Palovdan boshqa ovqat tarqatganga 75 darra, uloq va poyga qilganga o‘lim jazosi – Buxoro amiri to‘y va marosimlarni qanday tartibga solgan?


Saqlash
12:10 / 31.10.2022 3837 3

O‘zbek xalqi milliy ma’naviyatining ajralmas qismi sanaluvchi to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar millatning uzoq yillik qadriyatlari va an’analarini o‘zida aks ettiradi. Ammo hozirgi kunda o‘tkazilayotgan aksar oilaviy tadbirlarda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, urf-odatlar va an’analarni mensimaslik kabi illatlar ko‘zga tashlanyapti. Marosim va tadbirlarimizga xalqimiz dunyoqarashi, milliy an’analariga mutlaqo yot odatlar kirib kelayotgani achinarlidir. Bu kabi “nag‘ma”lar xalqimiz ma’naviyati va turmush tarziga salbiy ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Afsuski, dabdabali to‘y-ma’rakalarga xayrixohlik millatning bugun paydo bo‘lgan muammosi emas.

 

Bundan 100 yil oldingi tariximizga nazar tashlasak, Buxoro amirligida ham dabdabali to‘ylar va marosimlarni tugatish kun tartibida turgan muhim ijtimoiy vazifalardan biri bo‘lganligiga guvoh bo‘lamiz. XX asr boshlarida Buxoro amirligida to‘ylar g‘oyatda hashamdor bo‘lib, odatda 7-8 kun davom etgan, har kuni 6-7 xil ovqat pishirilib, taklif qilingan mehmonlarga ketish chog‘ida 800 grammdan 16 kilogrammgacha qand berish va chopon kiydirish odat tusiga kirgan. Bundan tashqari, nikoh va sunnat to‘ylarida ko‘pkarilar tashkil qilingan.

 

Buxoro amiri Said Olimxon (1910–1920) hukmronligining dastlabki yilidayoq to‘y-ma’rakalardagi isrofgarchiliklar va dabdababozliklarni tugatishga alohida e’tibor qaratib, birinchi navbatda viloyat beklari, qozilar, amlokdorlar va boshqa mansabdor shaxslarning oddiy oilalar ma’rakalarida ishtirok etishini taqiqlab qo‘ydi. Ularga faqat bir-birlarinikida bo‘ladigan marosimlarga borishga ruxsat berib, o‘shanda ham sho‘rvadan boshqa ovqat tanovul qilishlarini man etdi.

 

Amir 1911-yil mart oyida “Juda isrofli to‘ylarni tugatish to‘g‘risida” farmon chiqardi. Unga ko‘ra, to‘ylarda 6-7 xil ovqat qilish taqiqlanib, palovdan boshqa ovqat berganlarga 75 darra urish jazosi tayinlandi, sunnat va nikoh to‘ylarida tashkil qilinadigan uloq chopish va poyga tadbirlari bekor qilindi. Ushbu tadbirni tashkil etgan shaxs o‘lim jazosiga mahkum etilishi belgilab qo‘yildi. Shuningdek, to‘yga kelgan mehmonlarning har biriga chopon berish rasmi man qilindi. 1916-yil 5-iyunda esa Amir Olimxon to‘yga kelganlarga qand berish odatini taqiqlovchi yana bir farmonni imzoladi.

 

Amir tomonidan xalqning farovonligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan bunday farmonlarning buzilish holatlari ayrim mahalliy amaldorlarning poraxo‘rligi va o‘zboshimchaligi tufayli sodir bo‘lib turgan.

 

Bu davrda oilaviy marosimlardagi isrofgarchiliklar va yangi o‘ylab topilgan odatlar nafaqat Turkiston va Buxoro jadidlari tomonidan, balki ulamolar tomonidan ham keskin tanqid qilindi. Buxoro amirligida yuqori lavozimlarda faoliyat yuritgan mufti Domla Ikromning bu boradagi sa’y-harakatlari fikrimiz dalilidir. Uning  “Iyqozu-n-noimiyn va i’lomu-l-johiliyn” (“Uyqudagilarni uyg‘otish va johillarga bildirish”) asarida oilaviy marosimlarda to‘y, “Bibi Seshanba” va aza marosimlari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinadi.

 

Domla Ikrom mazkur asarida to‘ylar haqida “To‘y va ziyofatlardagi isrofgarchiliklarning barcha ko‘rinishlari tom ma’noda bugungi kunda xalq orasiga o‘rnashgan. Uni biror kishi isrof demay qo‘ygan, aksincha, isrofchilarni karam va saxiylik sohiblari deb aytishadi, isrofgarchilik qilmaydiganlarni esa ziyofatxo‘rlar baxil deb atashadi. Masalan, birov dasturxon ustiga ahli salaf odati deb bitta non va taom qo‘ysa, uni bag‘oyat ayblaydilar. Bugungi kunda diyorimizda bir kishining oldiga turfa shirinliklar-u ichimliklar va yeguliklarni chunon ko‘p qo‘yadilarki, o‘tirishga joy topilmas”, deb yozadi.

 

Asarda ko‘tarilgan yana bir muhim masala Xotinlarning aza marosimlari bo‘lib, xalq tomonidan “yigirma”, “qirq”, va “yil” (Inson vafot qilgandan so‘ng o‘tkaziladigan marosimlar haqida gap ketmoqda. Islomdan avvalgi zamonlarga borib taqaladigan bu xildagi marosimlar – “qirq” inson o‘lganining qirqinchi  yoki undan kamroq kuni, “yigirma” yigirmanchi yoki undan kamroq kuni, “yil” deb esa bir yildan so‘ng yoki undan oldin o‘tkaziladigan marosimga aytiladi. Bu marosimlarni o‘tkazish hozirgacha turkiy xalqlar orasida joriy bo‘lib kelmoqda.) deb nomlangan. Domla Ikrom bu rasm-rusmlar islom dinida mavjud emasligini Qur’on oyatlari orqali isbotlab, ayollarning ishlarini qoralaydi: “Bir necha hamoqatpesha to‘planib olib, turli-turli nolalar qilib, ko‘kraklariga urib, yig‘laydilar. Bir boshqa ayol ta’ziyaxonaga kelsa, o‘sha nolalarni takrorlaydilar. Ko‘kraklariga urib yig‘lashni o‘zlaricha vojib qilib olganlaridek, turli maxsus taomlarni ham shunday belgilab olganlarki, ularni o‘zgartirib bo‘lmas. Bu taomlardan ayrimlarini o‘sha joyda yeyish vojib bo‘lsa, ayrimlarini tashqariga chiqqach yeyishlik vojib bo‘ladi. Ta’ziya ochgan ayrim ayollarga muayyan kunda gazlama va sovun berishlik ham vojib bo‘ladi. Va ayollarning bu yomon qiliqlari erkaklarga, balki ulamo-yu fuzalo, hokimlarning ham barchalariga ma’quldirki, biron kishi uni bekor qilishni o‘ylamas. Aksincha, ko‘pchilik odamlar bularni kerak deb bilurlar va ko‘p aqchalar sarflarlar”.

 

Iqtisodiy chiqimlar va isrofgarchilikdan iborat bo‘lgan bu marosimlar hokimlar tomonidan to‘xtalishi lozimligini ta’kidlab, davlat lavozimida xizmat qiluvchi mansabdorlar bunday tadbirlarni o‘tkazishda xalqqa shaxsiy namuna ko‘rsatishlari kerakligini uqtiradi.

 

Xulosa qilib aytganda, Amir Olimxon serxarajat to‘ylar oilalarni iqtisodiy falokat yoqasiga olib kelishini anglagan holda, bunday to‘ylarni bartaraf etish bo‘yicha qat’iy talablarni ishlab chiqqan. Natijada to‘y kunlari qisqartirilib, bir xil ovqat pishirish belgilab qo‘yildi, chopon kiydirishlar keskin kamaydi, qand tarqatish to‘xtatildi hamda ko‘pkarilar o‘tkazilmaydigan bo‘ldi. Mufti domla Ikromning “Iyqozu-n-noimiyn va i’lomu-l-johiliyn” asari esa xalq orasida “Dar bayoni bid’aoti mashhura” (“Mashhur bid’atlar bayoni”) nomi bilan tanildi va oilaviy marosimlarga kirib kelayotgan ayrim yangiliklarga chek qo‘yildi.

 

Dilnoza JAMOLOVA,

O‘zFA Tarix instituti doktoranti

3 Izohlar

Asilbek

03:07 / 29.07.2023

Bir tomondan urf-odatlarimizni saqlab qolish kerakdir, lekin bunaqa isrofgarchilikka shaxsan qarshiman. Bu illatlarga qarshi hozir ham davr talabiga mos qanaqadir choralar ko'rish kerak

Nargiza

06:01 / 01.01.1970

Toʻppa toʻgʻri shunday isrofgar toʻylar hozir ham juda koʻp masalan 20_21 noyabr kunlari qaynim koʻpkari toʻy qilayapti bizga arogʻi tushdu shu aroqni oʻziga oʻn million soʻm ketayapti qani shu soxta boyvachalarni bir tartibga soladigan va amalda ishlaydigan qarir qabul qilinsa men ham turmush oʻrtogʻim ham oʻqituvchimiz majbur qarz oldik

Solijon

06:01 / 01.01.1970

Aza marosimlari, bizda, Samarqand Urgutda bundan batarlari ham saqlanib gurkirab kelyapti, afsuski

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19970
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17623
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//