Pargor, chizg‘ich, usturlob va armila bilan olamshumul kashfiyotlar qilgan Beruniyning hayot xaritasi


Saqlash
17:06 / 01.06.2023 1978 0

Bu yil insoniyat tafakkuri, dunyo ilm­faniga ulkan hissa qo‘shgan alloma Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy tavalludining 1050 yilligi nishonlanadi.

 

Beruniyni o‘rta maktabdanoq kitob-daftarlar muqovasidagi surati orqali tanigan bo‘lsam-da, uning ijodiga ilk bor oshno tutinmoq o‘tgan asrning 90-yillarida nasib etdi. O‘sha kezlar qo‘limga jahonshumul adib Xorxe Luis Borxesning “Guliston” jurnalida bosilgan “Marvlik hakim yoxud niqobli bo‘yoqchi” hikoyasi tushdi. Uni o‘qigach, adib keltirgan ma’lumotlardan mutaassir bo‘lib, Muqanna haqidagi tarixiy manbalarni izlashga kirishdim. U mahallar “Sharq yulduzi” jurnalining nasr bo‘limida kichik muharrir bo‘lib ishlardim. Tahririyatga kelib-ketib yuradigan tarixchi olimlarimizdan biri buyuk alloma Beruniy “Osor ul-boqiya” risolasida u haqda yozganini aytgach, o‘sha asarni izlab Alisher Navoiy kutubxonasiga bordim.

 

Beruniyning bitiklari meni nihoyatda lol qoldirdi, tasavvurlarimni ostin-­ustun qilib yubordi. Asarning o‘sha qismini ko‘chirib oldim, biroq qolgan bo‘limlari ham beixtiyor o‘ziga tortib ketaverdi. Sobiylar, harroniylar, qurshlar, mazdakiylar, moniylar, qarmatiylar, zardushtiylar va boshqalar haqidagi ma’lumotlarga ilk bor duch kelgan edim.

 

Tabiiyki, u davrda ulg‘aygan bir yigitchaning aqli Abu Rayhon Beruniy zakosining qamrovini tasavvur ham etolmasdi. Shunday bo‘lsa-da, qalbimda u muhtaram zotga nisbatan ixlos uyg‘ondi, allomaning merosi bir umrlik hamrohimga aylandi, vaqt-soati bilan boshqa asarlarini ham o‘qib chiqishga, hayotini o‘rganishga imkon tug‘ildi.

 

Alqissa, ismi Muhammad, otasining ismi Ahmad bo‘lmish u zot Xorazmning Qiyot shahri yaqinidagi qishloqlardan birida tug‘ilgan. Zamonaviy manbalarda u Kot yoki Kat deb ataladi.

 

Ilmdagi maqom

 

Beruniyning o‘smirlik, yoshlik va yetuklik davri haqida bir qancha qimmatli manbalar bor, biroq uning qanday inson bo‘lganini eng avvalo o‘z asarlaridan bilib olamiz. U kitoblarida ilmiy risolalarga xos bo‘lmagan ajoyib uslub qo‘llagan: ro‘y bergan voqealar tafsiloti, fikr-mulohazalarini ham bitib ketgan.

 

Beruniyning ta’kidlashicha, otasi u esini tanimasidan burun vafot etgan, onasi esa o‘tinchilik bilan kun kechirgan. Yoqut Hamaviyning “Irshod al-arib ila ma’rifat al-adib” asarida olimning o‘zi yozgan shunday mazmundagi she’r keltiriladi: “Ollohga qasamki, men o‘z sulolamni, o‘z bobomni bilmayman. Qanday qilib bilardim, agar otamni ham ko‘rmagan bo‘lsam? Men – Abu Lahab, tarbiya ko‘rmagan shayx va volidam – “xamma latol xatob...” ((Крачковский И. Избранные произведения. Том   4.   М.Л., Издательство АН СССР, 1957.  Стр. 245).  Qur’oni karimning “Masad” surasida   kelgan “xamma latol   xatob” iborasi “o‘tin orqalagan” degan   ma’noni bildiradi.

 

U o‘smir yoshida o‘z davrining buyuk olimi – “Batlimusi soniy” (Ikkinchi Ptolomey) deb nom olgan Mansur ibn Iroq nazariga tushadi. Taqdirning unga ilk sovg‘asi edi bu. Mansur ibn Iroq ofrig‘iy hukmdorlar sulolasidan bo‘lib, iqtidorli o‘smirning zakosi uni shunchalar maftun etadiki, keyingi yillarda yozgan bir qancha asarini Abu Rayhonga bag‘ishlaydi. Yoqut Hamaviyning naql qilishicha, Beruniy ham “So‘nggi Ma’mun nazar soldi holimga, / Boshim ko‘kka yetkazdi ul sultonim” deya ustoziga cheksiz hurmat izhor qilgan.

 

“Men bolalik chog‘imdanoq, – deb yozgan edi Beruniy, – yoshim va sharoitimga qarab, imkon qadar ko‘proq bilim olishga intildim. Buning dalili sifatida quyidagini keltirish kifoya: biz turadigan qasabaga bir yunon ko‘chib kelgan edi. Men har xil donlar, urug‘lar, mevalar va hokazolarni olib borib, unga ko‘rsatib va bu narsalar uning tilida qanday atalishini so‘rab, nomini yozib qo‘yar edim” (Abu Rayhon Beruniy. Tanlangan asarlar. 4-tom. “Farmakognoziya”. Toshkent, “Fan”, 1973. 139-bet). Shu tariqa, u yunoncha va suryoniychani o‘rganadi. Suryoniyni bilish – ibroniy va a’romiyni bilish demakdir. Demak, ul yunon Abu Rayhon uchun taqdirning ikkinchi sovg‘asi bo‘lib chiqadi.

 

O‘smir yoshida u Batlimusning “Al-Majistiy”, Arastuning “Mantiq”, “Moba’d at-tabiat” va “Al-xabotot”, Habash al-Hosibning jadvallarini yod oladi (Habash al-Hosibning asl ismi Abu Ja’far Ahmad ibn Abdulloh al-Marvoziy bo‘lib, matematikada parallakslar farazining yangi usulini kashf etgan, bu usul keyinchalik Kepler tenglamasi deb nomlangan). Bodg‘is tepaligiga chiqib Xorazmning Yer yuzida joylashgan o‘rnini aniqlaydi, globus yasab, o‘sha kezlar ma’lum bo‘lgan shahar va qishloqlarni belgilaydi.

 

 

“Turarjoylar orasidagi masofani tekshirish uchun joylarning oxirgi chegaralarini aniqlash kitobi”da bunday yozadi: “Men Batlimusning “Jug‘rofiya”sida bayon qilingan usulni al-Jayhoniy va boshqa olimlarning “Yo‘llar haqida kitob”idagi usullar bilan birlashtirishga ko‘p urindim, bu haqdagi tarqoq fikrlarni yig‘dim, noaniq nuqtalarni izohlab, bu sohani to‘ldirdim. Joy va shaharlar nomini, ular orasidagi masofalarni o‘sha yerlarni kezgan va ko‘rgan kishilar og‘zidan eshitganlariga asoslangan holda aniqladim. Yo‘lovchilar, sayyohlar, karvon egalari va yo‘lboshlovchilar bilan so‘zlashib, bilib olganlarimni taqqoslab, ularning qay biri ishonchli ekanini tekshirardim. Bu maqsadga yetish yo‘lida o‘zimni sira ayamadim. Natijalarni yodda saqlash bilan birga, yozib ham bordim. O‘yladimki, mamlakatda tinchlik hukm surib, xavf-xatar bo‘lmas deya. Lekin qo‘qqisdan falokat sodir bo‘lib, barcha xulosalarim va yozganlarimni nobud qildi...” (“Tanlangan asarlar”. 3-tom. “Geodeziya”. 1966. 91-bet).

 

Alloma “falokat” deb atagan hodisa – Amir Abulqosim Simjuriyning xorazmshoh Ali ibn Ma’munni mag‘lub etib, mamlakatni qo‘lga olishi bo‘lib, har kim o‘z jonini qutqarishga tushadi. Mansur ibn Iroq Jurjonga, Abu Rayhon esa Rayga yo‘l oladi. Bu falokat ham u uchun xayrli bo‘lib chiqadi. Ray o‘sha kezlar buvayhiylar sulolasi izmida edi. Yosh yigit u yerda birmuncha vaqt qiynalib yashaydi. “Osor ul-boqiya”da raylik bir kishi astronomiyaga doir masalada u bilan bahslashgani, ilmi sayoz bo‘lsa ham, o‘zini olimdan yuqori tutgani, hatto haqorat qilishgacha borganini yozadi: “Vaholanki, oramizda boylik va maqtovni yomonlikka, faxrni aybga aylantiruvchi kambag‘allik bor edi, xolos. Chunki men u vaqtda hamma tomondan qiyinchiliklarga uchrab, parishonhol edim” (“Tanlangan asarlar”. 1-jild. “Osor ul-boqiya”. 400-bet).

 

Rayda u yetuk olim Abu Mahmud Hamid al-Xo‘jandiy bilan tanishadi, u barpo qilgan tengsiz “Faxr ul-suls” usturlobini ko‘radi. Keyinchalik Mirzo Ulug‘bek Samarqandda qurdirgan rasadxona o‘sha usturlobning bir yarim baravar kattalashtirilgan nusxasi edi.

 

Mashaqqat kezlari yana saxovatli Mansur ibn Iroq yordam qo‘lini cho‘zadi: uni Jurjonga, Shamsulmaoliy huzuriga chorlaydi. Jurjon ziyoriylar davlatining poytaxti edi. Shamsulmaoliy laqabli Qobus ibn Vushmgir qattiqfe’l, shafqatsiz hukmdor bo‘lgan. U “...hech bir kishining gunohini afv qilmasdi. Uning bu fe’lidan qo‘shin zada bo‘lib, amakisining o‘g‘li Falakulmaoliyga qo‘shildi. U Shamsulmaoliyni hibs qildi va Xayonik qal’asiga jo‘natdi. Qorovullardan biri Abdulloh Jammazabon degan kishi edi. Shamsulmaoliy unga dedi: “Ey Abdulloh, shuncha ulug‘ligim bilan bu holga tushmog‘imning sababchisi kim bo‘ldi?” Abdulloh besh kishining otini aytib, “Shular sabab bo‘ldi va men ham ularning orasida edim. Lekin sen bu ishni o‘zingdan ko‘rgin”, dedi. Shamsulmaoliy so‘radi: “Nima uchun?” Abdulloh javob berdi: “Xalqning qonini ko‘p to‘kkaning uchun bu hol sening boshingga tushdi”. Shunda Shamsulmaoliy dedi: “Sen yolg‘on aytyapsan. Bu ish mening boshimga kishi o‘ldirganim uchun tushmadi, balki kishi o‘ldirmaganim uchun tushdi. Negaki, men seni va o‘sha besh kishini o‘ldirsam edi, bu holga giriftor bo‘lmas edim” (Kaykovus. “Qobusnoma”. Toshkent, “O‘qituvchi”, 1986). Biroq Olamlar Parvardigori bu qahri qattiq kishining ko‘nglini olimlarga homiylik uchun moyil qilib qo‘ydi. Xalifa at-Toiy lillah unga ayni shu fazilati uchun “Shamsulmaoliy”, ya’ni “Ma’nolar quyoshi” unvonini bergan edi.

 

Taqdir yana kulib boqadi: bilim va tadqiqot uchun to‘kis sharoitga ega bo‘lgan Beruniy, shoh buyrug‘iga ko‘ra, mashhur “Al-osor ul-boqiya an il-qurun il-xoliya” (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”) asarini yozib, uni Shamsulmaoliyga bag‘ishlaydi. Alloma “kelgusi avlodga mendan meros bo‘ladigan faxr libosini kiyishga, shu asarni yozishga meni jur’atlantirdi” deya hukmdorga ehtiromini izhor etadi.

 

“Osor ul-boqiya” – qadimgi Xorazm xalqlari, yahudiylar, nasroniylar, ma’jusiylar va musulmonlarning urf-odatlari, an’analari, bayramlari, taqvimlari, dinlari, payg‘ambarlari, muqaddas kitoblari, hukmdorlari haqidagi qimmatli ma’lumotlar jamlangan keng qamrovli qomus edi. 27 yashar yigitning zakosidan hayratda qolgan Shamsulmaoliy unga vazirlik rutbasini taklif qiladi. Beruniy o‘ta yuksak odob bilan shoh taklifini rad etib, Gurganjga bormoqqa ruxsat so‘raydi.

 

Bu vaqtga kelib mag‘lub xorazmshoh Ali ibn Ma’munning inisi Abul Abbos Ma’mun yana Xorazmni qo‘lga kiritgan edi. O‘z yurtiga qaytgan Beruniyni shoh izzat­ikrom bilan qarshilab, “Dor ul-hikma”ga rais etib tayinlaydi, shu bilan birga mamlakat bosh mirobligini topshiradi.

 

Bu – taqdirning Beruniyga navbatdagi hadyasi edi. Abu Rayhon Abul Abbos Ma’munni “o‘ta yuksak xulqli kishi, biron marta og‘zidan nojo‘ya so‘z chiqmagan edi” deb ta’riflaydi. Hatto hukmdor bir masalani so‘ragani uyiga kelganini yozadi.

 

Beruniy kamhosillik sababini miroblar o‘z ishini mas’uliyat bilan bajarmaganida deb biladi. Eski sug‘orish yo‘llari, ariqlarni izlab kezadi, Jayhun suvining miqdorini avvaldan bilish uchun shohdan yordamchilar so‘raydi (ular gulxan yoqish orqali daryodagi suv sathini bildirib turishlari kerak edi). Shu tariqa u tog‘larga yoqqan yog‘in va qor-muzning erish darajasiga qarab, Xorazmga yetib keladigan suv miqdorini aniqlashga urinadi.

 

Beruniyning Abu Ali ibn Sino bilan yozishmalari saqlanib qolgan bo‘lib, ikki yosh olimning falsafa, falakning joylashuvi va harakati, moddalar xususiyatlari haqidagi bahslari o‘ta qiziqarli va hozirgacha o‘z qiymatini yo‘qotmagan. Beruniy butun olam tortishish kuchini aynan navqironlik chog‘ida kashf qilgan, bugun “3D” deb ataladigan uch o‘lchamli fazo tushunchalari ham uning hisoblaridan o‘rin olgan edi.

 

Beruniy Gurganjda o‘n besh yildan ziyodroq qolib ketadi. Keyin esa olim hayotining G‘azni davri boshlanadi. Tarixning shu davri bir oz chalkashroq. Ba’zilar “Sulton Mahmud Xorazmga avvaldan ko‘z tikkan edi, shu sababli bosib oldi”, deydilar. Aslida voqea boshqacharoq bo‘lgan.

 

Gap shundaki, Mahmud G‘aznaviy Xuroson va Movarounnahrda “sulton” unvoniga sazovor bo‘lgan ilk hukmdor edi. O‘sha davr taomiliga ko‘ra, mamlakatlarni zabt etish uchun xalifaning ruxsati lozim edi. Xalifa al-Qodir billah sulton Mahmudga Movarounnahrni berishga ko‘nmagani haqiqatga yaqinroq. Buni sulton va xalifa yozishmalari tasdiqlaydi.

 

Movarounnahrni o‘z hukmi ostiga olish o‘yi sulton Mahmudda ko‘pdan buyon bor edi. Bu ishni amalga oshirish fursati kelgach, sulton Mahmud xalifa al-Qodir billahga shunday noma yuboradi: “Movarounnahrni menga bergin, yo‘qsa qilich bilan olurman va raiyat menga mute bo‘ladi. Agar sen Movarounnahr tasarrufining yorlig‘ini yuborsang, men u yorliqni xaloyiqqa ko‘rsaturman, toki raiyat sening farmoning bilan menga mute bo‘lsin”. Xalifa elchi orqali bunday javob yo‘llaydi: “Olamda menga Movarounnahr raiyatidan itoatliroq qavm yo‘qdir, hargiz bermasman. Ammo sen mendan farmon yetmay turib ularga qasd qilsang, butun olamni senga dushman qilgayman” (“Qobusnoma”, 130-bet).

 

Sulton Mahmud Xorazm hukmdori oilasi bilan qarindoshlik rishtalari ila bog‘langan bo‘lib, avvalgi xorazmshoh Ali ibn Ma’mun uning singlisiga uylangan edi. So‘ngroq taxtga kelgan Abul Abbos Ma’mun shahzoda otasiz qolmasin, deb og‘asining xotiniga uylanish uchun sulton Mahmuddan ruxsat so‘raydi. Ruxsat bo‘lgach, uni nikohiga oladi, shu tariqa, sulton Mahmudning jiyani uning o‘g‘liga aylanadi. Sulton Mahmud yoshining ulug‘ligi, o‘rtadagi ittifoq va qudachilik urfiga ko‘ra, Xorazmshohga maktub yuborib, barcha yirik shaharlarda nomiga xutba o‘qitishni talab qiladi. Xorazmshoh Ma’mun saroy kiborlari va obro‘li harbiy boshliqlar kengashini chaqirib, ularni noma mazmunidan xabardor etadi. A’yonlar Mahmud G‘aznaviy istagiga qat’iyan qarshi chiqadi. Abul Abbos Ma’mun ko‘ngilchan kishi edi. U sulton Mahmud elchisiga kengash fikrini tushuntirib, muhlat so‘raydi. Shu bilan birga, ayrim shaharlarda G‘aznaviy nomiga xutba o‘qishga buyruq beradi. Xorazmshohning bu qarori saroy kiborlariga xush kelmaydi. Ular “Qo‘shin puxta hozirlik ko‘rgan. Sulton Mahmud cherigiga bemalol qarshi tura olamiz. Xutba o‘qitish va pul zarb etish esa mag‘lubiyatdir. Mamlakat hur ekan, biz senga sadoqat bilan xizmat qilamiz. Mabodo sen tufayli erkimizni qo‘ldan bersak, qilichlarimizni yalang‘ochlaymiz va seni o‘ldirib, saltanatni boshqa kishiga topshiramiz” deya g‘ala-g‘ovur ko‘tarishadi. Bu so‘zlar sulton Mahmud qulog‘iga ham yetadi. Lekin oradan bir oz vaqt o‘tgach, xorazmliklar qo‘rquv va xavotirga tushib qolishadi. Ulardan biri – Xorazm qo‘shini lashkarboshisi Inoltegin edi. Xiyonatkor a’yonlar fitna yo‘lini tutib, xorazmshoh Ma’munni (ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Sulton Mahmudning singlisini ham) zaharlab o‘ldirishadi. Boshqalarga esa, “Ertalabki salom uchun saroyga kirganimizda, shoh vafot etganidan xabar topdik” deb aytishadi. Ma’mun o‘rniga uning o‘g‘li, sulton Mahmudning jiyani Abu Alini taxtga o‘tqazishadi (Abu Nasr Utbiyning “Tarixi Yaminiy” kitobidan).

 

Hukmdor oilasiga suiqasd qilinishi kechirib bo‘lmas hol edi. Sulton Mahmud G‘aznidan qo‘shin bilan Balxga, u yerdan Xorazmga yo‘l oladi. Xorazmni zabt etgach, barcha aybdorlarni tutib jazolaydi. Mamlakatga Amir Oltintoshni voliy tayinlab, yillik o‘lpon tayin etadi. Bir qancha kishilar, shuningdek, olimlar ustozi Abdussamad Avval al-Hakimni qarmatiy va kofirlikda ayblab, o‘limga buyuradi. Shubha sirtmog‘i bo‘yniga tushganlar orasida Abu Rayhon ham bor edi. Aytishlaricha, sulton uni ham qatlga buyurmoqchi bo‘ladi, lekin bir a’yon “Abu Rayhon deganlari yulduzshunoslikda o‘z zamonining peshvosi, podshohlarning undaylarga ehtiyoji zo‘r bo‘ladi” deya uni qutqarib qoladi. Hibsga olingan lashkarboshilar va ularning bola-chaqasi, usta hunarmandlar bilan birga “Dor ul-hikma” olimlari ham G‘azniga yo‘l oladi.

 

Taqdir Mahmud G‘aznaviydek qahri qattiq fotihni ham Abu Rayhonga moyil qilib qo‘yadi. Aynan shu hukmdor izni bilan olim yigitlik chog‘ida o‘zi turli asarlarida tadqiq etgan Hind diyoriga safar qiladi, mahalliy xalqning urf-odatlari, ta’limotlari va bilimlarini o‘rganib, “Hindlarning aqlga sig‘adigan va sig‘maydigan ta’limotlarini aniqlash kitobi”ni bitadi. “Hindiston” deb nom olgan ushbu risola bugungi kunda ham o‘ta qimmatli, tengsiz asar deb e’tirof etiladi.

 

U davrda Hind o‘lkasi “dor ul-kufr” yoki “dor ul-harb” deb atalar, hindlar botil e’tiqodda degan tushuncha sobit edi. Beruniy hindlar e’tiqod qiladigan dinlar mohiyatini ochib beradi, ularning ilm-fani yunon ilm-fanidan bahra olgani, biroq zamonlar o‘tishi bilan ortda qolib ketganini asoslaydi.

 

Olimning “Kitob al jamohir fi ma’rifat al-javohir” (“Qimmatbaho toshlarni aniqlash kitobi”) asari ham mufassalligi bilan kishini hayratga soladi. Muallif uch yuzdan ziyod qimmatbaho toshning qattiqligi, solishtirma og‘irligi, rangi, qirralari tuzilishi, tarkibi, suv va olovga chidamliligi kabi asosiy xususiyatlarini tushuntirib bergan. Kitob Qobus ibn Vushmgir saroyida yozib tugallangani aytiladi, biroq unda keltirilgan hayotiy voqealar asar yillar davomida to‘ldirilib borilganini ko‘rsatadi. Ushbu parchaga diqqat qarataylik: “Misol uchun, atirgulni oladigan bo‘lsak, avvalboshda toza oq atirgulni, so‘ng bir oz qizil tus aralashganini, qizillik orta borgani sayin ol yonoqlar rangiga kirganini, yanada qizargani sayin shaqoyiq va hatto qora tusga yaqinlashganini ko‘rasiz. Endi ularning nomlanishini sanab o‘tsak: rummoniy – anor urug‘i rangi, bahramoniy – za’faron gulli, urjuvoniy – moviy aralash qizil, usfuriy – qirmizi, banafsojiy – binafsha, jimriy – lang‘illagan ko‘mir cho‘g‘i rangi, shamiy – yonayotgan sham alangasi rangi, lahmiy – yangi so‘yilgan qo‘y yoki ohu eti rangi, vardiy – pushti, gulnoriy – anor guli rangi. Shuningdek, uyqash tuslar ham bor. Sariqning tuslariga kelsak, qobidiy – jigar rangida, tamiy   –   quritilgan xurmo, radbiy – shoxdagi xurmo, mishmish – o‘rik, utrujiy – po‘rtaxol, tibniy – somon, asaliy – bol rangi. Shaffof bo‘lmagan sariq toshlar uchun aqrabiy – chayon rangi, afsuriy – eshak tishining rangi, falfaliy – qalampir rangi. Yashil va moviy toshlar eng oz tuslanishga ega. Zulmoniy – to‘q yashil, rayhoniy – rayhon bargi tusi, silkiy – lavlagi bargi rangi, alas – suli unganidagi niholi rangi, zaytuniy – zaytun, rined – dafna yaprog‘i rangi.

 

Lekin eng qimmatlisi – turli ranglar uyg‘unlashgan la’ldir. Misol uchun, buqalamun tusli la’lda sariq, yashil va samo rangi tajassum etadi. Uni nurga tutib aylantirilsa, nur yoki soya tushishiga qarab turli ranglarda tovlanadi, mana shu xususiyati kishini mahliyo qiladi. Bir kishi menga qizil, yashil va sariq tuslar bir-biriga aralashib, o‘ziga xos yaxlit rang paydo qilgan ulkan yoqut haqida so‘zlab bergan edi...” (Абу Райхан Бируни. Избранные произведения. “Минералогия”. Ташкент, “Фан”, 1963. Стр. 297). 

 

G‘aznaviy va Beruniy munosabatlari haqida so‘z borar ekan, alloma kezi kelganda hukmdorga tanbeh ham berganini qayd etish joiz. Mana buning tasdig‘i: “(Sulton Mahmud) Mehrjon bayrami kunlari Xorazmdan qaytib kelgandan so‘ng munajjimlarning bashorati to‘g‘risida so‘z ketdi. Uning o‘n yildan ortiqroq umri qolgan deb emishlar. (Sulton Mahmud) Shu gapdan so‘ng bunday dedi: “Mening qo‘rg‘onlarim boyliklar bilan shunchalar liq to‘lib-toshganki, ularni kunma-kun taqsimlab chiqib, to‘liq sarf etmoqqa ehtiyotli kishi ham, isrofgar ham ojizdir”. Bir safar (shu sababli Mahmud menga doim tanbeh berar, koyir edi) jur’at qilib unga bu so‘zlarni aytdim: “Xudoga shukrlar qiling va undan tilangki, u boyliklaringiz manbaini, baxtli taqdir va yutuqlaringizni asrasin. Siz faqat uning marhamati bilan xazinalaringizni topgansiz. Agar omad ketib, bu taqdir o‘chgudek bo‘lsa, boyliklar betartib sarf bo‘lib, bir kunga ham yetmaydi. Maqtanchoqlikdan parhez qiling” (“Tanlangan asarlar”. 5-jild. “Mineralogiya”. Toshkent, “Fan”, 2017.  28-bet). Shoh bilan olim orasidagi munosabat, harholda, ayrim olimlar va adiblar talqinidagidek bo‘lmagani ko‘rinib turibdi. Beruniyning bu jur’ati sababi esa, uning hayotiy qoidalariga hamohang edi: “Podshohlar oldida rost so‘zni aytar ekansiz, ularning savlatidan hayiqmang, ular jismingizga hukmronlik qila oladilar, ammo qalbingizga daxl eta olmaslar” (“Tanlangan asarlar”. 2-jild. “Hindiston”. Toshkent, “Fan”, 1965. 26-bet).

 

Hayotiy maslak

 

Buyuk allomaning kishilik siymosini ilmdagi siymosidan ajratib tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shahrazuriy degan olim bunday yozgan: “Abu Rayhon o‘ziga eng kerak narsalar bilan kifoyalandi. Mol-u sarvatni nazariga ilmas, kundalik tashvishlarga vaqt sarflamay, tamomila bilim dengiziga sho‘ng‘igan, qachon qaramang, bukchayib yozib o‘tirganini ko‘rardingiz. U oliy bilimlar darvozalarini ochib, muammolarning yechimini topib, boshqalar tushunishi uchun oson qilib qo‘ydi. Uning qo‘li qalamdan sira uzilmadi, nigohi mudom chaqnab, qalbi tafakkur ila band bo‘ldi. Faqat ikki kun – Navro‘z va Mehrjon bayramida tirikchilik ishlariga e’tibor qilib, xizmatkori bilan libos va yegulik g‘amlashga chiqardi. Boshqa vaqt esa, bunday ikir-chikirlarni xayoliga ham keltirmasdi”.

 

Olimning o‘zi bitgan xotiralarga quloq tutamiz: “To‘rt yuz to‘qqizinchi yil, jumodul oxir oyining seshanbasida (mil. 1018-yil 21-oktabr) men Kobul yaqinidagi Jayfur qishlog‘ida edim. Fikr-u zikrimni bu joylarning jug‘rofiy kengligini o‘lchash istagi egallab olgan edi, biroq u kezlar shunchalar qiyinchilikda edimki, xudo rahmat qilgur Nuh ham, Lut ham buni ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Yuksaklikni o‘lchash uchun biron asbobim, uni yasash uchun vositam ham yo‘q edi. Shunda men hisob taxtasining orqa tomoniga har darajasi olti bo‘limga bo‘lingan va har biri o‘n daqiqani bildiruvchi o‘lchov yoyi chizib, uni osib, kenglikni osma toshlar yordamida o‘lchadim...” (Избранные произведения. Том 3. “Геодезия”. Ташкент, “Фан”, 1966. Стр. 144).

 

Umrini olam sirlarini ochmoqqa sarflagan, ilmning ibodatga teng ekanini qoida bilgan va bu qoidadan chekinmay yashab o‘tgan buyuk zotning nafaqat kashfiyotlari, balki hayoti ham dunyo ahliga o‘rnak bo‘la oladi. Faqih Abul Hasan Valvolijiy naql qilgan voqea ham g‘oyat ibratlidir. Jon berayotgan Beruniy Valvolijiydan “Sen menga “Al-jaddat al-fosida” haqida nima degan eding?” deb so‘raydi. “Shunday holatda-ya!” deb taajjub bildirgan suhbatdoshiga “Dunyodan o‘sha masalani bilmay ketganimdan ko‘ra, bilib ketganim yaxshiroq emasmi?” deb javob qiladi. Meros hisoblash usuli haqidagi u masala tushuntirib berilgach, xasta olim xotirjam tortadi va o‘zi ham va’da qilgan narsasini Abul Hasanga o‘rgatadi. Ko‘p o‘tmay yo‘lda ketayotgan Abul Hasan yig‘i tovushini eshitadi. Abu Rayhon jonini Haqqa topshirgan edi...

 

Salaflar va halaflar

 

Beruniy “Dor ul-hikma”da Abu Ali ibn Sino, Mansur ibn Iroq, Abu Sahl Masihiy, Abu Fath al-Xurmuziy, Abu Mansur as-Saolibiy, Abu Ali ibn Muhammad ibn Miskavayh, Abulxayr ibn Hammor, Abu Ali al-Hasan al-Hububiy kabi zamonaning yetuk kishilari bilan hamnafas bo‘lgan. G‘aznida bunday kishilar davrasi yanada kengaygan: sulton Mahmud saroyida Unsuriy, Firdavsiy, Manuchehriy, Farrux Seyistoniy, Abul Hasan Musofir kabi o‘nlab shoir va allomalar jamlangan edi. Har birining hayoti bir kitob bo‘lishga arziydi.

 

Shu o‘rinda Beruniyning yana bir ulug‘ zamondoshi Ibn Sinoning ajab taqdiriga e’tibor qaratsak. “Dor ul-hikma” olimlari G‘azniga yo‘l olar ekan, Abu Ali va Abu Sahl Masihiy u yoqqa bormay, cho‘l-biyobonlar orqali Jurjonga qochib ketishadi. Jurjon va Gurganj orasi ming chaqirimdan ziyod bo‘lib, yo‘l ikki cho‘l orqali o‘tadi. Ulovsiz, ozuqasiz safarga chiqish aqlga sig‘maydi. Ustiga-ustak, ikki olim katta qishloqlardan chetlanib-yashirinib yo‘l bosishga majbur edi. Naql qilishlaricha, Mahmud G‘aznaviy Ibn Sinoning qirqta suratini chizdirib, rabotlarning dorug‘alariga tarqatgan va uni qo‘lga olib, G‘azniga keltirishni buyurgan  ekan.

 

Xo‘sh, Ibn Sinoni biyobon osha qochmoqqa undagan sabab nima edi?

 

Gap shundaki, sulton Mahmud “Yer yuzida bironta ismoiliyni qoldirmayman” deya ularga qarshi urush ochadi. Ismoiliylar, boshqa manbalarga ko‘ra qarmatiylar yoxud tohiriylar kim edi? Bu savolga javoban Abu Rayhonning ta’rifini keltira qolamiz: “Biz bayon etgan hodisadan keyin qarmatiylar ishi kuchaydi va Abu Tohir Sulaymon ibn Abu Said al-Hasan ibn Bahrom al-Jannobiy qo‘zg‘olib, uch yuz o‘n sakkizinchi hijrat yili Makkaga bordi, tavof qilayotgan odamlarni o‘ldirdi va jasadlarni Zamzam qudug‘iga tashladi. U xonai Ka’baning pardasini tortib oldi, tillasini o‘g‘irlab, tarnovini ko‘chirdi, qoratoshni sindirdi. Keyin uni Kufa masjidiga osib qo‘ydi va o‘z shahriga qaytdi...” (Osor ul-boqiya”, 248-bet). Ba’zi kishilarga ko‘ra, Ibn Sinoning otasi va akasi ismoiliy mazhabida edi. Sulton Mahmudning ontidan xabardor bo‘lgan Abu Ali meni ham o‘ldiradi deb o‘ylab, Gurganjni tark etgani haqiqatga yaqin. Biroq Abu Sahl Masihiyning qochib ketish sababi noma’lum, agar u nasroniyligi tufayli shunday yo‘l tutdi deyilsa, “Dor ul-hikma”dagi yana bir hakim – Abul Xayr ibn Hammor ham g‘ayridin bo‘lib, sulton unga zug‘um qilmagani ma’lum. Hammor umri oxirida Beruniy tufayli islomga kiradi, buning uchun sulton Mahmud Beruniy qoshida ta’zim qilgani naql qilinadi.

 

Garchi Ibn Sino o‘zining bu toifaga mansub emasligini bildirib ruboiy (Zamin ahli aro tanho musulmon men edim, ey voh, / Agar kofir esam men ham, bu dunyoda musulmon yo‘q) bitgan esa-da, xavf va mashaqqatlarga to‘la cho‘llardan Jurjonga yayov jo‘nashini G‘aznaviyning onti bilan izohlasa bo‘ladi. Yo‘lda Masihiy halok bo‘ladi, Ibn Sino esa manzilga yetib boradi.

 

Beruniyning ismoiliya mazhabiga munosabati “Oq kiyimlilar va qarmatiylar haqida” risolasida batafsil bayon etilgan bo‘lsa kerak, afsuski, u bizgacha yetib kelmagan. Biroq “Payg‘ambarlik da’vo qilgan kishilar va ularning aldangan ummatlari – ularga olamlar Egasining la’nati bo‘lsin – tarixlari ustida so‘z” asaridagi qarmatiylar bobi uning e’tiqodini aniq namoyon qiladi.

 

Sayf ud-davlat, yamin ud-davlat, faxr ul-millat kabi unvonlarga noil ko‘rilgan Mahmud G‘aznaviy 1030-yilda vafot etgach, taxtga uning o‘g‘li – Beruniyning shogirdi Mas’ud G‘aznaviy o‘tiradi. U o‘z ustoziga ko‘p marhamatlar ko‘rsatadi.

 

* * *

 

...Uning ixtiyorida bor-yo‘g‘i pargor, chizg‘ich, usturlob va armila bor edi, xolos. Aksar olamshumul kashfiyotlarini u tafakkur, mushohada va tajribalar orqali amalga oshirdi.

 

Beruniy solishtirma og‘irliklarni o‘lchadi, Yerning tortish kuchini kashf etdi, kurrai arz Quyosh atrofida aylanishini taxmin qildi. Ibn Sino va Masihiy ta’sirida “Saydana” asarini yozdi. Matematika, handasa, fizika, tarix fanida o‘zigacha bo‘lgan ko‘plab olimlarning tadqiqotlarini taqqoslab, xatolarini tuzatdi. Suv bilan quruqlik muttasil o‘rin almashib turishi, cho‘llarda dengiz chig‘anoqlari uchrashining sabablarini izohladi. Mingdan ziyod yulduzning harakat yo‘lini belgiladi, o‘zga olamlar mavjudligi haqda yozdi. Jonning nima ekaniga to‘xtalib, uni “quvvai tabiiya”, bugunning ta’biri bilan aytganda, hayot kechirmoq uchun zarur bilimlarni o‘zida jamlagan dasturiy quvvat deb atadi. O‘simliklarni tirik mavjudot deb bildi. “Qimmatbaho toshlarni aniqlash kitobi”dagi ba’zi bo‘limlarni bugun bemalol “Gigiyena va estetika” degan nom bilan o‘qitsa bo‘ladi

 

 

Beruniy kashf qilgan “suv o‘g‘irlash asbobi” diqqatga sazovor, hozir u “sifon” deb ataladi. Moddalarning solishtirma og‘irligini o‘lchovchi asbob, qimmatbaho toshlarning vaznini aniqlash uchun nozik tarozi, tutash idishlar qoidasiga asoslangan uskuna, yuqori aniqlikdagi usturlob, armila... – bularning barchasini o‘zi yasadi.

 

Beruniyning mana bu bitigi juda qiziq: “Ra’oda, ya’ni “qaltirovchi” deb tanilgan bir baliq... to‘rda tirik turgan vaqtida uni ovlagan kishining qo‘li uvishadi, hatto shunday deydilarki, birov qamishni olib, uning bir uchini o‘sha baliq ustiga qo‘yib, boshqa uchini o‘zi ushlab tursa, qo‘li uvishib, qamish uning qo‘lidan tushib ketadi” (“Osorul-boqiya”, 405-bet). Gap Bahrul Ahmar, ya’ni Qizil dengizda uchraydigan elektr skat haqida bormoqda. Zamondoshlarimiz bu o‘rinda so‘z elektr hodisasi haqida borayotganini darhol tushunadi. Biroq Beruniyning bunga diqqat qaratishi olimning kuchli qiziqishidan darak beradi: agar o‘sha baliq yashaydigan diyorlarga borish nasib qilganida, elektr hosil bo‘lishi qonuniyatlarini o‘sha davrdayoq kashf etgan bo‘larmidi, deb o‘ylab qolasiz.

 

Ilm yo‘lidan bir lahza ham chalg‘imagan allomadan insoniyatga ulkan meros qoldi: astronomiya (70 ta), matematika (20 ta), adabiyot (18 ta), tarix va etnografiya (15 ta), falsafa va kartografiya (4 tadan), meteorologiya (3 ta), fizika va farmakologiya (1 tadan) kabi fanlar bo‘yicha ilmiy merosi hozir ham dunyo miqyosida tadqiq etilmoqda. “Dengizlar nazariyasi” asari jug‘rofiya rivojiga turtki bo‘ldi: u Ptolemey fikrini rad etib, Afrika janub tomondan okean bilan o‘ralganini aytdi; Markaziy Osiyo xalqlarining jug‘rofiy joylashuvi, Boltiqbo‘yi va Shimoliy muz okeaniga yaqin mamlakatlar va xalqlar haqida qimmatli ma’lumotlar to‘pladi; ilk bor Yer sharining tuzilmaviy xaritasini yaratdi, yigirma yillik umrini Hindiston mavzusiga bag‘ishladi. Ilk asarini yigirma ikki yoshida yozgan desak, olim u holda umri davomida har yili uchtadan asar yozgan bo‘lib chiqadi.

 

Hayotining so‘nggi yillari, biryo‘la bir nechta asar bo‘yicha izlanayotgan kezlar ona yurti Xorazmdan G‘azniga vazir al-Hasan keladi va qizi Rayhonaga atab kitob yozib berishini so‘raydi. Bu o‘sha – Abu Rayhon Xorazmda bosh miroblik vazifasini ado etishga jon-jahdi bilan kirishgan mahalda vazir bo‘lgan va unga bu borada ko‘mak bergan a’yon edi. Yurtiga muhabbati va al-Hasanga izzati tufayli Beruniy so‘ralgan kitobni yozishga kirishadi va tez orada tugallaydi. Dunyo olimlari tafakkuridan ancha ilgarilab ketgan daho olim o‘smirlar uchun kitob yozadi! Bu o‘rinda Beruniyning naqadar olijanob, orzumand kishi bo‘lganini ko‘ramiz.

 

Oltmish bir yoshga kirganida, kechasi shunday tush ko‘radi: qandaydir bir makonda yangi oy chiqishini kuzatayotgan emish. Uning chiqish joyini izlarmish-u, botish nuqtasi haqida ham o‘ylar, uni ko‘rolmasligidan afsuslanar ham emish. Shunda g‘oyibdan bir ovoz “Uni tinch qo‘y. Sen uning bir yuz yetmish marta o‘g‘lidirsan” debdi. Uyg‘ongach, darhol bu muddatni, ya’ni bir yuz yetmish oyni quyosh yiliga o‘giradi, hosila o‘n to‘rt yil-u ikki oy chiqadi... 

 

Mangulik safariga oz fursat qolgan edi. Safar esa ko‘p kuttirmadi...

 

E’tiqodda sobit

 

Shubhasiz, Beruniy e’tiqodi mustahkam muslim edi. Uning iqlimlar, shaharlar va qishloqlar o‘rtasidagi masofalarni o‘lchash, quyosh, oy va yulduzlar harakatiga doir hisoblari Yer yuzining istalgan nuqtasidan turib Ka’bani topishga qaratilgan edi. Rub’i maskunning deyarli barcha hududlaridan Hijozga borish yo‘llarini aniqladi, biroq o‘ziga Ka’ba ziyorati nasib etmadi.

 

Alloma “Tangri taolo mehribondir, shu sababli, har bir yaratiq o‘z yaralish shaklidan rozidir. Dunyo esa, odam bolasining xizmatkoridir. Qaysi xojani ko‘rdingki, xizmatkoriga xizmat qilsin?” degan aqidada sobit edi. Uni umr bo‘yi “Hakimlar tadqiq qilayotgan fan va bilimlarning musulmonlarga aslo keragi yo‘q” degan mahdud fikr ranjitib keldi.

 

“O‘z zamonamda odamlarga qarab ko‘rdimki, ular nodonlik siymosida bo‘lib, fazilat sohiblarini dushman deb biladilar. Har kimki bilim ziynati bilan yasangan bo‘lsa, unga ozor beradilar, u bechoraga sitamlar qiladilar.

 

Yulduzlar ilmini o‘rganuvchi olimlarning yulduzlar aylanishi va ular ta’siri to‘g‘risida aytgan gaplariga hamda jahon gardishining ishlarini yulduzlardan deb bilishlariga shohidman! Odamlar... ilm-fanga qiziqmaydilar, ilmga xizmat qilayotganlarni ham jinlari suymaydi. Hatto shunday kimsalar borki, ilm-fanni mutlaqo yomon ko‘radi, o‘z nodonligiga ilmni dushman deb biladi. O‘shalar fanning har turiga va bilim eshiklarini qoquvchilarga dinsizlik toshini otadilar. Ular yomon xulq egalari bo‘lib, yana o‘zlarini insofli-diyonatli sanaydilar... ular odamning boshqa jonivorlardan farqini bilmaydi; bu farq ilm va bilim sababidan, bundan boshqa narsa tufayli bo‘lishi mumkin emas, axir! Chunki ilm bekorchilikdan o‘rganadigan shunchaki yumush emas, zero, qaysi narsa undan ham foydaliroq, undan ham yaxshiroq bo‘lishi mumkin?! Din va dunyoda yaxshilik tomon to‘g‘ri yo‘l topish va yomonlikdan uzoq bo‘lish uchun ilmdan boshqa chora yo‘q. Agar ilmsizlar bir narsaga qo‘l ursalar, xato bo‘lishi yoki biror narsadan o‘zlaricha yomon deb, undan uzoqlashsalar, yaxshilik bo‘lib chiqishi tayin.

 

...O‘z foydasiga yuguradigan kimsalarning u dunyoda qiynalishiga gumonim yo‘q. Bu ranjni o‘ziga olganiga sabab – oddiy ibodat, ya’ni ma’rifatdan, haq bilan botilni ajratishdan qochganligidir. Ibodat – yaxshilik moyasi, jahon farovonligidir, zero haqiqiy odamlargina sidqidildan shunday ibodat qiladilar.

 

...Ma’rifatli kimsalar dunyo to‘g‘risida ko‘proq o‘ylaydilar, bu dunyo azaldan bor edimi yoki keyinchalik paydo bo‘ldimi, deya fikr qiladilar. Bu borada ixtilof qilmasa ham, tabiatning har xilligi, undagi oddiy narsalarning-da ajoyib ekani to‘g‘risida o‘ylaydi, shu yo‘l bilan jahonning tadbirini qilib turgan Zotni, uning sifatlarini taniydi. Gumroh bandalarga Ul Zotni tanitish yo‘lida payg‘ambarlar o‘tgan.

 

Haqiqiy payg‘ambarlar buyukdirlar, lekin yolg‘ondan payg‘ambarman deb da’vo qiladigan kishilar odamlarni gumrohlikka chorlaydi. Sen bunday kishilardan faqatgina soxta payg‘ambarman deganlarini yolg‘onchi deb o‘ylaysanmi? O‘zini bilimli qilib ko‘rsatadigan, kishilarni chalg‘itib, yolg‘on manzillarga yetaklaydigan qancha kishi bor dunyoda!” (“Geodeziya”, 87-bet).

 

Oliy martabali a’yonlardan biri unga “Shaharlar va iqlimlar orasini o‘lchash xazina mablag‘ini behuda sovurishdan boshqa narsa emas” deya malomat qiladi. Olim bunday javob beradi: “Safar qilishdan qolgan va shahardan begona, ko‘cha-ko‘ylarni bilmaydigan, bozorlarga chiqmaydigan kimsa bilan shahardagi obro‘li kimsa orasida tafovut juda kattadirki, u o‘z yo‘lini, kerak joyini topib yuradi. Boradigan yo‘lini biladigan musofir bilan, uni bilmaydigan kimsa orasidagi tafovut ham shunga o‘xshaydi. Yo‘l topishning foydasini bilmaydigan kimsalarga qarata hatto noma tashuvchi kabutarlarning ozgina bilimi sababli ham juda ko‘p foydalar yetishini aytgim keladi. Har bir insonning, balki har bir jonivorning ahamiyati ularning yaxshi ishlari bilan bo‘ladi. Hatto yo‘lini yo‘qotgan karvonni o‘sha yo‘ldan borib-kelib yurgan bir tuyaning donoligi qutqaradi. Demak, ba’zida tuyaning bilimidan inson najot topadi” (o‘sha asar, 89-bet).

 

* * *

 

Beruniy shaxsiyati yana bir hikmat – birgina kishi insoniyat ilmiy tafakkurini qanchalar o‘zgartira olishining yorqin isbotidir. Avlodlar uni ilohiy qobiliyat ato etilgan siymo deb biladi. Uning o‘zi esa inson dunyo chalkashliklariga chalg‘imay, qunt bilan izlansa, aql bovar qilmas kamolotga erisha olishi haqida yozadi.

 

Umri bo‘yi bitta to‘n, bir kosa suv va bitta nonga qanoat qilgan, Shamsulmaoliyning vazirlik, sulton Mas’udning bir fil ko‘tara oladigan boylik taklifini rad etgan, insoniyatga mamlakatlar xirojiga teng asarlar tuhfa etgan Abu Rayhon Beruniy, hayoti mobaynidagi ish va amallarini sarhisob qilar ekan, “Men bu dunyoda mukofotsiz, u dunyoda ajrsiz qolmasam kerak”, deb yozadi (o‘sha asar, 91-bet). Taqdir unga hadya etgan yana bir ajoyibot shu bo‘lib chiqdi: olam ahliga qilgan beminnat xizmatlari, yuksak xulqi, nurli shaxsiyati va oliy fazilatlari tufayli nomi shon-sharaf solnomalariga oltin harflar bilan bitildi, davrlar almashgani sayin yanada yorqinroq porlayverdi. Abadiyat diyorida esa unga o‘zi orzulagan ajr-u savoblar hamroh ekaniga umid qilamiz.

 

Isajon SULTON

 

Tafakkur” jurnali, 2023-yil 1-son.

“Beruniyning aql mash’ali” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19986
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17635
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//