“Bugun bashariyatning falaj bo‘lib qolgan bir qo‘limiz...” – jadid matbuotida din va tarbiya masalalari


Saqlash
01:06 / 21.06.2023 1223 0

Turkistondagi jadid matbuoti tarixi 1906-yil 27-iyunda Ismoil Obidiyning “Taraqqiy” gazetasi chop etilishi bilan boshlanadi. Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniylar maqolalari gazetaning xalq orasida yanada mashhur bo‘lishiga xizmat qildi. Shundan so‘ng Munavvar qorining “Xurshid”, Avloniyning “Shuhrat”, Ahmadjon Bektemirovning “Osiyo” gazetasi, 1913-yildan Behbudiyning “Samarqand” gazetalari dunyo yuzini ko‘rdi. Avloniy 1905–1917-yillarda Turkistonda 22 gazeta va 8 jurnal nashr etilgani haqida ma’lumot bersa, Ziyo Said 1927-yilgi qaydida 1870–1927-yillarda 45 nomda gazeta va 36 nomda jurnal nashr qilinganini yozadi. Bular orasida diniy yo‘nalishdagi nashrlar juda kam bo‘lgan. Xususan, Toshkent ulamolarining fikr tarqatuvchisi sifatida Abdurahmon Sayyoh muharrirligida o‘n besh kunda bir chiqadigan diniy, ilmiy, axloqiy, tarixiy va adabiy jurnal “Al Isloh”ning birinchi soni 1915-yil 14-yanvarda chop etilgan. Jurnalning g‘oyaviy asoschisi va himoyachisi Munavvar qori Abdurashidxonov edi. Jurnalda toshkentlik Abdurahmon Sayyoh, mufti Sadriddinxon, mudarris Ahmadxo‘ja eshon, marqalik Xolmuhammad To‘raquliy, to‘qmoqlik Olimxon To‘ra, marg‘ilonlik Fazlulvahhob qori, buxorolik Abdurahmon Muftizoda kabi ulamolar faol qatnashganlar. “Al Isloh” jurnali, avvalo, islom ta’limoti mohiyatini sharhlab berish, millatning madaniy saviyasini oshirish, Turkiston xalqining siyosiy ongini yuksaltirishga qaratilgan edi. Nashrdan asosiy maqsad musulmonlarga diniy va dunyoviy masalalarda xizmat qilish, islom ta’limotini illatlardan pok holda bayon etish, musulmonlarning axloqini tarbiyalash, shar’iy masalalarda berilgan savollarga taniqli shaxslar tomonidan javob berilishini ta’minlash kabi vazifalarni o‘z oldiga qo‘yadi. “Islohi qavm”, “Islohning illatlari” ruknlari ostidagi diniy, madaniy-ma’rifiy, islohotchilik g‘oyalari singdirilgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy yo‘nalishlardagi maqolalar o‘z davri uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega edi. Eng asosiysi, jurnal ulamolarning matbuotda qatnashib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirishlari uchun o‘ziga xos minbar bo‘ldi. Jurnalning 1915–1917-yillar davomida har bir soni 32 sahifadan, 1918-yilgi sonlari 16 sahifadan iborat bo‘lgan. 1918-yil 15-mart kuni bosilgan 5-sonidan so‘ng, jami 77-soni chiqqanidan keyin sovetlarning tazyiqi ostida “Al Isloh” faoliyati to‘xtadi.

 

(“Al Isloh” jurnali)

 

1917-yilning iyun oyida, saylovlar arafasida “Sho‘royi Islom”dan “Ulamo jamiyati” ajralib chiqadi. “Ulamo jamiyati” o‘z maqsad va dasturlarini targ‘ib etish uchun Toshkentda haftada bir marta chop etiladigan diniy, ilmiy, adabiy, siyosiy nashri “Al-Izoh” jurnalini chiqara boshladi. Jurnalning to‘liq nomi “Al-izohul maromiy likulli anomiy” bo‘lib, barcha insonlarga shariat hukmlari bo‘yicha batafsil, maromiga yetkazib izoh beruvchi, degan ma’noni anglatadi. Jurnalning birinchi soni 1917-yil 19-iyunda mudarris Abdumalikhoji Abdunabi o‘g‘li muharrirligida bosiladi. Maqolalar ko‘proq diniy masalalar bo‘yicha savol-javoblar, bid’at va xurofotga qarshi kurash shaklida edi. Jurnalda mulla Muhammadazim Ro‘zimuhammad o‘g‘li, mulla Hamidxo‘ja, Said Maqsudxon, mulla Toshpo‘lat qori, Saidahmad Vasliy, mulla Mirzo Oxunjon maxsum, mulla Tursunmuhammad a’lam Turkistoniy va boshqalar o‘z materiallari bilan ishtirok etdi. 1918-yil may oyidan so‘ng “Al-Izoh” jurnali ham sho‘rolarning maxsus qarori bilan tugatilgan.

 

(“Al-Izoh” jurnali)

 

1918-yil 2-fevralda Toshkentdagi fuqaho jamiyatining nashr afkori sifatidagi haftanoma – “Izhor ul Haq” jurnalining ilk soni chiqadi. Jurnalning mas’ul muharriri mufti Sadriddinxo‘ja Sharifxo‘ja eshon o‘g‘li bo‘lib, Miyon Buzruk, Omilxon, Nosih, Abdullabek, mulla Sobir G‘anizoda, shoir Sirojiddin Shavkat, Mahammado‘rin mufti Do‘stmuhammadzoda, Mulla Abdulg‘afur, Muhammadrasul qori Hojizoda, Tangriqul Maqsudiy, Shokirjon Rahimiy kabi taniqli insonlar o‘z maqolalari bilan qatnashganlar. “Yashasin turklik va islomiyat”, “Yashasin butun musulmonlarning ittifoqi!” kabi da’vatlarni o‘ziga shior qilgan jurnal asosiy e’tibori musulmonlar o‘rtasidagi nizolarga chek qo‘yish va Turkiston Muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan edi. “Birovning moliga tega ko‘rmangiz, haqqi bag‘ayr harom” kabi shiorlari bilan bolsheviklar g‘oyasining musulmonlar uchun nomaqbulligini uqtiradi. Jumladan, jurnalning “Fuqaho jamiyati” nomidan bitilgan muqaddimasida “... Turkiston musulmonlarig‘a ma’lumdur, kim istibdod zulmati ko‘tarilib, hurriyat oftobi ochilganidan beri har yerda, har tariqa g‘ayrat egasi bo‘lgan musulmonlar jamiyatlar yasab, g‘animat zamonda islohi din va dunyolarini istehkomig‘a mashg‘ul bo‘ldilar. Har qayu toifa o‘z maqsad va maslaklarig‘a rivoj bermak uchun jarida va majallalar nashr qilub va mushavviqlar tarqatib baqadari toqat harakatda bo‘ldilar. Musulmonlarning ushbu tariqa g‘ayratga kirib harakat qilmoqlari fuqaholarni masrur va xursand qilgan edi... “Innamal mu’minin al ihvatun” oyai sharifasig‘a musaddoq bo‘lg‘on musulmonlarning oralarig‘a ham ixtilof tushub, turlik-turlik firqalarg‘a bo‘lindilar. Biri o‘zgasin takfir va o‘zgasi oxirini tal’in qilib va biri oxirig‘a johil laqab berib va biri o‘zgasig‘a xoin ot qo‘ydilar. Al xosil shariat nazarida ravo bo‘lmagon har nechuk g‘iybat va bo‘htonlar, safohat va haqoratlar vujudg‘a keldikim, buning sababidin kutilgan umidlar yo‘qolib, kutilmagan fasod va ig‘volar zuhur qila boshladi... Ushbu bir necha sabablarg‘a binoan jamiyat tarafidin bir necha diyonatparvar ag‘niyoi kiromlarning taxt nazoratlarida ushbu raiya haftalik bir majalla nashr qilmoqg‘a jasorat qilduk, maslaki betaraf bo‘lub, ahkomi shariani bayon qilmoq va haqiqatdin yuz o‘gurmasligi sababli “IZHOR UL HAQ” deb ism berdik....” deb “jadid qadim” nizosining musulmonlar zarariga xizmat qilishinidan ogohlantiradi. “Hay’ati tahririyat” tomonidan bayon etilgan “Maslak va maqsad” rukni ostida “Bu muqaddas Vatanimiz bo‘lgan Turkiston, bu turklik beshigi bo‘lgan aziz Vatanimiz naqadar zamonlarni ko‘rmadi va naqadar kunlar kechurmadi. Hazrat Nuh alayhissalom va ahfodlari zamonlaridin so‘ngra O‘g‘uzxon, Chingizxon, Temurbek, bilmam, tog‘i kim va kimlar zamonasida bu turklar o‘lkasi bo‘lgan Turkiston naqadar taraqqiy qildi. Va naqadar siyosiy quvvat kasb etdi. Turklik shuhrati va turklik shoni butun Osiyoni, hatto butun yer yuzini tutdi. “Hun” ismindagi turklar Turkistondin ketib butun Ovruponi fath va istelo qilgan erdilar. Hosili o‘shal vaqtda Turkiston mamlakati turklarning eng g‘alaba qilgan mamlakati edi. Hukumat, askar, maishat, asbob va advot – hammasi turkiycha edi. Turkistonga kelgan kishi boshiga telfak va oyog‘iga etik kiygan kiyiz uylarda turuvchi badaviy turklardin boshqa kishi ko‘rmas edi... Arablar vositalari birlan Turkistonga ham islomiyat kelib kirdi... Ozgina vaqt ichinda Turkiston mamlakatida qancha mufassir va muhaddislar, fuqaho va mutakalliminlar, urfon va mashoyixlar, sohibi devon va shoirlar yetushtilar. Ilmi tib va hikmat, ilmi nujum, hay’at va riyoziyot, torix va jug‘rofiya ilmlari birla ko‘p-ko‘p kishilar ishtig‘ol qilur edilar. Ismoil Buxoriy, Abu Nasr Forobiy, Zamaxshariy, Ibn Sino va g‘ayrilar ushbu o‘lkaning yetushturgan azizlaridindurlar. Hossatan o‘rta asrlarda Turkiston o‘lkasi shul daraja taraqqiy qilgan ediki, dong‘i butun yer yuzini tutub, chet viloyatlardin ilm o‘qumoq uchun hamma bu mamlakatga oqub kelur erdilar. Buxoro “shariflik”, “ma’dan ilmlik” shuhratini o‘shal vaqtda olgan edi. Lekin, “har bahorning kuzi” bo‘lganidek, bechora Turkiston mamlakati ham so‘ngidan hamma shuhratlarini jo‘ydi, tanazzulga yuz tutdi. Madrasalarda tafsir va hadislar birlan kim ishtig‘ol qildilar. Torix, jug‘rofiya, ilmi nujum va hay’atlar mutlaqo o‘qutulmas bo‘ldi. Musannif va mualliflar yetushmaklari bir tarafda tursun taraqqiy davrida yetushkon musanniflarning ham aksarlarining ismlari unutildi. Qabr shariflari yitib tekis bo‘ldi. Asarlaridan hech bir nom va nishon qolmadi. Tasnifotlari noqulay yerlarga va noahil kishilarning qo‘llarig‘a tushub talf bo‘ldi. “Hidoyai Sharif” va “Hikmat ul ayn” kabi kitoblar yetushturgan Turkistonda hozirda yana shuning barobarida kitob tasnif qiladurg‘on birgina bo‘lsun, musannif yo‘q. Janob Mirzo Ulug‘bek kabi hay’at olimlarining rasadxona va chizgan xaritalarining yoniga qo‘shub akmol qilmoq bir tarafda tursun ul zot sharifning ishlagan ishlarini va yozg‘on zamuz va ishoratlarini kashf va mutolaa qilg‘udek olimlarimiz yo‘q...

 

(“Izhor ul Haq” jurnali)

 

Ushbu bir necha noqisliklarimizni akmolig‘a say’i va harakat qilmoq uchun “Izhor ul Haq” majallasini nashr qilmoqg‘a kirishduk. Majallaning xizmati turklik va islomiyatg‘a xizmat qilmoq va musulmonlarning manfaatini kuzatmakdir. Maqsadimiz shundan iboratdur. Bu maqsadg‘a yetushmoq uchun qanday xatti-harakat tutushimizni InshaaAlloh taolo majallamizning mundarijalari ko‘rsatsa kerak.

 

Yashasun turklik va islomiyat!

 

Yashasun butun dunyo musulmonlarining ittifoqi!” deb yakunlaydi.

 

Mullo Sadriddin xo‘ja muftining “Daf’i tahlika” maqolasi ham juda muhim. Unda “Ovrupo muhoribasi boshlanganiga to‘rt yil bo‘lgan bo‘lsa, yildan yilga bechora xaloyiq, xususan Turkiston mamlakatida mutavatan islom bolalari faqir va zarurat loyiga botib turubdurlar. Ochlik va qahat balosidin har kun necha ming va balki milyunlab g‘arib va g‘urabolar ko‘cha bako‘cha kezib shahardin shaharga yurib “oh non” deyub gadolik qilmakdadurlar. Ochlik va sovuqdan bir parcha nonga zor bo‘lib har kun va har zamon necha ming muslim va muslimalar sabi va sabiyalar nihoyatda foje’ bir ahvolda bu dunyoga vido’ qilmakdadurlar...

 

Alhosil har mahalla amomi va mutasaddilarig‘a lozimdurkim, taxt tasarruflaridagi fuqaroning ahvolig‘a nazar solib, och va yalong‘ochlarg‘a muvosat va yordam yo‘lini tutmoqlarini mahalla to‘qlarig‘a taklif qilsunlar. Alar xoh o‘z taomlarig‘a taklif qiluv va xoh boshqa ma’naviy jihat birla faqirlarning hojatlarini ravo qilsunlar. Agarda mutasaddi amirlar xabar olmasalar Alloh Taolo oldida javobgar bo‘lurlar, vassalom...” deb barchani ochlikka qarshi birgalikda kurashga da’vat etsa, “Izhori haqiqat va irshod” maqolasida “... Chunonchi muhabbatning ziddi adovat, dushmanlik eng buyuk falokatdur, ki har joyg‘a kirsa, xarob qilmay qo‘ymas. Xususan, islom olamig‘a kirsa tezdan oning hisor qo‘rg‘onin buzar va chiqmas, aql hukmida va ham shariatda jami’ axloqi siyohlarning manbai va xazinasi adovatdur, ki hasad ba’zan g‘iybat va bo‘hton, chaqimchiliklarg‘a o‘xshash yomon xulqlar adovatidin qaynab chiqodur. Va ushbularga o‘xshag‘on xalqlarni yo‘qotib, oning o‘rnig‘a muhabbat, sadoqat, muruvvat, ehson, yaxshilik, silai rahm, nasihat, xayrixohlik, birodarlik, urushganlarni tezdan isloh qilib yarashturmak, to‘g‘rilik sifatlariga o‘rganmakni odat qilmakg‘a Qur’oni karim va hadisi nabaviy amr qilur. Asri saodatg‘a va anga yaqin asrlarg‘a o‘xshab shariat ta’lim va o‘rgatganiga kirib bilib va anga amal qilinsa, hech vaqt ushbu ummat marhuma bul tariqa falokat hollarg‘a uchrab xarob o‘lub, g‘ayri millatlarning zanjir zulmida asir va nobud bo‘lmas edi. Insof qilunsin hozirgi zamonda ba’zi kishilar g‘iybat va bo‘hton va chaqimchiliklardan hazar qilmay, laqab su’ ila talaqqiyb etub yurganlari kun kabi oshkordur...

 

Agar bir odam hujjat ul islom hukmlarin yaxshi bilsa, ammo o‘zi hujjatul islomni ado qilmasa, oni haj deb bo‘lurmu va yokim zakot masalasin yaxshi darajada bilsa va lekin o‘zi zakot bermasa, faqirlardan hojatin daf’ qilgan bo‘lurmu? Shunga o‘xshash harna shariat ahkomlarin faqat bilgan ila shariatning hukmi va hafi maslahati vujudg‘a chiqmas – to anga amal qilmagancha. Ammo bizim asrimizda kamolg‘a yetgan shariat ahkomlari ma’lum bo‘lganda ba’zi zotlarimizda ham ixlos ila anga amal qilmaklari yo‘q. Bilmagan nodonlarni qo‘ying, faqat shariat, shariat deb tilg‘a olinur, ammo oning ahkomlarin amalg‘a qo‘ymakg‘a ahamiyat berilmas. Agar dini islomg‘a ixlos ila kirishib amal qilingan bo‘lsa edi, shariat qaytargan g‘iybat va shikoyat, bo‘hton va iftirolarga til ochilmas edi. Islom taraqqiy va taoliysig‘a mador bo‘lg‘on ittifoq va ittilof yo‘lin axtarib qoro xalqni bir toifa vatan muhabbatig‘a kirishgan zotlarg‘a qarshi yugurtib, o‘rtalarig‘a adovat tuxmin sochilmas edi. Balki, qo‘ldan kelgan darajada alarni muhabbat va do‘stlik yo‘lig‘a solinur edi.

 

O‘tkan sana mardikor masalasi chiqg‘onda hamma shayx-u yigitlarimiz kecha va kunduz bolalarimiz mardikorg‘a borur ekan, deb ashk diydalari ila duoda bo‘lub, bolalarin g‘amida necha oyg‘acha uxlamay duoda bo‘lg‘on zotlar ushbu zamonda kecha va kunduz duoyi badg‘a qo‘l ochar bo‘ldilar. Bu nechuk holat – hozirda faqat boshlarg‘a emas, balki baloyi om bo‘lib boy va faqir, katta va kichiklarg‘a tushkan tahlikalar ko‘zg‘a ko‘runmay ochlik va yalong‘ochlik eska tushmay duoyi nahilarni unutib islom olami bir-birig‘a non o‘rnig‘a haqorat va safohatlar ulashurlar, bu ishlar fitna emasmi.

 

Agarda muqobillaridagi bir musulmonga biror kulfat erishsa, olam-olam xursand va masrur bo‘lurlar. Vaholanki, dini sharifimiz nas qote’ bilan tanbih qilib, har qayu yerda bo‘lsa bo‘lsun, biror musulmonga kulfat va o‘lum yetushsa, anga har surat birlan yordamda bo‘lmoqg‘a buyurodur. Bu na insof turur, na ish qilmoqchimiz va qaysi yo‘lg‘a bormakchimiz.

 

Oli islom olamig‘a ilm va ham ilmig‘a amal qilmak muhabbatin berib, musulmonlarni ruhlarin muhabbat va do‘stlik ila mutanosib aylab, yer yuzidagi jumla musulmonlarning ittihodig‘a o‘zing yordam qilg‘il, Omin” deb barcha musulmonlarni birlikka – Turkiston Muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlashga chaqiradi.

 

Miyon Buzurk ham o‘zining “Ad din nasiyah” maqolasida muftiy Sadriddinxonni quvvatlab “... Ko‘ring kim Rasuli Akram va sahobai kirom va’z nasihatda bo‘ldilar, qanday johil mutaassib mushrik va kofirlar hidoyat topib, islom rivoji uchun mol va jonlarini ayamasdin harakatda bo‘ldilar. Ibrat ko‘zi ila qarang, o‘tgan zamonda olim-oqillarimiz va’z-nasihatda bo‘ldilar. Ahli islom taraqqiyot va an’anatlari birla olam ahlini hayron qoldurub, tobe’ va itoat ettirdilar, ishonch va e’timodlik donolarimiz va’z nasihatda bo‘ldilar. Ajdod bobolarimiz birlari ikkig‘a, balki o‘ng‘a, balki yuzg‘a hamla aylab, g‘olib kelub ta’rix varaqalarini yaxshi sifatlari birla nurlandurdilar. Ochiq ma’lumdurki, bechora nodon, johil xalq din nadur, dunyo nadur, Haq nadur, botil nadur, hech birini bilmas. Allohi Taolo nimag‘a buyurdi va nimadin qaytardi va nimaga ixtiyor berdi – hech birini anglamas. Yolg‘uz alar rahbar-u hodiy va yo‘lchilari o‘lon fuqaho, ulamo, imomlarni izlaridin ayrilmas.

 

To‘g‘risi shuldirki, yo‘lchilar musulmoni komil o‘lub, ahlini nasihat, hadisi sharifni ko‘zda tutib, to‘g‘ri yo‘lg‘a boshlasalar, bechora xalq maqsudina yetub, mas’ud yashar. Va agar yo‘lchilar buzuq g‘arazlar ila nafsi ammora xizmatkori o‘lub, biror nimarsa hosil qilmak va yo biror nimarsag‘a ilinmak va yoki andak nimarsag‘a sotilub, egri yo‘lni to‘g‘ri ko‘rsatmak va shunga o‘xshash nomashru’ harakatda bo‘lsalar, maqsud ko‘chasini topolmay sarson va sargardon o‘lurlar. Bu esa inkor qilinmaslik bir haqiqatdir...

 

Xudovandi Karim Qur’oni azmushshaa’nda buyurmishdurki, nastauzibillahi, kasal va betoblarimizni qaratmak va boqturmak shar’an joiz bo‘lgani holda biror nafar ham o‘qugan tabib hoziqimiz yo‘q. Bilaks, tabib va shular jaholatlari birla xalqni nobud etmakdalar. Masjid va jamoatgohlarda fikr va ong uyg‘otodurgon va’z-nasiyatg‘a shar’ sharif buyurg‘on biror nafar ham xalq tilida aytadurgon va’z va nasihatgarimiz yo‘q. Bilaks, nafsi ammora xodimi o‘lon maddohlar ko‘cha bako‘cha afsonahoyi behuda soturlar. O‘quv va o‘qutmak har bir insonga farz bo‘lgani holda bebaxt bolalarimiz bodbarak, ko‘chada oshuq, maydonda chillak o‘ynab yurur, yetarlik maktabimiz yo‘q. Bilaks, borini bu “qadim”, bu “jadid” deb shikoyatlar ila yo‘q qilmakdalar. Emdi faqih, olim, xatib, imom, peshvolarimizdin din matin g‘arroni vosita qilib rijo va orzu qilinur, ki shariati nabaviya buyrug‘in tinglab mehrob va minbarlardin xalq tilida din va dunyog‘a taalluq va’z-nasihat aylab, millati islomiyani ozod o‘lub, mas’ud yashamakina bois o‘lsunlar va o‘zlarig‘a lozim bo‘lgan vazifalarini ado etub, islom rivoji uchun ko‘shish etsunlar. Yetar g‘aflat va yetar zillat, bas endi”, deydi.

 

Laziz Azizzoda o‘zining “Matbuot va “Izhor ul Haq” majallasi” maqolasida “Shubhasiz, har bir millatning taraqqiy va tamaddunina buyuk xizmat edajak sheylardin biri matbuot ekaniga moziydin, torixdin xabardorlarning shaklari yo‘q. Matbuotsiz millatning hech bir taraqqiy etub madaniylasha olishi mumkin emas. Matbuotsiz na jamiyat va na firqa o‘lsun, sadosini hech bir yera eshittira bilmaz. Shu nuqtai nazar e’tiborila har bir millat matbuot ishlarini olg‘a ketuvi, taraqqiy etuvi uchun bir qoch aziz umrlarin, bir toqim oqchalarin sarf ediyurlar. Bu fidokorliqlari orqasinda muvaffaqda bo‘la olmoqdalar. Yaqin moziyda butun yer yuzina ilm va ma’rifat nurini sochqon Turkistonda muntazam bir diniy majalla o‘lmadig‘ina, g‘oyat ko‘p so‘zlarning maxfiy qolub turg‘onlig‘ina bundan muddao bir necha sabablarga ko‘ra “Fuqaho jamiyati” ushbu “Izhor ul Haq” majallasini umum Turkiston musulmonlarining izhori oliylarina taqdim etdi...

 

“Izhor ul Haq” jurnali ismina muvofiq haqni izhor va haqiqatni kashf etub, shariat amrlarini mumkin qadar oson tariqila umum musulmonlara bildurub turajak. Bu majallada ba’zi majallalar kabi xurofotdan iborat o‘lon so‘zlar, ma’nosiz felyetonlar musulmonlarni o‘rinsiz takfir va tal’inina oid so‘zlar yozilmayajak...” deb matbuotning ahamiyati va “Izhor ul Haq”qa o‘zining tavsiyalarini yo‘llaydi...

 

1922-yil 10-avgustda “Nashri maorif” va “Mahkamai sha’riya” jamiyatlarining nashri afkori sifatida Zahiriddin A’lam bosh muharrir bo‘lgan “Haqiqat” jurnali dunyo yuzini ko‘rdi. “Dinsiz jamiyat, jamiyatsiz din yo‘qdir” shiori bilan chop etilgan ilk sonda taniqli ulamolar Zahiriddin A’lamning “Islom asoslari”, Xatibzodaning “Turkistonda islom dini” maqolalari bilan birga Abdushohid Esonboyning “Biz va maorif”, Mannon Ramziyning “Ta’lim-tarbiya ishlari”, Xolmuhammad Oxundiyning “Xotin-qizlarimizni o‘qitishimiz kerak”, olim Zarif Bashirning “Issiqko‘l nimadan hosil bo‘lgan” kabi maqolalariga o‘rin berildi. “Haqiqat”ning ikkinchi va so‘nggi soni 1922-yil 10-sentabr sanasi bilan bosildi. Unga “Zamonlar, kishilar va hodisalar o‘zgarishi bilan sha’riyat hukmlari ham o‘zgarib turar” shiori tanlanadi. Bu sonda ham Zahiriddin A’lamning “Islom asoslari”, Olimqori Musoxoniy “Bid’at”, Munavvar qori Abdurashidxonning “Turkistonda vaqf ishlari”, Shohid Esonning “Ijtimoiyot nima”, “Tarbiya”, Abdulhamid Cho‘lponning “Maorifimiz va Ostroumov” kabi maqolalariga o‘rin berildi. Ayniqsa, shoir Cho‘lponning “Kishan” she’ri, Sote’bekning islom konferensiyasiga bag‘ishlangan “Islom madaniyati” nomli maqolalari o‘z davri uchun o‘ta muhim hodisa edi. Jumladan, Turkiyaning Istanbul universitetida sotsiologiya yo‘nalishida o‘qib qaytgan Shohid Eson Musayevning “Abdushahid Eson” imzosi bilan yozgan “Biz va maorif” maqolasi keltirilgan. Unda mamlakat va jamiyat taraqqiyotida maorif masalasining naqadar muhim ekanligiga to‘xtalib, “Eng issiq, qizg‘in va qumli bir cho‘lda tirikchilik qiladirg‘on kishiga suv, salqin havo qancha kerakli bo‘lsa, bu kungi millatlar orasida yashayturg‘on qavmlar uchun maktab va maorif ham shunchalik kerakdir. Asrimiz hayot yo‘li ustinda yuksak, yorqin, qator tog‘lar, keng va quturgan dengizlar yaratdi. Bizga o‘xshash zaif qavmlar – na bu tog‘lardan o‘ta oladir, na u dengizlardan oshub murod sohiliga yeta oladur. Balki, bir bechora yaproq va yo somon cho‘pidek qattiq va og‘ir to‘lqunlarning zabun va asiri bo‘lib qoladur. Qo‘shnilarimiz ko‘kda qushlar singari uchub yurmoq unlar uchun eng kichkina bir ish bo‘lib qoldi... Biz esak o‘z dankasaligimizdan safolat va miskinat balchig‘iga botib qoldiq. Emdi yiqilgan yerimizdan turmoqqa tanamizda kuch qolgan emas. Asrlardan beri ko‘klarimiz quyoshsiz va yulduzsiz qoldi. Qalin bir qorong‘uliq ichida yo‘limizdan adashdik. Har qadamimizda boshimiz qattiq bir toshga tegdi. Kunduzlarimiz qorong‘u kechlarga aylandi. Bir zamonlar bashariyatning yo‘lboshchisi va rahbari edik. Butun dunyo bizning yoqqan mash’alalarimizdan yorug‘liq olar edi. Bu kun esa bashariyatning falaj bo‘lib qolgan bir qo‘limiz...

 

(“Haqiqat” jurnali)

 

Hayhot! Bu sharaf va saodatdan ham ko‘p uzoqdamiz. Masalan, shu vaqtgacha ham maktab va maorifga hurkaklik va shubha bilan boqmoqdamiz. Bunlar – ma’naviyat hissiyotimizni buzaturg‘on narsalardir, deb xayol qilamiz. Bizning qanoatimizga qaraganda o‘rganmoq bilan insonning iymoni zaiflashmas va inson dinsizlikka tushmas...

 

Emdi bizning maorif tashkilotining asoslari haqida o‘ylaganlarimizni qisqacha so‘zlab o‘tmoqchimiz. Bizda G‘arb usuli bilan ochilmoqqa boshlagan yangi maktablar bilan eskidan beri davom qilib kelgan madrasalar bordir. Maktablar ovrupoga, madrasalarimiz moziyimizga ochilgan biror tuynuk va yo darichalarimizdir. Demakki, maktablar tashkilot va matuviyot e’tibori ila ko‘proq xorijiydur. Tarix va an’analarimizga bir oz yovvoyi ko‘rinadur. Bu sababdan shaxsiyatimizga eng lozim bichimni bermakdan ojiz qolsa kerakdir. Bir mintaqaning o‘t va yo og‘ochlari boshqa mintaqada ko‘karolmaganidek, ma’shari vijdonla munosabati bo‘lmagan, yangi taomillar ham ko‘pincha yashamas. Bu taomillar yashasa ham taqlid mahsulidir. Taqlid esa taraqqiydan uzoq va uning ziddidir. Bir qadam ilgari ketolmaslik demakdir. Taraqqiy va takomil degan narsa moziyga suyanmoq, tarixiy poyalarni bosib yuqorilamoq bilan bo‘lur. Poyalarga iltifot qilmasdan yuqoriga sakragan kishilar avvalgi yerlariga qaytib tushmakda kechikmaganlar...

 

Dunyoda har bir kishi uchun shuur va hofiza qancha kerak bo‘lsa, bir millat uchun ham moziy va tarix shuncha kerakdir. O‘z moziysidan yuz o‘girgan bir millat bilan aql va hofizasiga alvido degan bir kishi orasida hech bir farq yo‘qdir. Chunki aql va yo moziy demak – tajriba demakdir...

 

Emdi madrasalarimizga kelaylik, bu muassasamiz tarixning eng uzoq, hayotdan aloqasin uzgan jonsiz bir muassasadir... Bizim hayoti ma’naviyamizni na yolg‘uz G‘arbdan kelgan, na da yolg‘uz Sharqdan kelgan ziyo yorug‘lata olur. Balki, har ikkisining birlashmog‘i bilan hosil bo‘lgan bir nur yorug‘lata olur deb o‘ylaymiz. Bizning haqiqiy mutafakkir va murshidlarimiz maktab va madrasaning birlashuvidan tug‘sa kerakdir. Shu muhim nuqta ham unutilmasunkim, bizning bu mutolaalarimiz madaniyat  bilan aloqador ulumi ma’naviya madrasalariga oiddir. Yo‘qsa madaniyatga mutaalluq ulumi masbita va moddiya madrasalari mavzui bahs emasdir...” (“Haqiqat”. 1922-yil 10-avgust. 1-son. 4-6 betlar) deb xulosa qiladi. Albatta, maqolada keltirilgan misollar qanchalik ilmiy bo‘lsa, qayd etilgan tavsiyalar ham oradan yuz yil o‘tganligiga qaramasdan o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. Shuningdek, jurnalning keyingi sonida ham Shahid Esonning “Tarbiya” nomli maqolasi chop etilgan. Bu maqola esa jamiyat hayotida tarbiyaning o‘rnini tushuntirishga bag‘ishlangan. Jumladan, “Nabi muhtaram hazratlari: “Hammangiz cho‘ponsiz, hammangiz podalaringizdan mas’ulsiz” demak ila g‘oyat keng bir tarzda tarbiya asosini o‘n to‘rt asr burun qurgandirlar deb bo‘ladir. Demakki, bir-birimizning tarbiyalarimizga aloqador, bir-birimizning tarz harakatimizning jamiyat a’moliga umumiy vijdonga to‘g‘rilab ishlamakka chaqirilganmiz. Bu nuqtada mutafakkirlarga ehtiyoj bordir. Murabbiy va muallimlar ersa mutafakkirlarning ko‘rsatgan yo‘llaridan yurmoqqa majburdirlar. Shundoq bo‘lganda umumiy va nazariy qismni mutafakkirlarga, tadbiq jihati ersa murabbiy va muallimlarga qolur. Muallim va murabbiylarni bir qo‘shinga o‘xshatsak, mutafakkirlarni ham bu qo‘shinning qo‘mondonlariga o‘xshata olamiz. Qo‘shinning qo‘mondonga ehtiyoji qanday bo‘lsa, murabbiylarning ham mutafakkirlarga ehtiyoji shunchalikdir. Qo‘shun fardlari harbiy qo‘zg‘olishni boshqarolmaganidek, har bir murabbiy va muallim ham tarbiya va fikr ishlarini tamomi bilan idora qila olmas. Negakim, tarbiya mas’alasi ijtimoiy va ruhiy mas’aladir. Binoalayh ko‘p keng va qorishiqdir. Bu yo‘lda ahliyat va mahorat egasi bo‘lmoq uchun uzun zamon tirishmak lozimdir.

 

Bu kun madaniy mamlakatlarning har birisida tarbiya to‘g‘risida hisobsiz ko‘p kitob va majmualar yozilmoqda va nashr etilmakda. Ulug‘ mutafakkir olimlar ish boshida o‘ltirib yurt va ellarida foydalik yo‘llarini ko‘rsatmoqdadirlar. So‘zni biz Turkiston turklari ustiga ko‘chirilganida ersa tarbiyaviy haraktlarimizda rahbarlik qila oladirgan na bir mutafakkir va na bu yo‘lda yozilgan bir asar bor. Shuning ila barobar biz bugun tirikligimiz va yashashimizning o‘zgarishi to‘g‘risida ehtiyojlarimizni seza boshladik. Ushbu yangi hayot yo‘lida bizga yordam qiladirgan rahbarlikka ehtiyojimiz ulug‘dur. Ajabo, bizga chin mutafakkirlik qaysi yo‘sinda va qaysi muassasalardan yetishur. Bu kungi muhim ishlarimizdan bittasi ushbuni hal qilmoqdir. Islohotning samarali bo‘lishi, bo‘lmasligi ham bu to‘g‘rida berilaturg‘on qarorga bog‘liqdur.

 

Tarbiya nimadir? Tarbiya demak – odob-mutavoze’, nazokatlik, zarif kishi demakmidir? Tarbiya bashariyat bilan barobar tug‘ulgandir, bashariyat barobarida eskidir. Eng ibtidoiy bir qavmdan boshlab to madaniysigacha – hammasida ham tarbiya ishi mavjuddir. Eskimolarning hayoti ham bu fikrni isbot etar. Ovlangan baliq bir dona bo‘lsa ham butun mag‘ora ahli barobar yerlar. Holbuki, yozda o‘z otalariga ham qaramay keksa boshliqlari ko‘pincha ochliqdan o‘lurlar.

 

Aflotun “Yaxshi tarbiya bir vujud va ruh e’tibori ila insonning takomiliga qancha iste’dodi bor ersa, shuncha tugallashtiraturgan narsadir”, deydi. “Tugallashtiradurgan” yoki mukammallashtiradurgan narsa nima degan so‘zdir? Vujudda mukammallashmakni vujudning tomligi desak ham, ruhning mukammalligi nima degan so‘zdir? So‘ngra mukammallashtiradirgan ta’sirga tarbiya deb, mukammallashtirmaydirgan ta’sirga tarbiya demaydir. Binoalayh, bu ta’rif ilmiy emasdir. Ilman mukammallik bergan ham, nuqsonlik bergan ta’sirlarning ikkisi ham tarbiyadir. Tarbiya doimo mukammal bo‘lmay nuqsonlik ham bo‘lur, yaxshisi bo‘lganidek yomoni ham bo‘lur.

 

Chicherin “Tarbiya bolaning mukammal inson bo‘lishiga xizmat qiladirgan qoidalarning hay’at majmuasidir”, deydi. Bu ham yetarlik ta’rif emas. “Mukammal inson” nima degan gap? Har kim o‘zining sifati, maslagi, mavqeiga qarab mukammal insonni boshqacha anglaydir. Masalan, hammolning o‘ylashicha eng mukammal inson botmon yuk ko‘taruvchi kishidir.

 

Shteyn “Tarbiya malakalarni tekis va ohangdor bir sur’atda o‘stirmoqdir”, deydi. Holbuki, tarbiya malakalarning ohang va tekisligi bilan emas, balki ohangsiz va tekis bo‘lmaganligidan bo‘lur. Bir musiqiyshunos maslagida muvofiq bo‘lmoq uchun eshitish malakasini qutlantirib, boshqa malakalarini zaif qoldirar. Demak, ohangsizlik hosil bo‘ladi. Shunga o‘xshash bir rassomning ham ko‘rish malakasi kuchlanib, boshqa malakalari ila tekissizlik va ohang qolmas. Bu hollar musiqiy va yo rasm tarbiyasi olmoq uchun majburiydir. Bu misollardan anglashiladirkim, tarbiya uchun tekissizlik, ohangsizlik birinchi shartdir. Eng yuqoridagi ta’riflarning uchtasini birdan o‘ylasak, diqqat bilan tekshirsak, har uchtasi uchun shu mulohaza, shu vasflar bordir. Bu ta’riflarning uchchovi ham musbat amallarning usullariga muvofiq emas. Ya’ni, joriy bo‘lib turgan hayotdagi tarbiyani tanitmaydir. Balki, mualliflarning o‘z fikr va tasovvurlaridagi xayoliy tarbiyani ko‘rsatadir. Alhosil, bu ta’riflar tarbiya qanday narsadir, deb emas, qanday narsa bo‘lishi kerak, deb boshlangandir. Yana har uch ta’rifda ham mukammallik va yo ohanglik ta’birlari ila birdek va bir xil tarbiya qabul qilinibdir. Bu tarbiyani qaysi muhit, qaysi jamiyatda bo‘lsa ham butun insonlarga tadbiqi mumkindir va insonlarda ham bu nav’ va bir xil tabiat va qobiliyat bordir. Insondagi bu tabiat avsof va qobiliyatini yolg‘uz ta’sir va tarbiya maydonga chiqarur. Ya’ni, bolaning moddiyat va ma’naviy uzviyatida azalda birlashtirilib, bu kungacha yoshirin bir holda turgan qudratlarni yuzaga chiqarur derlar. Bundan shu natija chiqodur. Tarbiya tabiiy, fitriy iste’dodga o‘zidan hech bir narsa qo‘sha olmas, yangi hech bir narsa ham yarata olmas. Yolg‘uz ul fitriy qobiliyatlarni yo‘qolmasligiga, axloqi rangini o‘zgarmasligiga xizmat qilar deyishdir. Shundoq bo‘lgandan keyin zamon, makon, jamiyat ila tarbiyaning aloqasi yo‘q deyishdir. Ya’ni, tarbiya har vaqt va har yerda birdir, o‘zgarmas, tahul etmas degan so‘zdir. Modomiki insonning taraqqiy va takomilining moyasi o‘z fitriy qobiliyatlaridir. Bu malakaning tabiat va qonuni o‘rganilsa uni inkishof etdirmak yo‘li ham kashf etildi demakdir. Insonning fardi tabiati ma’naviyasini ersa ilmi ruh tekshiradir. Binoalayh, butun tarbiya mas’alalarida ilmi ruhiyaga murojaat qilmoq kifoyadir degan so‘z chiqar. Holbuki hech bir zamon hech bir yerda butun insonlarga qobili tadbiq bir tarbiyani tadqiqot va tajribalar shu vaqtgacha ko‘rsatmadi. Har bir qavmning tarbiyasi boshqadir. Dunyoda qancha qavm bo‘lsa shuncha tarbiya ham bordir. Birining hissiyoti ikkinchisiga o‘xshamas. Musulmonlar sallaga, xristianlar shapkaga hurmat etganidek, ikki mazhab, ikki qabila, xos ila avom oralaridagi tarbiya farqlarini doimo ko‘rib turamiz.

 

Hech qaysimiz tug‘ulgan vaqtimizda bir axloq, bir badiiy his keltirgan emasmiz. Bularning hammasini muhitimizdan, jamiyatimizdan olgandirmiz. Jamiyatimizning to‘g‘ri deganini to‘g‘ri, egri deganini egri, ko‘hlik (chiroyli) deganini ko‘hlik deb ketganmiz. Shubha yo‘qki va bu jamiyatning ichida tug‘ilmasdan boshqa bir jamiyat ichida dunyoga kelgan bo‘lsa edik, albatta, ularning tarbiyalariga o‘rganar, ularning tamoyillarini qabul qilar edik. Bu kunda ko‘rib turgan odatlarimiz, urflarimiz, axloqi hayotimiz, xulosa tarbiyamiz biz tug‘ulmasdan burun ham bizning jamiyatda bor edi. Biz uni muhitning tasiri, tarbiyasi bilan so‘ngra olg‘onmiz. Mana shu hollarning bizdan burun bor bo‘lg‘onlig‘i bizning fitratimizning, bizning xalqimizning mahsuli va asari emasligini ko‘rsatmasmi?

 

Agar tarbiyamiz Aflotun, Shteyn va Chicherinning deganlaridek fitriy qobiliyatimizning mahsuli bo‘lsa edi, ishtaha, mayl, g‘azab, xavf va uyqumiz o‘xshash, urf-odat, axloq va boshqalar hayotimiz ham o‘z-o‘zidan hosil bo‘lar edi. Holbuki bu hissiyot bizda muhitning ta’siri ila, tarbiya ila hosil bo‘lur. Savqitabiiylarimizga hech o‘xshamas. Shu mulohazalarimizni tarbiyaning manba e’tibori ila ijtimoiy bir kayfiyat bo‘lib, ammo fardiy bir hodisa emasligiga inontiradir (bitmadi)” (Shohid Eson. Tarbiya. Haqiqat, 1922-yil. 2-son. 8–11 betlar). Albatta, maqoladagi fikr tugallanmagan. Ammo shu qismidan ham muallifning tarbiyaning mohiyatini qanchalik chuqur anglaganini va jahonning eng taniqli olimlari fikrlariga nisbatan tanqidiy bahosini sezish mumkin.

 

“Al Isloh”, “Al Izoh” jurnallari XX asr boshlaridagi milliy jurnalistikamiz tarixida muayyan iz qoldirdi. “Izhor ul Haq” esa o‘zining dadilligi, da’vatkorligi bilan milliy jadid matbuotini haqiqiy ma’noda yana bir pog‘ona yuksaklikka ko‘tardi. Maqolalarning ruhiyatidan jurnalni Turkistonning haqiqiy taraqqiyparvar ulamolari nashri afkori deyishimiz mumkin. Shu o‘rinda jurnalning “Islom olami, Qofqos” rukni ostidagi xabarlarida Turkiya hukumatining mustaqil Qofqos hukumatini tan olib, uning poytaxti Tiflis shahriga elchi yuborishiga sovet hukumatining qarshilik ko‘rsatishiga noroziligini, sho‘ro matbuoti o‘z mustaqilligini e’lon qilgan Boshqird hukumatining Bolshevik hukumatini tan olganligi haqidagi yolg‘on axborotlarni tarqatayotganligiga nafratini ma’lum qiladi. Shuningdek, Rossiya musulmonlari Markaziy sho‘rosining tashabbusi bilan bolsheviklar hukumati Petrog‘roddog‘i Hazrati Usmon raziAllohu anhuning mus’hafi shariflarini musulmonlar qo‘lig‘a tobshirilmog‘iga ruxsat berg‘oni va 18-yanvarda Petrog‘rod musulmon askarlaridin va boshqa kishilardin iborat maxsus hay’at mazkur mus’hafni “Ufa” shahriga kelturub “diniya nazorati”ga topshirganini yozadi. Jurnal idorasi mazkur mus’haf avvalda Samarqand shahrida saqlanub, chor hukumatining zamonasida ozgina oqchag‘a sotib olinub, Petrog‘rodg‘a intiqol qilingan edi. Modomiki musulmonlarning qo‘liga berilur ekan, Samarqandga – o‘z joyiga qo‘yilmog‘i lozim edi. Hozirda Samarqandda mazkur mus’hafga maxsus toshdin yasolgan lavh bordir, deb munosabat bildiradi. Rossiya hukumatining Arzirumdagi mag‘lubiyatidan Turkiya muvaffaqiyatdan iftixor qiladi. “Haqiqat” jurnali aynan sovetlar hukmronligi sharoitida ish ko‘rishiga qaramay jamiyatda din va milliy tarbiya masalasini o‘ta hassoslik bilan ko‘tara oladi. Albatta, bu jurnallar va ularda chop etilgan maqolalarda ilgari surilgan fikrlar bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas.

 

Bahrom IRZAYEV

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19946
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17588
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//