Markaziy osiyolik allomalarning Yevropa Renessansiga ta’siri beqiyos – Gʻarbning ikki olimidan haqqoniy e’tirof


Saqlash
16:05 / 18.05.2023 1917 0

Har bir xalq o‘z tarixiga o‘zi egalik qilishni istaydi, tabiiy. Eng muhimi, bu tarixni boshqalar ham bilishi va tan olishini xohlaydi. Hozir olis-yaqinimizdagi xalqlar o‘zining kamtarin o‘tmishidan “muhtasham tarix” to‘qiyotgan bir zamonda biz borini ham tadqiq va targ‘ib orqali dunyo ahliga yetkaza olyapmizmi? Yoki xorij olimlari tariximiz haqida nimalar yozmoqda? Ularning mulohazalari xolismi, haqqoniymi? Keling, gapni ko‘p cho‘zmasdan biri Angliyada tug‘ilib ijod etgan, ikkinchisi aqshlik olimlarning tariximiz tadqiqotiga bag‘ishlangan ayrim asarlaridan ba’zi lavhalarni ko‘zdan kechiraylik.

 

Buyuk britaniyalik mashhur tarixchi olim, faylasuf, sotsiolog va siyosatshunos Arnold Jozef Toynbining (1889–1975) o‘n ikki tomlik “Tarixni anglash” (“Tarix tadqiqoti” deb ham ataladi) kitobi jahonning o‘nlab tillariga tarjima qilingan. Muallif mazkur asarni 1927-yili yoza boshlagan va 1966-yili yakunlagan.

 

Toynbining tadqiqot usuli o‘ziga xos. O‘zi e’tirof etganidek, uning asarlari tarix sohasida boy bilim va salohiyatga ega o‘quvchilarga mo‘ljallangan va bu intellektual tarixdir. Olim insoniyat tarixini sivilizatsiyalar tarixi sifatida o‘rganadi va talqin qiladi. Muayyan bir davlat yoki xalq tarixini o‘sha mamlakat yoki millatning qaysi sivilizatsiyaga mansubligi nuqtayi nazaridan tadqiq etadi.

 

Olim Markaziy Osiyo, xususan, qadim davrlarda O‘zbekiston hududidagi davlatlar va xalqlarni Islom sivilizatsiyasining bir bo‘lagi sifatida talqin qilgan bo‘lsa-da, temuriylar, boburiylar imperiya va sulolalarini hamda Amir Temur, Bobur va uning farzand hamda nabiralarini alohida tilga olib o‘tadi. Ma’lumki, Bobur Mirzo Hindistonda asos solgan davlat ko‘pchilik Gʻarb olimlari tomonidan “Buyuk Mo‘g‘ullar imperiyasi” deb ataladi. Boshqa tarixchilardan farqli o‘laroq, Arnold Toynbi bu imperiyani ilk bor keltirganida “Temuriylar” degan iborani ishlatib, keyin esa qavsning ichida (yevropalik o‘quvchiga tushunarli bo‘lishi uchun) “Mo‘g‘ullar” so‘zini qo‘llaydi. To‘g‘ri, u ham ko‘pgina o‘rinlarda bu davlatni Buyuk Mo‘g‘ullar imperiyasi deb ataydi, ammo aynan imperiya haqida gap ketganda “Boburiylar”, “Temuriylar” deya aniqroq atamalarni qo‘llaydi. Bundan tashqari, fikrlar bayoni davomida “O‘zbeklar” atamasini ham ishlatadi. Boburiyzoda buyuk Akbar hayotidan qiziq bir voqeani hikoya ham qiladi: “Turli dinlar mohiyat-mazmunini birlashtirish ishtiyoqi Temuriylar avlodidan bo‘lgan Akbarni (1554–1605) Boburiylar imperiyasi hududida milliy birlikni saqlash maqsadida “to‘qib-chatilgan” – “ilohiy din”ni joriy qilish harakatiga olib keldi. Bu iste’dodli inson bir vaqtning o‘zida ham ulug‘ siyosiy-amaliyotchi arbob, ham hodisalarni tajriba bilan emas, balki aql-idrok bilan tasavvur etish mumkin deb o‘ylagan zohid bo‘lgan, chamamda. Har qalay u o‘ylab chiqargan din ildiz otmadi, muallif o‘limi bilan darhol barham topdi. Hindlar va musulmonlarning boshini qo‘shadigan yagona din yaratishdek Akbar jazm etgan, o‘ylamay qilingan ishni undan uch yuz yil oldin, ya’ni XIV asr boshida shirin xomxayolga berilgan Alovuddin Xiljiy ham qilmoqchi bo‘lganida uning maslahatchilaridan biri shunday maslahat bergan: “Din, shariat qonunlari va aqidalari hech qachon siz janobi oliylarining bahs-munozara yuritadigan sohangiz bo‘lmasligi kerak. Chunki bu ish podsholarning emas, payg‘ambarlarning ishi. Din va qonun ilohiy vahiyga borib taqaladi. U hech qachon inson reja va maqsadlari bilan belgilanmagan, o‘rnatilmagan. Odam Ato zamonidan buyon hokimiyat va boshqaruv podsholar vazifasi bo‘lganidek, din ham payg‘ambarlarning oliy burchi hisoblanadi. Dunyo hodis ekan, payg‘ambarlik burchi hech qachon podsholar zimmasiga tushmagan. Siz janobi oliylariga bu to‘g‘rida boshqa so‘z ochmaslikni maslahat beraman”.

 

Muallif, garchand Akbarning tashabbusi muvaffaqiyatsiz tugaganini aytayotgan bo‘lsa-da, Akbarning iste’dodli insonligini alohida ta’kidlab, unga ehtirom bilan yondoshayotgani yaqqol sezilib turadi. Birgina shu misolning o‘zi ham olim yondashuvida xolislik, haqqoniylik ustunligini ko‘rsatadi.

 

Tarixdan ma’lumki, texnologik jihatdan rivojlangan, ilm-fanda ilg‘orlab ketgan, iqtisodiy va harbiy qudrati yuksalgan davlatlar va xalqlar taraqqiyotdan ortda qolgan mamlakatlar va millatlarni bosib olgan, qaram qilgan. Arnold Toynbi insoniyat tarixida buning teskarisi bo‘lgan “noyob bir hodisa” bor deydi. Ya’ni davlatchilik, shaharsozlik, ilm-fan, madaniyat, harbiy salohiyat yuksak darajada taraqqiy etgan Xorazm davlatini turmush tarzi ko‘chmanchilikka asoslangan, markazlashgan davlatdan mahrum, madaniyat va ilm-fan borasida qoloq bo‘lgan mo‘g‘ullar tomonidan zabt etilishini “noyob hodisa” deb atar ekan, jumladan shunday deb yozadi: “...Imperiya bunyodkori bo‘lmish mo‘g‘ullar bosib olingan turkiy xalqlardan (muallif bu o‘rinda Xorazm o‘zbek davlatini nazarda tutmoqda) davlatchilik tartibotlari, taraqqiyot va madaniyat borasida nihoyatda ortda ediki, shu bois ular turkiy xalqlarga qisman bo‘lsa-da huquq borasidagi tartiblarini joriy qila olmadi. Bu universal davlat asoschilari o‘z huquq tizimini zabt etilgan xalqlarga singdira olmagan yagona misoldir...”

 

Shuningdek, Arnold Toynbi o‘z asarida Vatanimiz tarixi va geografiyasiga tegishli, masalan, “O‘zbeklar”, “Xorazm”, “Farg‘ona”, “Baqtriya”, “Kushonlar”, “Orol dengizi”, “Amudaryo”, “Sirdaryo” singari iboralarni qo‘llaydi. Muallif ellin madaniyati, ilm-fani durdonalarini va, ayniqsa, Aristotel asarlarini Gʻarb dunyosi arab olimlari asarlari va tarjimalari orqali tushunib yetishdi va bu jarayon Yevropada Uyg‘onish davrini boshlab berdi, deb yozadiki, tarixchi nazarda tutayotgan “arab olimlari” aslida bizning buyuk bobolarimiz – Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Xorazmiy singari allomalar ekanini bugun butun dunyo tan olmoqda.

 

AQShning Jons Hopkins universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti raisi, dunyoga mashhur siyosiy tahlilchi va sharqshunos olim Frederik Starr Yevropa Uyg‘onish davrining tamal toshini qo‘ygan buyuk vatandoshlarimiz xizmatini yanada aniqroq ifoda etgan: “...Abu Rayhon al-Beruniy yoki qisqacha – al-Beruniy (973–1048) Orol dengizi yaqinida yashab, geografiya, matematika, trigonometriya, qiyosiy dinshunoslik, astronomiya, fizika, geologiya, psixologiya, mineralogiya va farmakologiya sohalarida tanilgan. Uning zamondoshi Abu Ali ibn Sino yoki Ibn Sino (taxminan 980–1037) hozirgi O‘zbekiston hududida joylashgan buyuk ilm dargohi – ulug‘vor Buxoro shahridan bo‘lgan. U tibbiyot, falsafa, fizika, kimyo, astronomiya, dinshunoslik, klinik farmakologiya, fiziologiya, etika va hatto musiqashunoslikda nom taratgan. Abu Ali ibn Sinoning keyinchalik lotin tiliga tarjima qilingan “Tib qonunlari” asari Gʻarbda zamonaviy tibbiyotning tomir otishiga turtki bo‘lgan. Birgalikda bu ikki nodir aql sohiblari antik dunyo va Yevropa Uyg‘onish davri o‘rtasidagi eng buyuk ilm darg‘alari qatorida turadi. Bahs-munozaraga moyil bo‘lgan mazkur daholarni bugun ko‘pchilik arab millatiga mansub deb biladi. Buni tushunsa bo‘ladi, chunki bu ikki olim ham arab va fors tillarida ijod qilgan. Biroq ingliz tilida ijod qilgan yapon millatiga mansub inson ingliz bo‘lmagani singari, arab tilida yozgan markaziy osiyolik odam ham arab bo‘lolmaydi. Aslida, ular matematika, astronomiya, tibbiyot, geologiya, tilshunoslik, siyosatshunoslik, she’riyat, arxitektura, amaliy texnologiya kabi sohalarda hozirgi kunda biz Markaziy Osiyo deb atayotgan hududda yashab ijod etgan etnik jihatdan turkiy va forsiy daholardan tashkil topgan “yulduzlar turkumi”dandir. 800–1100-yillar orasida markaziy osiyolik bu olim, san’atshunos va mutafakkirlar pleyadasi mintaqani dunyoning intellektual markaziga aylantirdi”.

 

Ajdodlarimiz bo‘lgan markaziy osiyolik buyuk turkiy olimlarning o‘z davri taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida gapirar ekan, olim ularning ta’sir doirasi Sharqiy Osiyo va Hindistondan Yevropa va Yaqin Sharqqacha tarqalganini alohida ta’kidlaydi. Ming yil ilgari markaziy osiyoliklar erishgan intellektual yutuqlarni sanab chiqishning o‘zi mushkulligini e’tirof etib, matematikada birinchi bo‘lib irratsional sonlarni qabul qilganlar, kub tenglamalarning turli xil shakllarini aniqlaganlar, trigonometriyani kashf etganlar, o‘nlik sonlar tizimini va hind (Gʻarbda “arab” raqamlari sifatida tan olinadi) raqamlarini yanada takomillashtirganlar hamda boshqa o‘lkalarga tarqatganlar, deb yozadi. “Astronomiyada ular yaqin asrlargacha tengi yo‘q aniqlik bilan Yerning diametrini o‘lchaganlar hamda hayratlanarli darajadagi aniq astronomik jadvallarni tayyorlash uchun Uyg‘onish davridan ancha avvalroq bir necha yirik rasadxonalar qurganlar. Kimyoda esa reaksiyalarni qaytarishga, kristallizatsiyadan kimyoviy tozalashning bir vositasi sifatida foydalanganlar, go‘yo Dmitriy Mendeleyevning 1871-yilgi davriy jadvaliga poydevor yaratish maqsadida muayyan tortish kuchini o‘lchash va uni guruh elementlarida qo‘llash kabi yutuqlarga erishganlar. Ular xrestomatik tarzda qadimiy tibbiy bilimlarga o‘z hissalarini qo‘shdilar, farmakologiya asoslarini kengaytirdilar hamda barcha bilimlarni Gʻarb va Hindistonga uzatdilar. Texnologik yutuqlardan keyinchalik g‘arbiy yo‘nalishda Yaqin Sharqqa va Yevropaga hamda sharqiy yo‘nalishda Xitoygacha tarqalgan shamol tegirmonlarini va suvni ko‘tarish uchun gidravlik mashinasozlikni ta’kidlash mumkin. Lekin bu Bag‘dodda xalifalikda mujassamlashgan arab dunyosi ilm-fan va ta’limining oltin davri emasmi? Xuddi shunday. Oftalmologiyaning asoschisi ibn al-Hayzam (taxminan 965–1040) kabi yorqin arab olimlari o‘tgan. Biroq leypsiglik olim Xaynrix Shuter birinchilardan bo‘lib bir asr avval ko‘rsatganidek, o‘sha “arab” olimlarining ko‘pi (aksariyati bo‘lmasa agar) aslida Markaziy Osiyodan kelib chiqqan forsiy yoki turkiylardan bo‘lgan. Buni al-Beruniy kabi hozirgi O‘zbekiston sarhadlarida joylashgan Xorazm o‘lkasidan kelib chiqqan va shuning uchun “al-Xorazmiy” sharifini olgan matematik va astronom Muhammad ibn Musa al-Xorazmiy misolida ko‘rish mumkin. Allomaning qator kashfiyotlaridan biri bo‘lmish algoritmlarda uning – buzilgan shaklda bo‘lsa-da – ismi aks etgan bo‘lib, bizning “algebra” atamamiz esa uning matematikadagi keng e’tirof etilgan asari sarlavhasidan olingan. Shunga o‘xshash tarzda, Gʻarbda Alfarabius nomi bilan tanilgan va Aristotel etikasini innovatsion tahlil qilishda Tomas Akvinas (ruscha – Foma Akvinskiy)dan tashqari barcha Gʻarb mutafakkirlaridan ilg‘orilab ketgan Abu Nasr al-Forobiy (taxminan 872–961) ham arab emas, balki turkiy olim edi”.

 

Milliy ilm-fanda bu tarixiy haqiqatlar mavjud bo‘lishi mumkin. Ammo yuqorida zikr etilgan muxtasar va haqqoniy faktlarga Gʻarb dunyosi olimlarining e’tibor qaratishi hamda ularning xolis talqini jahon sahnasida o‘zbek xalqining buyuk tarixi munosib joy olishi uchun juda muhim. Chunki xalqning qadr-qimmati, tamadduniy darajasi va unga boshqa xalqlarning munosabati, ehtiromi insoniyat taraqqiyotiga nechog‘lik hissa qo‘shgani bilan belgilanishi ham bor gap.

 

Mavridi keldi, tariximizni ulug‘lash, huda-behuda buyuk allomalarimiz nomini dastaklashni yoqtirmayman. XX asr tarixchilari yunonlarning ayrim vakillari ulug‘ madaniyat yaratgan buyuk bobolari nomidan keragidan ortiq maqtanib, tarixni ulug‘lashda kimo‘zar musobaqaga kirishib, o‘zlarini noqulay ahvolga solib qo‘yayotganini ko‘rib: “Yunonlar Vizantiya imperiyasi allaqachon tugab ketganini hali-hanuz his qilmayapti”, deb kesatadilar. Biz ham kinoya obyektiga aylanmasligimiz uchun o‘tmish merosni o‘qib uqishimiz va buyuklarimiz tengsiz aql-zakovati yelkamizga ularga munosib bo‘lishdek mas’uliyat yuklayotganini anglashimiz lozim.

 

Jaloliddin SAFOYEV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19946
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17587
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//