“Ayblarimni tan olmayman, hammasi tuhmat” – birinchi o‘zbek alifbosi muallifining so‘nggi so‘zi


Saqlash
12:10 / 07.10.2022 2585 0

Yurtimiz ozodligi, mustaqilligi uchun kurashgan ma’rifatparvar yurtdoshlarimizni xotirlab, tarix sahifalarini varaqlaganimizda sharafli kasb egalari bo‘lmish o‘qituvchilarning ayni muhim jarayondagi fidoyiliklaridan hayratga tushamiz. Shunday millatparvar insonlardan biri Shokirjon Rahimiydir.

 

Shokirjon Rahimiy 1898-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Otasining barvaqt vafotidan so‘ng ikki o‘g‘ilni onasi Sharofat aya tikuvchilik orqasidan voyaga yetkazadi. Bilimga chanqoq va ziyrak nigohli Shokirjon 19031909-yillarda Munavvarqori Abdurashidxonovning besh sinflik birinchi bosqich va rushdiy “Namuna” maktablarida tahsil oladi. U Munavvarqori Abdurashidxonov tavsiyasi bilan kechki rus-tuzem maktabini bitirgach, Toshkent madrasalarining eng ilg‘or mudarrislaridan ham dars oladi. Shokirjon Rahimiy 1909-yildan boshlab jadid maktabida o‘qituvchilarga yordamchilik qildi. 1912-yilda o‘zining dastlabki o‘quv qo‘llanmasini nashr etdi. Ayni paytda “Rahimiya” maktabini ochib, unda 1919-yilgacha faoliyat yuritdi.

 

O‘z davrining ilg‘or yoshlaridan bo‘lgan Shokirjon Rahimiy 1914-1915-yillarda Muhammadxon Poshaxo‘jayev rahbarlik qilgan “Turon” jamiyati a’zosi, “Turon” teatr truppasi faoli va “Sadoi Turkiston” gazetasi adabiy xodimi sifatida faoliyat ko‘rsatdi. 1917-yil “Fuqaho” jamiyati tuzilganida uning kotibi bo‘ldi. So‘ng Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Miyon Buzruk Solihov bilan birgalikda Turkistonda tom ma’nodagi siyosiy partiya tuzishga kirishadi. Ular Ozarboyjon “musovatchi”laridan Afandizodani Turkistonga taklif etib, “Turk adam markaziyat” partiyasini shakllantirishda foydalanadi. Jadid matbuotida o‘z qalami bilan tanilib ulgurgan Shokirjon Turkiston muxtoriyatini jon-jahdi bilan himoya qiladi. Biroq muxtoriyat bolsheviklar tomonidan qonli bostirilgach, u yana maorifga qaytadi.

 

1918-yil 12-may kuni Munavvarqori Abdurashidxonov rahbarligida Turkiston xalq dorilfununi ochiladi. Uch bosqichli ta’limga asoslangan dorilfunun huzurida besh yillik dorilmuallimin ham ish boshlab, unga Shokirjon Rahimiy rahbar etib tayinlanadi. Ulug‘bek, Turon, Vatan, Zebuniso, Navoiy, Hayot, Urfon, Uchqun, Muxtoriyat, Mashrab kabi nomlardagi o‘nlab maktablar dorilmuallimin tasarrufiga olinib, ularga Saidrasul Saidazizov, Ilhom Odilov,  Muhammadrasul Rasulev kabi ko‘p yillar rus-tuzem maktablarida tajriba orttirgan pedagoglar jalb etildi. Ayni paytda aniq va tabiiy fanlarni o‘qitishda, milliy maktablarda jismoniy tarbiya va harbiy ta’lim fanlarini joriy etishda o‘lkaga kelgan turk zobitlari xizmatidan ham keng foydalanildi. Shokirjon Rahimiy mudirligida ish boshlagan Ulug‘bek maktabida Tangriqul hoji Maqsudiy, Usmonxo‘ja To‘xtaxo‘jayev kabi nom qozongan o‘qituvchilar bor edi.

 

Mohir pedagog 19181923-yillarda Toshkentning eski shahar maorif bo‘limida mudir, ayni paytda l bosqich maktabi va ta’lim-tarbiya bilim yurtlarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritdi. 1919-yil Fitratning “Chig‘atoy gurungi” to‘garagining faol a’zosiga aylandi. 1922-yil Toshkentda ochilgan maorif institutini bitirib, oliy ma’lumotli pedagog, tilshunos diplomini qo‘lga kiritdi. Shokirjon Rahimiy 1923-yilda Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasi mudiri lavozimiga tayinlanadi. 1923-yil yanvar oyida Munavvarqori Abdurashidxonov tashabbusi bilan ochilgan “Nashri maorif” jamiyatiga rais bo‘lib, uning o‘rinbosari etib Munavvarqori, kotib Mirkomil Aliyev, g‘aznachi sifatida Saidnosir Mirjalilov tayinlanadi. Jamiyatning bevosita a’zolari bo‘lgan Cho‘lpon, Xolmuhammad Oxundiy, Abdulla Avloniy, Salimxon Tillaxonov “Nashri maorif” tomonidan amalga oshirilgan tadbirlarda faol ishtirok etadi. “Nashri maorif” qisqa muddatda Turkistonning ko‘plab shahar va qishloqlarida maktab va bilim yurtlari faoliyatini izchil yo‘lga qo‘yadi, o‘quvchi va talabalar uchun moddiy va ma’naviy ko‘mak beradi. Qator kutubxonalar ochadi, kitob va darsliklar nashr etadi. “Haqiqat” jurnalini chop etish yo‘lga qo‘yiladi.

 

Rahimiy 1924-yildan Moskvada o‘zbek yoshlari uchun tashkil etilgan Buxoro maorif uyi va ishchilar fakultetida mudir bo‘lib ishlaydi. 1927-yildan Toshkentda ishchi fakulteti direktori, 1928-yildan maorif instituti mudiri, so‘ng “O‘zbekiston” nashriyotida mudir bo‘ldi. U pedagog sifatida 1919-yilda chop etilgan o‘zbek tilidagi birinchi alifbe darsligi – “Sovg‘a”ning muallifidir.

 

Shuningdek, 1922-yilda uning “Kattalarga o‘qish”, “Alifbe darsligi”, 1924-yilda “Kattalar yo‘ldoshi”, 1925-yilda Shohid Eson Musayev bilan birga yozgan 4 jildli “O‘zbekcha til saboqlig‘i” darsliklari butun mamlakatga tarqatilgan edi. 1927-yilda “Kattalar alifbesi”, “Yashasun Turkiston”, “Batraklar alifbosi” kabi darsliklari, 1930-yilda “Savod”, 1932-yilda “O‘zbek tili ish kitobi” singari o‘quv qo‘llanmalari chop etilgan. Bundan tashqari, “Islom tarixi” kitobini yozdi, 1924-yil ilk bor milliy kalendar yaratdi. Shokirjon Rahimiy tilshunos sifatida o‘zbek tili terminlari hamda Otajon Hoshimning taklifi bilan o‘zbek tilidagi singarmonizm hodisasini o‘rganadi.

 

Shokirjon Rahimiyning publitsistik merosi orasida uning maktablarda o‘lkashunoslik burchaklarini tashkil etish va bu boradagi izlanishlarga bag‘ishlangan maqolalari juda muhimdir. Jumladan, “O‘zganda bo‘lgan tarixiy asarlarni tekshirish” maqolasida Osori atiqani saqlash qo‘mitasi topshirig‘i bilan 1925-yil 17–19-sentabr kunlari 4 kishi O‘zgan shahrida bo‘lib, “...eski mo‘g‘il zamoni (Chingizxon)gacha O‘zganda bo‘lgan eski va qiymatlik asarlarni tekshirib, keraklik rasmlar tushirib, u yerda doimiy komissiya saylab qoldirib qaytdiq”, deydi.

 

Maqolada bir paytlar Farg‘onaning yirik markazlaridan bo‘lgan va keyin O‘sh uyezdining bir qishlog‘i darajasiga tushib qolgan qadimiy O‘zgan shahridagi tarixiy obidalarni tadqiq etgani haqida so‘z yuritadi. Jumladan, Buyuk minora, Sulton Eligning turbasi (mozori), Sulton Sanjarning ramziy mozori haqida kattagina materiallar jamlagan. 700–800 yillar avval solingan minoraning hamon o‘z jozibasi va mahobati bilan insonlarni o‘ziga qaratib kelayotganini tasvirlab, 1923-yil mayda G‘oyib Abdurasul o‘g‘li ismli kishi uni 6 oy davomida ta’mirlaganini yozadi. Muallif “koshki uni o‘z holida qoldirsa edi”, deydi. Minoraning ost qismini tekshirish jarayonida qadimiy ustalarning unga g‘ishtdan maxsus bir nechta tayanch o‘rnatgani aniqlangan. Ta’mirda esa uning quyi qismida rus g‘ishtlaridan 8 burchakli mezana tiklangan va yuqorisida ham 8 darchadan iborat gumbaz solingan. Bu ta’mirning ham oxiriga yetmay qolgani va zilzila tufayli o‘shandayoq yoriqlar paydo bo‘lganini yozadi. Shuningdek, komissiya tomonidan O‘zganda bir necha tarixiy asar ham topilganini keltirib o‘tadi.

 

“Etnografiya kolleksiyasi (moddiy madaniyat) to‘plash haqida” maqolasida esa: “...O‘lkashunoslikning bir bo‘limi bo‘lgan etnografiya (urf-odatni o‘rganish) ham uning bir qismi bo‘lgan etnografiya kolleksiyasini to‘plash ishi, bizning yangigina tuzilib, maktablarimizda o‘qitib turgan madaniyat tarixi ham tarix va adabiy lug‘atlarimizning mukammallashmagan kami ko‘st va nuqsonlik yerlarini to‘lg‘uzub borish nuqtayi nazaridan g‘oyat muhimdir. Shul sabablik o‘lkashunoslik fanining boshqa bo‘limlari haqida ham tegishli maslahatni o‘rtoqlashish barobarida ushbu maqolada yolg‘uz etnografik kolleksiya haqqida to‘xtalamiz”, deydi. Maqolada muallim yoki mas’ul shaxsning maktab joylashgan qishloq yoki shaharning geografik o‘rni, tarixi, aholisining mashg‘ulotlari, uy-joy qurilishi, molxona, tovuqxonalari tuzilishigacha, mehnat qurollari, nimadan yasalgani, ko‘nchilik, kulollik, duradgorlik turlari, mehnat qurollarining vazifasi, shakl-shamoyili – barcha-barchasini diqqat bilan o‘rganishi, shuningdek, bolalar, kelin kiyimlaridan tortib kafangacha atroflicha yozib olib to‘plashlari lozimligini tushuntiradi.

 

“Etnografiya ashyolarini to‘plash haqida materiallar programi” sarlavhali keyingi maqolasida esa o‘quvchilarga aholining ekin va ekin ishlari, taomnomasi, ichimliklari, bola tug‘ilganidan qarib o‘lgunigacha barcha urf-odatlari, o‘yinchoqlari, o‘yinlari, kiyimlari, cholg‘u sozlari – hamma-hammasini kuzatib yozib borishi uqtiriladi.

 

1914-yillardayoq o‘tkir qarashlari bilan chor politsiyasi nazoratiga olingan publitsist Shokirjon Rahimiy faoliyati sho‘rolar zamonida ham maxsus organlarning doimiy kuzatuvida bo‘lgan. Shokirjon Rahimiy 1937-yil 5-avgust kuni qamoqqa olinadi. Bu paytda u ko‘zi ojizlar maktabida o‘qituvchi va uslubchi edi. Uning anketasiga ko‘ra, oilasi – onasi Sharofat aya (72 yosh), turmush o‘rtog‘i Soliha (21 yosh) va qizi Lola (1,5 yosh)dan iborat bo‘lgan.

 

Shokirjon Rahimiy uzoq davom etgan qiynoqlardan so‘ng 1937-yil 18-dekabr kundagi so‘roq bayonnomasida o‘ziga nisbatan bo‘htonlar bitilgan qog‘ozlarga imzo chekadi. Aynan shu kunning o‘zida tergovchining “O‘zingizni aybli deb bilasizmi”, degan savoliga, “Aslo yo‘q. Men qo‘yilgan hech bir ayblovni bo‘ynimga olmayman”, deb javob beradi.

 

Shokirjon Rahimiy ishi 1938-yil 5-oktabr kuni soat 15:20 dan 15:45 gacha mash’um “uchlik” tomonidan ko‘riladi. Yozilishicha, Shokirjon Rahimiy so‘nggi so‘z sifatida “Ayblarimni tan olmayman, hammasi tuhmat”, degan. Aslida u 4-oktabr tunida otib tashlangan edi...

 

Shokirjon Rahimiy 1957-yil 1-avgust kuni SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi tomonidan oqlanadi va bu xushxabar Toshkent shahri Oktabr tumani “Qizil uy” proyezd 19-xonadonda yashagan qizi Lola Rahimovaga yetkaziladi.

 

Bahrom IRZAYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2022-yil 1-oktabr, 202-son.

“Birinchi o‘zbek alifbosining muallifi” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19946
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17587
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//