Oltin O‘rda, Dashti Qipchoqdagi O‘zbek Ulusi, O‘rta Osiyo – “O‘zbekiston” qachondan beri mavjud


Saqlash
16:12 / 13.12.2022 2745 0

Sho‘rolar davri tarixshunosligida “O‘zbekiston” atamasi 1924-yilda kommunistlar tomonidan o‘tkazilgan “milliy-hududiy chegaralanish”gacha mavjud bo‘lmagan degan xato fikr hukmron edi. Hozirgi kunda “konstruktivizm”  jamiyatshunoslik nazariyasi tarafdorlari ham “O‘zbekiston” atamasi 1924-yilda yangi o‘zbek millatini “yasash” maqsadida muomalaga kiritilgan, unga qadar bu atama mavjud bo‘lmagan degan fikrni ilgari suradilar. 

 

Mening tadqiqotlarim shuni ko‘rsatadiki, “O‘zbekiston” atamasi tarixiy ildizlarga ega bo‘lib, butun O‘rta Osiyo mintaqasining tarixiy nomlaridan biri bo‘lgan. “O‘zbekiston” atamasi manbalarda ilk bor XIV asrda, tarixiy xaritalarda esa XVI asrda muomalaga kirgan. XIV asrda bu atama Oltin O‘rda, XV asrda Dashti Qipchoqdagi O‘zbek ulusi, XVI–XIX asrlarda esa O‘rta Osiyoga nisbatan qo‘llanilgan. 

 

“O‘zbekiston” atamasining kelib chiqishi “O‘zbek” ismi bilan bog‘liq bo‘lib, bu ism og‘uz/g‘uz/uz va bek so‘zlaridan tashkil topgan va “o‘g‘uzlar begi” ma’nosini anglatadi. “O‘zbek” ismi manbalarda ilk bor XII asrda qayd etilgan – Hamadon shahri hukmdori Sursuqning lashkarboshilaridan biri (amir al-jaysh) O‘zbek 1115–1116 yillarda Mosul hokimi bo‘lgan. Tabrizda hukm surgan ildegiziylar sulolasining oxirgi hukmdori Muzaffariddin (1210–1225 yillarda hukm surgan) ning ismi ham O‘zbek bo‘lgan. Xorazmshoh Jalol ad-Dinning Afg‘onistondagi harbiy qo‘mondoni Jahon Pahlavon O‘zbek Toiy bo‘lgan. 

 

“O‘zbek viloyati” yoki “O‘zbekiston” Oltin O‘rda ma’nosida (XIV asr)

 

“O‘zbekiston” atamasi esa Jo‘chi ulusi, ya’ni Oltin O‘rda hukmdori Sulton Gʻiyosiddin Muhammad O‘zbekxon (taxm. 1283–1341) bilan bog‘liq. 712/1312–13 yilda u Xorazmdan kelgan beklarbegi Qutlug‘ Temur va musulmonlar yordamida taxtga keldi, 720/1320–21 yilda esa o‘zi ham rasman islom dinini qabul qildi. Bunda unga Ahmad Yassaviyning ustozi bo‘lmish Bob Arslonning avlodi Zangiota va uning izdoshi Sayidota ko‘makchi bo‘lganlar. O‘zbekxon hukmronligi davrida Oltin O‘rda o‘z davrining eng qudratli va nufuzli davlatlaridan biriga aylandi. 

 

Shuning uchun XIV–XV asrlarda yozilgan manbalarda Oltin O‘rda «O‘zbekiston», ya’ni O‘zbekxon mamlakati deb atalgan. XIV asrning ikkinchi yarmi – XV asrning birinchi yarmida turk tilida yozilgan adabiyotda, xususan, shoir Lutfiyning “Guli Navro‘z” asarida “O‘zbek” mamlakati o‘sha davrning eng qudratli davlatlari qatorida tilga olingan:

 

Goh Chin xublarini so‘zladilar,

Goh O‘zbek din parilar ko‘zladilar,

Goh o‘g‘dilar Xotan zebolarini,

Zamin-e Rumning ra’nolarini.

 

Muiniddin Natanziyning “Muntaxab at-tavorix-i Muiniy” (“Muiniy tarixlari tanlanmasi”) asarida Itil, ya’ni Volga daryosi bo‘ylaridagi O‘zbek ulusi qayd etilgan. Fasix al-Xavafiyning “Mujmal-i Fasixiy” asarida 1335-yil voqealari bayonida Oltin O‘rdaning nufuzli amirlaridan biri Qutlug‘ Temur “O‘zbek davlatining tayanchi” deb atalgan. Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida: “Shundan keyin Sohib Qiron Jete va O‘zbek [xonlari]dan kelgan elchilarni qabul qildi va ularga oltin sovg‘alar berib, ularni o‘z xonlari xuzuriga yubordi”, – deb yozadi. Nizomiddin Shomiy o‘zining “Zafarnoma” asarida O‘zbek mamlakati haqida shunday deydi: 

 

“Xorazmdan shimolda joylashgan viloyat O‘zbek deb atalgan”. “Urusxon (1361–1375) O‘zbek viloyatining hukmdori edi”. “Amir Sohib Qiron Karminaga yetib kelganda dushman qochdi va O‘zbek viloyatiga ketib, Urusxon saroyida panoh topdi”. “O‘zbek viloyatidan odam keldi”. “Amir Sohib Qiron O‘zbek viloyatiga yurdi”. “O‘zbek viloyatiga yurish”. “Temur Qutlug‘ Xon ajalini O‘zbek viloyatida topdi”.

 

Turkistonlik o‘zbek shoiri Shoir Hukmiy 977/1569–70-yilda o‘zining Eronda fors tilida yozilgan “Shahriston” nomli geografik she’riy asarida shunday yozadi: “O‘zbeklar mamlakati yoki O‘zbekiston Rumdan sharqda Chingacha, shimolda esa Bulg‘or va Rus mamlakatigacha cho‘zilgan”.

 

Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn” asarida  1410-yil voqealari bayonida “Dashti Qipchoq va O‘zbek mamlakatlari”, “Dashti Qipchoq tarafdagi O‘zbek viloyati” qayd etilgan. Mirzo Ulug‘bek “Tarixi arba’a ulus” (“To‘rt ulus tarixi”) asarida yozishicha, “Sulton Muhammad O‘zbekxon Movarounnahrga kelganda mahalliy odamlar uning odamlaridan: “Bu kelgan odam kim?” – deb so‘radilar. Ularning sardori va podshohi O‘zbekxon bo‘lgani uchun ularni “o‘zbek” deb atar edilar. Shu sababli o‘sha zamondan boshlab kelgan kishilar “o‘zbek” deb atala boshladi. Qolib ketgan kishilar esa “qalmoq” bo‘ldilar.

 

Mahmud ibn Vali “Bahr al-asror fi manoqib al-axyor“ (“Xayrlilarning fazilatlari haqida sirlar dengizi”) asarida shunday yozadi: 

 

“Turkiston ahli har bir davrda turli nomlar bilan atalgan. Tur ibn Yofas davridan Mog‘ulxon davrigacha bu mamlakat ahli “turklar” deb atalgan. Mog‘ulxon taxtga o‘tirgandan keyin bu mamlakatda yashovchi barcha qabilalar “mog‘ullar” deb atalgan. Turkiston uzra O‘zbekxon bayrog‘i ko‘tarilgandan keyin hozirga qadar bu mamlakat ahli “o‘zbeklar” deb ataladi. Lekin olis mamlakatlarda Turonning barcha aholisi oldingidek “turk” deb ataladi”.

 

“O‘zbek viloyati” yoki “O‘zbekiston” O‘zbek ulusi ma’nosida (XV asr)

 

To‘xtamishxon (1380–1395-yillarda Oltin O‘rda xoni, 1396–1406-yillarda Tuman xoni) Amir Temurdan bir necha bor mag‘lubiyatga uchragandan keyin (1389, 1391, 1395, 1397-yillarda) Oltin O‘rda davlati inqirozga uchray boshladi va asta-sekin alohida xonliklarga parchalanib ketdi. Buning oqibatida rus knyazlari (Ivan Grozniydan boshlab) kuchaya boshladi va birin-ketin o‘zbek-tatar xonliklarini bosib oldi – 1552-yilda Qozon, 1556-yilda Ashtarxon, 1598-yilda Sibir xonliklari, XVII asrda No‘g‘ay o‘rdasi, 1783-yilda esa Qrim xonligi ruslar tomonidan bosib olindi. Ruslarga bo‘ysunmay mustaqilligini saqlab qolgan yagona o‘zbek xonligi Yevrosiyoning sharqiy qismida joylashgan, shu jumladan, Markaziy Osiyoning shimoliy qismini o‘z ichiga olgan O‘zbek ulusi edi.

 

Shuning uchun XV asr manbalarida O‘zbek viloyati yoki O‘zbekiston deganda ana shu O‘zbek ulusi nazarda tutilgan. Fazlulloh Isfahoniyning «Mehmonnomai  Buxoro» («Buxorolik mehmonning xotiralari») asarida shunday yozilgan: 

 

“3 ta qabila o‘zbeklarga mansub bo‘lgan… Ulardan biri shayboniylar bo‘lib, ularning xoni Shayboniyxon edi. Ikkinchi qabila qozoqlar bo‘lib, ular  kuch-qudrati va dovyurakligi bilan dunyoga mashhurdir. Uchinchi qabila mang‘itlar bo‘lib, ulardan Ashtarxon hukmdorlari chiqqan. O‘zbeklarning chegaralari bir tarafdan ummon bilan, boshqa tarafdan esa Turkiston bilan, uchinchi tarafdan Darband bilan, to‘rtinchi tarafdan Xorazm bilan, beshinchi tarafdan esa Astrobod bilan chegaradosh. Bu yerlarning hammasi o‘zbeklarning yozgi va qishki ko‘chib yurish yerlaridir”.

 

Mirza Muhammad Haydarning “Tarixi Rashidiy” asarida yozilishicha:

 

“O‘zbekistonga Abul-Xayr oldiga turli qabilalar keldi. Qozoqlar O‘zbekistonning asosiy qismi ustidan o‘z hokimiyatini o‘rnatdilar”. “Tubra o‘qimagan odam edi, u hech qachon xoqonlarga xizmat qilmagan edi. U har doim vaqtini Mo‘g‘uliston va O‘zbekiston dashtlarida o‘tkazar edi. U chegaralarni qo‘riqlovchi qazaq bo‘lgan va hech qachon Amir darajasiga ko‘tarilmagan”. “Ko‘kcha Tengiz (Balxash) ko‘li Mo‘g‘ulistonni O‘zbekistondan ajratib turadi. Qish kelib Ko‘kcha Tengiz usti muz bilan qoplanganda o‘zbeklar muz ustidan yurib Mo‘g‘ulistonga keladilar. Bu ko‘ldan bir daryo (Volga) boshlanib, O‘zbekiston  yerlaridan oqib o‘tadi va Qulzum dengizi, ya’ni Kaspiy dengiziga quyiladi. Bu daryo Atil deb ataladi, O‘zbeklar esa uni Idil deydilar”. “Sulton Nigorxonim dedi: ”Men qarib qoldim va O‘zbekiston dashtlarida ko‘chmanchilik hayot tarzi olib borishga kuchim yo‘q”. “Rashididdin Mog‘ulistonda qoldi, Tohirxon esa O‘zbekistonda [hukm surdi]”. 

 

Amir Temur tuzuklarida o‘zbeklar va O‘zbekiston haqida shunday yozilgan: 

 

“Movarounnahrda O‘zbekiya [jamoasi]ning jinoyatlari va zulmlari ko‘payib ketdi. …men zudlik bilan o‘zbeklar jamoasiga hujum qilishim kerak. Mamlakatning ulamo va shayxlari o‘zbeklar jamoasini yo‘q qilish va haydab chiqarish haqida fatvo berdilar”.

 

“O‘zbekiston” O‘rta Osiyo mintaqasi ma’nosida (XVI–XIX asrlar)

 

1500-yilda O‘zbek ulusi hukmdori Shayboniyxon Movarounnahrga kelib, temuriylardan hokimiyatni tortib oldi. Dashti Qipchoqda hokimiyatsiz qolgan boshqa chingiziylar, ya’ni o‘zbek-tatar hukmdorlari va aslzodalari ham Shayboniylar davlati (1500–1601) da panoh topdilar. 1601-yilda esa shayboniylarning o‘rniga ashtarxoniylar sulolasi hokimiyatga kelib, 1757-yilga qadar hukm surdi. Shu tariqa “O‘zbekiston” atamasi ham o‘zbeklar bilan birga Movarounnahr, ya’ni O‘rta Osiyoga ko‘chib keldi. Shuning uchun XVI–XIX asrning birinchi yarmida yozilgan manbalarda O‘rta Osiyo mintaqasi “O‘zbekiston” deb atalgan. Xususan, safaviylar sulolasiga mansub Eron shohi Tahmasp I (1524–1576) Movarounnahrda joylashgan Shayboniylar davlatini “O‘zbekiston” deb atagan.

 

1562-yilda ispan tarixchisi Garsia da Orta O‘rta Osiyoda joylashgan “O‘zbek mamlakati” haqida so‘z yuritgan. Buxoro shahrida yashagan ikki tillik o‘zbek shoiri Turdi Farog‘iy (taxm. 1640–1699) o‘zining bir she’rida shunday yozadi:

 

Tor ko‘ngullik beklar, man-man demang, kenglik qiling,

To‘qson ikki bovli O‘zbek yurtidur, tenglik qiling.

 

Yoki:

 

Durahdu tangchashmu besaru Ya’jujvaj,

Muxtalif mazhab guruhi

O‘zbekistondur bu mulk.

 

Boburiylar sulolasiga mansub sulton Muhyiddin Avrangzeb Olamgir I (1068–1118/1658–1707-yillarda hukm surgan) huzuriga elchi bo‘lib kelgan va uning Dehlidagi saroyida bir muddat yashagan fransuz elchisi Fransua Bernyening yozishicha:

 

“O‘zbek tatarlari, ya’ni Samarqand va Balx xonlari Avrangzeb huzuriga o‘z elchilarini yuborishga qaror qildilar”. “Avrangzeb ular yuborgan sovg‘alarni keltirishni buyurdi …bular mevalar edi: shaftoli, olma, uzum, qovun – bu mevalarni Dehli aholisi yil bo‘yi yer edi, ular asosan O‘zbekistondan keltirilar edi”. “Men elchilardan ularning mamlakati haqida ma’lumot olishni istadim, lekin ular shunchalik bilimsiz edilarki, hatto o‘zlarining O‘zbekiya mamlakatining chegaralarini ham bilmas ekanlar”.

 

1835–1836-yillarda Buxoroga kelgan rus harbiy ayg‘oqchisi I.V. Vitkevich o‘zining safar hisobotida shunday yozadi: 

 

“Buxoro shahrida buxoroliklardan tashqari juda ko‘p yahudiylar yashaydi, sen u yerda butun O‘zbekiston yoki Turondan kelgan odamlarni uchratishing mumkin”.

 

Shunday qilib, “O‘zbek” ismi turklarda ilk bor XII–XIII asrlarda qayd etilgan bo‘lib, uning kelib chiqishi og‘uz/g‘uz/uz va bek so‘zlari bilan bog‘liq va “o‘g‘uzlar begi” ma’nosini anglatadi. “O‘zbekiston” atamasi Oltin O‘rda hukmdori O‘zbekxon bilan bog‘liq bo‘lib, XIV asrda bu atama Oltin O‘rda davlatiga nisbatan qo‘llanilgan. XV asrda Oltin O‘rda xonliklarga parchalanib ketgandan keyin “O‘zbek viloyati” yoki “O‘zbekiston” atamasi Dashti Qipchoqning sharqiy qismidagi O‘zbek ulusiga nisbatan qo‘llanilgan. XVI asrda o‘zbeklar Movarounnahrni egallagandan keyin to ruslar bosqiniga qadar O‘zbekiston atamasi butun O‘rta Osiyo mintaqasiga nisbatan qo‘llanilgan. O‘sha davr tarixiy geografiyasida “O‘zbekiston” atamasi Turon va Turkiston tarixiy atamalari bilan tafovutda bo‘lmay, aksincha, ular birga ma’nodosh nom sifatida ishlatilgan. Demak, “O‘zbekiston” atamasi butun O‘rta Osiyo mintaqasining tarixiy nomlaridan biri bo‘lgan deb hisoblashga to‘la asos bor. Chunki jahon tarixiy geografiyasida bu atama 1865-yil, ya’ni ruslar bosqiniga qadar 365 yil davomida Turon va Turkiston atamalari singari butun O‘rta Osiyo mintaqasiga nisbatan makrotoponim sifatida ishlatilgan.

 

Shamsiddin KAMOLIDDIN,

tarix fanlari doktori, professor.

 

“Vodiynoma” jurnali. 2021 yil 1-son.

“O‘zbek” va “O‘zbekiston” atamalari yozma manbalarda” maqolasi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19946
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17588
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//