Aliyevni asrab qolgan ozarlar, rus rahbarga ko'nmagan qozoqlar va Sharof Rashidovni himoya qilolmagan o'zbek xalqi


Saqlash
12:06 / 07.06.2023 2134 0

“Tarix – bu hamisha o‘tmishga qaratilgan siyosatdir”, deydi tarixga doir ko‘plab kitoblar muallifi, yozuvchi va dramaturg Edvard Radzinskiy. O‘tmish voqealari muqim va o‘zgarmas bo‘lsa-da, har bir avlodning unga munosabati o‘zgarib turishi ham bor gap.

 

O‘zbekistonning 1917–1991-yillar oralig‘ida kechgan sobiq sovet zamonidagi tarixi hamon eng og‘riqli va xolis tahlilga muhtoj davr bo‘lib qolmoqda. Nazarimda (buni tarixni sevuvchi bir o‘quvchining fikri deb qabul qiling), bu davr tarixi hamon bir yoqlama qarashning qurboni bo‘lib kelmoqda. Yanada ochiqroq aytsak, mustaqillikka erishgan dastlabki yillarda sobiq ittifoq zamonini butkul qora bo‘yoqlarda tasvirlash va uning millatimiz taqdirida tutgan ijobiy jihatlarini rad etish siyosati shundoq tarix faniga ko‘chib o‘tgan. Bunday munosabatda eng avvalo, xolislik yo‘q, me’yor chegaralari buzilgan. Shu bois bo‘lsa kerak, bugungi yoshlarimizning tariximizning kim uchundir “eng kir va qorong‘i” kunlari bo‘lgan 70 yildan ziyod  davri haqidagi tasavvurlari xira va o‘ta jo‘n. Ayni shunday dunyoqarash bir narsadan darak bermoqda: tarixni butkul “oqlash” yoki “qoralash” bilan ish bitmaydi. Tarixni xolis o‘rganish, anglash, tahlil qilish, taqqoslash zarurati bor.

 

Bugun tarix haqida so‘z ochsangiz gapingiz o‘zaniga qarab peshonangizga obrazli qilib aytganda, okean bag‘rida egasiz qolib ketgan kemalardek suzib yurgan yorliqlar yopishtiriladi: “sovetparast”, “millatchi”, “o‘risqul”, “turkparast”, “xalqlar do‘stligi dushmani” va hokazo. Shunday paytda bir maqol esga tushadi: “Men nima deyman-u, qo‘bizim nima deydi”.

 

Darvoqe, yuqorida tarixga yondoshuvimizda hamisha me’yor chegaralarini buzamiz deb iddao qildim. Shunga ham qisqa bir misol yordamida kichik izoh berib ketsam. Ma’lumki, sovet davri tarix fani va siyosatida buyuk bobomiz Amir Temur hazratlari bosqinchi, qonxo‘r, shafqatsiz va ma’rifatsiz hukmdor timsolida tamsil etildi. 1991-yildan boshlangan yangi tariximizda esa shonli va suronli hamda murakkab taqdir egasi bo‘lgan bu zot – o‘ta muloyim va mehribon, faqat sokin bog‘larda o‘tirib, tun-u kun donishmandlik qiladigan faylasufga aylantirildi. Go‘yoki u hech qachon qo‘liga qilich tutmagan. Mana shu ikki qarashda ham me’yor chegaralari buzilgan. Ammo quyida muhokama maydoniga tortadigan mavzu bu emas – shu bois mazkur masalada chuqurlashmaymiz.

 

Yaqinda ijtimoiy tarmoqda sobiq sovet davrida O‘zbekiston va o‘zbeklar: yerini, suvini, millat o‘laroq sog‘lig‘ini abgor qilib va uyining tomigacha paxta ekib bo‘lsa-da 6 million tonna “oq oltin” topshirishdek qullar mehnatini zimmasiga olganligi atrofida qizg‘in bahs-munozara kechdi. Ayrimlar o‘zbeklarni boshqa sovet respublikalari xalqiga qaraganda qismati sho‘r, eng xo‘rlangan millat sifatida ham taqdim etishdi. Bahs o‘laroq sobiq ittifoq tarkibida bo‘lgan 15 ta respublika birinchi rahbarlarining o‘z xalqini markaz zulmidan himoya qilish borasidagi sa’y-harakatlari haqida ham gap ketdi. Tabiiyki, bu munozaralarda Sharof Rashidov shaxsi atrofida ham turli fikrlar bildirildi. Hozir bu benazir inson xususida yurtdoshlarimiz bilib-bilmay bildirgan fikrlarini qo‘ya turaylik, xo‘sh, biz boshqa xalqlarga nisbatan “eng ezilgan” xalq bo‘lsak bunga kim aybdor? – degan an’anaviy savol-so‘roqni ortga surib, bir o‘y suraylik, ba’zi faktlarga e’tibor qarataylik.

 

Shu o‘rinda tarixchi, sovetshunos olim, AQSH harbiy akademiyasi professori Abdurahmon Avtarxonovning mavzuga daxldor bir fikri mazmuni keltirib o‘tsam. U sobiq ittifoqning respublikalari rahbarlarining Kremlda o‘tirgan xo‘jayinlari bilan munosabatini tahlil etib, Boltiqbo‘yi respublikalari (Latviya, Litva, Estoniya) rahbarlari Moskva bilan har qanday xushomaddan xoli, o‘z g‘ururini saqlab, Kavkazorti respublikalari rahbarlari (Ozarbayjon, Gruziya, Armaniston) esa xushomad qilishar, ammo shu bilan birga g‘ururlarini toptashga yo‘l qo‘ymasliklari, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston (O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston) rahbarlari faqat xushomad va maddohlik qilishini ta’kidlaydi. Balki bu gap anchayin bahslidir, biroq, 70 yillik sovet davri voqealari olimning bu iddaosi haqiqatdan yiroq emasligini ko‘rsatdi.

 

Muammoning ildizlariga bir qur nazar tashlaydigan bo‘lsak, gapni chor Rossiyasining bosqinidan boshlashimiz joiz. Bu o‘rinda ham barcha tafsilotlar muxtasar maqolamiz mazmuniga sig‘maydi. Faqat ayrim faktlarga e’tibor qarataylik. O‘rta Osiyoni zabt etgunga qadar “oq podsho” qo‘shinlari Kavkazorti xalqlarini ham bo‘ysundirgan. Biroq bu o‘lkalarda ular mahalliy aholiga nisbatan haddidan oshib, ularning milliy g‘ururini toptashga jazm eta olmaganlar. Bizda esa: yurtimizni ishg‘ol qilish – yoppa qirg‘in, kamsitish, xo‘rlash, toptash, qadriyatlarni oyoq osti qilish bilan birgalikda kechgan. Bu o‘rinda ham bir misol bilan cheklansak: chor Rossiyasi armiyasi safida bo‘lgan rassom Vasiliy Vereshchagin millatimiz “qusurlari”ni sanar ekan, qo‘rqoqlikni takror-takror tilga oladi. Bir vatanparvar inson sifatida unga e’tiroz bildirish mumkin, ammo tarixiy faktlar... Darvoqe, men rassom xotiralarini o‘qib (1990-yilda nashr qilingan) 1991-yilda “Vereshchaginning ikki qiyofasi” sarlavhali maqola yozganman va bu maqola “Xalq so‘zi” gazetasida nashr qilingan. Shu maqolada oradan yuz yildan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsa-da baholi qudrat rassomning haqoratlariga javob berishga uringanman.

 

1977-yil. SSSR yangi konstitutsiyasi qabul qilinadi va shu konstitutsiya asosida 15 respublika ham o‘z konstitutsiyasini yangilaydi. Ittifoqdosh respublikalarning “yangilangan” konstitutsiyasida rus tili davlat tili sifatida belgilanadi. Gruziya poytaxti Tblisida o‘n minglab odamlar ko‘chalarga chiqib miting qilishadi: Gruziyada gruzin tili davlat tili bo‘lishi kerak! Xalq irodasi oldida Moskva ham nochor qoladi va Gruziyaning o‘sha paytdagi rahbari E.Shevarnadzega, mayli, gruzin tiliga davlat tili maqomini beraver, degan topshiriq beriladi.

 

1988-yil “Pravda” gazetasida Armaniston rahbariyatining korrupsiya botqog‘iga botganligi haqida maqola chiqishi bilanoq, ertasi kuni Yerevan ko‘chalarida norozilik namoyishlari boshlanib ketadi. Alal-oqibat, Armaniston haqida markaziy nashrlarda tanqidiy maqolalar to‘xtaydi.

 

1986-yil Qozog‘iston birinchi rahbarligiga D.Kunayev o‘rniga rus Kolbin tayinlanganda Olma-otada qozoq yoshlari “Qozog‘istonga qozoq rahbarlik qilishi kerak” degan shiorlar bilan ommaviy namoyishlar qilishadi.

 

Xo‘sh, endi o‘z ahvolimizga bir nazar solaylik. 1983–1990-yillar oralig‘ida mash’um “paxta” va “o‘zbek” ishi doirasida 25 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz zindonband etilganida, markaziy nashrlar har kuni o‘zbek xalqi ustiga mag‘zava ag‘darib turganida va yurtimizga chorak asr rahbarlik qilgan Sharof Rashidov mayitini go‘rdan olib go‘rga solganimizda biror o‘zbek miq etdimi?

 

Xalqimizda juda ajoyib maqol bor: “Yov qochsa botir ko‘payadi”. 1990-yildan keyin va, ayniqsa, mustaqillikning dastlabki yillarida erinmagan banda borki, yeng shimarib Moskvadan yuborilgan “desantchilar” hamda Gdlyan va Ivanov boshchiligidagi tergovchilar guruhi kirdikorlarini yeng shimarib fosh eta boshlashdi. Tarixiy haqiqatni tiklash uchun bunday maqola va suhbatlar, kitob va tadqiqotlar zarurligini tushunamiz. Ammo bunday “fosh etuvchi” maqolalar mualliflarining aksariyati kuni kecha ayni qatag‘onlarni qo‘llab-quvvatlab nutq irod etgan yoki adolatsizliklarga tomoshabin bo‘lib, og‘ziga mum tishlab, unsiz bosh egib turgan odamlar edida. Qalbida “vatanparvarlik” jo‘sh urgan bu kimsalarning samimiyligi ham shubha uyg‘otadi: o‘sha paytda bu mavzuga qo‘l urganlar darrov “nazarga tushib” mansab pillapoyalaridan shitob bilan ko‘tarila boshlashdi. Balkim ularni xalqimiz fojiasidan ham manfaat topish, “bir nimalik” bo‘lib qolish vasvasasi qo‘liga qalam olishga undangan bo‘lsa ajabmas...

 

Sharof Rashidovning shaxs sifatida o‘ziga xos fazilati, vatanparvar inson sifatida jasorati, ayniqsa, Markaz bilan munosabatda cho‘ng bir g‘ururni saqlay bilgani, O‘zbekistonni oyoq osti qilishga mutlaqo yo‘l qo‘ymagani (1970-yillar boshida Andropov boshchiligidagi “desant” 1983-yildan keyin amalga oshirgan “paxta” va “o‘zbek” ishini o‘shandayoq amalga oshirishga urinib ko‘rishgan) singari hal qiluvchi voqealar hamon xalqimiz ko‘zidan panada qolmoqda. Shu o‘rinda sobiq KPSS Markaziy komiteti bosh sekretarlari (Brejnev, Andropov, Chernenko, Gorbachev) yordamchisi bo‘lib ishlagan Andrey Aleksandrov-Agentov, SSSR Ministrlar soveti raisi o‘rinbosari, Davlat reja qo‘mitasi (Gosplan) raisi Baybakov, 1974–1979-yillar O‘zbekiston KGBsi raisi Eduard Nordman singari rahbarlarning memuarlarida Sharof Rashidovning juda katta shaxs sifatidagi haqiqiy qiyofasi namoyon bo‘lgan. Ayniqsa, Andropov taxtni egallab, Rashidovga bosimni kuchaytirgan 1983-yilda KPSS MK tashkiliy-kadrlar bo‘limi boshlig‘i, keyinchalik MK sekretari Yegor Ligachyovni qayirib tashlagani, O‘zbekiston va o‘zbek xalqini Moskvaga sotgan O‘zbekiston KGB raisi Melkumovning xoinligi ma’lum bo‘lgach, o‘zi nihoyatda qiyin ahvolda qolgan bo‘lishiga qaramasdan uni rais lavozimida olib tashlanishiga (1983-yil avgust) erishishi – Rashidovning siyosiy ta’siri va obro‘si Moskvada baland bo‘lgani, Shaxs sifatida mustahkam iroda egasi ekanligini ko‘rsatadigan voqealar sirasiga kiradi. Uning hayotida bunday tahlikali va mardona voqealar juda ko‘p bo‘lgan.

 

Sharof Rashidov xalqimiz himoyasi uchun bunda-da katta ishlarga qodir bo‘lgan. Ammo bu donishmand inson rahbar sifatida uni ham zarur paytda himoya qila oladigan xalqni ko‘rmagan! Va uning bu ishtibohini o‘limidan keyin xalqimiz o‘zining zulmga unsiz bosh egishi, o‘z huquqlarini xuddi gruzin yoki armanu qozoqlardek himoya eta olmagani bilan yuz foiz isbot etdi. Rahbardan talab qilish to‘g‘ri, ammo takror bo‘lsa-da aytalik: eng tahlikali paytda rahbar ortida turib yurtni mardona himoya etadigan Xalq ham bo‘lishi kerak!

 

Bu gap davomida ham bir fakt zarur bo‘lib qoldi: 1987-yil oktyabr oyida KPSS markaziy komiteti siyosiy byurosining a’zosi, SSSR Ministrlar soveti raisi birinchi o‘rinbosari, Ozarbayjonning sobiq birinchi rahbari Geydar Aliyev ishdan olinadi. O‘sha paytdagi mamlakat rahbari Mixail Gorbachev Aliyevni badnom qilish orqali Ozarbayjonni ham xuddi bizda bo‘lgani kabi jazolashga qaror qiladi. U yordamchilariga “Aliyevga qarshi shunday kompromatlar topingki, “o‘zbeklar ishi” buning oldida holva bo‘lsin” deb topshiriq beradi. Dastlab Ozarbayjondan “sosialistik qonunchilikni” buzilishi haqida uch-to‘rtta “signal” uyushtirishga muvaffaq bo‘lishadi. Biroq xalq va jamoatchilik bunday kampaniyaga qarshi tura oladi va Gorbachevning avantyurasi amalga oshmaydi. Bizda esa kuni kechagacha Sharof Rashidov ustidan Moskvaga birinchi bo‘lib kim xat yozganligi ustida hatto akademiklarimiz qizg‘in bahs olib borishdi.

 

Oxirgi mulohaza: har bir ish o‘z vaqt-soatida bo‘lgani afzal, deyishadi. Mayli, o‘tgan asrning 30–40-yillari qatag‘onlarini qo‘ya turaylik, hech bo‘lmaganda o‘sha mash’um “paxta ishi” vaqtida qat’iyat ko‘rsata olmagan, qabohat bilan kurashga o‘zida jasorat topmagan “millatning ilg‘or” vakillari yuqorida aytganimizdek istiqlolning dastlabki davrida sobiq sovetlarga qarshi nafratni Rossiyaga nafrat tusida ifoda etishdiki – bu mustaqillik yo‘lida endigina tetapoya qilayotgan davlatning milliy manfaatlariga zid edi. Shu yerda ham bizga farosatimiz pand bergandi. Sovet zamonida sobiq markazga qarshi kurashgan respublikalar esa, mustaqilligini qo‘lga kiritgach rus xalqi bilan “tarixiy do‘stligi”ni ro‘kach qilib Rossiyaning iqtisodiy qudratidan maksimal darajada foydalanib qolishdi. Bunday voqelarga guvoh bo‘lib – kim do‘st, kim dushman ekanligini ham ba’zan ajrata olmay qolasan kishi.

 

Xullas, hamma narsa o‘zimizga, xalq bo‘lib shakllanishimiz, milliy manfaatlarimiz chegarasini aniq anglab yetishimizga bog‘liq. Eng muhimi esa har qanday davrda milliy Gʻururimizni saqlay va asray bilishimizda.

 

Jaloliddin SAFOYEV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19986
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17636
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//