“Stalin parda ortida oʻtirib sudni kuzatib borgan”, degan mishmish ham tarqaladi. Fayzulla Xoʻjayev va Akmal Ikromovning boshiga yetgan Moskva protsessi


Saqlash
15:05 / 08.05.2023 1499 0

9-may – Xotira va qadrlash kuni

 

 

Bundan 85-yil muqaddam, 1938-yilning 2–13-mart kunlari Moskvada “Uchinchi Moskva protsessi” deb nom olgan ochiq sud boʻlib oʻtgan edi. Rasman “Oʻng troskiychi antisovet blok” deb nomlangan mazkur sud protsessi (“protsess” soʻzini shunday qoldirish maʼqul koʻrildi) Moskva mahkamalarining eng yirigi va soʻnggisi hisoblanadi.

 

Aybdorlar, gumondorlar va gumondorlik ehtimoli borlar

 

1937-38 yillarda sovetlar mamlakatida roʻy bergan ommaviy qatagʻonlar 1980-yillarning oxirlarida ham oʻz dahshat va fojialari, butun koʻlami bilan ochilmasdan qoldi deyish mumkin. Albatta, Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan keyin olimlarimizning qoʻli koʻpgina maxfiy hujjatlarga yetdi. Bosmachi, millatchi, jadid, boy, mushtumzoʻr yoki yot unsur tamgʻalari bilan ayblanib otilgan, surgun qilingan bir qator hamyurtlarimiz oqlandi. Ammo bu borada qilinadigan ishlar, xalqimiz bilishi lozim boʻlgan haqiqatlar bir talay. Zero, sovetlardan moliyu jonini ayamagan yurtdoshlarimiz Fayzulla Xoʻjayev va Akmal Ikromovlar nega zavol topdi? 20-yillardagi oʻzbek xalqining yetakchilariga qanday ayblovlar “yopishtirilib” otuvga hukm etilgani haqida angliyalik olim va adib Robert Konkvest oʻzining 2 jildlik “Katta terror” kitobida oʻziga xos yondashadi. Biz ushbu kitobga suyangan holda “Uchinchi Moskva protsessi”ning ayrim jihatlarini ochishga  harakat qildik.

 

20-yillar oxirlarida oʻngga ogʻishda ayblangan A.I.Rikov(SSSR hukumati rahbari), N.A.Buxarin va M.P.Tomskiy (VKP(b) siyosiy byurosi aʼzolari) keyingi yillarda Stalin siyosatiga qarshi xatti-haraktlari bilan otning qashqasiga aylangan va ularga turli aybnomalar qoʻyila boshlangan edi. Bir paytlar Lenin va Stalinning yaqin safdoshi boʻlgan, partiya va sovet idoralarida oliy postlarda oʻtirgan bu arboblar oʻzlariga qoʻyilgan ayblovlarni rad etib, bu ishni xolis oʻrganishni soʻrab Stalinga murojaat qilishadi. Tabiiyki, ularning iltimosi inobatga olinmaydi. Bu xoʻrlikka chiday olmagan Tomskiy 1936-yil 22-avgustda oʻzini nobud qiladi. Ertasi kuni “Pravda” gazetasida “VKP(b) MQ byurosi aʼzosi Tomskiy troskiychi-zinovyevchi aksilinqilobiy terrorchilar guruhiga aralashib qolib, oʻz joniga qasd qildi” degan xabar eʼlon qilinadi.

 

“Pravda”ning qirq yolgʻoni

 

1936-yil 10-sentyabrda matbuotda, aniqrogʻi, “Pravda” gazetasida sudga tortishga yetarli asos yoʻqligi bois, Buxarin va Rikovga nisbatan tergov toʻxtatilganini qisqa axborot shaklida oʻqiymiz. Ammo surishtiruv ishlari hali davom etardi. Ular deyarli uy qamogʻiga olinib, ustidan qattiq kuzatuv boshlandi. Ularning sobiq hammaslaklari bir zumda lagerlar va turmalardan Moskvaga yetkazib kelinardi. Tez orada ulardan baʼzilari SSSRda haqiqatan ham Buxarin va Rikov rahbarligida terrorchilik guruhi borligi toʻgʻrisida koʻrgazmalar berishni boshlashdi. Bu haqda Ichki ishlar (NKVD) xalq komissari Yejov Stalinga muntazam axborot berib bordi.

 

VKP(b) MQning 1937-yil fevral-mart plenumida kun tartibiga birinchi qilib Buxarin va Rikov masalasi qoʻyildi. Yejov ularga qoʻyilgan koʻpgina ayblovlarni tasdiqlovchi “koʻrgazmalar olinganini” maʼlum qildi. Stalin taklifiga koʻra, Buxarin va Rikov oʻsha kuniyoq partiyadan oʻchirilib, hibsga olindi. Mahbuslarni soʻroq qilish ogʻir jismoniy qiynoqlar bilan olib borildi. Xususan, Yejovning yon daftaridagi “Rikovni urish kerak” degan bitik ham buni tasdiqlaydi. Protsessni tayyorlashda eng muhim nuqta Buxarinning 1937-yil 2-iyunda oʻz qoʻli bilan yozgan koʻrgazmasi hisoblanadi: “Ushbu koʻrgazmalarimda men oʻnglar tashkilotining inqilobga qarshi kurashini tashkilotning paydo boʻlishidan  tortib, to shu kungacha boʻlgan faoliyati, gʻoyaviy-tashkiliy manbalarini toʻla-toʻkis ochib berishni istayman”.

 

Darhaqiqat, Buxarin taklif etilgan bu oʻyinga kirishishga majbur edi. Stalin Buxarinning feʼlini yaxshi bilar va protsessda oʻz rolini aʼlo darajada oʻynashiga ishonardi. Mabodo u ayblariga iqror boʻlmasa, “fitna”ning Stalin-Yejov sxemasi unchalik ishonarli chiqmasdi. Buxarin ham oʻz rolining nechogʻli muhimligini juda yaxshi anglardi. U 1937-yil dekabrda turmadan Stalinga shunday yozgan edi: “Katta va dadil bosh tozalash ushbu hollarda talab etiladi. a) harbiy safarbarlik munosabati bilan, b)demokratiyaga oʻtish munosabati bilan. Bu tozalash aybdorlarni, gumondorlarni va gumondorlik ehtimoli borlarni qamrab oladi”.

 

1938-yil fevralda prokuror A.Ye Vishinskiy Buxarin-Rikov va ularning sheriklari ishi yuzasidan boʻlib oʻtadigan ochiq sud protsessi toʻgʻrisida matbuotga beriladigan axborot loyihasini Stalinga taqdim etdi. “Dohiy” loyihaga qator qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritgan holda, aybnoma taʼrifi(formulirovka)ni quyidagicha bayon etdi: “Sovet ittifoqiga dushman boʻlgan chet davlatlar razvedkasi topshirigʻi boʻyicha chet el foydasiga josuslik, zararkunandalik, qoʻporuvchilik, SSSR harbiy kuchlarini sindirish, uni tarqatib yuborish, Ukraina, Belorussiya, Oʻrta Osiyo respublikalari, Gruziya, Armaniston, Ozarbayjon hamda Uzoq sharqdagi Primoryeni SSSR tarkibidan chiqarib yuborishni, pirovardida, mavjud sotsialistik tuzumni agʻdarib, mamlakatda burjuaziya hukumatini tiklashni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan ayblanuvchilar “Oʻng troskiychi blok nomli” fitnachi guruhni tuzdilar”.

 

Hamma aybini tan olyapti, sen ham aybingni tan olishing kerak

 

1938-yil 28-fevralda “Pravda” gazetasining 58-sonida mazkur aybnoma “Oʻng troskiychi blok” – qotillar, josuslar, sotqinlar” sarlavhasi bilan chop etiladi. Stalin tomonidan bichib-toʻqilgan ushbu aybnoma hech bir oʻzgarishsiz holda ish boʻyicha ayblov xulosasiga kiritildi. SSSR prokuraturasining 2-martda SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasida boshlanadigan ochiq sud oldidan eʼlon qilgan ushbu axborotining sarlavhasiyoq aybdorlarning shum qismatidan darak berardi. “Bu banditlar, josuslar va qoʻporuvchilarni bitta narsa birlashtiradi: ular sotsialistik jamiyat qurayotgan sovet xalqini, sotsializmni va partiyani ashaddiy yomon koʻradi. Kapitalning malaylari ozod va erkin sovet xalqini koʻrolmaydi, ular rus xalq haqida dangasa, ishyoqmas, degan bemaʼni tuhmatni tarqatdilar. Ular sud kursisiga eng tuban Vatan xoinlari, sotqin josuslar sifatida oʻtirgʻizildi, ularga yer yuzidagi halol insonlar orasida oʻrin yoʻq”, degan etni junjiktiruvchi epitetlar maqola fabulasini tashkil etardi.

 

Unga koʻra, N.N.Krestinskiy (RSFSR moliya vaziri), X.G.Rakovskiy (Ukraina hukumati rahbari) sobiq NKVD (Ichki ishlar vazirligi) rahbari G.G. Yagoda, 1925-27 yillarda Oʻzbekiston KP(b) MQ rahbari boʻlgan V.I.Ivanov, 1929-1937-yillarda Oʻzbekiston KP(b) MQ rahbari boʻlgan A. Ikromov, 1924-1937-yillarda Oʻzbekiston hukumati rahbari boʻlgan F. Xoʻjayev, SSSR yer ishlari vaziri M.A.Chernov, Belorussiya KP(b) MQ rahbari boʻlgan V.F.Sharangovich, NKVD  rahbari oʻrinbosari, Yejovning yaqin doʻsti P.P.Bulanov – (jami 21 kishi) oʻta ogʻir jinoyatlarda, xususan, sanoat, qishloq xoʻjaligi hamda transport sohasida zararkunandalik va qoʻporuvchilik ishlarini olib borishda, S.M.Kirov, V.V.Kuybishev, V.R.Menjinskiy va A.M.Gorkiylarni oʻldirishda ayblangan edi.

 

Protsessning borishini Kremlga, NKVD, Mudofaa va Ogʻir sanoat xalq komissarliklari binolariga toʻgʻridan-toʻgʻri eshittirish (radio orqali) tashkil etildi. Buning uchun mazkur obyektlar va Oktabr zali (sud borayotgan) orasiga kabel tortildi. Shunday mish-mish ham yuradiki, Stalinga Oktabr zalidan parda bilan toʻsilgan maxsus joy ajratilgan. U mana shu yerda oʻtirib sudning borishi hamda mahkumlarning holatini xufiyona kuzatib oʻtirgan.

 

Aytish kerakki, sud zalidagi asosiy odam (tomoshabin)lar fuqaro kiyimidagi NKVD xodimlari boʻlgan. Rejaga koʻra protsess 1938-yil 2-martda boshlandi. Birinchi kuniyoq sudlanuvchi Krestinskiy oʻz ayblarini tan olishni istamay, prokuror Vishinskiyni noqulay ahvolga soldi. Prokuror nima boʻlayotganini bilmasdan soʻroqni davom ettirishga urindi, ammo yon berishga toʻgʻri keldi. Krestinskiyning avvalgi koʻrgazmalarini “tiklash” uchun tezkor choralar koʻrish talab etildi. Ertasi kuniyoq Krestinskiy oʻz ayblarini hech bir moneliksiz tan oldi. NKVD xodimi Aronsonning aytishicha, bundan oldin aybdor bilan obdan “suhbat” oʻtkazilgan. Qolaversa, tergovchilar bilan yaqin aloqada boʻlgan Rakovskiy Krestinskiyga oʻz taʼsirini oʻtkazgan:

 

“Hamma aybini tan olyapti, sen ham aybingni tan olishing kerak. Aybini tan olmaganlar dushman sifatida otib tashlanadi. Aybini tan olib tavba qilganlarning hayoti saqlab qolinadi”, degan unga Rakovskiy.

 

Ish SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasida V.Ulrix raisligida, davlat qoralovchisi, SSSR prokurori Vishinskiy ishtirokida boʻlib oʻtdi. Mazkur protsessda uch kishidan (Rakovskiy, Pletnev va Bessonov) tashqari 18 kishi, jumladan, oʻzbek farzandlari – Fayzulla Xoʻjayev va Akmal Ikromov otishga hukm etildi.

 

Aygʻoqchilik va chaquvlar

 

“Barqaror jamiyat muhitida ulgʻaygan bizlar ulkan davlatning tepasida ashaddiy jinoyatchi hisoblangan inson turishi mumkinligini mutlaqo tasavvur eta olmaymiz, – deydi adib Robert Konkvest oʻzining “Katta terror” kitobida. – Doimiy qoʻrquv va NKVD xodimlarining kallayi sahardan eshiklarni taraqlatib tepib kelishini kutib yashash, mehnat lagerlaridagi tutqunlarning mashaqqat va uqubatga toʻla qismatlari – bu dahshatlarni gapirishga til ojizlik qiladi”.

 

R.Konkvestning eʼtiroficha, koʻplab chaquvlar qoʻrquvdan qilinardi. Ogʻizdan chiqqan ehtiyotsiz biror soʻzni eshitgan har qanday odam bu haqda tegishli idoraga xabar bermasa, oʻzi jazolanardi. “Ilgʻor jamiyatning ulugʻvor gʻoyalari” bilan ulgʻaygan ayrim kimsalar shaxsiy manfaatini oʻylab yoki oʻz jonini qutqarish uchun doʻstlarini, hamkasblarini sotar, xotinlar oʻz erlaridan tonar, kaltafahm oʻgʻil ota nomiga qora chaplar (Pavlik Morozovga oʻxshash sotqin farzandlar oʻsha davr mahsuli) edi.

 

Chaquvchilarning salmogʻi aql bovar qilmaydigan miqyoslarga koʻtarilib ketadi. Masalan, Ukrainada chop etiladigan gazetada xabar berilishicha, kiyevlik bir kimsa 69 kishi ustidan maʼlumot beribdi, boshqa biri esa 100 kishining “dushman”ligini fosh etibdi. Ayrim mantiqqa mutlaqo zid chaquvlar oʻta noqulay vaziyatlarga sabab boʻlar, anonim xatlar koʻzlangan nishonga darhol borib tegardi. Aytaylik, Silakov degan kimsa qizil armiya safidan qochib ketib, Tula shahrida qoʻlga olinibdi. Unga terroristik tashkilotning moddiy taʼminoti uchun pochta boʻlimiga bosqin uyushtirdi, degan aybnoma qoʻyiladi. Dezertir keyinchalik oʻz xohishi bilan sovet hukumatiga taslim boʻladi. Ammo NKVDga bu aybnoma kamlik qilardi. Aybdorni obdan qiynoqqa solib, kaltaklab, unga boshqa qoʻshimcha ayblovlar “yopishtiriladi”. Bunga koʻra, endi u pochta boʻlimiga yolgʻiz oʻzi yoki doʻstlari bilan emas, balki butun boshli harbiy boʻlinma bilan birga bosqin qilgan boʻladi.

 

Qarabsizki, endi Silakov emas, balki uning komandiri jinoyatning bosh tashkilotchisiga aylanadi. Guruh oʻz oldiga hukumat aʼzolariga terrorchilik xuruji uyushtirishni maqsad qilib qoʻygan. Harbiy boʻlinma aʼzolari, ularning ayollari hamda Silakovning ikkita singlisi, kasalmand keksa ota-onasi ham ushbu jinoiy ishga tortiladi. Hatto jiyani bilan bir martagina koʻrishgan (chor armiyasida unter-ofitser boʻlgan) amaki ham mazkur jinoiy ishga jalb etiladi. Yangi uydirma (versiya)ga koʻra amaki “oq podsho generali”ga aylanadi. Xullas, ish shunchalik puflab shishiriladiki, Kiyev turmasida ushbu fitnaga aloqador odam oʻtirmagan bironta ham kamera qolmadi.

 

Yejov va uning kiyevlik hamkasbi Uspenskiy qulaganidan keyin Silakov va mazkur ish yuzasidan barcha sudlanganlar qaytadan soʻroq qilindi. Aniqrogʻi, ularga oʻzlarining avvalgi koʻrgazmalarini rad etish imkoni berildi. Ayrimlar buni ham bir tuzoq bilib, rozi boʻlishmadi. Oʻlim jazosi xavf solayotgan bu odamlarga vaziyat tushuntirilib, yolgʻon koʻrgazmalar berishni toʻxtatishga ular majbur qilindi. Natijada faqat Silakovning oʻzi armiyadan qochgani (dezertirligi) uchun uch yilga qamaldi.

 

“Buxarchik, sen ikkimiz himolaymiz...”

 

Sudda Stalinning yaqin safdoshi, jamoatchilik orasida ham unga “Koba” (inqilobdan avvalgi yillarda Stalinning laqabi) deb murojaat qila oladigan shaxs, atoqli inqilobchi Nikolay Buxarinning barcha kirdikorlari ochib tashlandi. Unda ayblanuvchining 20 yil avval “Brest sulhi”ni barbod qilmoqchi, sovet tuzumini agʻdarmoqchi boʻlgani va inqilob dohiylari joniga qasd etishdek manfur niyatlari “ayovsiz fosh” etildi. Kechagina Stalin uni eʼzozlab, “Buxarchik sen ikkimiz Himolay, qolganlar esa shunchaki doʻnglik” degan emasmidi? Buxarinning NEP(yangi iqtisodiy siyosat)ni davom ettirish gʻoyasi, kollektivlashtirishga qarshi chiqishi Stalinning gʻashiga tekkan edimi? Umuman, yuzaki olganda, shunday deyish mumkin. Biroq bir odamning qahri yoki alami millionlab insonlarning yostigʻini quritishga, turmalarga tiqishga, mamlakatni butunlay izdan chiqarishga sabab boʻldi, desak qattol bir davrning yovuz basharasi toʻla ochilmay qoladi.

 

Buning oʻnlab, ehtimol yuzlab sabablari boʻlib, Rossiya 20 yillarning boshidayoq bunday terrorga roʻpara kelgandi. Zero, inqilob dohiysi Leninning oʻzi terrorni siyosatning muhim quroli deb bilardi. Ha, it egasini, mushuk bekasini tanimagan fuqarolar urushi yillaridayoq “sinfiy dushman”larni ommaviy qirgʻin qilish odatiy tusga kirgandi.

 

Qoʻyilgan ayblovlarning aksariyati sogʻlom aqlga sigʻmas edi. Koʻmir shaxtalarini portlatish, temir yoʻllarda halokatlarni tashkil etish va hokazo. Zelenskiy (Oʻzbekiston KP(b)MQ sobiq kotibi) rahbar boʻlgan tashkilot (“Sentrosoyuz”) ishchilari sovet kishilarining tomogʻi va oshqozonini kesib ketsin, deya shisha siniqlari va mixlarni  yogʻga aralashtirish bilan shugʻullangan, degan aybnomaga nima deyish mumkin? Mudhish jismoniy va maʼnaviy qiynoqlardan batamom singan, qolaversa, oilasi va yaqinlari kelajak taqdiridan qoʻrqqan mahkumlar oʻz “rol” larini mahorat bilan oʻynar, “yopishtirilgan” hamma ayblovlarni tan olardi.

 

Sud kursisiga keltirilgan tibbiyot professori, keksa olim D.Pletnevning quyidagi iqroriga nima deyish mumkin?

 

Vishinskiy: Hamkasbingiz Levin bilan birga Aleksey Maksimovich Gorkiyni oʻldirish borasida ishlab chiqqan rejangiz nimadan iborat edi?

 Pletnev: Organizmni holdan toydirish orqali oʻlimni tezlashtirish edi.

 Vishinskiy: Nima uchun?

 Pletnev: Gorkiyni oʻldirish uchun.

 Vishinskiy: Bu sizning rejangiz edimi?

 Pletnev: Ha.

 Vishinskiy: Bu rejani bajardingizmi?

 Pletnev: Ha...

 

Qatagʻon mashinasi shunchalar shafqatsiz ediki, NKVDning eng sadoqatli odamlari ham aslo ayab oʻtirilmasdi. Binobarin, sud kursisiga oʻtirgan, NKVDning eng qabihona kirdikorlarini amalga oshirish, hibsdagilarga munosabat tartibi toʻgʻrisidagi normativ hujjatlarni tayyorlashda qatnashgan, Zinovyev va Kamenevchilarning sud jarayonlari ssenariylarini ishlab chiqqan P.P.Bulanov taqdiri bunga misol boʻla oladi. U qamoqqa olinganlardan musodara qilingan buyumlarni NKVD rahbarlariga tarqatganlikda ayblangan edi.

 

Fayzulla Xoʻjayev – millatchi va troskiychi edi...mi?

 

R.Konkvestning “Katta terror” kitobida taʼkidlaganidek, Fayzulla Xoʻjayev harqalay oʻtmishda stalinizmning markazlashtiruvchi va milliylikni tan olmaydigan siyosatiga jiddiy qarshilik qilgan edi. Shu maʼnoda Stalinning F.Xoʻjayevda alami yoki qasdi bor edi, desak xato boʻlmaydi. Ammo Stalin siyosatining biror bir bandiga hech qachon qarshi boʻlmagan, unga hech qachon xiyonat qilmagan A.Ikromovga nima boʻldi? Xoʻsh, Oʻzbekistonning bu ikki rahbarini sud zaliga keltirgan asosiy sabab va omil nima edi?

 

Bu haqda soʻz yuritar ekanmiz, F.Xoʻjayev oʻzi yetakchi boʻlgan BXSR hukumati tarkibida “bosmachilar”ni qoʻllab-quvvatlayotgan kishilar borligini, ular aslida milliy-ozodlik kurashi olib borayotganini bilganini yoki 1921-yil 8-noyabrda boshqird millati vakili, Turkiston ozodlik harakatining yetakchilaridan biri Ahmad Zaki Validiy Toʻgʻon (1890-1970-y.) bilan oʻzaro muloqotda F.Xoʻjayev “Oripovni (A.Oripov) harbiy vazir lavozimidan boʻshatishni ruslar koʻpdan beri talab qilayotir, buni bilib qoʻy, bundan buyon sen bilan koʻrisha olmaymiz. Rahm yoʻq, munosabat shafqatsiz boʻladi. Shunday boʻlsa-da, Sultonov oʻz oʻrnida qoladi, u bilan aloqa yoʻli ochiq boʻladi”, degan gaplarini keltirishimiz mumkin boʻladi.

 

Keyinchalik F.Xoʻjayev Sitorayi Mohi Xossada Zaki Validiy bilan uchrashib, navbatdagi xatardan ogoh etib, u va sherigiga amir otxonasidan ikkita uchqur otni bergan edi. Zaki Validiy hamda sherigi bu otlarga minib, Afgʻonistonga omon-eson oʻtib ketadi. F.Xoʻjayev 1923-yil iyun oyida milliy respublikalar va viloyat rahbarlari ishtirokida Moskvada oʻtkazilgan RKP(b) MKning 4-maxfiy majlisida soʻzlayotgan paytda Stalin Validov qayerda, deya luqma tashlaydi.

 

F.Xoʻjayev: “Validov Oʻrta Osiyoning u yogʻidan bu yogʻiga yugurib yuribdi, goh Buxoroda, goh Toshkentda yoki Xorazmda. U bosmachilarning rahbarlaridan biri”, deya javob beradi. Holbuki, F.Xoʻjayev Validiyni 1923-yilning 10-martida xorijga chiqarib yuborgan edi.

 

F.Xoʻjayevning saʼy-harakatlaridan koʻrinadiki, u oʻz oldiga Buxoro Xalq Respublikasining tom maʼnoda mustaqil etish, milliy armiyani shakllantirish, qizil armiya qismlarini respublikadan chiqarib yuborish, vaqf mulklarini oʻzlariga qaytarish, hech qanday vositachilarsiz xorij bilan aloqa qilish, milliy urf-odat va anʼanalar asosida qonunchilikni joriy qilish kabi maqsadlarni qoʻygan edi.

 

F.Xoʻjayev Oʻzbekistonning mustaqilligini yoʻqotishida  oʻzini aybdor bilib, juda oʻkinganini bugun koʻpchilik hujjatlardan bilish mumkin. U oʻz hammaslaklari bilan boʻlgan muloqotlarda tashqi va ichki vaziyatdan foydalanib, Vatan ozodligi uchun harakat boshlashni taʼkidlardi. Oʻtmishda Buxoro respublikasida katta hukumat lavozimlarida ishlagan Muinjon Aminov va Atoxoʻja Poʻlatxoʻjayevlar F.Xoʻjayev ishi boʻyicha 1937-yilgi soʻroqlarda F.Xoʻjayev 1935-yili qizining tugʻilgan kunida Muxtor Saidjonov, Abdurauf Fitrat, Sattor Xoʻjayev, Rahmatulla Muzaffarov, Ibod Xoʻjayev (Fayzullaning ukasi), adib Komil Yashin va xonanda Halima Nosirova va boshqalar davrasida “Gullab-yashnayotgan Oʻzbekistonning ozodligi va mustaqilligini koʻradigan kunlarga yetishni Xudo nasib etsin”, deya qadah soʻzi aytganini keltirishadi.

 

F.Xoʻjayevning amakivachchasi Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev 1922-yil sentyabrda Afgʻoniston bilan harbiy bitim tuzish, Buxoro milliy armiyasini shakllantirish uchun inglizlardan Buxoro qoʻshiniga qurol-yarogʻ sotib olish uchun xorijga ketadi. Afsuski, bu maqsadlar amalga oshmagach, F.Xoʻjayevga “Vatanga qaytsam boʻladimi?” – degan mazmunda xat joʻnatadi. F.Xoʻjayev qarindoshi Usmonxoʻjaga yurtga qaytmaslikni maslahat beradi.

 

U 1922-yilning kuzida “Men Germaniyaga davolanish hamda talabalarning ahvolidan xabar olish uchun keldim” – deya yozgandi. Sovet hukumati oʻsha yildayoq Germaniyaga oʻqishga yuborilgan buxorolik yoshlarni Moskvaga qaytarishga uringan. Mamlakatdagi qaltis vaziyatni his etgan F. Xoʻjayev esa iqtidorli yoshlarning Vatanga qaytib , “sotqin”, “Vatan xoini” kabi asossiz tamgʻalar bilan qoralanib, badnom boʻlishini istamagan. Muinjon Aminovning 1938-yil 28-yanvarda boʻlib oʻtgan tergovdagi koʻrsatmasidan: “1922-yil Kuybishev (Valerian Kuybishev) men va Fayzulla Xoʻjayevdan ularning (talabalar) qaytarilishini, Moskvada oʻqitishni talab qildi. Xoʻjayev qatʼiy rad javobini berdi. Soʻngra Umar Faxriyev degan kishini xat bilan Germaniyaga joʻnatib, u yerda taʼlim olayotgan buxorolik talabalarga: “Sovet yeriga qaytmay turinglar, deb topshiriq berdi” degan fikrlari yuqoridagi soʻzimizni tasdiqlaydi.

 

Sudda qayta-qayta aytilganidek, Fayzulla Xoʻjayev va Akmal Ikromov turli aksilsovet guruhlarga rahbarlik qilgan boʻlsa-da, ammo sotsialistik tuzumga qarshi kurashda birga ish olib borganini tan oldilar. Buni esa Moskvada “Troskiychi oʻnglar markazi” ularga bosim koʻrsatgani bilan izohlashdi. Shaxsan A. Ikromov “Buxarinning siquvi ostida ikki milliy tashkilot (“Milliy ittihod” va “Milliy istiqlol” firqalari nazarda tutilmoqda)ning ishlarini  birlashtirishganini” boʻyniga oldi. Ancha yillardan buyon Ryespublika Vazirlar kengashi (Sovnarkom) raisi lavozimida ishlagan F. Xoʻjayev 1937-yil 27-iyunda egallab turgan lavozimidan ozod etilib, “konrrrevolyutsion va “millatchilik” pozitsiyasi keskin qoralanib, hibsga olingan edi.

 

“Pravda”ning yolgʻonchilik xurujlari

 

1937-yil sentyabrda markazdan Toshkentga A.A. Andreyev yuborildi. U Oʻzbekistonni qatagʻon terrori yetarli darajada qamrab olgan yoki olmaganini tekshirishi va markazga hisob berishi lozim edi. 8-sentyabrda “Pravda” gazetasida eʼlon qilingan “Burjua millatchilarining homiylari va hamtovoqlari” nomli maqola oʻsha paytdagi Oʻzbekiston KP(b) MQ ishlarini butunlay  qoniqarsiz deb topadi. Unda “Pravda Vostoka” gazetasi hamda Oʻzbekiston KP(b) MQda in qurgan fashist gumashtalari – millatchilar, troskiychi-buxarinchilarga qarshi kurashda yoʻl qoʻyilgan siyosiy xatoliklar ochib tashlandi.

 

Ayblovda Fayzulla Xoʻjayev, A.Tojiyev, Tursun Xoʻjayev va hatto Oʻz.VKP(b) byuro aʼzosi boʻlgan (A.Karimov, A.Islomov, Pexer, Manjara ham) “xalq dushmani” sifatida “fosh” etildi. “Oʻzkompartiya(b) MQ birinchi kotibi oʻrt. Ikromov va boshqa byuro aʼzolari hushyorlik koʻrsatmagani” uchun tanbeh oldi. Oradan ikki kun oʻtib, 10-sentabrda “Pravda” troskiychi MQ kotiblaridan biri (yaʼni Pexer)ni himoyalagani uchun Akmal Ikromovga tashlandi. 10,12-sentabr kunlari “Pravda Vostoka” gazetasi “burjua millatchiligiga” qarshi turmagani va F.Xoʻjayevni qoʻllab-quvvatlagani uchun Ikromovni savalashda davom etdi.

 

27-sentabrda “Pravda” gazetasida Ikromovning fosh etilgani, partiyadan oʻchirilgani va ishi tergov organlariga oshirilgani haqida axborot bosildi. Shunga qaramay, u hali qamalmagan edi. “Shaxsan Stalinning buyrugʻi boʻyicha” qamoqqa olingunga qadar tegishli guvohlarning unga qarshi koʻrgazmalari taqdim etilgan edi. Ikromov mazkur ayblovlarni butunlay rad etib, NKVD rahbari Yejov bilan toʻrt marta suhbatlashganini roʻkach qiladi. Bu uning qamoqqa olinmasdan avval Moskvaga kelganini bildiradi. Turmada Ikromov bilan unga tuhmat qilayotgan Buxarin yuzlashiriladi. Ikromov bir necha kunlar oʻtib, yaʼni tergovning 6 yoki 7 kunlarida koʻrgazma berishni boshlaydi.

 

Shu asnoda qatagʻon terrori butun Oʻrta Osiyoni olov misoli chirmab olgan edi. Qirgʻiziston hukumati rahbari ham 12-sentabrda, qamoqqa olindi. Beparvolikka yoʻl qoʻygani uchun Qirgʻiziston Kompartiyasiga ham jiddiy choralar koʻrildi. Tojikiston Kompartiyasining 2 nafar kotibi va boshqa xodimlar burjua millatchi josuslari sifatida “fosh” etildi.

 

Bir-biriga zid savol-javoblar

 

Soyuzlar uyi Oktyabr zalining sovuq qandillari yorugʻida F.Xoʻjayev 1920-yildan boshlab sovetlarga qarshi faoliyat olib borganini “tan oldi”. Uning iqroricha, A.Ikromov va F.Xoʻjayev oʻng troskiychilar bilan aloqada boʻlib, Oʻzbekistonni Sovet ittifoqidan ajratib Angliya protektoratiga aylantirish yuzasidan tegishli agentlardan yoʻriqnomalar olib turgan. Ikkala oʻzbek lideri ham muntazam ravishda sanoat va qishloq xoʻjaligida zararkunandalik hamda qoʻporuvchilik ishlari bilan shugʻullangan. Qishloq xoʻjalik siyosati ham respublikada oʻta yomon darajada olib borilgan. Moskvada norozilik uygʻotish uchun ataylab bunday siyosat olib borilgan.

 

Xoʻjayev: ...bu xalqda ulkan norozilikni keltirib chiqardi, chunki biz ishni shunday olib bordik. Barcha rejalar Moskvaniki, biz uni bajaruvchilarmiz. Norozimisiz? Unda Moskvaga shikoyat qiling. Biz shunday mana shu tarzda topshiriqlarni qoʻyardik.

Vishinskiy: Qoʻporuvchilik topshirigʻimi?

Xoʻjayev: Ha, qoʻporuvchilik topshirigʻini berardik va koʻp yillar davomida buni ongli ravishda amalga oshirib keldik. Oxir-oqibatda bu nimaga olib keldi? Qoramollar sonining kamayib ketishiga, ipakchilikning inqiroziga olib kelgan. Bu paxta hosildorligini kamayishiga sabab boʻlgan. Oʻzbekiston shu boisdan koʻp yillar mobaynida paxta tayyorlash rejasini bajarmay kelgan. Agar dehqonda 10 gektar yer boʻlsa , uning 8 yoki 9 gektariga paxta ekishi lozim edi. Oʻzingiz tushunasiz, paxtaga 9 gektar ajratilib qolgan barcha ekinga bir gektar yer ajratilsa, demak bu monokulturaga zoʻr berish hisoblanib, xoʻjalik shu bilan xarob boʻladi.

 

Xoʻjayev soʻzini davom ettirib, oʻz oldiga Oʻzbekistonni mustaqil iqtisodiyotini rivojlantirish vazifasini qoʻyganini (yuqorida keltirilgan koʻrgazmalarga  zid ravishda), birinchidan, Oʻzbekistonni ittifoqqa koʻproq bogʻlovchi paxtani  ekish hajmini kamaytirish, ikkinchidan, rus bugʻdoyiga qaramlikdan qutulish uchun lalmikor va sugʻoriladigan yerlarda gʻalla xoʻjaliklarini koʻpaytirishni rejalashtirganini taʼkidlaydi. Oʻzbekiston rahbari shunday qilib, sanoatni rivojlantirish, yoʻllar qurish va natijada ushbu besh yillikda Sovet Rossiyasidan, Sovet ittifoqidan mustaqil boʻlishni maqsad qilganini tan oladi.

 

Aytish kerakki, yuraklarni larzaga solgan mazkur protsess haqida matbuotda muntazam tashviqot olib borildi, xususan, ayblanuvchilarga laʼnatlar oʻqilgan xatlar matbuot sahifalarida eʼlon qilingan. Sud jarayonlarida atoqli adiblar A.N.Tolstoy, Ilya Erenburg va boshqalar ishtirok etdi. Buxarin ustidan boshlangan sud yuzasidan oʻta ahmoqona fikrlar aytilgan holatlar ham boʻldi. 1940-yil 5-martda hukumatga kiritilgan xatga koʻra, Belorussiya Xalq komissarlari kengashi qoshidagi qochoqlar bilan ishlash hukumat komissiyasi raisining oʻrinbosari Morozov: “Oʻnboshi Dekun bilan muloqotda Buxarinning sudi jarayonida SSSRda davlat toʻntarishi yuz berishiga 2 soat qolgani, ammo Buxarin qon toʻkilishini istamay, bu qaroridan qaytganini eshitdim”, deydi.

 

Krestinskiy, A.Ikromov, F.Xoʻjayev, V. Zelenskiy KPSS XXII syezdidan keyin, 1963-yilda oqlandi. Shifokor professor D.Pletnev 1985-yilda, uchinchi Moskva protsessining boshqa qurbonlari esa (Yagodadan tashqari) 1988-yilga kelib oqlandi.

 

Oqlov toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilgan SSSR Oliy sudi plenumi qayd etganidek, SSSR Oliy Sudi Harbiy kollegiyasi mazkur ish boʻyicha hukm chiqarishda qonunni buzib, mahkumlarning aybdorligi yuzasidan aniq dalil-isbotlarga suyanmagan. Jumladan , sud umumiy shaklda jinoiy faoliyatda oʻz aybini tan olib sudning dastlabki tergovida aybdorlar bergan koʻrgazmalarni yetarli  hisoblab, qoʻpol qonun buzilishiga  yoʻl qoʻygan. Mazkur ish boʻyicha ayblanuvchilarning koʻrgazmalari bir-biriga zid boʻlgani, faktik holatlarga mos boʻlmagani uchun hukmga asos boʻla olmaydi va natijada dastlabki surishtiruv va sud tekshiruvlari qonunchilikni qoʻpol buzilishi natijasi deb baholandi. Ish materiallarini oʻrganish davomida soʻroqlarga tuzilgan ayrim bayonnomalar, jumladan, aybdorlar yuzma-yuz qilingan holda tuzilgan bayonnomalar, qolaversa, ishni  koʻrish oldidan aybdorlarning oʻz aybiga “iqror” boʻlgani ushbu jinoiy ishlar soxtalashtirilgan degan xulosani chiqarishga  toʻla asos beradi.

 

Soʻzimiz intihosida R.Konkvest keltirgan mana bu raqamlarga eʼtiboringizni tortmoqchimiz. Muallif taʼkidicha, 1939-yil oxirlariga kelib, SSSR turmalari va konsentratsion lagerlariga tashlangan mahbuslar soni 9 mln. kishini tashkil etgan. Jumladan, 1mln. nafar mahbus qamoqda, 8 mln mahbus esa lagerlarda saqlangan. Holbuki, 1928-yilda mahbuslar soni 30 ming nafarni, 1933-35-yillarda esa 5 mln nafarni tashkil etgan.

 

Maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda NKVD uchligi tomonidan 1937-38 yillarda 41 ming odam sudga tortilgan. Ulardan 37 ming nafari qamoqqa tashlangan va 6920 nafari otuvga hukm qilingan.

 

Abdumajid AZIMOV,

Oyina.uz

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19967
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17622
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//