Toj-u taxt uchun akasiga qarshi borib, ko'ziga mil tortilgan boburiy shahzoda


Saqlash
11:01 / 18.01.2023 1891 0

...Makkai Mukarramaning issiq havosi Komron Mirzoni anchayin holdan toldirgandi. Haj amallarini bajo keltirgan shahzoda endi qaytish taraddudini ko‘rmoqda edi. Ammo... qayoqqa qaytadi? Kindik qoni to‘kilgan, otasining qabri makon topgan Kobulgami? Og‘asi Humoyundan so‘ng jiyani Akbarning ixtiyoriga o‘tgan Hind diyorigami? Yoki ota-bobolarning qadim ona yurti Movarounnahrgami? Vaqtincha qo‘nim topgan joyi Damashqqami?  Aslida uning vatani qayer o‘zi?

 

Komron Mirzo shom namozini Masjidul Haromda o‘tab, xizmatkori Abu Yusufning ko‘magida Makkaning chekka qismidagi ortiqcha hashamdan xoli bo‘lgan faqirona kulbasiga qaytarkan, chap ko‘ksida tanish bir og‘riqni tuydi.

 

Bo‘sag‘ada uni jufti haloli Chuchuk begim kutib turardi. Ayoli va cho‘risi Gavharning salomiga alik olarkan, dimog‘iga xushbo‘y taom hidi urilib och qolganini payqadi:

 

– Amirzodam, siz yoqtirgan kobuliy sho‘rva tayyorlagandik.

 

– O‘zingiz ichmadingizmi, begim? – so‘radi Komron mehribon tovushda.

 

– Sizsiz tomog‘imdan taom o‘tarmidi?

 

Komronning basir ko‘zlariga yosh tiqildi. Bir paytlar u otameros mulklarni boshqarganda, toj-u taxt hukmi ostida bo‘lgan onlarda atrofida ne-ne huriliqolar parvona edi. Umri davomida u juda ko‘p parivashlar vaslida sarmast bo‘ldi. Sanoqsiz kanizlardan tashqari ham uning yana beshta jufti haloli bor edi. Ammo toj-taxt, davlat qo‘ldan ketib, omad yuz o‘girgach, farzandlar ham, oilasi ham parokandalikka yuz tutdi. Faqat uning yonida shu birgina mushtipar ayol Moh Chuchuk begim qoldi, xolos.

 

U Sind hokimi Mir Husayn Arg‘unning qizi edi. Komron unga uylanganida, haramida undan-da go‘zal malikalar, joriyalar bisyor edi. Ammo Chuchuk begimga bo‘lgan muhabbati barchasidan g‘olib chiqdi. Komronning boshqa xotinlari uning ko‘nglini Chuchuk begimdan sovutish uchun qancha makr-hiylalarni ishga solsalar-da, Komron orqavarotdan tarqalgan har xil gap-so‘zlarga parvo qilmadi.

 

O‘sha paytda Chuchuk begimga haddan ziyoda mehr-muhabbat ko‘rsatib adashmagan ekan. Mana, oxir-oqibat hamma undan yuz o‘girgan chog‘da shu ayol unga o‘la-o‘lguncha sodiqligini isbotladi.

 

* * *

 

Komron Mirzo buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning Humoyundan keyingi ikkinchi o‘g‘li bo‘lib, milodiy 1509-yilda Kobulda tug‘ilgandi. U bolaligidan ilm-fan va adabiyotga mehr qo‘yib o‘sdi. Bobur Mirzoning to‘rt o‘g‘li orasida ta’bi nazmda unga teng keladigani yo‘q edi.

 

Bobur Mirzo toj-u taxt bir kuni kelib, farzandlari orasiga nizo solishi mumkinligini oldindan anglagan, shu bois, har doim o‘g‘illariga hamjihat bo‘lishni, saltanatni kengash, mashvarat, ittifoq bilan boshqarishni, ziddiyatga bormaslikni  uqtirardi. Bobur hayotlik chog‘idayoq Komronga Kobul va Qandahor viloyatlari hokimligini bergandi. Otaning vafotidan so‘ng, taxtga o‘tirgan Humoyun Mirzo Panjob va Hind daryosi vohasini ham unga topshirgandi.

 

Ammo, inson zoti baribir nafsga tobe qilib yaratilgan. Komron ko‘p hollarda ota bir ona boshqa akasi Humoyunga g‘ayirlik ko‘zi bilan boqar, uning ham tomirlarida temuriylar qoni oqayotgani sababli hokimi mutlaq bo‘lishga o‘zini haqli sanar, qulay fursat poylardi.

 

Shunday fursat yetib keldi. Shimoliy Hindistondagi Suriylar sulolasi vakili Sher Shoh Boburiylar davlatini bosib olganidan foydalanib, Komron ukasi Hindol bilan birga Agrani egalladi. Humoyun Eronga qochib, Safaviylar hukmdori Tahmasp birinchidan ko‘mak so‘radi.

 

Bir muddat Eronda yashagan Humoyun Tahmaspning ko‘magida Komronning boshqaruvida bo‘lgan bir qancha viloyatlarni egalladi. Jangda asir olingan Komron akasining qoshiga bosh egib, kamarini bo‘yniga ilib bordi. Humoyun otasi singari bag‘rikeng, odil hukmdor edi. Inisini bu nochor ahvolda ko‘rgan Humoyun uni afv etdi va Ko‘lobga hokim etib jo‘natdi.

 

O‘shanda Komron taqdirga tan berib, akasiga bir umr sadoqat bilan yashaganida olam guliston edi. Ammo uning qonidagi hokimiyatga tashnalik hissi yana bosh ko‘tardi. 1550-yilda Kobul yaqinidagi Tangiho darasida aka-uka o‘rtasida qattiq jang bo‘ldi. Bu jangda Humoyun tomonida jangga kirgan Hindol Mirzo halok bo‘ldi. Komronni asir olib, akasi huzuriga boshladilar.

 

Yana og‘a-ini yuzma-yuz kelishdi. Bu gal ham taqdir Komronga emas, Humoyunga kulib boqqandi. Humoyun inisining bu kabi xiyonatlariga bir emas, o‘nlab marotaba duch kelgan, har gal qondoshlik haqqi uning gunohidan o‘tib kelgandi. Biroq ayni damda Humoyun ham chorasiz edi. Chunki saroy a’yonlari – beklar, mulozimlar hammasi Komrondan xun talab qilishardi. Chunki Komron o‘zining tor fe’li, hokimiyatparastligi sabab o‘ziga ko‘p dushman orttirgandi.

 

Humoyun saroy ahlining ra’yiga qarshi borish yaxshilikka olib kelmasligini bilardi. Qolaversa, shu paytga qadar Komronni afv etib baraka topmagandi...

 

Noqobil ukaning ustidan hukm o‘qildi: Komronning ko‘zlariga mil tortildi. Shahzodaning qorachiqlaridan dunyo va undagi bor narsalar chekinib, butun olami zulmatga aylandi.

 

Komron tomondan turib urishgan inisi Askariy Mirzo Humoyunning farmoni bilan haj safariga  yuborilgan edi. Komronga ham xuddi shunday “iltifot” ko‘rsatildi.

 

O‘shanda Humoyunning xos mulozimi ko‘ziga mil tortgan chog‘da, akasi unga dunyodagi eng berahm, eng razil inson bo‘lib tuyulgandi. Ammo bora-bora bir haqiqatni tan oldi: o‘zini akasining o‘rniga qo‘yib ko‘rdi. U nima qilgan bo‘lardi? Yillar mobaynida u ham akasining poyi ostida choh qazib keldi-ku? Eh, mal’un saltanat. Insonlarni ne ko‘yga solmaydi? Axir mana shu o‘tkinchi davr-u davron sabab Abdullatif o‘z otasining boshini kesmadimi? Husayn Boyqaro bilib-bilmay o‘z jigarbandi Mo‘min Mirzoning qatliga muhr bosmadimi?..

 

...Komron Mirzo ayoli dasturxon keltirib qo‘ygan xushbo‘y sho‘rvadan bo‘shagan kosani chetga surarkan, “alhamdulilloh” deb qo‘ydi. Qiziq, odamzot shu bir kosa sho‘rva bilan to‘yadi. Unda nega jahongirlik da’vosini qiladi? Bir iqlimni egallab, ikkinchi iqlimga ko‘z olaytiradi? Axir shohlik ham bu dunyoning barcha ne’matlari singari foniy, bebaqo...

 

Dasturxon yig‘ishtirilgach, Chuchuk begim xontaxta ustiga yelim hidi kelib turgan kitobni keltirib qo‘ydi:

 

– Amirzodam, mana, devoningizni sahhof (sahifalovchi – tahr.) bugun keltirib berdi.

 

Komron garchi ko‘rmasa-da, kitobni qo‘liga olib, ko‘zlariga yaqin keltirdi. Ohista varaqlab, barmoqlarini nafis sahifalar ustidan yurgizdi:

 

– Yaratganga shukur, – dedi kitobni yuzlariga bosarkan. – Men bu umrim davomida ko‘p xatolar qildim, gunoh ishlarga qo‘l urdim. Ammo kelgusi avlod meni faqatgina hokimiyat talashib, og‘alari bilan jiqqamusht bo‘lgan johil kimsa deb bilmasinlar. Mening qalbimni tinglamoqchi bo‘lganlar, shu baytlarni o‘qisinlar, begim!

 

– Inshoolloh, kelgusi nasllar sizni hukmdor Komron emas, balki shoir Komron sifatida bilib, ash’orlaringizni suyib o‘qiydilar.

 

– Iltimos, menga... o‘zingiz yoqtirgan g‘azallardan birini o‘qib bersangiz.

 

– Bosh ustiga, – Chuchuk begim kitobni ohista varaqladi. – Menga siz bitgan har bir bayt suyuklidir, amirzodam. – Shunday dedi-yu, ko‘zi tushgan dastlabki misralarni o‘qishga tushdi:

 

Gul’uzoro, zikr-u fikringdin dame xoli emas,

To vatan bulbul kibi bu guliston bo‘ldi manga.

Eshiginda yuz ketursam Komrondek ayb emas,

Ka’bayi maqsud chun ul oston bo‘ldi manga.

 

Komronning ojiz ko‘zlaridan ikki tomchi yosh bir-birini quvlab soqollari orasiga bekinganini o‘zi ham, zavjasi ham payqamadi.

 

Chuchuk begimning sohir ovozi Komronning qalbiga malhamdek quyulgandi. Bu ovozni ilk bor otasi hayotligida, Sindga borganida hokim Mir Husayn Arg‘uning bog‘ida eshitgan, dugonalari bilan xandon otib yurgan Chuchuk begim bir boqishda Komronni rom etgandi.

 

Bu go‘zal malakning visoliga erishish Komron uchun qiyin kechmadi. Axir qaysi ota qizini buyuk hukmdorning o‘g‘li, toleyi porloq shahzodadan qizg‘anishi mumkin? Ehtimol, baxt-u iqbol qushi Komronning boshiga qo‘ngan damlarda u Chuchuk begimga yaxshi e’tibor qaratolmagandir? Ammo hozir bir dam bo‘lsin hayotini usiz tasavvur etolmasdi.

 

...Komron uzoq taradduddan so‘ng umrining oxirigacha Makkada qolishga qaror qildi. Milodiy 1557-yilning kuz oylarida suyukli ayoli Chuchuk begimning qo‘lida omonatini Haqqa topshirdi. O‘zining vasiyatiga ko‘ra, Komron Mirzo Makkada, hazrati payg‘ambarimizning zavjalari Xadicha onamiz (r.a.) qabrlarining oyoq tarafida dafn etildi...

 

Rustam JABBOROV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19970
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17622
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//