Turon zaminidagi butparastlik, otashparastlik va islom dinining ilk to‘qnashuvi


Saqlash
17:06 / 02.06.2023 2085 0

Turon zaminida Turon tarixi Turk xoqonligidan o‘nlab asr avvalgi davrga borib taqalgani kabi o‘rta asrlarda Islomning qalqoniga aylangan turklarning ushbu dinga xizmati ham uni qabul qilishlaridan oldinroq boshlangan edi.

 

“Turon” atamasi uch ming yil avval zardushtiylarning “Avesto” kitobida tilga olingan. Boqiy obida yaratmoqqa bel bog‘lagan Abulqosim Firdavsiy o‘z “Shohnoma”sida Turon yurti xalqini “turklar” deb ataydi. Mahmud Koshg‘ariy qalamiga mansub “Devonu lug‘otit turk” qomusida Turon saltanati hukmdori Alp Er To‘nga “Shohnoma”dagi Afrosiyob bilan bir odam ekani qayd etilgan.

 

Keyingi davrda ham turk xoqonlaridan boburiy podshohlarga qadar bo‘lgan sulolalar, Sohibqiron Amir Temurdan Abulg‘oziy Bahodirxongacha bo‘lgan tojdorlar, Mahmud Koshg‘ariydan Mahmudxo‘ja Behbudiygacha bo‘lgan shoir-u olimlar o‘z tili va millatini turk deb atadi. Shunga ko‘ra ushbu maqolada barcha turkiy xalqlarning umumiy nomi sifatida “turk” istilohidan foydalanildi.

 

“So‘ylasin Afrosiyob-u...”

 

XX asr tarixchilari turklarning jahon sahnasiga chiqishini VI asrning o‘rtalarida tuzilgan Turk xoqonligi bilan bog‘lasa-da, qadimgi manbalar Turon tarixi bir necha ming yil avvaldan boshlanganiga shohidlik beradi.

 

Turklarning ajdodlari bo‘lgan saklar va hunnlar ham Turonning sohiblari edi. Vizantiyalik tarixchi Feofan “Xronografiya” asarida buni tasdiqlaydi: “Shu vaqt biz hunnlar deb ataydigan turklar alanlarning yeri orqali Yustinning huzuriga elchi yubordi” (Theophanes Bizantius. Fragmenta. HGM, Lipsias, 1870, v.I, p.446449). Turklarning ilk elchilik karvoni Vizantiyaga milodiy 558 yilda borgan edi.

 

568-yilda Vizantiyadan turk xoqoni huzuriga elchi bo‘lib kelgan Zemarx safariga bag‘ishlangan solnomada turklarning tili skif (sak) tili deb atalgan.

 

Hunnlarning avlodi va vorislaridan biri Hazar xoqonligi haqida Xitoy solnomasi “Tanshu”da “Bosi (fors) va Folinning (Vizantiya) shimoliy qo‘shnisi dulgaslarning (turk) avlodi kesalar (hazar)” degan qayd mavjud.

 

Vizantiya manbalarida esa turklarga bunday tavsif beriladi: “Turklar olovni hamma narsadan ustun qo‘yadilar, suv va havoni ulug‘laydilar, yerga madhiyalar kuylaydilar, osmon va yerning yagona yaratuvchisiga ibodat qilib, uni Tangri deb ataydilar. Unga ot, buqa va mayda hayvonlarni qurbonlik keltiradilar” (Feofanning “Xronografiya”sidan).

 

Taniqli rus turkologi Lev Gumilyovning e’tirofi-da diqqatga molik: “Istami va Qora Churin mohir sarkardagina bo‘lib qolmay, iste’dodli ishboshilar ham edi. Ular istilo etgan mamlakatlarda “modus vivendi” (muxolif tomonlarning tinch-totuv yashash haqida kelishuvi – A.Y.) vujudga keldi. Ularga qadar tarqoq holda yashab, bor kuchini o‘zaro urushlarga sarflagan qavmlar tinch hayot huzurini tatib ko‘rishdi, ko‘chmanchi chorva xo‘jaligini rivojlantirish imkoniga ega bo‘lishdi. Bularning barchasi kishilar ongida birlik, yaxlitlik tushunchasini hosil qildi. Mana shu yaxlitlik o‘sha choqdan “turk” deb atala boshladi” (Gumilyov L. Qadimgi turklar. Toshkent, “Fan”, 2007. 163-bet).

 

Turklarning shuhrat va omad qozongani sababi nimada degan savolga javob berar ekan, XII asr muarrixi Faxriddin Muborakshoh Marvarudiy aksar qavmlar kindik qoni to‘kilgan makonda obro‘ga ega bo‘lib, ajnabiy ellarda e’tibordan qolishi, turklarda esa buning aksi ekani, ular o‘z chodiri va mamlakatidan qancha olislashsa, qudrati va e’tibori shuncha oshishi,  amir-u sipohsolar bo‘lishi haqida yozadi. Marvarudiy o‘z fikrini Afrosiyobning gapi bilan quvvatlaydi: “Turk dengiz chig‘anog‘i ichidagi durga o‘xshaydi: dur o‘z makonida qiymatga ega bo‘lmaydi, ammo u chig‘anoqdan chiqar ekan, qiymat kasb etadi, shohlar toji-yu kelinlar qulog‘ini bezaydi”.

 

Jazira uzra balqigan hilol

 

Islom dini yoyilishi arafasida mintaqadagi vaziyatni tahlil etsak. Dovruqli sarkarda Istami Yabg‘u boshchiligidagi turklar milodiy 560-yilda sosoniylar bilan ittifoq bo‘lib, Oq hunnlar (Eftaliylar) saltanatini bo‘lib oladi. Shu tariqa Islom payg‘ambari Muhammad (s.a.v.) tavallud topgan 571-yilda O‘rta Osiyoni to‘liq egallab, Turonning qadimiy shaharlarini qo‘lga kiritadilar. Turklar g‘arbda shimoliy Kavkazni egallab, Vizantiya bilan ham qo‘shni bo‘ladi. Turklarning, ayniqsa, Buyuk ipak yo‘lining faol tujjorlari va diplomatlari bo‘lgan so‘g‘dlar bilan birlashuvi Turonning yangi iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga yo‘l ochadi. Savdo yo‘lidagi raqobat Eron va Turon o‘rtasidagi azaliy adovatni yangidan qo‘zg‘aydi. Turklar forslarga qarshi ittifoqdosh izlab, so‘g‘d elchisi Maniaxni Rumga yuboradi.

 

Hidoyat payg‘ambari Muhammad (s.a.v.) Arabiston yarimorolidagi elatdoshlarini muqaddas Islom g‘oyasi atrofida birlashtirgach, atrofdagi saltanatlar hukmdorlariga ham maktub yo‘llaydi. Maktubda Rasululloh (s.a.v.) ularni tavhid diniga da’vat etadi. Manbalarda Rum qaysari Heraql ilohiy da’vatga xayrixoh bo‘lsa-da, ruhoniylar e’tiroz bildirib, uni qaroridan qaytargani, Eron shohi esa payg‘ambar ismi o‘z ismidan oldin yozilgani vajidan kibrlanib maktubni yirtib tashlagani bayon etilgan.

 

Turklarga Rasululloh (s.a.v.) nomasi yetib kelmagan edi. Ammo ular arab mushriklari kabi o‘z qo‘li bilan yasagan toshlarga, forslar kabi olovga topinmas, Tangriga farzand va sheriklarni minba’d ravo ko‘rmas edi.

 

Milodiy VII asr boshlarida Yevropaning katta qismida, Osiyoning g‘arbidan markaziy mintaqalarigacha bo‘lgan hududlarda hamda   Afrikaning   shimolida Vizantiya (Rum) va  Sosoniylar (Fors)  davlati  hukmronlik qilardi.  Ikki saltanat o‘rtasidagi  chegaralar  tinimsiz muhorabalar natijasida  o‘zgarib  turardi.

 

Turonning janubi-g‘arbdagi qo‘shnisi forslar bilan shimoli-g‘arbdagi hamsoyasi va ashaddiy dushmani avarlar o‘zaro ittifoq edi. 628-yilgacha davom etgan fors-avar ittifoqi Vizantiya imperiyasiga kuchli tahdid solib turgan.

 

O‘z navbatida, Vizantiya ham forslarga qarshi qudratli ittifoqdosh izlayotgan edi. Shimoldagi antlar, alanlar kabi qabilaviy tuzilmalar mustahkam davlat shakliga ega bo‘lmagani sabab ular bilan kelishuvlar muntazamlik kasb etmas edi.

 

Yangi ilohiy dinni dunyoga yoyish orzusida yashayotgan, payg‘ambar mujdasidan bo‘lak quvonadigan hech narsasi: na hokimiyati, na tarafdori bo‘lgan musulmonlar hamda Iroq-Shom yo‘lidagi savdo karvonlarining muhim manzilgohi, butun arablarning muqaddas ma’badi sanaladigan Ka’baga egalik qiluvchi Quraysh mushriklari bu ikki saltanat raqobatining o‘rtasida edi. Musulmonlar va mushriklar urushlar natijasiga ta’sir etadigan darajada kuch-quvvatga ega bo‘lmasalar-da, o‘zaro bellashayotgan tomonlarga tarafdorlik qilishardi.

 

Milodiy 613-yil. Islom nubuvvatining beshinchi yili. Rum va Fors saltanati o‘rtasida yirik to‘qnashuv yuz beradi. O‘sha kezlar Forsga Xusrav, Rumga Heraql (Irakliy) podshohlik qilardi. Falastin, Suriya, Misr, Iroqning bir qismi va Kichik Osiyo Rumga tobe edi. Forslar Rumga ikki tomondan hujum qiladi: Dajla va Furot daryolari bo‘ylab Suriyaga, Ozarboyjon va Armaniston tarafdan Kichik Osiyoga bostirib kiradilar. Fors lashkari Rum qo‘shinini ikki jabhada ham yengib, dengizgacha ta’qib etib boradi. Suriyadagi nasorolarning barcha muqaddas shaharlari egallanadi. 614-yilda butun Falastin, jumladan, Quddus ham forslar nazoratiga o‘tadi. Urush davomida ibodatxonalar xarob etiladi, minglab yahudiy va nasorolar qilichdan o‘tkaziladi.

 

Jang suroni Misrga ham yetib boradi. 616-yilda forslar Nil vodiysini ishg‘ol etib, Iskandariyaga yurish qiladi. Boshqa tomondan esa, butun Kichik Osiyoni qo‘lga kiritib, Rum poytaxti Konstantinopol ostonasiga qadar yetib keladilar. Forslar qayerni bosib olsa, u yerda otashparastlik ibodatxonasi qurar, shu yo‘l bilan xristianlik o‘rniga o‘z dinini joriy qilar edi.

 

Alamli mag‘lubiyatdan so‘ng Rum saltanatiga qarashli bir qancha viloyatlarda markaziy hukumatga qarshi isyon ko‘tariladi. Afrika va Yevropadagi o‘lkalar, hatto poytaxtga yaqin ba’zi hududlar mustaqillik e’lon qiladi. Qisqasi, sharqiy Rim imperiyasi parchalanib, lashkar tarqalib ketadi. Imperator Heraql poytaxtni tark etib, Qartajga qochadi. G‘alabadan sarxush bo‘lgan forslar bir qancha shartlarni qo‘yadilar. Rum saltanati raqibning barcha talablarini so‘zsiz qabul qiladi va o‘zaro shartnoma imzolanadi.

 

Rumliklarning mag‘lubiyatidan xabar topgan Makka mushriklari quvonib, “Siz va rumliklar ahli kitobsiz, biz esa forslar kabi ahli kitob emasmiz. Bizning sheriklarimiz sizning sheriklaringizni yengdi, endi biz ham sizlarni yengamiz”, deydi musulmonlarga. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “Hadis va hayot” turkumining 21-juzida yozishicha, o‘shanda Olloh taolo “Rum” surasining avvalgi oyatlarini nozil qiladi: “1. Alif. Laam. Miym. 2. Rum mag‘lub bo‘ldi. 3. Yaqin yerda. Va ular mag‘lubiyatlaridan keyin tezda g‘olib bo‘lajaklar. 4. Sanoqli (biz’u) yillarda. Undan oldin ham, keyin ham barcha ish Ollohdandir. O‘sha kunda mo‘minlar shodlanurlar. 5. Ollohning nusratidan. U xohlaganiga nusrat berur. Va U aziz-u rohiymdur”.

 

Bunday qirg‘inbarotdan keyin Vizantiyaning ahvolidan boxabar bo‘lgan xom sut emgan banda “Rum g‘olib bo‘lajakdir” deyishga jur’at eta olmas edi. Buni faqat Qodiri yakto Olloh aytishi mumkin edi.

 

Voqealarning davomi ulug‘ mufassir va tarixchi Imom Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir Tabariyning Abdulloh ibn Abbosdan qilgan rivoyatida bayon etilgan. Ushbu oyat nozil bo‘lganidan keyin mushriklar “Ey Abu Bakr! Sening og‘ayning, Rum sanoqli yillarda Forsdan ustun bo‘ladi, demoqda-ya?!” deb so‘raydi. “To‘g‘ri aytadi”, deydi Abu Bakr. Mushriklar garov taklif etishadi. Yetti yil muddatga to‘rttadan tuyaga garov o‘ynaydilar. Yetti yil o‘tadi, ammo g‘alabadan darak yo‘q edi. Bundan mushriklar shodlanib, musulmonlar mahzun bo‘lishadi. Abu Bakr Muhammaddan (s.a.v.) maslahat so‘raydi.  U zot garovni ziyoda qilish va muddatni ikki yilga cho‘zishni tavsiya etadilar.  Ikki yil o‘tmay Rum Fors ustidan zafar qozongani xabari keladi.

 

Musulmonlarning bu hodisadan shodlanishi tabiiy edi. Ular Robbi va Rasulining so‘ziga shubha qilmay, mushriklar bilan bahsga kirgan va garov oriyat masalasiga ham aylangan edi. Mo‘minlar ilohiy bashoratning amalga oshishiga shubha qilmasdi, faqat bunga g‘ayridinlar ham ishonishi, shu voqea sababidan dinning yanada keng yoyilishini istardilar. Ammo boya ta’kidlaganimizdek, mo‘minlarda voqelikni o‘zgartirish tugul, unga aralashmoq uchun harbiy kuch yo‘q edi. Obrazli aytganda, ular mazkur urushlar seli oldida xasdek edi. Xo‘sh, unda ilohiy hukmni kim ijro qildi? Kalomullohning bashoratini kim ro‘yobga chiqardi?

 

Ilohiy mujdaning ijrochilari

 

Turk xoqonligi hududi sharqda Tinch okeaniga yondosh Sariq dengizdan g‘arbda Atlantika okeaniga tutash Qora dengizgacha, shimoliy Sibir kengliklaridan Hindistongacha yoyilgan edi. Saltanatning sharqiy qismini Ulug‘ qog‘on (xoqon), g‘arbiy qismini Yabg‘u qog‘on boshqarardi. Saltanat asoschisi Buminning ukasi Istami Yabg‘u g‘arbiy o‘lkalarning fotihi sifatida hukmronlik boshlagan edi. Istami va uning o‘g‘li Qora Churin hokimiyati davrida imperiyaning g‘arbiy sarhadlari kengaydi. Uzoq vaqt hukm surgan Qora Churin o‘z ulusidan tashqari Sharqiy xoqonlik boshqaruvida ham katta ta’sirga ega bo‘ldi.

 

Qora Churinning o‘limidan keyin ba’zi uquvsiz arboblar davrida saltanat kemasi bir oz chayqalgan bo‘lsa-da, uning nabirasi To‘ng Yabg‘u xoqon (618–630) hokimiyatga kelishi bilan ishlar o‘nglandi. To‘ng Yabg‘u davlat boshqaruvi va diplomatik munosabatlar bobida qobiliyatli edi. Yangi hukmdor Vizantiya va Sosoniylar o‘rtasidagi to‘qnashuvlardan foydalanib, Buyuk ipak yo‘li tijoratidan katta daromad olishni ko‘zlaydi.

 

U o‘z saltanati markazida – Choch (hozirgi Toshkent) vohasidan shimoldagi yashil yaylovda qarorgoh barpo etadi. Bu hudud shimoldagi ko‘chmanchilar, Xitoyda yangidan bo‘y ko‘rsatayotgan Tang imperiyasi, janubdagi forslar va g‘arbdagi Vizantiyani nazorat qilish uchun strategik jihatdan qulay edi. Hukmdor ipak va zarhalga burkangan qurvi chuvach (qubbali chodir) va oltin taxtda sharq-u g‘arbdan kelgan elchi-yalavochlarni qabul qilardi.

 

VII asrning ikkinchi choragida xitoylik budda rohibi Syuan Szan hozirgi Qirg‘izistonning To‘qmoq shahri yaqinida ov qilib yurgan To‘ng Yabg‘u xoqon bilan ko‘rishadi. U hukmdorni bunday tasvirlaydi: “Xonning egnida yashil atlas to‘n, u bo‘rksiz (bosh kiyimsiz) edi. Peshonasiga tang‘ilgan ensiz ipak tasma uzun, yelkasiga tushgan sochlarini to‘zg‘itmaslik vazifasini ham o‘taydi. Xonni parchadan chopon kiygan ikki yuz suvoriy o‘rab olgan edi. Ularning sochlari o‘rilgan. Boshqa jangchilar tuya va otlarga minib olgan bo‘lib, kiyimlari mo‘yna yoki gazlamadan tikilgan edi. Uzun, bayroqchali nayzalar, to‘g‘roli yoylar bilan qurollangan edilar. Jangchilar son-sanoqsiz bo‘lib, qo‘shinning oxiri ko‘rinmas edi” (“Qadimgi turklar”, 179-bet).

 

Turk xoqonligi raiyati masrur yashayotgan bir pallada Yaqin Sharqda vaziyat chigallashib borardi. Azaliy raqiblar (Vizantiya va Sosoniylar) savdo yo‘lidagi foydaning asosiy ulushiga ega bo‘lish, unumdor ekinzor va barakali yaylovlarni qo‘lga kiritish, o‘z dinini keng yoyish orqali hukmronligini yanada mustahkamlash kabi strategik maqsadlar yo‘lida muhorabani davom ettirar edi. Eronning qo‘li baland kelib, vizantiyaliklar xonumonidan ayriladi. Yaqin fursatda Rumning qo‘li baland kelishi haqidagi ilohiy bashoratdan na g‘oliblar, na mag‘lublarning xabari bor edi...

 

Voqealar tadrijini turklarning yordamiga muhtoj va mushtoq bo‘lgan vizantiyaliklar manbasidan o‘qish mantiqliroq bo‘ladi. Patriarx Nikifor “Muxtasar tarix” solnomasida yozishicha, 622-yili imperator Irakliy turk xoqoniga elchi yuborib, forslarga qarshi ittifoq tuzishga undaydi. Xoqon hadyalarni qabul qilib, harbiy yordam va’da etadi. Irakliy bundan xursand bo‘lib, uning huzuriga yo‘l oladi. Xoqon o‘z a’yonlari bilan imperatorga peshvoz chiqadi. Irakliy o‘ziga ko‘rsatilgan yuksak izzat-ikromdan mamnun bo‘lib, tojini yechib, xoqonning boshiga kiydiradi. Boz ustiga, ittifoqni mustahkamlash maqsadida qizi Yevdokiyani turk xoqoniga berishga ahd qiladi. Shu tariqa Irakliy turklar bilan birga Eronga hujum qilib, shaharlarni vayron, otashkadalarni yakson etadi (Nicephori archiepiskopi Constantinopolitani opuscula historica / Ed.C.de Boor. Lispae, 1880).

 

Dastlabki g‘alabaga qaramay, sosoniylar tamomila yengilmagan, Vizantiya xavfdan batamom forig‘ bo‘lmagan, xoqon ham ko‘zlagan maqsadiga to‘liq yetmagan edi. Rum solnomalariga ko‘ra, 625-yilda Vizantiya imperatori Irakliy Andrey degan aqlli va epchil mulozimini ko‘p boyliklar va’dasi bilan hazarlarga (Turk xoqonligining vassali) elchi qilib jo‘natadi. Keyingi yili Yabg‘u xoqonning harbiy ko‘magida Agvaniya va Atrpatakan egallanadi.

 

Bu g‘alabalar sosoniylarni sharqiy chegaralar bo‘ylab o‘rab olish imkonini beradi. Eron bilan ipak savdosidagi raqobat tufayli so‘g‘d tijoratchilari To‘ng Yabg‘u xoqonni Kaspiy g‘arbidagi hududlarni egallashga undaydi. Turk o‘rdusi Darbandning mustahkam va baland tosh devorlarini oshib o‘tib, Gurjiston va Armanistonni zabt etadi. Xoqon 627-yilda Tbilisi qal’asini egallab, qolgan shaharlarni zabt etish uchun o‘g‘li Bo‘rishadni qoldirib ketar ekan, “Agar hokimlar va akobirlar o‘g‘limni kutib olib, tobelikni bo‘yniga olsa, biz ham ularga tinch yashab, bizga xizmat qilishlariga izn beramiz”, deya bayonot beradi.

 

Alhol, turklar Vizantiyani muqarrar halokatdan qutqardi. Qo‘shnilar ko‘magida rumliklar mudofaadan jadal hujumga o‘tdi. 628-yilga kelib ular Ktesifon atrofidagi shohning qasriga ham o‘t qo‘yadilar. G‘alabadan umidini uzgan a’yonlar Xusravni taxtdan tushirib dorga osadilar.

 

Tarix – ulug‘ murabbiy, deydilar. Biz hikoya qilgan hodisalar buyuk olim va hukmdor Mirzo Ulug‘bekning London muzeyida saqlanayotgan yashil nefrit kosasiga bitilgan “Karami Haqqa nihoyat yo‘qdur” degan hikmatini yodga soladi. Ilohiy bashoratning turklar tomonidan ro‘yobga chiqarilishi ham na muslim, na tarsoning xayoliga kelgan edi.

 

Turklar bu omonsiz urushga yakkash moddiy manfaat vajidan kirgan deyish, bizningcha, tarix haqiqatiga to‘g‘ri kelmaydi. Muhorabalardan Buyuk ipak yo‘li tijoratida ustunlikka erishish ko‘zlangani rost. Ammo jang maydonida jon olib jon beradigan oddiy xalqni ruhlantirmoq uchun kuchli mafkura ham kerak edi. Xo‘sh, qanday mafkura edi u? Ikkinchi Turk xoqonligining atoqli shahzodasi va sarkardasi Kul Tegin sharafiga qo‘yilgan bitiktoshdan ushbu parcha savolimizga javob bo‘la oladi: “Yuqorida ko‘k osmon, pastda qo‘ng‘ir yer yaratilganida ikkisining orasida kishi o‘g‘li (insoniyat) yaratilgan. Inson bolalari ustidan (hukm yuritish uchun) ulug‘ otalarim Bumin xoqon va Istami xoqon taxtga o‘tirgan”. Demak, Turk xoqonligi asoschilari va ularning vorislari o‘zlarini yer va osmon o‘rtasidagi butun insoniyatning himoyachisi va hukmbardori deb bilgan, turli qavm-elatlarning osuda hayoti uchun o‘zini mas’ul sanagan. Turk erlari dini tahqirlangan, o‘lkasi xarob bo‘lgan, izzati va nomusi toptalgan odamlarni qutqarish maqsadida maydonga chiqqan.

 

Ketma-ket mag‘lubiyatlardan keyin Eronda boshboshdoqliklar davri boshlandi. Arkoni davlat shohlarning birini o‘ldirib, boshqasiga toj kiydirardi. Urushlardan tinkasi qurigan Vizantiya ham iqtisodiy tanazzul yoqasida edi. Har ikki saltanat o‘z hududlarini birin-ketin yangi din, yangi madaniyat va yangi tamaddun olib kelayotgan davlatga bo‘shatib berdi. Musulmonlar, Islom payg‘ambari bashorat qilganidek, Eron poytaxti Madoinni, Yaman va Shomni fath etdilar. Shiddat bilan kengayib borgan xalifalik davlati tez orada Fransiya chegaralaridan Xitoy sarhadlariga, Kavkaz tog‘laridan Hind vohalariga qadar yoyildi.

 

Turklarga kelsak, xoqonlik vorislari islom dinini qabul qilibgina qolmay, uning ishonchli himoyachisiga aylandi. Qoraxoniylar, g‘aznaviylar, saljuqiylar, mamluklar, temuriylar, usmoniylar singari sulolalar ulkan davlatlar barpo etdi. Keyingi asrlarda turklar Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Forobiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Al-Xorazmiy va Ibn Sino bilan islom aqidasi, hikmati, falsafasi, huquqi, riyozati va tabobatiga asos soldilar. Ahmad Al-Farg‘oniy – zamin, Abu Rayhon Beruniy – ummon, Mirzo Ulug‘bek esa samo sirlarini ochdi...

 

Anvar YUSUPOV

“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 1-son.

“Chig‘anoqdagi dur yoxud Turon va islomning ilk uchrashuvi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19970
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17622
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//