Dukchi Eshon daʼvati bilan koʻtarilgan gʻalayon, millat bolalari yuragiga ekilgan qoʻrquv, Marhamatga aylangan Mingtepa, oʻzini tishlab oʻldirgan sotqin – Andijon qoʻzgʻoloniga 125 yil toʻldi


Saqlash
15:06 / 09.06.2023 3329 0

 

1898-yil 18-mayda Dukchi Eshon daʼvati bilan boshlangan xalq gʻalayoni “Andijon qoʻzgʻoloni” nomi bilan tarixda qoldi. Ushbu hodisa oʻsha yillardayoq tadqiq etilib, turlicha fikr-mulohazalar bildirilgan. Mazkur maqolada biz ikki muallifning nuqtai nazarini tahlil etib, ularga baho berishni sizlarning hukmingizga qoldirdik.

Istibdod iskanjasida

 

Mustamlakachilik chohiga tushgan Turkistonda chor amaldorlarining zulm va tazyiqi zoʻrayib ketdi. Mahalliy xalqni ezib, xoʻrlash, masalan, koʻchadan mirshab oʻtib qolsa, oʻrnidan turmagan musulmonlarni kaltaklash, qamash odatiy holga aylandi. Tarixchi-adib Fozilbek Otabek oʻgʻli 1926-yili chop etilgan “Dukchi eshon voqeasi” kitobida “Shahar xalqi zolim hokimlar zulmidan bezor boʻlib koʻchaga chiqolmay qolgandek togʻlardagi qirgʻizlar ham ot, mol, qoʻy, echkilarini bemalol boqolmay, bir tarafdan: choʻp, ogʻiz puli deb jarima solib, pullarini olsa, ikkinchi tarafdan “tuyoq puli” deb qoʻylarini tortib oldi. Uchinchi yoqdan rus mujiklari “ekinimga kirdi” deb mollarini “shtraf” qilib olib qoʻyardi”, deb yozadi.

Pichoq suyakka yetgan kunlarda togʻlik qirgʻizlar Dukchi (yikchi) Eshon nomi bilan tanilgan mingtepalik Muhammadali xalfa Sobir oʻgʻliga “Ijozat bersangiz, hamma qirgʻizlar yigʻilib, mujiklar ustiga hujum qilib, barini oyoq ostida bostirib yuboramiz. Butunlay jonimizdan toʻydik. Bu yurganimizdan oʻlganimiz yaxshiroq. Gʻazotga ruxsat bering”, deya murojaat qilishadi. Oʻsha paytda Fargʻona muzofotida kamida 20 ming muridi boʻlgan Eshon ulardan shoshmay turishni soʻraydi.

Isyon Andijon, Oʻsh va Margʻilonda bir paytda boshlanishi kerak edi. Reja oʻxshamay, Andijon uyezdiga qarashli Mingtepa, Tojik, Qashqar qishloqlari kutilmaganda koʻtarilib ketdi. Ushbu hududlarda yashovchi jami fuqarolar, xususan, oʻzbeklar, tojiklar va qirgʻizlar Eshon istiqomat qiluvchi Mingtepaga toʻplandi. Dukchining oʻshanda xalqqa qilgan murojaatida musulmonlarni kofirlardan xalos etish vazifasi oʻz zimmasiga tushgani aytilib, hamma gʻazovotga daʼvat etildi.

 

“Oʻlsak shahid, oʻldirsak gʻoziy”

 

“Ey, muhtaram musulmonlar! Ey, birodarlar! Hammangizga maʼlumki, yurtimiz musulmon yurti, el musulmon, xalq musulmon, shariatning hukmi joriy, amri nofiz edi, – deyiladi murojaatda. – Hukumatni Olloh taolo oʻzi biladur, kofirlarni musallat qildi, yurtimizga oʻrus keldi. Xudoyorxon oʻrniga Kaufman, Umarxon taxtiga Chernyayev oʻtirdi. Oʻrus Vatanimizni, soʻngra tilimizni istilo qildi. Asta-sekin dinimizga istilo qilmoqqa boshladi. Musulmonlarning axloqi buzildi. Oʻrus kelganiga 30 yil toʻlmay, musulmonlar riboga aylandi, halol-haromni farq qilmas boʻldi. Qozilarimiz boʻyniga but taqadigan boʻldi. Xulosa (shulki), shariatimiz xor, musulmonchilik gʻarib boʻldi. Hurriyatimiz gʻoyib boʻldi, istiqlolimiz mahv boʻldi, oʻzimiz oʻtmas, soʻzimiz kesmas boʻldik.

Ey voh...

Ey, musulmonlar, ey, xudoning bandalari, ey, paygʻambar ummati! Chin moʻmin boʻlsangizlar, sizlarga jihod lozimdur, jihod eʼtiqod, Olloh yoʻlida jihod qilamiz, oʻlsak shahid, oʻldirsak gʻoziy boʻlamiz, jihod qilmaguncha yelkamizga mingan bu roʻdapo oʻrusdan qutulish yoʻq”.

Rus muallifi V.Salkov 1901-yili Qozonda chop etilgan “1998-yildagi Andijon qoʻzgʻoloni” kitobida qoʻzgʻolonchilarni kallakesarlar shaykasi deb ataydi. Millat ozodligi yoʻlida shahid ketganlarga muallif bergan ushbu haqoratli taʼrifga nima ham deymiz? Bir oʻrinda V.Salkov Dukchi Eshonni tanigani va bir necha marta koʻrganini aytib, u doim nimadandir norozi, xafa kayfiyatda yurardi, deya taʼkidlaydi. Bilib-bilmay chorizmning bosqinchilik siyosatini fosh etib, oʻzi oʻziga quyidagi savollarni beradi: “Ruslar uning dindoshlarini qiynayotgani uchunmi, odamlar axloqan buzilayotgani yoki hajga borish, zakot berish taqiqlangani uchunmi, urf-odatlar, oilalar barbod boʻlayotgani uchunmi?”

Isyonning boshlanishi

1898-yil 17-may kech soat 8 da Mingtepadan chiqqan olomon Andijonga yoʻl oldi. Eshon oq otga minib, Qutchi, Bargʻon, Qoraqoʻrgʻon, Oqchi, Kulla, Chigʻovul, Xakand, Rabot, Darxon, Sarikoʻy, Koʻkcha qishloqlaridan oʻtdi. Bu qishloqlarning bir qism aholisi ham isyonchilarga ergashdi. Ming nafar piyoda va ming nafar otliq harbiy garnizonga hujum qildi. Shiddatli janglardan soʻng soldatlar gʻolib kelib, isyonchilardan koʻpi oʻldirildi va yarador qilindi. Chindan ham, 111 nafar yaxshi qurollangan soldatga bolta, xanjar va kaltaklar bilan qurollangan olomon bas kela olarmidi? Qoʻzgʻolonchilar tomonidan 22 nafar rus soldati oʻldirildi va 24 kishi yarador qilindi.

V.Salkovni oʻldirilgan minglab tubjoy aholisi qiziqtirmaydi. U 24 nafar rus soldatiga achinib, oʻzbeklarni haqoratlashga oʻtadi: “Biz oʻlka tarixiga oid maʼlumotlarga koʻra hamisha mavjud boʻlgan va oʻz-oʻzidan yoʻq boʻlmaydigan, nari-beri oʻchirilgan olov kuli hali uzoq vaqtlar choʻgʻlanib turishini unutdik. Natija tezda koʻrina qoldi. Bu janoblar 11 yil maqtovlar ogʻushida bu yovvoyi podani taraqqiyot yoʻlidan haydab yurdi. Nihoyat, oʻn ikkinchi yilda bu toʻda rus soldatlarini oʻldirish uchun Mingtepaga yetaklab kelindi”.

1898-yil 19-mayda Fargʻona viloyati harbiy gubernatori Chaykovskiy 250 nafar qoʻshin bilan Andijonga yetib keldi va jazo otryadlari uyezd boʻylab kezib, qoʻzgʻolonga daxldor kishilarni hibsga ola boshladi. Eshonni tutish uchun Mingtepaga, uning hovlisiga bir toʻp soldatlar joʻnatildi. Ular xonaqohdagi hamma narsani talab, eshiklarni muhrladi va Mingtepada uch soat otishma qildi. Bu uch soat ichida hovlima-hovli oʻtib, kim koʻrinsa otib oʻldirdi.

Sotqin Qodirqul

Dukchi Eshon Ketmontepa, Elatiya taraflarga qochib, uch-toʻrt kun togʻlarda yurib, oxiri yonida uch kishidan boshqa odam qolmadi. Uni tutib keltirganga mukofot tayin etilgani bois, Qoʻqon qishloq mingboshisi Qodirqul va bozor sarkori Yaʼqub qoʻrboshi Dukchi Eshonni izlab, shu tarafga chiqqan edi. Ular Arslonbobga yaqin Toshkoʻprik degan joyda turganida Eshon oʻsha yerdan oʻtib qoldi.

Yaʼqub qoʻrboshi: “Ey, taqsir! Man sizni kutib turibman, yordam qilmoq uchun”, deb otdan oʻzini tashlab koʻrishmoqqa yugurdi. Eshon ham otdan tushib, yigʻlab quchoqlashib koʻrishgan vaqtda uni koʻtarib tagiga bosib, odamlarini chaqirib, bogʻlab olgan. Orqasidagi uch odamni ham tutib, toʻrtovini bogʻlab qoʻyganlar. Qodirqul mingboshi darhol yetib kelib, Eshonni koʻrishi bilan: “Xotin-taloq! Hammani xonavayron qilding-ku!” degan. Eshon bularga: “Ikkoving oʻlar vaqtda jinni boʻlib oʻlgin! Bizni rusga tutib bergan qoʻllaring bilan oʻzingni urib, soʻkkan ogʻzing bilan oʻzingni tishlab oʻlgin!” degan gapni aytgan, xolos.

Bu ishidan soʻng Qodirqul siylanib, Andijon eski shahariga mingboshi boʻladi. Yaʼqub qoʻrboshi esa Qoʻqon qishloqqa mingboshi tayinlanib, necha yildan buyon xalq foydasiga ishlab kelgan Xolbahodir mingboshi ishdan olinadi. Eski shahar Qodirqulga butkul topshirilib, u fuqarolarga behad zulm oʻtkazadi. Birov engashib salom qilmasa, tutib toʻxtatmoqni odat qiladi. Bundan oʻrganib rus amaldorlari ham xalqni “ruku” bilan salom va “sajda” qildiradigan boʻladi.

Qodirqul yurtga siyosat oʻtkazish uchun “ur” dardiga giriftor boʻlgan va kim roʻpara kelsa, urdirmay qoʻymas edi. Oxiri bir doʻkondor armanini urib qoʻyadi. Ajnabiy boy uning ustidan arz qilib, sudga beradi. Sotqin amaldor istibdod uchun qilgan shuncha xizmati evaziga xorlik bilan mansabidan ajraladi. Qoʻqon qishloqqa borib amal hasratidan majnundek boʻlib, oʻzini oʻzi urib, jarohatlab oʻladi.

Dor ostida

Isyon bahonasida shahar va uyezdlar (shimoldan Yettisuv, gʻarbdan Yozyovon, janubdan Vodil, sharqdan Qashqar dovoni oʻrtasi)dan ikki ming kishi qamalgan. Oqposhsho buyrugʻi bilan toʻpolonlarni tinchitish uchun Sirdaryo va Fargʻona viloyatlariga qoʻshimcha harbiy otryadlar hamda 2 “sotnya” kazaklar va 1 ta piyodalar batalyoni tashlanadi. Shahar va qishloqlardagi rus aholisi va temir yoʻl xizmatchilari berdanka bilan qurollantiriladi. Mana shunday favqulodda choralar bilan isyon alanga olmasdan toʻxtatib qolinadi. Bundan buyon gʻazovot koʻtarishga minbaʼd urinishlar boʻlmasligi uchun Fargʻona xalqiga 300 ming rubl jarima solinadi.

“Qoʻlga tushganlarning anchasi kaltaklanib, urib oʻldirildi va bir qanchasini osish uchun 8 ta dor tiklandi. Bu dorlar yerdan 8-9 gaz baland boʻlib, tepasiga gʻaltak oʻrnashtirilgʻon va oʻshandan qora argʻamchi oʻtkazilib qoʻyilgʻon edi. Bir kuni “Tamom fuqaro yangi shaharga chiqsun, Eshonning soʻfilaridan 8 kishi osiladir”, deb, hammani majburiy haydab chiqdilar. Muddao fuqarolarning yuraklarida qoʻrqinch qoldirmoq va istibdod saltanati taxtida uzun zamonlar betashvish barqaror qolmoq edi”, deydi Fozilbek Otabek oʻgʻli.

Odamlarni qoʻrquv iskanjasida ushlab turish borasida V.Salkov shunday deydi. Harbiylarga hujum qilganlarni tergov qilish, mahalliy aholining aqlini kirgizib qoʻyish, ommaviy tartibsizliklarning aybdorlarini jazolash uchun uchun Toshkentdan Turkiston general gubernatori vazifasini vaqtincha bajaruvchi general-leytenant N.I.Korolkovning shaxsan oʻzi keldi.

Soat sakkizda yangi shahardan taxminan 8000 kishi va 2000 nafar maktab bolasi olib chiqilib, Tuproqqoʻrgʻon oldida, dorlar atrofiga odamlar saflab qoʻyildi. Hokim yosh bolalarni ham dorning bir tarafiga qator qilib qoʻydirdi. Mingboshi hokimga “Yosh bolalar qoʻrqarmikan? Odamlar orqasiga qoʻysak, qalay boʻlar ekan?” degan ekan, “Qoʻrqqani yaxshiroq. Esidan chiqmaydi. Dorga yaqin qoʻyilsin”, deb buyuribdi.

1898-yil 12-iyunda roʻy bergan bu dahshatli “tomosha” guvohlaridan birining aytishicha, gubernator farmoyishi bilan mirshablar tomonidan bozordan va mahallalardan taxminan 500 kishi shahar kreposti (qoʻrgʻon) tagiga haydab borildi. Turmaga 50 ga yaqin soldat qoʻshiq aytib kirib, 6 nafar musulmonni haydab chiqdi. Bechoralarning rangi-roʻyiga asti qarab boʻlmasdi. Darhol oq surupdan qilingan 6 ta xalta olib kelindi. Bir mutakabbir “toʻra” qoʻliga yarim taxta qogʻozni olib, qovogʻini solib hukmni oʻqidi: “Sizlarning podshohi aʼzam, imperatur muazzam askari borasida qilgʻon hamla, hujumlaringiz va bu isyonga sabab boʻlgʻon Muhammad Ali Eshonning imperatur aʼzamning ulugʻ siyosatidan qoʻrqmay qilgʻon feʼliga sherik boʻlib, yordamda boʻlgʻonlaringiz sabab boʻldi. Sizlarning hammangizni harbiy sud osib oʻldirmoqqa hukm qildi. Alhol, sizlarga shu hukm joriy qilinadir”, degan hamon soldatlar qilichlarini sugʻurib, peshonalariga tutib, yarim soatga yaqin nogʻoralarini chalib turdi.

Mahbuslar boshiga xalta kiydirilib, dor tagiga qoʻyilgan kursi ustiga chiqarildi. Boʻyinlariga arqon solinib, oyoq ostidagi kursilar tepib yuborildi. Bu oltovidan ikkisi bir-ikki buralib, oyogʻini urub qimirlamay qoldi. Boshqalari pirillab aylanib, buralib, ikki tomon dorning yogʻochiga urilib, koʻp ovora boʻldi. Yosh bolalar bu manzaradan qoʻrqib: “dod, ota, ona!” deb yigʻlab yubordilar. 4-5 tasi hushidan ketib yiqildi. Bolalar turgan taraf toʻpolon boʻlib ketdi. Odamlar: “Qoʻrqdi, qoʻrqdi! Bolalarni orqaga olinglar, yuziga suv sepinglar!” deb baqirishdi.

Gubernator esa ataylabdan dor atrofida turgan xalqni “Yaqin kelinglar”, deb, chaqirdi. Hamma yaqin kelganda “Bolalar qani, bolalarni ham chaqiring”, deb buyurdi. Unga bolalarning qoʻrqib, behush boʻlib, yuragi chiqqanlarini, uch aravaga solib, shaharga joʻnatib yuborilgani aytilganda gubernator quturib, “Kimning ijozati bilan javob berdinglar?!” deb siyosat bilan odamlarni haqorat qildi.

Imperatorning “marhamati”

Isyon boʻyicha jami 777 kishi hibsga olinib, tergov qilinadi. Kaltak va qiynoq zarbidan oʻnlab insonlar jon taslim etadi. Tergovdan keyin 415 kishi sud qilinadi, ulardan 32 kishi oqlanadi va 380 kishi oʻlim jazosiga hukm etiladi. Bir kishi umrbod qamoq jazosiga va uch kishi tarbiyaviy lagerga tortiladi. Keyinchalik imperatorning “himmati” tufayli oʻlimga mahkum etilgan 380 kishidan 18 nafari (boshqa bir maʼlumotga koʻra 21 kishi) osib oʻldirildi. Qolgan 362 kishidan 3 kishi umrbod katorgaga, 147 kishi 20 yilga, 41 kishi 15 yilga, 1 kishi 13 yilga, 1 kishi 8 yilga, 47 kishi 7 yilga, 4 kishi 4 yilga kesildi. 15 kishi Sibirga surgunga va 3 nafar yosh bola tarbiyaviy qamoqqa hukm etildi.

Isyon bahona boʻlib, soldatlar koʻcha va maydonlarda 25 kungacha qimirlagan jonni qoʻymay otib turdi. Ishlashga va mardikorchilikka, ayniqsa, pilla tutish vaqt boʻlgani uchun barg kesishga borgan bechoralarni tutdek toʻkib, oʻliklarini it, qushlarga yem qilishdi. Hatto qatiq va sut sotmoqqa ketib turgan maʼsum bolalar berahmlik bilan otib oʻldirildi. Ularning ota-onalari oʻzlari koʻchaga chiqa olmay yoki bolalarining jasadi ustiga bora olmay, kechalari soldatlarni chaqirib, koʻp miqdorda pul berib, farzandlarining oʻligini topib oldirar edilar.

“Biz fuqaroning begunoh oʻlganlarimiz yetmay, jasadlarimizga it, qush tegib, qaysisi qoʻlsiz, qaysisi oyoqsiz va qaysi birisining yuz-koʻzi yirtiq holda sotib olingan, – deydi Fozilbek Otabek oʻgʻli. – Bundan boshqa qalam bilan tahrir qilib boʻlmaslik darajadagi haqoratlar tiriklarimizgagina boʻlmay, oʻlgan ogʻa-inilarimizga ham tekkan edi. Bu kabi haqorat va xoʻrliklargʻa moddiy ziyonimiz va chor hukumatining Turkiston dehqonlarigʻa qilgʻan moddiy va maʼnaviy adovati va zolimligʻi deb nom bersak, yolgʻon yozmagʻon boʻlamiz”.

“Sharqlik kishi niqobda tugʻiladi va oʻladi, – deydi V.Salkov mahalliy aholiga nafrat bilan. – Unda boshqa din vakillariga mehr-shafqat boʻlmaydi va boʻlishi mumkin emas. Hukumatga ularning itoati va tobeligi oʻz burchlarini anglashidan emas, balki rus qudrati oldida butkul ojizligidandir. Hukumatimiz qonunlari va tartibotlariga boʻysunishlarining sababi bitta, 30 ming miltiq, kazaklar va zambaraklar ularni toʻxtatib turibdi. Ushbu qurollarni bu yerdan olib keting-chi, nima boʻlishini oʻshanda koʻrasiz”.

Zulm, istibdod hukmron tuzumda bundan boshqacha boʻlishi mumkinmi? Uyingga bostirib kirgan dushmanga quchogʻingni ochib bormaysan-ku, axir.

Vayron etilgan qishloqlar

Chor jallodlari qoʻzgʻolonchilarni beshafqat jazolash bilan birga, Tojik, Qashqar va Qutchi qishloqlaridagi xonadonlarni tamomila vayron etib, barcha oilalarni Qaqir degan choʻlga haydadi. Tubjoy aholini qirib tashlash yoki surgun qilish haqida ham fikrlar boʻlgan edi. Oqposhshoning “rahm-shafqati” va “marhamati” bilan odamlar oʻsha dashtda qoʻnim topdi. Ular oʻrnashgan joylar shundan eʼtiboran Marhamat deyila boshlandi. Bundan tashqari, rus maʼmuriyati Mingtepa va Andijon shahri oraligʻidagi qoʻzgʻolonchilarga qoʻshilgan 29 ta qishloqni vayron etishga qaror qilgan edi. Oqibatda Xakand boʻlisidagi 5 ta qishloq buzib tashlanib, 700 ta xonadon yoʻq qilindi. Tojik, Qashqar va Qutchi qishloqlaridagi unumdor yerlarga esa Rossiyadan koʻchirib keltirilgan 400 ta rus oilasi joylashtirildi.

Andijon isyoni mustamlakachilarni nega buncha tahlikaga solgan, ularning qahr-gʻazabini qoʻzgʻatgan edi? Fikrimizcha, shu paytgacha yovvoyi, poda sanalgan, odam oʻrnida koʻrilmagan insonlar ilk marta oʻz qadr-qimmati, ori-gʻururi uchun maydonga chiqqani, boshlarini kundaga qoʻyishdan tap tortmagani bosqinchilarni shoshirib qoʻygan.

 

Abdumajid AZIMOV,
Oyina.uz

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19968
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17622
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//