Ilm yo‘linda tayin qiling‘on vaqf yerlari bilan Buxoro o‘lkasi Ovrupodan ortiqroq taraqqiy qilur – “Yosh buxoroliklar” partiyasining islohot dasturi


Saqlash
11:10 / 27.10.2022 1266 0

Azizlar, anchadan buyon 1914-yilda tayyorlangan “Yosh buxoroliklar”ning islohot dasturini eʼtiborlaringizga taqdim etish niyatida yurardim. Ammo vaqt topib oʻgirishga hafsala qilmayotgan edim. Bugun yurtimizda jadid bobolarimizning davri va faoliyatiga qiziqish keskin ortib borayotgani kishini quvontiradi. Ularning islohot dasturining dastlabki sahifalarini ulashyapman (ehtimol, bu ham ilk marotabadir). Agar oʻsha vaqtdagi siyosiy holat, ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarni inobatga olib oʻqisangiz, islohot dasturi naqadar puxta tayyorlangani hamda mualliflarning qanchalik uzoqni koʻra bilgan dono insonlar ekanligiga guvoh boʻlasiz (hozirgi neojadid yoshlarimizdan ham faraziy islohot dasturlarini kutib qolamiz). “Yosh buxoroliklar” islohot dasturining davomini ham oyina.uz portalida eʼlon qilib boramiz.

 

Bahrom IRZAYEV,

Qatagʻon qurbonlari davlat muzeyi bosh ilmiy xodimi

 

 

“Yosh buxoroliklar” partiyasining islohot dasturi

 

Buxoroda butun yerlar uch turli bo‘lsin:

1. Vaqf yerlari;

2. Mulk hur yerlari;

3. Mulk xiroj yerlari.

 

Mulk, mulk xiroj yerlarining barchasi “xiroj” yerlari bo‘lsin. Buxoroda mulk hur yerlar qancha bo‘lsa o‘z holinda qolsin. Vaqf yerlari uchun ayri bir idora yasalsin. Mulk xiroj bo‘lgan yerlarning soni daftarlarga o‘tkarilsin. Har tanob uchun ikki yo uch so‘m soliq solinsin. Har viloyat besh o‘n oqsoqolliqg‘a ajralib, har oqsoqolliqg‘a insofli, ongli bir oqsoqol saylansin. Har oqsoqol o‘z qo‘l ostidag‘i yerlarning sonini saqlog‘uvchi daftar saqlasin. Yil boshida soliqlarni shul daftar yuzindan beklikka mina daftar yuzidan topshirsin. Beklar yana daftar yuzidan o‘z hisoblarini hukumat xazinasig‘a o‘tkazsinlar.

 

Soliq bermak uchun ekingan va ekinmagan yerning farqi qolmasin. Masalan, bir kishining to‘rt tanob yeri bor, shu kishi to‘rt tanob yeri uchun ikki so‘mdan sakkiz va uch so‘mdan o‘n ikki so‘m bersin. Yerni eksa ham bersin, ekmasa ham bersin. Hozirda ekinmagan yerdan hech narsa olinmaydir. Lekin bu ish zararlidir. Ko‘p kishilar soliqdan qutulmoq uchun yerlarini ekmayin ko‘p yerlar mita bo‘lib qoladir. Lekin ish biz aytgandek bo‘lsa, soliq bergan kishilar soliq berganidan keyin yerlarimizni nechun ekmay qo‘yaylik deb butun yerlarini ekarlar. Ammo “lalmi” bu qonundan tashqaridadirlar. Lalmi yerlardan ekilgan chog‘da olinib, ekilmaganda olinmas. Va ham ularning soliqlari tanobdan o‘lchanib, masalan, bir botmon tuxum ekilaturg‘on yerlardan belgiluk, bir oz aqcha olinur va ham ularning soliqlari mulk xiroj soliqlardan oz va yengilroq bo‘lur. Chob moli, uskuna puli deyilgan soliqlar butun ko‘tarilsun. Ekinchilarimiz kafsan, ot yemi va bunga o‘xshash turli-turli talonlardan qutilsinlar.

 

Suv ishlari ham yaxshi va to‘g‘ri bir yo‘lg‘a kirsin. Miroblar suvni har kimga sotolmasinlar. Har kimning suv haqqi belgilik bo‘lsin, har kim o‘z ulushini olsin. Hashar to‘g‘risida “katra baqi” taomili bitirilsin. Podshohlik yerlari, bog‘lar, imoratlar xizmati uchun hasharchi chaqirilmasin. Balki yolg‘iz suv ishlari uchun chaqirilsin. Hashar ustidagi ma’murlarning xarji hukumatdan bo‘lsin. Hasharchilardan xarajat puli deb oqcha olinmasin va “qatra baqi” man qilinsin. Hasharda kelmagan ishchilardan kelmagan kuni uchun jazayi naqdi olinsin. So‘ngra Buxoroda suv ozlig‘i masalasi bordir. Munga bir chora qaramoq kerak. Belgilikdirki, Buxoro xonliqining suvi Samarqanddan keladir. Ilgari zamonlarda Samarqandning uchdan ikki ulushi Buxorog‘a kelar ekan. Samarqand viloyati Russiya hukumatiga kirgach mamlakat taraqqiy qildi, obod bo‘ldi, ekin yerlari ko‘paydi.

 

Suvning uchdan biri Samarqandga ozliq qildi yarmini saqladilar, yarmini ham kuch bilan bizga berdilar. Bu kunlarda yarmisi ham ozlik qildi, uni ham bermaydilar. Buxoro hukumati ko‘p oqcha sarf qilib kuch bilan Samarqand suvining yuzdan yigirmasini ola bildi. Buxoro suvining ozlig‘ig‘a birinchi sabab shudir. Lekin bu ham munday qolmas, Samarqand viloyati kundan kun obod bo‘lur, ekin yerlari ko‘payur, ehtimolki, yana suvlari ozliq qilur. Ul vaqt yuzdan yigirmasini ham bizga bermaslar, u chog‘da ishimiz kuchlashur. Ekin yerlarimiz suvsiz qolar. Buning yo‘llarini axtarmoq hukumatga qarzdur. Buning chorasi: Zarafshondan boshqa biron daryodan suv keltirmoqdir. Xazinadan oqcha berilsin, Amudaryodan Buxorog‘a suv yo‘li ochilsin. Buxoro suvsizliq balosidan qutqarilsin. Ekin ishlari uchun kerak bo‘lgan xizmatlar mundan boshqa ham ko‘pdir. Mamlakatimizdagi foydaxo‘rliq odati makhusisi dehqonlarimizni xarob qildig‘i belgilikdir. Ekinchilarimizni shu balodan ham qutqarmoq kerakdir. Ekinchilarimizni sudxo‘rlar balosindan qutqarmoq sudxo‘rlarni yalg‘izg‘ina man etmak bilan bo‘lmas. Ekinchilarimizga kerak bo‘laturg‘on oqchani topib bermak kerakdir. Buning uchun Buxoroda bir ziroat banki achilsin. Viloyatlarning har birisinda shul ziroat bankining bir sho‘basi bir qo‘li bo‘lsin. Yilda ikki-uch so‘m ijara bilan dehqonga ekin ishlari uchun kerak bo‘laturg‘on aqchani shundan olabersin. Mana undan so‘ng mandatlar va sudxo‘r musulmonlarning foydaxo‘rliqlari man’ qilinsin. Bulardan boshqa yana ish ko‘pdir.

 

Bilamizki, osh pishirmak, yuk tortmoq, yo‘l yurmak, kiyim tikmak uchun mashinalar chiqdi. Shul mashinalar bilan ul ishlar ko‘p qulay va yengil bo‘lib qoldi. Shuning kabi ekin ishlari uchun ham mashinalar chiqqan. Shul ishlarni qulaylashdirg‘ondir. Shul mashinalardan Buxorog‘a keltirilsin. Dehqonlarimizg‘a paylab berilsin va bu mashinalarni ishlata oladigan ekinchilarimizga ishlatuv yo‘llarini o‘rgatsin. Hokimlar, amlakdorlar, foydaxo‘rlar jafosindan yeridan, uyidan ajralib o‘ramlarda, ko‘chalarda to‘sib qolgan yersiz, uysiz dehqonlarimiz ko‘pdir. Zolim shumlig‘i bilan mita bo‘lib egasiz qolgan yerlarimiz ham ko‘pdir.

 

Yana Amudaryodan Buxoroga suv keltirganda suv yo‘llarining ikki tumandan ko‘p yerlar qobili ziroat bo‘lur. Mana shul yerlarni hukumatimiz yersiz fuqarosig‘a bersin, ekin ishlarini ko‘rarga kerak bo‘lg‘on aqchalarning foydasini bersin. Bular u yerlarni eksinlar, oldiqlari hosildan bir bo‘lakini hukumatdan oldiqlari barjaga bersinlar, boshqasini o‘zlari uchun saqlasinlar. Hukumatga ko‘p qatori soliq bersunlar. Mamlakatimizning har yoqinda ekinchiliq maktablari ochilsin. Xalqqa ekinchilik ilmlarin o‘rgatsin. Mamlakatimizni bu xarobliqlardan qutqarmoq yo‘li shudir. Muncha ishni yolg‘izg‘ina bir Qushbegi bajara olmaydir. Buxoro hukumatining shu ishlari uchun bir ekinchilik nozirligi ochilsin. Ongli, bilimli bir kishi ekinchilik vaziri bo‘lsin. Mana shul ishlarini shu ekinchilik vaziri ko‘rsin.

 

Vaqf yerlari

 

Yuqori vaqf yerlari uchun ayri bir idora ochilsin degan edik. Ilm yo‘linda tayin qiling‘on vaqf yerlari bilan Buxoro o‘lkasi ilm va maorif yuzindan Ovruponing buyuk shaharlarindan ortiqroq tarqqiy qilur. Lekin essiz afsuski, hozirda buzg‘un, tuzuksiz, isrofli ishlarimizning kattasi vaqflar ishlaridir. Vaqflarimiz mutulilar, ijaradorlar qo‘linda turadir. Oramizda bilmagan yo‘qdirki, hozirda Buxoroda ijaradorliqdan buzuqrak, asqiliroq bir kasb yo‘qdir. Ochiq va qisqa qilib degandan vaqflarimizdan yilda yarmisi shul ijarador va mutulilarimizning qopchiqlarig‘a kelib ketadir. Muning islohisini aylamak himmatli musulmon uchun farzdir. Buxoroda bir vaqflar vazirligi ochilsin – butun vaqf ishlari shunga topshirilsin. Ongli, bilimli bir kishi vaqflar vaziri bo‘lsin.

 

Bugungi hukumat xazinasig‘a kirgan mazadalar botil bo‘lgan kutubxonalar, tahoratxonalar, oshxonalarning vaqflari qaytarilsin. Vaqflar vaziri shul vaqflarini sha’riy yo‘sundan tartibga solib, shar’iy yerlarda sarf qilsin. Vaqflar xazinasi ochilsin. Shul aqchalar bilan tijorat qilsin, buyuk ishlar uchun qilg‘on foydasidan maktab, madrasa solsin. Kutubxona, yetimxona, faqirlar uchun kasalxona, oshxona ochsin. Yilda bir yo‘la hisoblarini qo‘lindog‘i daftar yuzindan ochiq qilib xalqqa ko‘rsatsin. Joriy vaqflar ham shul vazirning nazoratida bo‘lsin. Vaqflar vaziri bu vaqflarini muttuli va ijaradorlar yig‘ilmasindan muhofaza etsin. Odilona bir suratda dehqonlarning o‘zlariga ijara bilan tarqotsin. Joriy vaqflar keylarini shart vaqf bo‘yincha masorifiga sarf qilsin. Vaqf yerlardan ham boshqa do‘konlar, vaqf yerlar shunga topshirilsin.

 

Askarlik

 

Eski Buxoro hukumati bilan oramizdagi muohidag‘a ko‘ra, Buxoro hukumati o‘n ikki ming askar tutarg‘a erkli edi. Ammo, hozirda Buxoro askari to‘rt-besh mingdan ortiq emasdir. Buxoro hukumati shul maahidadan foydalanib, bu kungacha askarini orttira bilar edi. Lekin ish boshida turg‘uvchilarimiz muni tushunmaydirlar. Endi esa shul maahidadan foydalanib Buxoro hukumati o‘z qo‘shinini 12 mingga chiqarsin. Lekin odamlarni tuhmat bilan, bo‘hton bilan askarlikka olmasin. Balki askarlik xizmatini umumiy qilsin. Shahzoda va tahsil ilmi qilaturg‘onlardan boshqa butun Buxoro xonlig‘idag‘i kishilardan yigirma ikki yoshdag‘ilarni askarlikka chaqirsin. Shundan qilg‘onda ko‘p kishi yig‘iladir. Dokturlar ta’yin qilib, bunlarni ko‘rsatsin. Kasal va mayiblarini qo‘yub, oralaridan terib olsun.

 

Askarlik muddatini ikki yil qilsin. Olg‘on askarini shul ikki yilda mashq qildirsin. Ilgariga yuborsin, qorovul qilsin. Ikki yildan keyin eski xizmat qilganlarni qo‘yabersin. O‘z ishlariga qaytarsin. Yerlarinda yuqorida yozdig‘imiz yo‘l bilan har yil yana kerakli bo‘lg‘an askarini chaqirib olsin. Buxoroda va boshqa shaharlarda askar uchun buyuk boshli, yaxshi kazarmalar solsin, kazarma yonida bir masjid, bir maktab solsin. Masjid va maktablarda imomlar, so‘filar, muallimlar ta’lim etsin. Ikki yil askarlik muddatinda savodsiz askarlar o‘qib xat va savod chiqarsinlar. Din buyruqlarini, ibodat yo‘llarini o‘rganib qolsinlar. Askarga yilda ikki yo‘la yaxshi kiyimlar berilsin.

 

Askar ustida o‘qig‘on askarlik ilimlarini bilgan yuzboshi qo‘yilsin. Munday yuzboshilarni Rusiyali musulmon ofitserlaridan keltirmak keraktir. Undan keyin Buxoroda bir askariy maktab ochilsin. Muallimligini musulmon ofitserlarga berilsin. Bu maktabda buxoroliklar bolalarini kirgazib o‘qita bersak, oz vaqtda o‘qig‘on yuzboshilar o‘zimizdan yetishib qolar. Askar uchun do‘xturlar, kasalxonalar, qorovulliq yerlar, qorovulxonalar kerakdir. Suvoriy askar uchun ot yemlari doxi hukumat tomonidan berilsin. Askarning erta, kunduz, oqshom yemaklarini hukumat bersin. Mundan boshqa choy puli degan, oyda bir oz oqcha doxi berilsin. Shunlar va shunlar kabi butun qo‘shin ishlarini ko‘rib turmoq uchun bir qo‘shin vazirligi ochilsin. Ongli, bilimli bir kishi “Qo‘shin vaziri” bo‘lsin.

 

Moliya ishlari

 

Dunyoda Buxoro xazinasidek buzuq va tartibsiz narsa yo‘qdir. Xazinada qaysi yerdan qaysi yo‘llar bilan oqcha keladir, qaysi yo‘llar bilan chiqadir. Kimlar olamayin, kimlar oladir – hech kim bilmaydir. Xususan, so‘ng zamonlarda xazina ishlari ko‘p rasvo bo‘lib qoldi. Xazina ishlarini bir nizomga solmoq kerakdir. Buxoroda bir “Moliya vazirligi” ochilsin. Bir moliya vaziri ta’yin bo‘lsin. Yuqorida ekin yerlaridan olinaturg‘on soliqlarini yozg‘on edik. Mana shular moliya vazirining qo‘lig‘a kelib kirsin. Zakot ishlari doxi shul moliya vaziriga topshirilsin. Har shaharga zakotchilar qo‘yilsin. Suv ayini zakoti doxi isloh hududinda etilsin. Tijorat qilg‘uvchi boylarimizdan har keltirilgan mollaridan zakot olinmasin. Balki mamlakat ichida tijorat qilaturg‘on tijoratchilardan bir yilda qancha tijorat qilmoqlarini tahmin qilib bir narsa zakot olinsin. Qo‘llarida zakot xati berilsin. Mundan boshqa bir xazina “xos mudiri” amirga bo‘laturg‘on xarajatlarni ko‘rsin. Hisobini ko‘rsatib, moliya vazirligi tomonidan tasdiqlansin. Masoriflarning to‘liq hisobi xalqqa bildirilsin.

 

Doxiliy ishlar

 

Mamlakatning doxiliy ishlarini idora etmak uchun bir “Doxiliya vaziri” ta’yin bo‘lsin. Mamlakatni tartibli bir suratda taqsim etsin. Masalan, Buxoro xonlig‘i o‘n qo‘rg‘ong‘a bo‘linsin. Har qo‘rg‘ong‘a bir qo‘rg‘onbegi qo‘yilsin. Har qo‘rg‘onbegilik o‘n elbegiligiga taqsim qilinib, har biringa bir elbegi qo‘yilsin. Har tumanbegining qo‘l ostindog‘i xalqning ishini oqsoqollar va imomlar ko‘rsinlar.

 

Qo‘rg‘onbegilar, elbegilar, tumanbegilarni Doxiliya vaziri Amirga arz etib qo‘ydirsin. Qo‘rg‘on va tumanlarda polis mudirlarini, mirshablarni ham Doxiliya vaziri ta’yin etsin. Oqsoqollarini tumanbegi xalqning saylovi bilan qo‘ysinlar. Doxiliya vaziri qo‘rg‘onbegi, elbegi, tumanbegilardan birontasi sha’riy mahkamalarg‘a qatnashmasinlar. Yolg‘iz sha’riy mahkamalardan chiqqan mahkamalarni yurutmak ularning ishi bo‘lsin. Hukumat buyruqlarini doxiliya vaziri qo‘rg‘onbegilarga, unlar elbegilarga, unlar tumanbegilarga, unlar oqsoqollarga aytib xalqqa bildirsinlar.

 

Sha’riy mahkamalar

 

Buxoro faqhiy sha’riy qonunlarni bilaturg‘on bir kimsa vazir maqomi bilan “qozi kalon” bo‘lsin. Qozi kalonning rasmiy oti “Adliya vaziri” bo‘lsin, marof’e so‘ramasin. Buxoro shahriga ikki yo uch qozi bo‘lsin. Marof’e so‘ramoq shularning ishi bo‘lsin. Qo‘rg‘onlar, elbegilar, tumanlarg‘a qozi tayin qilmoq shul Adliya vazirining ishi bo‘lsin. Har qozining yonida ikki muftidan iborat bir mahkama sorilsin. Sha’riy mahkamaning ustida bir “ustinaf” mahkamasi ochilsin. Muning a’zosi bir a’lam va bir mufti bo‘lsin. Mudoi va mudai oliyadan birontasi sha’riy mahkamaning hukmidan rozi bo‘lmag‘onda shul istinof mahkamasiga ariza bersinlar. Istinof mahkamasi uning davo’sini qayta boshidan so‘rsin. Qozilar, Adliya vaziri xazinadan oyliq olsinlar. Xizmatchilarig‘a oyliq bersinlar. Qozilar yigirma-o‘ttiz mulozim saqlamasinlar. Kishi mahkamaga chaqirg‘anda maktub bilan e’tiroz xati bilan chaqirsinlar. Vasiqalardan rast mahgazdan va boshqa qozixona xatlarining har biri uchun belgilik bir oz oqcha olsinlar. Lekin bu oqchadan bir puli olmay, xiyonat qilmay hisoblari bilan hukumat xazinasiga topshirsinlar...

 

Sabtiya ishlari

 

Buxoro mirshabi doxi vazirlik martabasini olsin, unvoni “Sabtiya vaziri” bo‘lsin. Shaharga polislar chiqarmoq tinchlikni saqlamoq – buning ishi bo‘lsin...

 

Yo‘llar va ma’danlar

 

Yo‘llarni tuzatmoq mamlakatning har yonig‘a avtomobil va temir yo‘llar ochdirmoq. Mamlakatdagi temir va oltin, yer yog‘i, tosh-ko‘mir, boshqa ma’danlarni ochdirib, ishlatmak uchun bir yo‘llar va ma’danlar vaziri bo‘lsin...

 

Xorijiy ishlar

 

Rossiya davlati va boshqa davlatlar bilan bo‘laturg‘on munosabat va ishlarimizni ko‘rmak uchun bir Xorijiya vaziri bo‘lsin. Shu xorijiya vaziri butun vazirlarning buyugi raisi bo‘lsin...

 

Maorif ishlari

 

Xalqni o‘qitmoq uchun mamlakatimizning har yerida xazina oqchasidan ibtidoiy, oliy maktablar ochmoq, maktablarga muallimlar qo‘ymoq, maktablarning programmalarini taftish etmak. Xulosa butun xazina tarafindan ajralaturg‘on maktablar ishlarini ko‘rmak uchun bir “Maorif vaziri” bo‘lsin. Maorif, vaqf vazirligini qo‘l ostilaridog‘i maktablardan boshqa har kim istasa maktab ocha bilsin va hech kim man’ eta olmasin. Bu maktab va madrasalardan akmal tahsil etib chiqaturg‘on zotlarg‘a maorif vaziri hay’ati ta’limiya ishtirokila layoqatlarig‘a ko‘ra qo‘llarig‘a shahodatnoma bersin. Masalan, imomliq, muallimlik, mudarrislik, muftiliy, qoziliqqa loyiq ekanliklari shul shahodatnomadan belgilik bo‘lsin...

 

Vazirlar majlisi

 

Saydig‘imiz vazirlar o‘n vazir bo‘ldi. Ziroat vaziri, vaqflar vaziri, qo‘shin vaziri, moliya vaziri, doxliya vaziri, adliya vaziri, sabtiya vaziri, yo‘llar va ma’danlar vaziri, maorif vaziri va bosh vazir bo‘lg‘on xorijiya vaziri – shul vazirlardan har birining yonida o‘zimizdan mutaxassis kishilar yetishguncha o‘qig‘on va madaniy musulmonlardan bir kengashchi keltirilsin. Mana shul o‘n vazirning barchasig‘a birdan “vazirlar to‘dasi” deyaylik. Shul vazirlar to‘dasi kengash majlislar tuzib, o‘z ishlarini kengashib qaror berib qilsinlar. Biron vazir vazirlar to‘dasining qaror va ittifoqidan tashqari ish qilmasin. Vazirlar bilan ittifoq qilib ish ko‘rsin. Ittifoq eta olmasa, vazirlikni tashlasin. Bosh vazir uning yerinda boshqa birisini ko‘rsatib amirdan yorlig‘ini olib bersin...

 

Baladiya majlislari

 

Har shaharning ko‘chalari, yo‘llari, narx va navolarini ko‘rib turmoq uchun xalqning saylovi bilan saylangan vakillardan iborat baladiya majlislari ochilsin...

 

Tergov etmak ishlari

 

Emdi bu ishlarini o‘z qo‘llariga olgan vazirlarni tergov etib turmoq kerakdir. Bunlarni xato yo‘llardan saqlamoq, xiyonatdan man’ etmak kerakdir. Bu tergov ishlari uchun mamlakatda ikki kuch bo‘lsin. Birisi xususiy, birisi umumiy.

 

Xususiy kuch yigirma kishilik bir tergov majlisi bo‘lsin. Bul yigirma kishidan o‘ntasini ish bilaturg‘on huquqshunos Rossiya va Kavkaziya musulmonlaridan yerli jamiyatlarining ko‘rsatishlari bo‘yincha ketirsinlar. Qolgan o‘n kishini Buxoro hukumati Buxorodog‘i hol-ahvol, zamondan voqif zotlardan tayin qilinsin. Har vazir qo‘l ostidog‘i ishlari uchun oldidog‘i yilda qancha xarajat qilsa va qilg‘on bo‘lsa shu xarajatni yerlari bilan ochiq yozsin. Vazirlar to‘dasi majlisiga kelib ko‘rsatsin. Kengashib qaror bergandan keyin bosh vazir bilan shul hisobni ko‘rsatgan vazir shul hisobda qo‘l qo‘yib, tergov majlisiga keltirsin. Tergov majlisi muzokara qilib va qabul etgandan so‘ng Amirga qo‘l qo‘ydirib olsinlar. So‘ngra shul vazir shul hisobdagi oqchani moliya vaziridan olib xarajat qilsin.

 

Ikkinchi kuch umumiy kuchdir. Bu xalq kuchidir. Matbuotdir, gazetalardir. Buxoroda har kim istasa, gazeta chiqara bilsin. Har kim istasa, kitoblar yozib tarqata bilsin. Mana shul gazeta va kitob chiqaraturg‘onlar hukumatning, vazirlarning yaxshi ishlarini, yomon ishlarini, to‘g‘rilarini, xatolarini, xiyonatlarini hech kimdan qo‘rqmasdan ochiq qilib yozib tursinlar. Toki ham xalq va ham tergov majlisi vazirlarning ishlarini anglab tursinlar...

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19946
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17587
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//