kitob – Qur’on egalari hamisha ushbu ulug‘ va muqaddas qonun soyasida yashashga intiladilar. Ushbu qonun mohiyatan xalq farovonligini maqsad etgan, shu bois har bir insonning bu va narigi dunyodagi farovonligiga ushbu qonun ko‘rsatmasi bilangina erishiladi. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) bu qonunni butun insoniyat farovonligi uchun Xudodan bizga yetkazdi; yer yuzida jaholat hukmronlik qilgan paytda 23 yil bu qonun quyoshday porlab, butun yer yuziga farovonlik, adolat, birdamlik, muruvvat, ezgulik, boylik, bir so‘z bilan aytganda, yaxshilik urug‘larin sochdi; shu tufayli islom ming yil davomida gullab-yashnadi, butun dunyoda tantana qildi. Madaniyat bobida musulmonlar misrliklar, eronliklar, yunonlar va boshqalardan bir necha chandon ustun bo‘lib, betaraf yevropalik muarrixlar ham buni tasdiqlaydilar.

 

Yevropa xalqlarining zamonaviy madaniyati bu madaniyatga qarshi turolmaydi, hatto Amerika madaniyati ham noyob islom madaniyatidan to‘liq o‘zlashtirilgan. Bu isbotlangan dalil, bu haqda bahslarga o‘rin yo‘q.

 

Qisqa qilib aytganda, islom dini tarafdorlari vaqt o‘tishi bilan islom qonunlarini su’iste’mol qiladigan bo‘lishdi, ulardan chekindilar va oxir-oqibat halokatga yuz tutdi, zaiflashdi, avvalgi mavqelarini yo‘qotdilar, qudrati va buyukligini yo‘qotdi.

 

Yuqorida aytilganidek, buning asosiy sababi shundaki, ular o‘z dinining asosiy qonunini buzdilar, ularga rioya etmay qo‘ydilar.

 

Albatta, har bir ongli inson, islom tarafdori avvalgi mavqeini tiklashga harakat qilishi kerak. Ammo bu insonlar qo‘ldan boy berilgan izzat, hurmat, baxt va farovonlikni qanday qaytarishni, bu ulug‘ din va shariat erkinligiga qanday erishish mumkinligini bilishmaydi. Bu juda murakkab masala. Dunyo olimlari bu borada turli-tuman fikrlar bildirganlar, ammo nihoyatda murakkab va tushuntirish mushkul bo‘lgan bu masala yechimi dinning o‘zi va Qur’onda ko‘zda tutilgan, uni hal qilishning qisqa yo‘li ko‘rsatib o‘tilgan. Ushbu muqaddimada yaxshi xabarlarni e’lon qilib, ayrim nuqtalarni aytib o‘tmoqchimiz, ular muqaddimada ham, bayonning o‘zida ham, so‘ngso‘zda ham batafsil yoritiladi.

 

... Ittihod nima degani?

 

Har bir e’tiqodli musulmon o‘z vatandoshi, dindoshi bilan birlashib, bir tan-u jon bo‘lmog‘i, u bilan foyda-yu yo‘qotishlarni baham ko‘rishi kerak. Bu ittihod – farz. Muqaddas Qur’on musulmonlardan adovat va ixtiloflarni bartaraf etishni talab qiladi.

 

Qur’on odamlar qurbon bo‘lsa-da, moddiy zarar keltirilsa-da, musulmonlarni o‘z sirini tashqariga chiqarmasliklariga da’vat etadi.

 

Qur’on din yo‘lida boylikni ham, hayotni ham ayamaslikka undaydi. Muqaddas Qur’on jasorat, mardlik va adolatga chaqiradi.

 

Qur’on yolg‘on so‘zlash, maqtanish, jinoyat qilish, umuman olganda, barcha qabihliklarni man etadi.

 

Qur’on yer yuzidagi kasb-hunar, ma’rifat, madaniyat sohasidagi barcha yutuqlar, barcha davrlardagi qurollarga egalik qilishni taklif etadi.

 

Bir so‘z bilan aytganda, Qur’on barcha yaxshiliklarni targ‘ib etib, yovuzliklarni man etadi. Aytilganlarning barchasiga diqqat bilan razm solinsa, barcha musibatlardan qutulishning yo‘li ham Qur’onda ko‘rsatilganligi ayon bo‘ladi.

 

Ittihodga chorlovchi birinchi qonun bajarilsa; olim-u mutafakkirlar, boylar, jasurlar birlashib, bir tan-u bir jon bo‘lib millat va shariat saodati uchun birgalikda harakat qilsa, ya’ni maslahat kerak bo‘lganda, mutafakkirlar aqli bilan yordam bersa, olimlar esa xalqni uyg‘otib, yovuzlik qilishni man qilib, faqat ezgu amallarni qilishni buyursa, mulkdorlar millat uchun o‘z boyligini, yoki uning bir qismini qurbon qilsa, mard va jasurlar (shu maqsadda) o‘z jonidan voz kechsa.

 

Tabaqalar o‘rtasida ziddiyatlar to‘la barham topsa, nizolar o‘rnini muloqot egallasa, ixtilof o‘rnini yakdillik egallasa;

 

Agarda ular orasida ma’lum qoidalarga bo‘ysunuvchi maxfiy majlis bo‘lsa, bu majlis sirlari begonalar, nodonlar, millat va vatan manfaatlarini o‘ylamaydiganlar orasiga yoyilmasa;

 

Agar musulmon din uchun o‘z mulkini qurbon qilsa;

 

Agarda yosh, kuchli, jasur vatanparvarlar, vatanning halol farzandlari hech ikkilanmay davlati tiklanishi uchun jonini fido qilsa, diniy-tarixiy an’analarini saqlash yo‘lida jasorat ko‘rsatsa;

 

Agarda ular orasida jinoyat, yolg‘on, razolat, munofiqlik va boshqalarga barham berilsa;

 

Agarda barcha musulmonlar ilm-fan va texnikaning barcha sohalarin keng qo‘llasa, yer yuzining har bir burchagidagi yangi siyosiy-iqtisodiy yangilanishlar, barcha yangi fikrlar odamlarni u yerlarga jo‘natish yoki muallimlar yordamida vatandosh musulmonlar orasida keng targ‘ib etilsa;

 

Agarda adolat o‘rnatish va musulmonlar hamda boshqa millatlarga nisbatan zulmni yo‘q qilish ularning shioriga aylansa;

 

Agarda xudodan qo‘rqish, iymon, halollik va to‘g‘rilik ularning (musulmonlarning) asosiy xislatiga aylansa;

 

Sabr-bardosh va irodalilik ularning fazilatiga aylanib, barcha amallari ularga asoslansa.

 

Yuqorida sanab o‘tilgan o‘nta islom belgisi har tomonlama va chuqur o‘ylab ko‘rilsa, musulmonlar zaharlangan og‘uga qarshi vosita ekanligi ayonlashadi. Mana shu o‘nta qonun bu og‘udan qutulishning amaliy yo‘lini ko‘rsatib bermoqda.

 

Shu munosabat bilan sanab o‘tilgan o‘nta diniy qoidadan hozirgi ahvolimizga javob beradiganlar bir qancha qoida saralab olinib, dindoshlarimizga qo‘llanma uchun taqdim etilmoqda; ular o‘z millatini sevgan har bir oqil musulmon uchun majburiy bo‘lishi darkor. Bu qoidalarning ayrimlari maxfiy majlis nizomi, a’zolikka qabul qilish tartibi, majlis bo‘limlari va bu bo‘limlarning vazifalari haqida ma’lumot beradi.

 

A. Maxfiy majlis va uning vazifalari

 

Maxfiy majlis – o‘z millatini mustabid zulmidan xalos qilish va o‘z mamlakatini boshqarish uchun tuzilgan, musulmonlar birlashmasi va tashkiloti. Mustabid zulmi, qullik, zulmdan xalos bo‘lgan musulmonlar hayot ne’matlariga ega bo‘lib, xo‘rlik va musibatdan, ayniqsa mol-mulk va ayollarni umumiy qilish kabi hozirgi falokatdan qutuladi.

 

Majlis a’zolari o‘z hamfikrlarini o‘z ota-onasidek bilib, bir tan-u bir jon bo‘lib harakat qiladi.

...

 

B. Maxfiy majlis nizomi va tuzilishi.

 

1. Majliy o‘ta xufiyonadir.

 

2. Majlis katta ehtiyotkorlik bilan tuziladi.

 

3. Majlis o‘z tartibiga ega.

 

4. Eng oqil va qobiliyatli inson majlis raisi etib tayinlanadi.

 

5. Barcha bo‘limlar vakillari ishtirokidagina majlis o‘z yig‘ilishlarini boshlaydi.

 

6. Rahbarlar tushungan, aqlli va hozirgi davr voqealaridan xabardor bo‘lishi kerak.

 

7. Majlis faqatgina bir sinf vakillari, masalan, ruhoniylar yoki boylardan iborat bo‘lmasligi kerak, butun musulmon ahli vakillari bo‘lishi kerak (agarda ular yuqoridagi talabga javob bersa).

 

1. Shahar va qishloqlarda “ichki ishlar va saodat boshqarmasi” nomli boshqarmalardan iborat majlislar tuziladi, ular yuqoridagi boshqarmalarga bo‘ysunadi.

 

Bo‘ysunish tartibi quyidan yuqoriga qarab, ya’ni boshqarma bevosita hokim yoki sardorga bo‘ysunadi, ular esa gubernatorga.

 

Agarda bitta gubernatorga 5 ta hokim bo‘ysunib, ularning har biri 510 ta qishloq yoki shaharni boshqarsa, ularning har birida hokimga bo‘ysunuvchi alohida majlis bo‘lishi kerak.

 

2. Majlis raisi majlis tashkil etilgan shahar yoki qishloq rahbari bo‘lishi kerak, uning kotibi bir vaqtning o‘zida majlis kotibi ham sanaladi.

 

3. Uyezd yoki undan yirikroq har bir majlis o‘z tashabbusi bilan, kerakli holatlarda, har hafta yoki har oyda yig‘ilishlarni chaqiradi.

 

4. Majlis yig‘ilishlarida manmanlik yoki mutaassiblikka yo‘l qo‘yilmaydi. Dunyoviy va oxiratdagi hayot uchun foydali va yolg‘ondan xoli masalalar muhokama qilinadi.

 

V. Maxfiy majlis a’zoligiga qabul qilish shartlari

 

1) Majlis a’zoligiga qabul qilinayotgan shaxs dindor, millatparvar, vatanparvar bo‘lishi va vatan uchun bor-budini berishga tayyor shaxs bo‘lishi kerak.

 

2) U jangovar, halol va faol kurashchi bo‘lishi kerak.

 

3) So‘zi bilan amali bir bo‘lishi kerak.

 

4) Din va vatan obro‘ini bilish kerak va kerak bo‘lsa o‘z joni va mulkini din va vatan uchun qurbon qilishga so‘z berishi kerak.

 

5) Majlis ko‘rsatmalarini buzmasligi kerak, agarda buzsa, buning uchun jazo olishiga va’da berishi kerak;

 

6) Majlis sirlarini saqlashga qodir bo‘lishi kerak.

 

7) A’zolikka qabul qilish uchun barcha a’zolar rozi bo‘lishi kerak.

 

8) Qabul qilinayotgan qo‘rqoq, subutsiz yoki yengiltabiat bo‘lmasligi kerak.

 

9) Qabul qilinayotgan josus bo‘lib ishlamagan, o‘z lavozimini su’istemol qilishda ayblanmagan, va’dasini bajarmagan odam bo‘lmasligi kerak, bizga zulm ko‘rsatayotgan hukumatdan maosh olmayotgan bo‘lishi kerak.

 

10) Shaxsiy manfaatlari musulmon xalqi manfaatlaridan ustun bo‘lmasligi kerak; majlis topshiriqlarini bajarishda a’zolikka qabul qilingan shaxsiy manfaatlaridan voz kechishi kerak.

 

11) Majlisga qabul qilingan tashviqot va targ‘ibot ishlari orqali unga boshqalarni jalb etishi kerak, bu uning fazilatiga aylanishi kerak.

 

12) Hech kimga, na ota-onaga, na xotinga, na bolalarga, umuman, majlisga begona shaxslarga uning sirlarini aytish mumkin emas.

 

Maxfiy majlis bo‘limlari

 

Oliy musulmon davlati boshqaruvi 12 ta boshqarma-vazirlikdan iborat.

 

Bosh boshqarma – boshqa barcha boshqarmalarni boshqaradi...

 

Siyosiy boshqarma – barcha siyosiy bo‘limlarni boshqaradi.

 

Moliya vazirligi – moliya ishlarini boshqaradi.

 

Harbiy vazirlik – qo‘shinga chaqiradi, qo‘shinda tarbiyaviy ishlarni olib boradi.

 

Maorif vazirligi – unga quyidagi vazifalar kiradi: madrasani isloh qilish, ilm va bilimni tarqatish va hakozo.

 

Adliya vazirligi – qozilik ishlarini boshqaradi.

 

Ichki ishlar vazirligi – davlatning ahvolini yaxshilash ishlarini olib boradi.

 

Tashqi ishlar vazirligi – xorijiy davlatlar bilan aloqalarni olib boradi.

 

Dehqonchilik rahbari.

 

Metall sanoati va konchilik rahbari.

 

Aloqa yo‘llari: pochta telegraf ishlari rahbari.

 

Dengiz yo‘llari vazirligi kreyser, kema va dengiz savdosi ishlarini boshqaradi.

...

 

Siyosiy boshqarma vazifalari

 

Bu boshqarma musulmonlarni har qanday ziyondan himoya qiladi. Ichki va tashqi dushman harakatlarini bartaraf etish uchun hamma joyga josuslarini yuboradi, aybdorlar va shubhali shaxslarni hibsga oladi, ularning ishlarini tergov qiladi va tegishli hukm chiqaradi, jumladan oliy hukm. Aybsizlarni ozod qiladi. O‘z faoliyatida qo‘shin bilan aloqa qiladi. Dushmanga qarshi jang siyosiy boshqarma fatvosi bilan olib boriladi.

 

Ayrim aybdor shaxslarni Siyosiy boshqarma shayxlar bo‘limi yoki boshqa tegishli organlarga jo‘natadi.

 

Siyosiy boshqarma nizomi – alohida kitobda.

...

 

Harbiy ishlar vazirligi vazifalari

 

Fuqarolarini qo‘shinga safarbar etish, yangi qurollarni tayyorlash, butun qo‘shinni qurollantirish, keyinchalik barcha musulmonlarni qurollantirish.

 

Mutaxassislar va umuman musulmon ayollarni g‘azotga tayyorlash shu vazirlik vazifasiga kiradi.

 

Bu Boshqarma alohida nizomga ega.

 

Maorif vazirligi vazifalari

 

Madrasa, maktab va masjidlar faoliyatini isloh qilish, vaqflarni isloh qilish, halol va ulug‘ yoshli mudarris va o‘qituvchilarni tayinlash, ta’lim olayotganlarga shariat va dunyoviy bilimlarni berish, turli gazetalarni chiqarish va ularni tarqatish, ahloqsizlik, bid’at va mutaassiblikni yo‘q qilish, fan va ilmni rivojlantirish – bularning bari ushbu vazirlik vazifasiga kiradi.

 

Maorif vazirligining to‘liq nizomi shariat kitobida bayon etilgan.

 

Adliya vazirligi vazifalari

 

Musulmon qozilarni tayinlaydi, shariat qonunlarini amalga kiritadi, fatvo (shariat qonunlarini chiqaruvchi joy) uchun joy tayyorlaydi. O‘qituvchi-mudarrislar, qozilarni imtihon qiladi, ishni yaxshi olib borganlarni mukofotlaydi, shariatni buzganlarni jazolaydi.

 

Ichki ishlar vazirligi vazifalari

 

Davlatning ichki ishlarini boshqaradi, tartib va jamiyat osoyishtaligini nazorat qiladi, shifoxonalar, ko‘priklar, yetimxonalar qurilishini olib boradi, shahar va qishloqlar farovonligini ta’minlaydi.

 

Bu vazirlik ham alohida nizomga ega.

 

Tashqi ishlar vazirligi vazifalari

 

Islom davlatiga dushman yoki do‘stona munosabatda bo‘lishidan qat’iy nazar xorijiy davlatlar bilan munosabatlarni olib boradi. Ular bilan do‘stona aloqalarni tiklaydi, islom elchilari va vakillarini tayinlaydi. Xorijiy davlatlarning maxfiy ishlaridan xabardor qiluvchi maxfiy xodimlarga ega. Xorijdan kelgan elchilarni joylashtiradi, ularning boshqa boshqarmalarga tegishli ishlarini hal qiladi, umuman olganda, xorijiy davlatlar bilan bog‘liq ishlarni yuritadi.

 

Bu vazirlik ham o‘z nizomiga ega.

 

Dehqonchilik boshqarmasi – oziq-ovqat qo‘mitasi vazifalari

 

Ushbu boshqarma faoliyati katta ahamiyatga ega. Odamlar oziq-ovqatsiz yashay olmaydi; qo‘shin va boshqalar unga muhtoj. Bu boshqarma yer-suv masalalarini tartibga soladi, dehqonlar hayotini yengillashtiradi, sug‘orilmaydigan yerlarni suv bilan ta’minlaydi, ekin ekish, ariq va soylarni tozalash va boshqa ishlarni boshqaradi. Bir so‘z bilan aytganda, mamlakat hosildorligini oshirish choralarini ko‘radi.

 

Bu boshqarmaning nizomi “Kitobul muzariya” (“Dehqonchilik kitobi”, “Ix’ya ul-maut” (O‘lik yerlarni ko‘tarish kitobi), “Mavaoda” (Mualif ismi) – “Al ahkomil sultoniya” (Dehqonchilik bo‘yicha umumiy kitob)da bayon etilgan.

 

Konchilik sanoati rahbari vazifalari

 

Konlar, shaxtalar va konchilik ishlarini boshqaradi. Oltin, kumush, qo‘rg‘oshin, mis, ko‘mir, yermoy (neft) va boshqalarni qazish ishlarini boshqaradi. Tog‘, o‘rmon boyliklaridan foydalanish, yovvoyi parrandalardan kelib tushadigan daromadni nazorat qiladi. Bu maqsadlarda tashqi ishlar vazirligi orqali boshqa davlatlardan mutaxassislar: geolog, minerologlarni chaqiradi, musulmonlar jamiyati va davlati muhofazasi uchun zarur bo‘lgan bu fanlarni o‘rganish uchun o‘rta va oliy maktablarni ochadi.

 

Islom olamida bu masala yuzasidan ko‘plab foydali kitoblar mavjud.

 

Pochta-telegraf ishlari rahbari vazifalari

 

Temiryo‘llarni qurish, ulardan barcha davlatlarning foydalanishini ta’minlash, pochta xizmatini mamlakatning tinch madaniy hayotini ta’minlashga bo‘ysundirish, madrasa, maktab va boshqa oliy ta’lim muassasalari orqali yangi va eski ixtirolarni targ‘ib qilish.

 

Bu masala bo‘yicha ham alohida nizom bor...”

 

Bahrom IRZAYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19967
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17622
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//