“Maqbara atrofidagi tuproqlarigacha beringlar, evaziga ularning og‘irligi qadar tilla olib kelishga va’da beraman!” – Imom Buxoriy xokini olib ketishni istagan Shayx Nadim


Saqlash
18:06 / 16.06.2023 2134 0

Bu voqea olis 1956-yilda ro‘y bergan. O‘sha yillar sho‘rolar imperiyasi tepasiga kelgan Nikita Xrushchyov musulmon olami bilan aloqani yaxshilashni o‘ylaydi. Uning asl maqsadi bu borada raqobatchi AQShni islom olamidan siqib chiqarish edi. Sirasi, “musulmon olami bilan do‘stlik” shiori har ikki imperiya uchun shunchaki niqob edi, xolos. Ikki zo‘ravon saltanatni arab mintaqasidagi neft konlari chandon qiziqtirardi.

 

SSSR rahbarining buyrug‘idan keyin arab davlatlari bilan yaqin diplomatik robitalar o‘rnatish jarayoni boshlandi. Davlat xavfsizlik qo‘mitasining (KGB) tavsiyasiga amal qilgan Tashqi ishlar vazirligi sovetlarga ancha xayrixoh hisoblangan Livan (Lubnon) davlatiga alohida e’tibor qaratdi. Ma’lum “bordi-keldi”lardan keyin Livanning taniqli arboblaridan biri, parlament deputati, gazeta noshiri Shayx Nadim al-Jisr Sovet Ittifoqiga tashrif buyurishga rozilik bildiradi.

 

 

Shayx Nadim kim edi?

 

Shayx Nadim al-Jisrning nasabi ham arabiy, ham turkiy ildizlarga borib taqaladi. 1897-yili Livanning Tripoli (Taroblus) shahrida e’tiborli oilada tug‘ilgan Nadim dastlabki ta’limni otasidan oladi. Keyin Xums va Bayrutda o‘qiydi. Tripoliga qaytib, ilmiy va adabiy ijod bilan shug‘ullanadi. 1922-yildan sud tizimida ishlaydi, yillar o‘tib sudya, prokuror maqomiga ko‘tariladi. Keyinchalik barcha mansablaridan iste’fo berib, otameros ilm bilan shug‘ullanadi, advokatlik qiladi. Nadimning akasi Muhammad al-Jisr 1932-yili o‘sha kezlar Fransiya protektorati hisoblangan Livan prezidentligiga nomzodini qo‘yadi. Qonun bo‘yicha davlat rahbari parlament tomonidan saylanishi kerak edi. Parlamentda Muhammad al­Jisr tarafdorlari ko‘pligi aniq bo‘lib qolgach, musulmon kishining mamlakat rahbari bo‘lishi oldini olish uchun fransuzlar konstitutsiyani bekor qilib, parlamentni tarqatib yuborishadi. Shu voqeadan ko‘p o‘tmay Muhammad al-Jisr vafot etadi.

 

Akasi o‘limidan keyin butun xonadon tashvishi va otasi tomonidan tashkil etilgan diniy markaz va gazetani boshqarish, sulola egallab kelgan maqom-mavqeni muhofaza etish Shayx Nadim yelkasiga tushadi. Islom falsafasi va qonunchiligiga oid o‘nlab asarlari tufayli nafaqat Livanda, butun arab olamida shuhrat qozonadi. Hatto Marokash qiroli 1955-yili uni o‘z mamlakatiga taklif qiladi. Shayx Nadim parlament deputati, Tripoli va Shimoliy Livan muftiysi etib saylanadi. Ushbu nufuzli sulolaning yana bir vakili Tojiddin as-Solih 1973-yilda mamlakat bosh vaziri bo‘lgan. Ko‘rib turibmizki, bu oila Livanda yuksak mavqeni egallagan. Sho‘ro hukumati shu sabab ham Shayx Nadim al-Jisr nomzodini tanlagan edi.

 

Sovet hukumati tuzgan rejaga ko‘ra, lubnonlik mehmon Moskvadagi oliy ta’lim dargohlariga, shuningdek, Kiyev, Yalta, Sochi shaharlariga borishi kerak edi. Dasturga O‘rta Osiyodagi biron bir sovet respublikasiga tashrif kiritilmagani kishini ajablantiradi.

 

Tez kunlarda Moskvagauchib kelganShayx Nadimal-Jisr mehmonxonada tashrifrejasibilantanishar ekan, safar dasturigaImom al-Buxoriyqabriziyoratini ham kiritishni so‘raydi. Ammo o‘sha zahoti rad javobini oladi. Unga tashrif dasturi sovet hukumatining oliymaqom rahbarlari tomonidan tasdiqlangani, binobarin, o‘zgartirish kiritish mumkin emasligi aytiladi. Ammo Shayx Nadim bo‘sh kelmaydi. “Agar dasturga Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilish kiritilmas ekan, men hoziroq Bayrutga qaytib ketaman”, deydi. Vaziyatdan SSSR hukumati rahbari Nikolay Bulganin xabardor qilinadi; u Xrushchyov bilan maslahatlashgach, mehmonning har qanday talabi qondirilsin, deya farmon beradi. Bu orada xavfsizlik qo‘mitasi vakillari SSSR Fanlar akademiyasi bilan bog‘lanib, Imom Buxoriy haqida qisqa ma’lumot oladi. Ana shundan keyin tashrifga mas’ul shaxslar Shayx Nadim ziyorat qilishni istagan maqbara joylashgan O‘zbekiston rahbarlari bilan bog‘lanishadi.

 

 

Buxoriy qabri qayerda?

 

Toshkentdagi hukumat vakillari imomning nisbasi Buxoriy bo‘lsa, demak, qabri ham o‘sha shaharda bo‘lsa kerak, deb o‘ylashadi. Ko‘p o‘tmay Buxoriyning qabri Samarqandda ekani aniqlanadi. Imom Buxoriy mangu qo‘nim topgan Xartang qishlog‘iga shoshilinch maxsus guruh jo‘natiladi. Ammo... ammo butun Islom olamida mo‘tabar sanalgan maqbara ham, uning yonidagi masjid ham tashlandiq ahvolda ekani ma’lum bo‘ladi. Qadamjoni qisqa muddatda hurmatli mehmon ziyorat qilishiga loyiq holga keltirish amrimahol. Qolaversa, turbat atrofidagi qishloq ham xarob ahvolda edi. Samarqand Toshkentga, Toshkent esa Moskvaga mavjud ahvolni tushuntiradi.

 

Moskva Toshkentni qattiq tergaydi. Ammo, nailoj, biron bir chora o‘ylab topish zarur edi. Xavfsizlik xizmati vakili “Mehmonni samolyotda emas, poyezdda jo‘natish kerak” degan taklifni o‘rtaga tashlaydi. Ya’ni samolyot O‘zbekistonga bir necha soatda uchib borsa, poyezd Moskvadan Samarqandgacha 4 kunda yetib keladi. Ushbu muddat ichida maqbara ziyoratga shay qilib qo‘yilishi kerak. Moskva topshirig‘ini olgan Toshkent O‘rta Osiyo va Qozog‘iston diniy idorasi rahbari, muftiy Ziyovuddinxon Boboxonovni ham bu ishga jalb etadi. “Tezlik bilan borib, o‘zingiz bu ishga boshchilik qiling”, deb uni Samarqandga jo‘natishadi.

 

Xartangda kechani kecha, kunduzni kunduz demay vayrona holdagi maqbarani epaqaga keltirishga kirishiladi. Ammo baribir maqbarani mehmonga ko‘rsatishga loyiq ahvolga keltirishning iloji yo‘q edi. Samarqand nima qilishni bilmay Toshkentga qo‘ng‘iroq qiladi. Biron yo‘li topilmasa, ertaga Moskva Toshkentniyam, Samarqandniyam qattiq partiyaviy jazo bilan “siylashi” tayin edi. Toshkent Shayx Nadimni bir kun poytaxtni ko‘rsatish bahonasi bilan olib qolishini aytadi. “Uyog‘iga sizlar javobgar”, deyiladi Samarqand rahbarlariga.

 

Samarqandlik “maslahat ustasi”dan boshqalarning nazarida aqlli bir taklif chiqadi. “Mehmonni darrov Xartangga olib bormay, kun davomida Samarqandda olib yurish kerak”, deydi u. Demak, tongda tayyorada uchib keladigan Shayx Nadimni kuni bilan Samarqandda aylantirib, qorong‘i tushganda Xartangga olib borish kerak. Toshkent ham bu rejani ma’qullaydi.

 

Bir kun oldin O‘zbekiston poytaxtida bo‘lgan Shayx Nadim tongda Samarqandga uchib keladi. Endi uni qadimiy shahar tomoshasiga taklif qilishadi. Shayx Samarqandning Islom va Sharq tamaddunida qanday salmoqli o‘rin tutishini yaxshi bilardi. Shu sababdan, bir zamonlar olis bobolarining izi qolgan Turkistonning gavhari bo‘lmish shaharni zavq-u shavq bilan ziyorat qiladi. Shohizinda majmuida uzoq yillar qorovullik qilgan qariyaning eslashicha, livanlik mehmon Hazrat Qusam ibn Abbos turbatida uzoq vaqt qolib, Qur’on tilovat qiladi.

 

 

Chokardiza qismati

 

Bobur Mirzo o‘z hasbi holi bayon etilgan kitobida bu zaminning Islom tarixidagi o‘rni haqida faxr bilan yozgan edi: “Hazrati Risolat zamonidin beri ul miqdor aimmai islomkim (ya’ni shuncha miqdor islom olimi), Movarounnahrdinkim paydo bo‘lubtur, hech bir viloyattin ma’lum emaskim, muncha paydo bo‘lmush bo‘lg‘ay. Shayx Abumansurkim aimmai kalomdindur (kalom ilmining olimidir), Samarqandning Motrid (Moturid) otliq mahalasidindur. Aimmai kalom ikki firqadur, birni moturidiya derlar, birni ash’ariya derlar. Moturidiya Shayx Abumansurg‘a mansubdur. Yana sohibi “Sahihi Buxoriy” – Xoja Ismoil Xartang ham Movarounnahrdindur. Yana sohibi “Hidoya”kim, Imom Abu Hanifa mazhabida “Hidoya”din mo‘tabarroq kitobi fiqh kam bo‘lg‘oy. Farg‘onaning Marg‘inon otliq viloyatidindur, ul ham doxili Movarounnahrdindur”.

 

Ne tongki, Imom Buxoriydek tabarruk zotning mozori nechog‘li xarob ahvolda bo‘lsa, Bobur Mirzo tilga olgan ikki ulug‘ alloma – Imom Abu Mansur al-Moturidiy  va Shayx Abu Nasr Marg‘inoniy turbatlari undan-da battar holda edi. Agar Shayx Nadim hamrohlaridan bu mo‘tabar zotlarning mozorlariga olib borishni so‘rab qolganida, ular mehmonni qayerga boshlab borishni ham bilmay sarosimaga tushgan bo‘lardilar. Chunki ul zotlarning mozorlari rus bosqini va sho‘ro tuzumi davrida unutilgan, toptalgan, bir davrlar ularning qabri bo‘lmish qadimiy Chokardizaning katta qismi 1947-yili aholiga berilgan edi.

 

Aslida, Chokardizaning fojiaviy qismati Buxoro amiri Nasrullo davrida boshlangan. 1840-yillarda amir Samarqanddagi islomni qabul qilgan va xalq orasida “chala” degan nom olgan yahudiylarga ko‘hna mozorning bir chekkasini ajratib, yahudiy mahallasi va qabristonini barpo etishga ruxsat bergan edi. Bu nodonlig-u jaholat oqibatida qanchadan-qancha aziz ulamolar xoki yahudiylar tiklagan hovli-joylar ostida qolib ketadi. O‘sha kezlar hatto ayrim hovlilarning sahni mashhur ulamolarning qabrtoshlari bilan yopilgani tarixdan ma’lum. 1878-yili “chala”likni allaqachon unutgan qavm Chokardizada devor tiklab, o‘z qabristonlarini alohida qilib oladi. Bu yerda “Kanesoi kalon” – sinagoga ham tiklanadi.

 

Harbiy qal’a – Chokardiza yaqinida joylashgani sabab qabriston keyinchalik shu nom bilan atala boshlagan. Sharq olamida 99 qatli mozor deb nomlangan Shohizinda kabi Chokardiza ham yurtimizda yetishib chiqqan buyuk insonlarning so‘nggi manzili sifatida qadrlidir.

 

Samarqand tarixiga oid “Qandiya”, “Samariya”, “Kitob ul-ansab”, “Fasl ul-xitob” va boshqa kitoblarda, vaqfnomalarda Chokardiza tarixi haqida juda ko‘p qimmatli ma’lumotlar mavjud. Xususan, Abu Tohirxoja Samarqandiyning “Samariya” kitobida mozorning paydo bo‘lishi haqida bunday yozilgan: “U yer tubda (ya’ni avval) imomi zohid Abu Is’hoq bin Ibrohim bin Sammosi Mutava’iyning bog‘i ekan va o‘zi ham o‘sha yerda ko‘milgan ekan”. Imom farzandsizligi sababli o‘limi oldidan bog‘ini sadoqatli shogirdi, keyinchalik buyuk fiqh olimi darajasiga yetgan Imom Abu Lays Samarqandiyga vasiyat qilib qoldiradi. Olloh bergan muddati yetib hazrati Abu Lays qazo qilganda ham uning so‘nggi manzilgohi shu bog‘ bo‘ladi. Ayni shu buyuk insonlar yotgan bog‘dan Chokardiza tarixi boshlanadi.

 

 

Nishopurdagi malomat

 

Hazrati Imom Buxoriy qanday qilib Samarqandga kelib qolgan, nima uchun bunday qutlug‘ zot Buxoro yoki Samarqand kabi ulug‘ shaharlarda emas, bir chekkadagi Xartang qishlog‘ida dafn etilgan? Bu savollarga javob topish uchun Hazrati Imomning Buxoroga qaytishi va u yerda sodir bo‘lgan voqealarga nazar tashlaylik.

 

Ismi Muhammad, kunyasi Abu Abdulloh, laqabi imom al-muhaddisiyn (muhaddislarning imomi, peshvosi) va nasabi Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn al-Mug‘iyra ibn Bardazbeh ibn Bazazbeh bo‘lmish Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi ona shahrini 16 yoshida onasi va akasi Ahmad bilan haj niyatida tark etgan edi.

 

Buxoroda 194-hijriy sana, shavvol oyining 13-kunida (810-milodiy sana, 21-iyulda) dunyoga kelgan Muhammad otasidan erta ayrilib, diyonatli, oqila va fozila ayol bo‘lmish volidasi qo‘lida tarbiyalangan. 9-10 yoshidan boshlab Buxoroning taniqli muhaddislaridan, avvalo, donishmand ad-Doxiliydan saboq olgan. 16 yoshida Hijozi sharif tomon yo‘lga chiqqan. Haj ibodatini ado etgandan so‘ng onasi va akasini Buxoroga qaytarib yuborib, o‘zi Makkada qolgan. Keyinchalik Madina, Basra, Shom o‘lkasi, Xuroson va uning Marv, Balx, Hirot, Nishopur, Ray, Jibol kabi shaharlarida mashhur olimlardan saboq oladi. Nihoyat, oradan uzoq yillar o‘tib, ona yurtiga qaytish niyatida yo‘lga tushadi. Butun safar davomida qayerda to‘xtamasin uni o‘lkalar-u shaharlarning olimlari, e’tiborli kishilari qarshi oladi. Muhaddisning yuksak izzat-ikrom bilan kutib olinayotganidan norozi bo‘lgan hasadgo‘ylar ham topiladi.

 

Nishopurda ko‘ngilsiz voqea yuz beradi. Xurosonda katta shuhrat qozongan Muhammad ibn Yahyo Zuhliy hasad yo‘lini tutadi. Bu haqda roviy Muhammad ibn Jobir bunday hikoya qiladi: “Buxoriy Nishopurga kelganda Muhammad ibn Yahyo Zuhliy bizlarni Buxoriy yoniga borishga undab “Solih kishi keldilar, undan hadis tinglanglar”, dedi. Buxoriy davrasiga odamlar oqib kela boshladi. Muhammad ibn Zuhliy davrasi bo‘shab qoldi. Shundan keyin Zuhliy Buxoriyga hasad qilib, u haqda ig‘vo gaplarni ayta boshladi”.

 

Boshqa bir roviy Abu Ahmad ibn Adiy: “Buxoriy Nishopurga kelganda juda ko‘pchilik uning atrofiga jamlandi. Buxoriyning muxlislari ko‘payganini ko‘rolmagan ba’zilar unga hasad qilishdi. Buxoriy Qur’onni lafzi maxluq, deyapti, u bilan gaplashib qo‘yish kerak. Savol berib uni bir sinab ko‘rish kerak, deya tashviqot yurg‘izishdi”, deb xabar beradi.

 

Yana bir roviy Zahabiy yozishicha, Buxoriyning muxlislari unga “Ba’zilar sizga tuhmat qilmoqda” deganda, Buxoriy g‘amgin holatda “Men o‘z ishimni Ollohga topshirdim, albatta Olloh bandalarini ko‘rib turguvchidir” oyatini o‘qiydi, so‘ngra duo qiladi: “Ey bor Xudoyo, albatta Sen bilursanki, men Nishopurga yomon niyatda kelgan emasman. Kibr, manmanlikdan yiroqman. Bu diyorlarga mansab va obro‘ talabida kelganim yo‘q, muxoliflar zo‘ridan vatanga bormayotgan edim. Bu yerda esa mana bu odam, Olloh menga bergan in’omiga hasad qilib menga ozor berdi”. So‘ngra menga dedi: “Ahmad, men ertaga keturman, uning gaplaridan qutulursizlar”.

 

Darhaqiqat, ertasi Imom Buxoriy ona yurtiga yo‘l oladi.

 

 

Vatanga qaytish

 

Amudaryodan o‘tishi bilan, Imom Buxoriyning kelayotganini eshitgan butun voha va shahar ahli uning istiqboliga chiqadi. Buyuk farzandini kutib olgan Buxoro bayram tusiga kiradi. Bolalikdan bilgan, tanigan qarindoshlari, do‘stlari, saboqdoshlari uni quchoqlab yig‘lashadi. Sharif shaharning mashhur olimlari saf tortib ehtirom ko‘rsatishadi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay buyuk muhaddis ona shahrini ikkinchi marta, bu safar ilojsizlik tufayli tark etadi.

 

Roviylar bu voqealarning turli sabablarini keltiradi. Jumladan, Imom Buxoriyning Nishopurda orttirgan ashaddiy g‘animlari yoki ularning talabi bilan xalifaning Xurosondagi noibi tomonidan Buxoro hokimi Xolid ibn Ahmad az-Zuhaliyga “Sizlarga borgan kishi sunnatga xilof ish yurgizadi” degan mazmunda maktub yuborilgan. Rivoyatlarga ko‘ra, hokimning buyrug‘i bilan maktub katta maydonda to‘plangan odamlarga o‘qib beriladi. To‘p ichidan norozi baqiriqlar eshitiladi. O‘n bir yoshida yetmish ming hadisni yodlagan, butun hayoti va faoliyatini Rasuli Akram (s.a.v.) hadislari xizmatiga bag‘ishlagan inson sunnatga xilof ish yuritishi mumkinligiga buxoroliklar ishonmasdi. Lekin takabbur hokim buxoroliklar noroziligidan battar g‘azablanadi. U Imom Buxoriydan shahardan chiqib ketishni talab qiladi.

 

Roviylar boshqa sabablarni ham ko‘rsatishadi. Xususan, Buxoro hokimi Xolid ibn Ahmad taniqli muhaddisni saroyga kelib farzandlariga ilmi hadisdan saboq berishga taklif etadi. Bunga javoban Imom Buxoriy “Men ilmni sulton-u amirlar eshigiga olib bormayman. Agar amirga ilm kerak bo‘lsa, bolalarini uyimga yoki masjidimga yuborsin” deydi. Allomaning keskin javobi noibning qahrini keltiradi.

 

Xullas, ig‘vo, bo‘hton sabab Imom Buxoriy Buxoroni tark etishga majbur bo‘ladi. 62 yoshga to‘lgan keksa olim bir xabarga binoan, Samarqand ulamolari taklifi; ikkinchi xabarga ko‘ra, qavm-qarindoshlari da’vati bilan Zarafshon vohasining ikkinchi qadimiy shahri tomon jo‘naydi.

 

 

Nega Xartangda?

 

“Samariya” asarida savollarimizga muayyan ma’noda javob beradigan quyidagi ma’lumotlar bor: “Imom Muhammad ibn Ismoil Buxoriy mozori. Sug‘di kalon tumanida, Xartang degan o‘rindadir. Shu mozorning sababidan hozirda o‘sha qishloq “Xoja Ismoiliy” nomi bilan mashhurdir. Imom Muhammadning mozori ustida, uning shimoli-sharqiy tarafida, unga yaqin bir o‘rinda, bir masjid yaqinidadir. Samarqand shahridan Xartang qishlog‘igacha ikki toshlik (16 chaqirim) yo‘l.

 

Imom Muhammad (“Sahihi Buxoriy”) kitobining muallifidir. Bu kitob ming olti yuz hadisning jamidir. 256 da (870-yili 30-sentabr) ramazon hayitining kechasi xufton namozidan keyin vafot etdi. Og‘iz ochar kuni tush namozidan so‘ng yuqorida aytilmish o‘rinda ko‘mildi. Uning qabridan ancha muddatgacha mushkdan ham xushbo‘yroq (is) kelib turdi, keyin yo‘qolib ketdi. Naql qilishlaricha, Buxoroda turgan vaqtda “Ikki yosh bola bir onani emsa, o‘rtalarida emizaklik sobit bo‘ladi” deb fatvo bergan. Buxoro imomlari bunga e’tiroz bildirib, uni Buxorodan surgun qilganlar. Samarqandga kelgandan keyin, (buxorolik olimlar qutqusi bilan) Samarqand ulamolari ham unga qarshi turdilar. Nochor Xartangga kelib turdi. Shu yerda Haq rahmatiga vosil bo‘ldi.

 

Tajribada ko‘rilganki, kimki “Sahihi Buxoriy” kitobini boshiga qo‘yib, shahar va mahallalarni aylanib chiqsa, albatta o‘sha shahar va mahalla ahlini ofatlardan saqlab qoladi. Ilgarilari ham har qachon Samarqand shahriga biror ofat kelsa, shahar xoslari yig‘ilib duo qilsalar, duolari ijobat bo‘lib, u balo musulmonlar boshidan daf bo‘lardi”.

 

Imom Buxoriy vafoti haqida Xartangda yashagan Abu Mansur G‘olib ibn Jibrildan yozib olingan yana bir hikoyat bor: “Abu Abdulloh biznikida bir necha kun turdilar. So‘ng og‘ir betob bo‘lib qoldilar. (Shunga qaramay) Samarqandga ketishga hozirgarlik ko‘rdilar. Mahsilarini kiydilar, sallani o‘radilar, ot tomon yigirma qadamcha yurdilar. Men va yana bir kishi ikki qo‘ltiqlariga kirib kelayotgan edik. “Bas, meni ichkariga olib kiringlar, madorim yo‘q, tinkam quriyapti” dedilar. Ichkariga olib kirdik. Buxoriy o‘rinlariga yotib duo qildilar. Bir ozdan so‘ng duo qilayotgan lablar harakatdan to‘xtadi”.

 

Ko‘p manbalarda yozilishicha, Imom Ismoil al-Buxoriy Xartang qishlog‘ida betob bo‘lib, hijriy 256-yili ramazon oyining oxirgi kuni (milodiy 872-yil 1-sentabr) 62 yoshida vafot etadi va shu yerga dafn etiladi. XVI asrda Imom Buxoriy xoki ustida maqbara va uning yonida masjid barpo etiladi.

 

 

1956-yil.  Samarqand...

 

Yana 1956-yilga, Samarqandga, Shayx Nadim al-Jisr yoniga qaytamiz.

 

Kun bo‘yi shahar aylanib toliqqan shayx sayohatdan ko‘zlagan asosiy maqsadi – Imom Buxoriy mozorini ziyorat qilishni bir daqiqayam unutmagan edi. U kech tushayotganidan bezovtalanib “Hazrati Imom mozorlariga qachon boramiz?” degan savolni ko‘ndalang qo‘yadi. O‘ylangan rejalari amalga oshayotganidan mamnun mezbonlar mehmonni avtomobilga o‘tqazib, Xartang tomon yo‘lga tushishadi.

 

Shahardan chiqib, Zarafshon daryosi ustidagi ko‘prikdan o‘tishlari bilan atrofni qorong‘ilik chulg‘aydi. Shayx Nadim yo‘lning ikki chetida o‘sgan daraxtlarning bir-biriga ulangan qora sharpalariga tikilib borarkan, “G‘alati daraxtlar ekanmi?” deb o‘ylardi. Bu g‘alati daraxtlar pilla qurtini boqish uchun kallaklangan tutlar ekanidan u bexabar edi. Shayx bu o‘lkada yashagan ziyolilar ham har zamon-har zamon sho‘rolar tomonidan xuddi mana shu tutlardek kallaklanib turilishini bilmasdi.

 

Haydovchi tezlikni pasaytirib, avtomobilni katta yo‘ldan ichkariga buradi, qora Limuzin eski asfalt yo‘ldan chayqalib-chayqalib yuradi. Nihoyat, oldingi o‘rindiqda o‘tirgan mas’ul mulozimning ishorasi bilan avtomobil to‘xtaydi. Mashinadan tushgan Shayx Nadimni hayajon bosadi. Toliqqan tizzalari qaltiraydi. U tarjimondan “Yetib keldikmi?” deb so‘raydi. Tarjimon mashinani to‘xtatgan odamdan “Imomning qabrigacha qancha qoldi?” deb so‘raydi. U tarjimonga emas, shayxga qarab “500600 metrcha” deb javob beradi. “Qaysi tomonga borish kerak?” deb so‘raydi shayx. Sheriklari baravariga qo‘llarini oldinga cho‘zishdi: “Mana bu tomonga!”

 

Shayx Nadim yo‘l bo‘yi qiynagan charchog‘ini unutadi. Suv so‘raydi. Haydovchi tutgan suv to‘la bidon bilan chetga chiqib, tahoratini yangilaydi. Ungacha mezbonlar gangur-gungur suhbat qurishadi. Lubnonlik mehmon hamrohlarini angraytirib tiz cho‘kib, yer o‘padi va Hazrati Imom mozori tomonga tizzalab yura boshlaydi. U shiddat bilan, ammo shoshilmay yuradi. Shu kezgacha sukunat qurshagan makonni tizzalab yurib borayotgan odam ehtiros bilan o‘qiyotgan Qur’oni karim oyatlarining jarangi to‘ldiradi.

 

Qabr qoshiga yetgach, Shayx Nadim yana bir karra yerni o‘padi-da, ko‘zidan yosh quyilgancha Kalomulloh o‘qiydi. Shu o‘tirishida shayx tonggacha tilovat qiladi. Tonggacha o‘n yillar ichida bu atrofda biror marta yangramagan oyatlar jaranglaydi. Faqat kun yorishgach, o‘rnidan turib atrofga nazar tashlar ekan, nima uchun Hazrati Imomning so‘nggi manziliga uni tunda olib kelishgani sababini tushunadi. Shayx Nadim qabr va masjidning xarob ahvolini ko‘rib, o‘kirib yig‘lab yuboradi, yuzi qahr-u g‘azabdan ufqni qizartirgan shafaqdek tovlanadi.

 

Toshkentgacha Shayx Nadim hech kim bilan gaplashmaydi. Poytaxtga yetib kelgach, O‘zbekiston rahbari bilan uchrashtirishni iltimos qiladi. Og‘izdan og‘izga o‘tib bizga yetib kelgan xabarga ko‘ra, shayx o‘sha rahbarga (bu rahbar o‘sha kezlar O‘zbekiston SSR Prezidiumi Oliy kengashining raisi Sharof Rashidov yoki O‘zbekiston hukumati rahbari Sobir Kamolov bo‘lishi ehtimoli bor) qarata bunday deydi: “Imom Buxoriy xoki turobini olib ketishga ruxsat beringlar, maqbara atrofidagi tuproqlarigacha beringlar, evaziga o‘sha tuproqning og‘irligi qancha bo‘lsa o‘shanga teng hajmda tilla olib kelishga va’da beraman!” Ammo mehmonning bu iltimosi rad etiladi...

 

Vataniga qaytgan Shayx Nadim al­Jisr yana uzoq yillar muftiy bo‘lib xizmat qiladi, talay kitoblar tasnif etadi. U Imom Buxoriy marqadiga qilgan safari haqida biron nima yozganmi-yo‘qmi, afsuski, bexabarmiz. Shayx Nadim 1980-yilda olamdan o‘tdi. Bugun Tripoli ko‘chalaridan biri uning nomi bilan ataladi. Mamlakat parlamenti va boshqa e’tiborli tashkilotlarda uning farzand-u nabiralari faoliyat yuritadi.

 

***

Maqoladan maqsad bitta: kechagi kunimizni esdan chiqarmaylik, bugungi kunimizning qadriga yetaylik. Unutmaylik, biz uchun Imom Buxoriy xoki turobi oltin xazinalaridan qimmatliroqdir! Alhol, faqat mustaqillikdan keyingina bu ulug‘ zotning maqbarasi tiklandi. Bugun ulug‘ bobokalonimiz haqiga duo-yu tilovat qiladigan manzilimiz borligiga shukronalar aytaylik.

 

Xurshid DAVRON

 

Tafakkur” jurnali, 2022-yil 2-son.

“Sukunatni buzgan sas” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19969
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17622
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//