Kim qayoqqa yetaklasa ketaveradigan mavjudot emas, jarayonlar tahlilidan xulosa chiqara oladigan shaxslar ommasini yaratish zarur – surgunda ochlikdan vafot etgan ziyoli muxtoriyat tuzish haqida


Saqlash
23:11 / 25.11.2022 1154 0

XX asrning birinchi choragi Turkiston o‘lkasi tarixida o‘zining murakkabligi, jarayonlarning tez va shiddatli tarzda kechgani, odamlarning onggi va tafakkuridagi diniylik va dunyoviylik o‘rtasidagi kurashning ayovsiz shaklga ega bo‘lgani,  bir tomondan eskilik an’analarni saqlab qolish maqsadida qattiq qarshilik harakatiga ega bo‘lgan diniy qatlam, ikkinchi tomondan xalq va millatni zamona ruhiga mos tarbiyalash, odamlarning tafakkurini o‘rta asrlar darajasidan XX asr darajasiga ko‘tarish uchun bor kuchlari bilan harakat qilgan taraqqiyparvarlar o‘rtasidagi keskin kurash bilan yodda qoldi. XIX asr oxirida yuzaga chiqqan jadid taraqqiyparvarlarining ijtimoiy-siyosiy g‘oyalari XX asrning boshlariga kelib siyosiy va amaliy ahamiyatga aylana oldi. Bu tarixiy jarayonlarning kechishida G‘ozi Yunusning ham o‘ziga xos o‘rni va roli mavjud.

 

G‘ozi Yunus 1887-yilda Toshkent shahar 3-Ohundguzar mahallasida   Mahamatyunus va mashxur shoir “Kotib” – Pirmuhammad A’lam Tursunmuhammad o‘g‘lining singlisi, maktabdor Zulfiya otin oilasida dunyoga kelgan.

 

G‘ozi Yunus ilk ta’limni onasining qo‘lida olib, xat-savodini chiqaradi. Bu to‘g‘rida uning o‘zi quyidagilarni yozadi: “Ibtidoi tahsilim eski maktabda bo‘lub, yoshim 15 ga kirganda Baroqxon madrasasina tahsilga kirub, 8-yil istiqomatimda “Avvali ilm”dan boshlab, “Aqoid”ga yetdim”.

 

Sirojiddin Ahmad G‘ozi Yunusning madrasani davom ettirishiga iqtisodiy imkoniyati yo‘l qo‘ymaganini ta’kidlasa, G‘afur Umurzaqov aksincha, u madrasada tahsil olib, fors, arab, turk tillarini mukammal egallaganini, o‘qishni tamomlagach, unga “mulla” unvoni berilganini, hatto mudarrislikka ham taklif etilganini, biroq bu taklif G‘ozi Yunus tomonidan bosmaxona ochishga doir rejalari sabab rad etilganini yozadi. Biroq biz tomonimizdan G‘ozi Yunusning avlodlari qo‘lida saqlanib qolgan ilmiy merosi va o‘g‘li To‘lqin G‘oziyevning xotira daftarlarini o‘rganib guvoh bo‘ldikki, G‘ozi Yunus o‘ziga to‘q va boy oiladan bo‘lib, hech qachon otasi ikkisi suvoqchilik kasbi bilan shug‘ullanmagan va iqtisodiy jihatdan qiyinchilikda yashamagan. G‘ozi Yunusning o‘z tarjimayi holini bu tarzda o‘zgartirishiga sabab davr siyosati bo‘lib, bolsheviklar hukumati yo‘qsullar (kambag‘allar – M.Alijonov) mamlakatini qurmoqchi va tabiiyki bunday mamlakatda o‘ziga to‘q va boy odamlarning bo‘lishi mumkin emas edi. Shu boisdan ham G‘ozi Yunus davr taqozisi bilan o‘zidan “kambag‘al” shaxsni yasashga majbur bo‘ldi. Qolaversa, adibning avlodlari qo‘lida saqlanayotgan “Otamg‘a marsiya” she’rida ham G‘ozi Yunus otasidan erta yetim qolganligini qayd etadi. Shuningdek, G‘ozi Yunus madrasada ham bir muddat mudarrislik faoliyati bilan shug‘ullangan, diniy ilmlarda zamonasining ilg‘or vakillaridan biri bo‘lgan.

 

1917-yilning fevral oyida bolsheviklar, mensheviklar va so‘l esyerler kuch bilan hokimiyatni egallab olgach, 1917-yil 2-noyabrda Lenin va Stalinning “Rossiya xalqalari huquqlari deklaratsiyasi” va “Millatlarning o‘z taqdirini o‘zlari hal etish imkoniyati”ga doir bayonotlari e’lon qilindi. Yuqorida tilga olingan bayonotlar bilan Lenin va Stalin imperiya chegaralarida yashovchi xalqlar uchun milliy davlat qurishga va’da qilgan holda, hatto yangi barpo etiladigan milliy davlatlar inqilobiy organlar tomonidan to‘liq himoya qilinadi, deb va’da berishdi.

 

Shu maqsadda 1917-yilning 27-noyabr kuni Qo‘qon shahrida Turkiston musulmonlarining navbatdagi kongressi chaqirilib, yakunda 54 kishilik Kengashga bo‘ysunuvchi sakkiz a’zolik “Turkiston Muxtoriyatining muvaqqat hukumati”ni sayladi va O‘zbekiston tarixida chuqur iz qoldirgan voqelik – Turkiston Muxtoriyatiga asos solinib, mahalliy xalq bo‘lmish turkistonliklar yana bir bor davlatchilik me’rosiga ega ekanliklarini isbotlashdi.

 

Yana shuni ilova qilmoq kerakki, Muxtoriyatni barpo qilish mahalliy boylarning ham, dindorlarning ham fikri emas, balki 1865-yilda general Chernyayev bilan shartnoma tuzgan, milliy mustaqillikni har narsadan ustun qo‘ygan Mulla Solihbek va uning tarafdorlari hamda taraqqiyparvar ziyolilar: Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abduvohid qori Abduraufqoriyev 1907-yildan buyon Rossiya davlat dumasiga murojaatida ilgari surib kelayotgan va bir qator musulmon qurultoylarida qayta-qayta takrorlangan fikr-mulohazalar hosilasi edi.

 

O‘lka taraqqiyparvarlari to‘la mustaqillikni emas, balki avtonomiya shakliga ega bo‘lgan hokimiyat boshqaruvini talab qilishgan edi. Bu borada Mahmudxo‘ja Behbudiy “Federatsiya, ya’ni Muxtoriyat, biz Turkiston musulmonlari istaymizkim, Rusiya mamlakatig‘a yopishib turub, xorijiy va ishlarg‘a aning ila bir bo‘lib turub, dohil (ichki – M.Alijonov) ishlar va tirikchiliklarimizni o‘zimiz idora etsak, muning kayfiyati shunday bo‘lur”. Aytish mumkinki, bu vaqtinchalik chora bo‘lib, Muxtoriyat sifatida Turkiston kuch to‘plab olgach, keyinchalik taraqqiyparvarlar to‘la mustaqillik uchun ham, albatta, siyosiy harakatlarni amalga oshirgan bo‘lar edilar.

 

Turkiston Muxtoriyatining e’lon qilinishi o‘sha davr taraqqiyparvarlarining barchasini xushnud etdi, to‘lqinlantirdi. Jumladan, Abdurauf Fitrat: “Turkiston Muxtoriyati… Temur hoqonining chin bolalari yonida, Turksitonning tubjoy turklari orasinda bundan obro‘lik, bundan muqaddas, bundan suyunchlik bir so‘zni borlig‘iga ishonmayman. Turkiston turkining qonini qaynatguvchi, iymonini yuksaltirguvchi bir quvvat bor esa, yolg‘iz shu so‘zda bordir: Turkiston Muxtoriyati” deb iftixor qildi. Bu fikrni “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1926-yil 10-dekabr sonidagi maqolasi bilan Mannon Ramz ham qo‘llab-quvvatlaydi: “Bundan ilgari bo‘lg‘on musulmon qurultoylari bo‘lsun, Turkiston va umumiy Rusiya qurultoylari bo‘lsun, hammasi bir og‘izdan deyarlik Turkistong‘a Muxtoriyat olishning lozim ekanligi to‘g‘risida qaror qilg‘on edilar. Bolsheviklar hukumatining boshlig‘i Lenin ham so‘nggi farmonida Rusiyada yashag‘on millatlarg‘a, shu jumladan qozoq bilan Turkiston musulmonlarig‘a muxtoyita e’lon qilib, o‘z ishlarini o‘z qo‘llarig‘a olish mumkin ekanligini bayon qildi. Shuning uchun bu kun Turkiston qurultoyining Turkistonni Muxtoriyatli deb e’lon qilishi xalq va hukumat tilagiga xilof emas edi”.

 

Muxtoriyatning e’lon qilinishi o‘lka ziyolilarini chinakamiga to‘lqinlantirib yubordi. Milliy matbuot Muxtoriyatni olqishlovchi she’r va maqolalar bilan to‘ldi. Shavqiy Shahrixoniy, Cho‘lpon, A.Begi, Hidoyatulla Aliyev, Said Sunchalay, Hamza Hakimzoda, G‘ulom Zafariy, Muhtor Bakr kabi ziyolilar matbuot sahifalari orqali xalqni Muxtoriyatning tashkil etilishi bilan qutlab, ularni birlikka chaqirdi. Jumladan, Hidoyatulla Aliyev “Turkistong‘a” she’rida yozadi:

 

“Ko‘rmaysanmi oldda nurlar sochub,

Chiqdi sening botqon quyoshing…

…Kerak senga bikrak, kuchli to‘pqa

Qarshu turaturg‘on erlaring.

Jonin, tanin shunga qurbon etub,

Saqlayturg‘on erlaring”.

 

G‘ozi Yunus ham taraqqiyparvar ziyolilar qatori Turkiston Muxtoriyatining tashkil topganidan xursand bo‘ldi va o‘zining ko‘plab maqolalarida qizg‘in qo‘llab-quvvatladi. Jumladan, G‘ozi Yunus “Ishchilar dunyosi” jurnalida faol tarzda Turkiston Muxtoriyatining legitimligini saqlashga, mustahkamlashga chaqirdi va ushbu Muxtoriyatning noqonuniy tuzilganligiga doir fitna nazariyalarni qatiyan rad etdi. U “Toshkent masjidi jomeinda 5-yanvar, juma kuni “Ulamo jamiyati” tarafidan katta yig‘in bo‘lib, Umumturkiston uchun zo‘r ko‘ngilsiz voqea bo‘lib o‘tdi. Tarixda Turkiston uchun bir qaro sahifa ochildi” jumlalari bilan boshlanuvchi “Turkiston uchun xo‘rlik” maqolasida mavjud vaziyatga xolisona baho berishga harakat qiladi, shuningdek masjidda yig‘ilgan ulamolarning Turkiston Muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlash o‘rniga aksincha, unga nisbatan ishonchsizlik bildirganligini qattiq qoraladi.

 

Muallif: “Kechagina masjidi jomeda qariyb ikki yuz ming bir og‘izdan ahd qilib, takbir aytib, yig‘lashib Ho‘qanddag‘i muvaqqat hukumatga bayat qilib, kerak bo‘lsa jonimiz, molimiz, qonimiz bilan yordam qilmoqqa vada qilub tarqalib edik. Yana ikkinchi marotaba muvaqqat hukumatga sodiqligimizni ajnabiy millatlarga ko‘rsatmak uchun 13-dekabrda yosh-u qari, ulamo-yu ishchi bayroqlar ko‘tarib namoyish yasab, ikkinchi qaytadan muvaqqat hukumatga sodiqligimizni izhor qildik. Ma’al taassuf, orada hech qancha fursat o‘tmasdan muvaqqat ozmi-ko‘pmi ishlab turganidan bir to‘da loyqa suvdan baliq ovlaydirgan irtijoparast Muxtoriyat dushmanlari masjidi jomeda, odamlar o‘rtasida Muxtoriyat xususinda so‘z qo‘zg‘otib, sodda xalqning ko‘ziga bir dona tuxumni yetmish xil bo‘yab ko‘rsata boshladi. Bechora bizim xalq kamoli sofdillig‘idan bul janoblarning nohaq so‘zlarin haq fahmlab, hayajonga keldilar”, deb yozadi.

 

Bolsheviklar hukumati Turkiston Muxtoriyatini harbiy kuch bilan yo‘q qilib tashlashdan oldin avval xalq o‘rtasida uning obro‘-e’tibori va legitimligini parchalashni maqsad qilgan edi. Buni albatta ko‘pchilik davr ziyolilari singari G‘ozi Yunus ham chuqur anglagan. Shu boisdan ham u: “…muhtaram ulamolarimizdan, suyukli yoshlarimizdan o‘tinamizki, bundan buyon har ikki taraf ham sof bo‘lib harakat qilingiz. Ulamolarimiz qora xalq bizning orqamizda deb, Turkistonga uyat keltiradirgan ishni ishlamasunlar. Yoshlarimiz ham o‘z foyda-zararini ajratolmagan xalqimiz uchun kecha-kunduz rahmat o‘rniga la’nat eshitib, boshdan oyoq kufr pechati bilan pechatlanib, oxiri o‘rtada biror qonli voqea bo‘lib, badbaxt Rossiya’ning ahvoli, Alloh saqlasun, bizim Turkiston boshiga tushmasun deb qo‘rqamiz” deb yozgan holda, xalqni, Muxtoriyatni asrab qolish yo‘lida o‘zaro ixtiloflarni bas qilib, birlashishga chaqirdi.

 

G‘ozi Yunus quruq qog‘ozda Muxtoriyat deb qo‘yilgani bilan tuzilib qolinmasligini, buning uchun Turkistonda yashovchi olti yoshdan oltmish yoshgacha (yani barchaM.Alijonov) chin dildan istashi va bu yo‘lda jiddu-jahd qilishi lozimligini urg‘ulab, xalqni davlatchilikka doir masalalarni tinch va demokratik tamoyillar asosida ovoz berish yo‘li bilan hal etishga chaqiradi. Biroq muallif, eng avvalo, ana shu ovoz berish madaniyatini shakllantirish lozimligini qayd etib, bu borada Turkiston xalqining madaniyati o‘ta sayoz ekanligini ochiq-oydin takidlaydi: “Madaniy millatlar kabi qo‘l ko‘targanda masalani hal bo‘lishini bilmasmiz, Eshmuhammad qo‘l ko‘tarsa, Toshmuhammadboy qo‘l ko‘taradir. Ulamo qiyofatida bir kishi minbarga chiqib “Bizlarga oq kerak” desa, “Ha, taqsir, oq kerak”, agar qora kerak desa “Ha, taqsir, albatta, qora kerak” deb qichqiradir”. G‘ozi Yunus o‘zining yuqoridagi so‘zlari bilan xalqning ijtimoy-siyosiy ongining qay darajadaligi xususida ham malumot bermoqdaki, muallifning istagi kim qayoqqa yetaklasa ketaveradigan mavjudotni emas, balki mavjud holatni va taraflarning o‘zaro davolarini tahlil qila oladigan, shundan so‘nggina xulosa chiqara oladigan shaxslar ommasini (ya’ni huquqiy ong keng miqyos otgan jamiyatni) yaratish nechog‘lik zarur ekanligiga ishora qiladi.

 

G‘ozi Yunusning Muxtoriyatni himoya qilib yozgan maqolalarining ichida “Diniy majallada e’tiborsizliq” felyetoni ayniqsa muhim hisoblanadi. Ushbu felyeton “Ulamo” jamiyatining nashri-afkori bo‘lmish “Al-Izoh” jurnalida Mulla Pirmuhammad A’lam imzosi bilan e’lon qilingan “Bayoni haqiqat zarifona” nomli maqolaga raddiya o‘laroq yozilgan. Maqola muallifi bo‘lmish Mulla Pirmuhammad A’lam o‘zining oldiga hali turmush qurmagan va nikohsiz homila orttirgan ayol kelganligini, uning bu ishi shariatga zid ekanligini, buning oqibati yaxshilik bilan tugamasligini aytib unga tanbeh berganligini yozadi. Ayol ketgach, muallif xayolga cho‘mib Turkiston Muxtoriyati ham go‘yoki nikohsiz (noshar’iy – M.Alijonov) tug‘ilganligiga shama qiladi. Ushbu maqola G‘ozi Yunusning haqli ravishda g‘azabini keltiradi. Shu boisdan ham u ulamolardek katta jamiyatning yuzi hisoblangan jurnalda bundayin saviyasiz va tuhmatdan iborat maqolaning chop etilishini qattiq qoralaydi: “Aqli qosironamizcha, Savol miqdor xonimning g‘ayri mashrug‘ bo‘lgan homilasi A’lam janoblarining o‘z pushti kamarlaridan bo‘lgan bo‘lsa kerak. Chunki bul kishi birlan donlashib yurganiga, o‘zlarin iqrorlarincha, o‘n oydan ziyodaroq vaqt bo‘ldi. Agarda xonimning muddati homilasi to‘lub o‘g‘ul tug‘sa, ismin Moskov sezdiga bag‘ishlab “Mulla Musovot” qo‘yulsa, bul shum qadam agarda o‘lmasdan katta bo‘lsa, Toshkentdagi masjid, mozorlarni sotib aqchasig‘a A’lam janoblarig‘a o‘xshash musallas olib ichib bituradur”.

 

Biroq bolsheviklar hukumati garchi Polsha, Finlandiya, Ukraina, hatto Armaniston mustaqilligini tan olgani holda, Turkiston Muxtoriyatining mustaqilligini tan olmadi. Natijada 1918-yil yanvar oyining oxiri, fevral boshida Turkiston Muxrotiyati qonga botirildi.

 

Bu xunrezliklar o‘zbek ziyolilarini qattiq tushkunlikka tushirib, butun umidlarni puchga chiqardi. Masalan, “Yashasun Turkiston Muxtoriyati! Yashasun musulmon ishchilari sho‘rosi” shiorlari ostida chop etilgan “Ishchilar dunyosi” jurnalida G‘ozi Yunusning “Kim aybli?”, “Hurriyatmi, yoki istibdod?” nomli maqolalari ana shunday ruhda yozilgan.

 

“Kim aybli?” maqolasida G‘ozi Yunus o‘zining chinakam ma’naviy jasorat namunasini ko‘rsatib, Muxtoriyatni qonga botirishdagi vahshiyliklarni ochiq tarzda yozib, bu fojianing asosiy aybdorlari sifatida Lenin va Troskiy ekanini ta’kidlaydi: “Arman vahshiylari tarafindan yuzlab boshlari uzilgan, arman mazolim dinchilari tarafidan nomuslari poralanib, so‘ng miltiq uchig‘a ko‘tarilgan bokira zavolli qizlar kim? Intiqomni turkistonlilardan olamiz, deb salla o‘rab, musulmonlar tarafida bo‘lib, salla-cho‘ponini tashlab, qo‘llarig‘a qurol olib, istiqbolimizning chechaklarini qirmoq uchun jasorat etgan, u to‘p, pulemyotlarni qulog‘ini buragan, muqaddas masjid va madrasalarimizni otdirg‘on, butun shaharni harob qilg‘onda tom, uy, ostinda “vo hasrato” deb fig‘onlarin qilg‘onda, oshurib og‘izlarinda “millat” deb kalimayi shahodatni talqin qilib jon berg‘on harbzadalar kim? Taqdirmi, aybli? Yo bo‘lmasa Muxtoriyat olingiz, umummusulmonlar birlashingiz, deb isrofil surini taratgan oliy marhamatli tovarish Troskiy ila Lenin afandilar ayblimi?”.

 

Adib, publitsist, dramaturg va Turkiston Muxtoriyatining jasur himoyachisi G‘ozi Yunus 1938-yilda Rossiyaning Vologda shahriga surgun qilinadi va o‘sha yerda 1942-yil 5-mayda ochlikdan vafot etadi.

 

G‘ozi Yunus 1957-yil 22-yanvarda O‘zbekiston SSR Oliy Sudining qarori bilan oqlangan.

 

G‘ozi Yunus taraqqiyparvar inson sifatida xech qanday to‘siqdan qo‘rqmay, mardonavor, qiyinchiliklarni yengib o‘tdi, Turkiston Muxtoriyatini va uning legitimligini dadil himoya qildi. Bu yo‘lda chinakam jasorat namunasini ko‘rsatdi. Adibning o‘zi quyidagi misralarni yozganida  qanchalik haq edi:

 

Qaytmagayman, hech qo‘rqmayman bu yo‘ldan,

Mayli bo‘lsun ko‘z oldimda mone’lar.

Yo‘lim to‘sib tig‘ o‘qtalsin yog‘iylar,

Umid uchun kechmak kerak bu cho‘ldan...

 

Muslimbek ALIJONOV,

Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat

muzeyi  katta ilmiy xodimi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19970
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17623
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//