Loysuvoq boʻlgan 100 ming dollar


Saqlash
17:01 / 25.01.2023 2263 1

Tarix shuni tasdiqlaydiki, muvozanat bor joyda adolat, adolat bor yerda muvozanat boʻladi. Busiz boʻlmaydi. Deylik, Sohibqiron Amir Temurning jahongirligi haqida soʻz borarkan, uning ilm-fan va madaniyat homiysi sifatidagi oʻrnini esdan chiqarish mumkin emas. Yoki gʻazal mulkining sultoni Alisher Navoiy davlat arbobi sifatida ham koʻp xayrli ishlarning boshida turganini yaxshi bilamiz. Yaʼni bir faoliyat yoki sifat haqida soʻz borarkan, qiymati va bahosi u bilan teng boshqa faoliyatni unutib yo chetlab oʻtib boʻlmaydi. Buni tarixiy shaxslar misolida ham koʻrish mumkin. Masalan, mumtoz sheʼriyatda Navoiyning oʻrni qancha baland boʻlsa, Boburning mavqei aslo undan kam emas. Yoki «Oʻtkan kunlar»ni oʻzbek adabiyotidagi birinchi roman sifatida qancha ulugʻlasak, “Kecha va kunduz”ni ham birinchilik bobida zinhor kamsitmaymiz. Chunki ularning qiymati bir, bahosi tengma-teng.

 

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi Qovchin qishlogʻida kalom ilmining buyuk dargʻalaridan biri Abul Moʻiyn an-Nasafiy abadiy qoʻnim topgan manzil joylashgan. Moturidiya taʼlimotining faol targʻibotchisi boʻlgani bois bu allomaning qabri Abu Mansur Moturidiy dafn etilgan Samarqandda deb hisoblab kelinardi. Tadqiqotlar, oʻrganishlar davomida bu ulugʻ zot qabri Qarshi tumanida ekanligi maʼlum boʻldi. Soʻng uning muqaddas dinimizni pok saqlash yoʻlidagi xizmatlari oydinlasha bordi. Natijada anglab yetdikki, shunday ulugʻ ajdodimiz bor va u shundoqqina yonimizda ekanu, biz buni uzoq yillar bilmay yuravergan ekanmiz.

 

Shunga koʻra mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 24-25-fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida aytgan fikrlari, xususan, Abul Moʻiyn an-Nasafiy abadiy qoʻnim topgan manzilni obodonlashtirib, bu yerni katta ziyoratgohga aylantirish hamda bu dargohda katta kutubxona tashkil qilish haqidagi koʻrsatma voha ahlini, barcha yurtdoshlarimizni nihoyatda quvontirdi. Ayni paytda maskanning butun mahobatini namoyish etuvchi va ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar hozirlandi. Alloma maqbarasi, yangi masjid bilan birga kutubxona, novvoyxonayu qassobxona, hatto avtoturargohgacha bunyod etilgani elga manzur, koʻpga maʼqul. Biroq...

 

 

Oʻsha tomonlarga oʻtgan kishi yaxshi biladi: Imom Moʻiyn majmuasidan 600-700 metr quyida Xoja Shamsiddin Halvoniy mangu qoʻnim topgan manzilgoh ham bor. Xoja Shamsiddin Hanafiyya taʼlimotining ming yillar burun Movarounnahr zaminida keng yoyilishida birinchilardan boʻlib xizmat qilgan boʻlib, xalq orasida Shamsul-aimma al-Halvoniy nomi bilan dong taratgan.

 

 

«Imomi Haramayne» hamda «Shamsul-aimma» – al-Halvoniyga berilgan unvonlar boʻlib, ularning birinchisi egasining oʻz vaqtida muqaddas Kaʼba va Madinadagi Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam masjidiga imomlik qilganini bildirsa, ikkinchisi “Imomlar quyoshi” mazmunini anglatadi. Shu taʼriflarning oʻziyoq alloma oʻz vaqtida qay darajada ulugʻlanganini koʻrsatib turibdi.

 

Manbalarga koʻra, Shamsiddin Halvoniy as-Saraxsiy, «Faxrul islom» Ali Pazdaviy, Abulyusur al-Pazdaviy, az-Zaranjiy singari mashhur olimlarning ustozidir. «Faxrul islom» Ali Pazdaviy mashhur fiqh olimi Najmiddin Umar an-Nasafiyga, u kishi esa islom fiqhshunosligi namoyandasi, «Hidoya» asari muallifi Mavlono Burhoniddin al-Margʻinoniyga ustozlik qilgan. Bu ham Halvoniy ilmiy salohiyati nechogʻlik yuqori boʻlganini tasdiqlaydi.

 

Ammo bu ulugʻ shaxsning qabri joylashgan hudud bugun nihoyatda xarob va qarovsiz holda ekani kishini taajjubga soladi, oʻylantiradi. Oʻz davrida oddiy paxsa va xom gʻishtdan mohirona tiklangan kulohi gumbazli majmua bugun asl qiyofasini yoʻqotgan. Yillar va tabiat hodisalari, kishilarning eʼtiborsizligi binoga oʻz taʼsirini oʻtkazgan. Qolganiga vahmak ham qarab turmagan: somonu yogʻoch bor yerni oʻyib ketavergan, qadimiy eshik va imoratning mayishib qolgani boisi shundan. Imorat devorlari yorilib, ancha joyi buzilib ham ketgan.

 

 

Vaholanki bu manzilda tarix mujassam. Gʻisht va sopol qoplamalar X-XII asrlarga taalluqli. Eng eʼtiborlisi, bu yerdagi maqbarada oʻzining tuzilish tarhi boʻyicha Qashqadaryodagi eng qadimiy qabr mavjud.

 

Majmua goʻyo bolasining beparvoligi va loqaydligi sabab choʻkib qolgan otani yodga soladi. Hazrat Navoiy, Beruniy kabi ajdodlarimizning Afgʻonistondagi xarob qabrlarini televizorda koʻrib, dilimiz qancha ezilgandi, gʻamga toʻlgandi? Ularku boshqa davlat, lekin oʻzimizdagilarchi? Ularning manzilgohlarini obod qilib qoʻyishga bizga nima yetishmayapti? Eʼtibormi? Hafsalami? Ragʻbatmi?

 

Ammo ayrim mutasaddilar unutgan boʻlsa ham, 2013-yil 1-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2013-2015-yillar davrida Qashqadaryo viloyatida turizm sohasini rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinib, unda Xoja Shamsiddin Halvoniy ziyoratgohini taʼmirlash uchun 100 ming AQSH dollari ajratilishi va taʼmirlash ishlari oʻsha yili noyabr oyidayoq tugallanishi koʻzda tutilgan edi. Mana oradan oz emas, koʻp emas, 10 yil vaqt oʻtdi. Biroq majmua tiklanmadi, qaror esa koʻplarning esidan chiqib, hujjatlik joyi ham qolmadi.

 

Toʻgʻri, bir muddat oldin maqbara binosi qad koʻtara boshladi, eski binolar loysuvoq qilindi, biroq keyin hammasi yana oʻz holicha qolib ketdi. Oxirgi natija bilan birov qiziqmadi. Holbuki Madaniyat va turizm vazirligi huzurida Madaniy meros departamenti otliq idora bunga masʼul etib biriktirilgan edi... Xullas, Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan ajratilishi kerak boʻlgan 100 ming dollar nima qilindi, qayerga sarflandi, bunisi bizga qorongʻi.

 

Lekin hali ham vaqt ketkazmay, ziyoratgohni tiklashga kirishish kerak. Boʻlmasa, yaqin-orada undan nom-nishon topolmay qolishimiz aniq. Loydan boʻlishiga qaramasdan bu imoratlar pishiq-puxta qurilgan ekan: bemalol undan nusxa olib, kirish peshtoqi, xoʻjalik xonalari va boshqa inshootlarni qayta tiklasa boʻladi. Qolaversa, bir qishloqdagi ikki tarixiy majmua mutaxassis va sayyohlar oqimini ham koʻpaytirishi, shubhasiz.

 

Holbuki islom olamida Imom Moʻiyn an-Nasafiyning xizmatlari qancha ulkan boʻlsa, Shamsiddin Halvoniyniki ham undan zinhor kam emas. Demakki, unga boʻlgan munosabatimiz ham shunga yarasha ulugʻvor boʻlishi kerak. Zimmamizdagi masʼuliyatni yanayam chuqurroq his etadigan boʻlsak, bu ziyoratgohni ham taʼmirlash va muhtasham manzilga aylantirish uchun yana Prezident tashabbus va tavsiyalarini kutib turish yarashmaydi. Qaytaga tashabbus oʻzimizdan chiqqudek boʻlsa, barchaga birdek manfaatli boʻladi.

Bekzod SAYFIYEV

1 Izoh

Abbos

06:01 / 01.01.1970

Assalomu alaykum, shu joyni Google Mapsga qushib quysangiz yaxshi bo’lar edi, Google Mapsdan topib borsa bo’lsa ancha qulayroq bo’lar edi. Rahmat!

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19946
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17588
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//