Oloy malikasi, Janub qirolichasi, millat onasi – Kurmanjon dodxohning hayot yoʻli


Saqlash
12:06 / 06.06.2023 3284 0

1876-yili Qoʻqon xonligi Chor Rossiyasi tomonidan bosib olinib, davlat sifatida tugatildi. Uning hududi imperiya tarkibiga kiritilib, Skobelev oʻlkasi tashkil etildi. Ammo ruslarga boʻysunishni istamagan Oloy togʻlarida yashovchi qirgʻizlar partizanlik urushini boshladi. Bunda ularga erkak kishi emas, balki ayol kishi rahbarlik qildi. Bu barchamizga maʼlum va mashhur, Oloy malikasi, Janub qirolichasi, millat onasi nomlari bilan tanilgan Kurmanjon (Qurbonjon) dodxoh edi. Uning hayot yoʻli barcha uchun ibratli voqealarga toʻla. Oyina.uz’ning bugungi maqolasida ushbu qahramon ayol haqida hikoya qilinadi.

 

Kurmanjon dodxoh 1811-yili Qoʻqon xonligiga qarashli Oʻsh shahri yaqinida Mungush qabilasidagi oddiy koʻchmanchi oilada tavallud topdi. Uning bolalik va oʻsmirlik yillari haqida maʼlumotlar juda kam, deyarli yoʻq desa ham boʻladi. 1832-yili Qoʻqon xonligi dodxohi Olimbekka turmushga chiqadi. Ularning nikohidan besh oʻgʻil: Abdullabek, Mamitbek, Asanbek, Botirbek va Qamchibek dunyoga keladi. Ularning bari kelgusida bosqinchilarga qarshi janglarda qatnashadi. Tarixchi V.P.Nalivkinning yozishicha, Olimbek Andijon viloyati hokimi boʻlgan. Bu vaqtda ruslar birin-ketin xonlik shaharlarini egallab kelayotgan edi. 1860-yili Mallaxon ularga qarshi lashkar yuboradi va Olimbek ham qirgʻizlarga bosh boʻlib jangga ketadi. Ammo qattiq qish sabab qoʻshin talafotga uchraydi. Keyingi yilgi yurishda esa Olimbek qatnashishdan bosh tortadi. Bunga javoban Mallaxon uni qoʻlga olishni buyuradi. Olimbek Gʻulchaga chekinishga muvaffaq boʻladi. Ammo uning mol-mulki tortib olinadi. 1862-yili saroydagi oʻyinlar oqibatida tuzoqqa tushirilib, oʻldiriladi. Kurmanjon esa beva boʻlib qoladi.

 

 

Bu vaqtda Buxoro amiri Sayyid Muzaffar Xudoyorxonga yordam berish uchun Qoʻqonga qoʻshin tortib keladi. Oʻsh shahrida Kurmanjon bilan tanishib, uning qirgʻizlar orasidagi nufuzini koʻrgach, dodxoh unvonini beradi. Olimbekning vorisi hisoblangan to‘ng‘ich oʻgʻli Jarqinboy o‘gay onasining foydasiga lavozimdan chekinadi. Shundan keyin qirgʻizlar boshqaruvi Kurmanjon qoʻliga oʻtadi. Jarqinboy esa 1864-yili Oʻshga hokim etib tayinlanadi. Ammo ruslarga qarshi janglardan birida vafot etadi. Shunday bir davrda Xudoyorxon Qoʻqon taxtiga oʻtiradi va Kurmanjon dodxoh uning huzuriga kelganda dodxoh lavozimini tasdiqlab beradi. To‘ng‘ich oʻgʻli Abdullabek esa Jarqinboy oʻrniga Oʻshga hokim boʻladi.

 

 

Zamondoshlarining fikricha, Kurmanjon dodxoh boshqaruvni oqillik bilan olib borgan va uning dovrugʻi Qoʻqon tashqarisiga ham yoyilgan. Buxoro, Qashqar amir va xonlari alohida ehtirom koʻrsatib, turli sovgʻa-salomlar yuborib turgan. Oloyga safar qilgan rus olimi Fedchenko barcha qirgʻizlar unga yuksak hurmat bildirishini, yuqori mulozamat bilan murojaat qilishini yozib qoldirgan. Dodxohning tashqi koʻrinishi haqida deyarli maʼlumotlar saqlanmagan. Rossiya armiyasi ofitseri Boris Tageyev uning Skobelev bilan suhbatida ishtirok etgan va shunday taʼriflagan: “Boʻyi uncha baland emas, yoshi katta boʻlishiga qaramasdan, goʻzal ayol, moʻyna bilan bezatilgan broker xalat kiyib olgan”.

 

 

Kurmanjon dodxohning Qoʻqon xonligidagi faoliyati 1976-yilgacha, yaʼni Qoʻqon xonligining Rossiya imperiyasi tomonidan anneksiya qilinishi va xonlikning tugatilishigacha davom etdi. Biroq qirgʻizlar boʻysunishdan bosh tortdi va togʻlarga chekinib qarshilik koʻrsatish harakatini boshladi. Ularga Kurmanjon dodxoh va oʻgʻillari yetakchilik qildi. 1,5 ming qirgʻiz yigitlari dodxoh oʻgʻillari boshchiligida Oloy togʻlaridagi qishloqlarga joylashdi. 1876-yil 25-aprel kuni ikki tomon oʻrtasida ilk jiddiy toʻqnashuv yuz berdi. Bir kun davom etgan jangda ruslar qirgʻizlarni oʻz pozitsiyalaridan chiqarib yuborishga va katta yoʻqotishlarga uchratishga erishdi.

 

Bir necha bor Afgʻonistonga qochishga urinib koʻrgan Kurmanjon dodxoh ruslar qoʻliga asir tushib qoladi. Ammo uning qirgʻizlar oʻrasidagi mavqeyi balandligi bois oddiy asirlardan boshqacha munosabat koʻrsatildi. Knyaz Vitgenshteyn alohida ehtirom bilan Margʻilonda joylashgan shtabga olib bordi. Uni Fargʻona harbiy gubernatori Mixail Skobelev qabul qildi. Dodxohning sharafiga dasturxon yozildi sarpo kiydirildi. Shu bilan qirgʻizlarning ruslarga qarshi mustaqillik uchun kurashi nihoyasiga yetdi. Kurmanjon ruslarga qarshilik koʻrsatish befoydaligini anglab yetdi va Skobelevning soʻroviga muvofiq qarshilik harakati aʼzolariga va oʻgʻillariga taslim boʻlish haqidagi maktub yozdi. Faqatgina katta oʻgʻli Abdullabek ruslarga xizmat qilishdan bosh tortdi va Afgʻoniston orqali Makkaga yoʻl oldi. Afsuski, Abdullabek yoʻlda vafot etdi, jasadi Oloyga qaytarib olib kelinib, ajdodlari yonida dafn etildi. Kurmanjon dodxoh rus rasmiylari orasida ham hurmatga loyiq ko‘rilgan. Hatto ayrim rus amaldorlari undan maslahat soʻragani aytiladi.

 

Sokin davom etayotgan yillar ortidan Kurmanjon oilasiga sinov tushadi. 1893-yili oʻgʻillaridan biri Qamchibekning uyiga rus bojxonachilari tintuv oʻtkazishga keladi. Sababi, ruslarga yetkazilgan maʼlumotga koʻra, u Afgʻonistondan Qashgʻar orqali yuborilgan qandaydir yuk qabul qilib olgan. Ammo bu paytda Qamchibek uyida yoʻq edi va bojxonachi uning ayolini tahqirlaydi. Bunga chidolmagan Qamchibekning navkari Oqbolbon bojxona xodimi va ikki qoʻriqchisini oʻldiradi. Oxir-oqibatda Qamchibek va akasi Mamitbek, shuningdek, Oqbolbon bilan birga umumiy 21 kishi hibsga olinadi. Ularga kontrabanda ayblovi qoʻyiladi.

 

 

Kurmanjon dodxoh darhol Margʻilon shahriga yoʻl oladi va general-gubernatordan oʻgʻillari va nevaralarini kechirishini soʻraydi. Ammo faqatgina oʻgʻli Mamitbek, jiyani Arslonbek, nevarasi Mirzopayasni oʻlimdan qutqarib qoladi. Ularga chiqarilgan jazo Irkutsk guberniyasiga surgun bilan almashtiriladi. Dodxohning sevimli farzandi Qamchibek esa 1895-yil 3-mart kuni Oʻsh shahri markazidagi maydonda dorga osildi. Kurmanjon jarayonni oʻz koʻzlari bilan kuzatib turgan edi. Rivoyat qilishlaricha, birinchi urinishda arqon uzilib ketadi. Dodxoh qatlni toʻxtatishni soʻraydi. Ammo unga quloq solishmaydi. Kurmanjon oʻgʻliga qarata shunday deydi: “Oʻlimga tik qara!”

 

Oʻgʻlining vafoti Kurmanjonga qattiq taʼsir etadi. Uzoq yildan buyon xizmat qilib kelgan tuzum jonday jigarlarining boshini yegan edi. U barcha jamoat ishlarini yigʻishtirib, Oʻsh yaqinidagi bir qishloqqa borib joylashadi. Bu yerda 1907-yilgacha yashaydi va 97 yoshida olamdan koʻz yumadi. Suyukli oʻgʻli Qamchibek yoniga dafn etiladi. Uning ibratli hayoti haqida bir qancha kitoblar yaratilgan, Qirgʻizistonda jamoat joylariga uning nomi berilgan va badiiy film ham suratga olingan. Kurmanjon dodxohning ibratli, jasoratli va sinovli hayot yoʻli bugungi kun kishilari uchun oʻrnak boʻlishi shubhasiz.

 

 

Jahongir OSTONOV.

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19946
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17587
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//