Nega hozirgacha O‘zbekistonning milliy tarixi yaratilmadi? – professor bilan suhbat


Saqlash
16:06 / 22.06.2023 1548 0

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti yetakchi ilmiy xodimi, professor Qahramon RAJABOV bilan suhbat.

 

– Qahramon aka, avvalo, milliy tarix xususida gaplashsak. Yaqin-yaqingacha oliy va o‘rta ta’lim tizimida milliy tarixni o‘qitish yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning muhim tarkibiy qismi hisoblangan. Ammo oxirgi o‘nyilliklarda jahon tarix ilmida qarashlar o‘zgarmoqda. Rasmana milliy tarix yozilishi, ilmiy tilda aytganda, kodifikatsiya qilinishi tarixning soxtalashtirilishi, noxolis o‘qitilishiga olib keladi, degan fikrlar aytilmoqda. Akademik ilm vakillari soha bo‘yicha muayyan qolipdagi darsliklar yozilishiga qarshi chiqayotgan bir paytda boshqa bir guruh ziyolilar milliy tarixni o‘qitmaslik salbiy oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirmoqda. Bu ikki nuqtai nazarni o‘zaro kelishtirish mumkinmi?

 

– Men ham suhbatimizni ayrim savollar bilan boshlamoqchiman: nega hozirgacha ko‘p jildli akademik fundamental nashr – O‘zbekistonning milliy tarixi yaratilmadi? Eng qadimgi davrlardan to bugungacha bo‘lgan yaxlit tariximiz nega yagona konsepsiya asosida yozilmayapti? Bunga qanday obyektiv yoki subyektiv omillar to‘sqinlik qilmoqda? Ushbu savollarga javob izlash asnosida siz o‘rtaga tashlagan masalalar ham oydinlashadi, degan umiddaman.

 

Fikrimcha, milliy tarixni yaratmoqqa bel bog‘lagan olim o‘sha millatga mansub bo‘lishi; uning aql-idroki, ilmiy va tarixiy qarashlari to‘liq u yashayotgan mamlakat va xalq manfaatlariga xizmat qilishi kerak. Yoshligidan ovrupocha tarbiyalangan va bilim olgan, ona tilini unutib “katta og‘a” lisoniga o‘tib ketgan olim qanday qilib milliy tarixni bitsin?! Axir, uning fikrlash tarzi, tarixga qarashlari va falsafasi, qo‘yingki, butun zehniyati, mentaliteti xalqimiz intilishlari va manfaatlaridan farq qiladi-ku!..

 

Tarixchilar O‘zbekistonning milliy g‘oya bilan sug‘orilgan tarixini yaratdi ham deylik. Ammo bu kitob qo‘lyozmasi muhokamalar tegirmonidan omon chiqmog‘i, beadoq to‘siqlarni oshib o‘tmog‘i lozim bo‘ladi. Bunga mualliflarning umri yetarmikan deng?!

 

Sir emas, o‘zbek xalqining kelib chiqishi, uning shakllanishi borasida tarixchi va antropologlar o‘rtasida turlicha qarashlar mavjud. Jahonda tan olingan olimlarimizdan akademik Ahmadali Asqarovning “O‘zbek xalqining kelib chiqishi” monografiyasi to‘qqiz marta muhokama qilingan. Ularning deyarli barchasida taqrizchilardan biri o‘laroq kamina ham qatnashganman. Adashmasam, muhokamalarning oxirgisi Sharqshunoslik institutida bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda maxsus tayyorlangan “ekspert”lar shoyini bo‘z deya ko‘rsatmoqqa zo‘r berishdi, asarning qiymatini atayin yerga urishdi. Biroq insofli olimlarning qo‘llovi bilan qo‘lyozma nashrga tavsiya etildi. Kitob 2015-yili “O‘zbekiston” nashriyotida atigi 1000 nusxada chop etildi. Tadqiqot davlatimizning yangi rahbari nazariga tushdi. O‘zbek va rus tillarida qayta chop etildi, taqdimotlar o‘tkazildi. Buni qarangki, asarning chop etilishiga tish-tirnog‘i bilan qarshilik ko‘rsatgan janobning o‘zi, vaziyat o‘zgargach, taqdimotda tashabbusni o‘z qo‘liga oldi...

 

Tarix ilmi “hasbi holi”ga doir bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Siz aytayotgan milliy tarix masalasiga kelsak, ikki nuqtai nazarni ta’kidlamoqchiman.

 

Birinchidan, “milliy tarixning kodifikatsiya qilinishi tarixning soxtalashtirilishi, noxolis o‘qitilishiga olib keladi” degan qarashga aslo qo‘shilmayman. “Akademik soha vakillari muayyan qolipdagi darsliklar yozilishiga qarshi chiqishi” borasidagi fikr ham to‘g‘ri emas. Akademiya olimlari barcha darsliklarni emas, balki mazmuni sayoz, qurama-qo‘lbola usulda – turli kitoblardan ko‘chirish orqali yasalgan, o‘quvchini quruq yodlashga o‘rgatadigan havaskorona qoralamalarni yoqlamaydi. Qayd etish joizki, darslik yozish tartibi, mazmun-mundarijaning o‘quv dasturiga mos kelishi, mualliflar jamoasi; muhokama, nashrga tavsiya va chop qilish bilan bog‘liq butun jarayon Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda ularga qarashli turli metodik markazlar tasarrufidadir. Shaxsan men so‘nggi 20 yildan ortiq vaqt mobaynida oliy ta’lim va maktab uchun yozilgan talay darsliklarga mualliflik, hammualliflik qildim. 2017-yildan 10-sinf o‘quvchilariga sovet davri tarixiga oid biz tayyorlagan “O‘zbekiston tarixi (1917–1991)” darsligi o‘qitilmoqda.

 

Ikkinchidan, yurtimizda so‘nggi yillarda yozilgan kitob-u darsliklarda o‘tmish soxtalashtirilganiga guvoh bo‘lmadim. Sidqidildan faoliyat yuritib kelayotgan fidoyi olimlarimiz shaxsiyatiga tegadigan bunday noravo gaplar qayerdan paydo bo‘lgani ham menga qorong‘i. Biroq qo‘shni davlatlarda chop etilayotgan shu xil nashrlarda egamen xalq o‘tmishi ulug‘lanayotgani va ideallashtirilayotganidan xabarim bor. Ularda turkiy xalqlarning XX asr birinchi choragigacha bo‘lgan mushtarak tarixi buzib ko‘rsatilmoqda. Xususan, mintaqada eng katta nufuz va nufusga ega o‘zbek xalqining o‘tmishi soxtalashtirilmoqda. Bunday shovinistik, millatchilik hollarining bizda uchramayotgani xalqimiz zehniyatida asrlar davomida shakllangan bag‘rikenglik, ochiqlik, o‘zgalar fikriga hurmat fazilatlari bilan izohlansa ajab emas.

 

Xonasi kelganda aytay, bugun oliy ta’lim tizimidagi ayrim mas’ullar nomutaxassis oliy o‘quv yurtlarida “O‘zbekiston tarixi” fani o‘qitilishiga ro‘yxushlik bermayotir. Negadir ushbu fanga ajratilgan o‘quv soatlari yil sayin qisqartirilmoqda. Nazarimda, muammoning bu kabi jihatlari ham alohida tadqiq-taftish etilmog‘i lozim.

 

– O‘tgan asrning 20-yillaridan 40-yillariga qadar O‘zbekiston SSRda tarixga yondashuv, ramziy tarixiy kapitalni (shaxslar, sulolalar) tanlash yuzasidan qizg‘in bahslar kechgan edi. Bu borada olimlar Aleksandr Semyonov va Aleksandr Yakubovskiy konsepsiyalari o‘rtasidagi kurashni qayd etish joiz. Klassik rus sharqshunoslik maktabi vakili bo‘lgan A.Semyonov O‘rta Osiyoda eroniy sivilizatsiya izlariga alohida e’tibor qaratar, o‘zbeklar tarixi XV asrdan boshlanadi deb hisoblar edi. Bu nuqtai nazar ko‘plab mahalliy olimlarga hamda titul millat ziyolilari bilan, azbaroyi siyosat, hisoblashish kerakligini anglagan rus tarixchilariga ham xush kelmaydi. A.Yakubovskiy esa o‘zbek millati Dashti Qipchoq (Shayboniyxon) o‘zbeklari bilan bog‘lanmaydi, ularning etnogenezi juda uzoq o‘tmishga borib taqaladi deb ta’kidlaydi. Sho‘ro tarixchiligida qabul qilingan ushbu qarash bugun ham hukmron.

 

Mustaqillik yillarida tarixni qayta ko‘rib chiqish borasida da’vatlar yangradi-yu, nazarimda, jiddiy o‘zgarishlar bo‘lmagandek. Eskicha yondashuv saqlab qolindi. Amir Temurga nisbatan munosabat o‘zgarib, SSSR davriga qayta baho berildi, xolos. Milliy tarixning umumiy strukturasi, asosiy yondashuvlar, milliy qahramonlar, ramz-u timsollar deyarli o‘zgarmadi. Nega Chingizxon va Shayboniyxonga biryoqlama baho berish, xonlik davrini nuqul qora bo‘yoqda tasvirlash, moziyni xalq qo‘zg‘olonlari-yu ozodlik kurashlaridan iborat deya talqin etish kabi sovet davri paradigmalaridan dadil voz kechilmadi? Qolaversa, nega O‘zbekiston tarixi yangi antropologik va tarixiy nazariyalar asosida yozilmayapti?

 

– Ko‘p qatlamli va tagma’noli savolingizning ikkinchi qismiga qo‘shila olmayman. Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda tarix fani metodologiyasida jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. KPSS va SSSR tarixi bilan shug‘ullangan olimlar (ular tarixchilarning 9095 foizini tashkil qilgan!) dastlab dovdirab qolgani rost. Kommunistik mafkura hukmron mavqe kasb etgan, markscha-lenincha metodologiya, sinfiy kurash haqidagi nazariy ta’limotlar ustuvor bo‘lgan jamiyatda ularning oshig‘i olchi edi-da. Ana shunday murakkab, ziddiyatli sharoit – XX asrning 90-yillari boshlarida O‘zbekistonda milliy tarix maktabini yaratish yo‘lida ilk qadamlar tashlandi.

 

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti (bu davrda institutga Ra’no Rajapova hamda Ahmadali Asqarov rahbarlik qilgan) tomonidan o‘zbek tarixchilarining istiqlol mafkurasi bilan qurollangan yangi avlodini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi. Mustaqillik yillarida nafaqat Amir Temur, balki o‘tmishdagi barcha o‘zbek hukmdorlari, davlat arboblari, islom dini ulamolari, tasavvuf va adabiyot namoyandalariga nisbatan bo‘lgan noxolis munosabatga barham berildi. Ahli siyosatning qosh-qovog‘iga qaraldimi, istiqlolning dastlabki o‘nyilliklarida Turk xoqonligi, Xunnlar davlati, shayboniylar sulolasi, Turkiston legioni (Turkiston milliy o‘rdusi), Attila, Muhammad Shayboniyxon, Ubaydullaxon, Abdullaxon, Sharof Rashidov singari tarixiy shaxslar haqidagi salbiy qarashlarni o‘zgartirmoqqa jur’at qilinmadi. Bu boradagi metodologik kamchiliklar va yanglish nuqtai nazarlar asta-sekin tuzatilmoqda.

 

“Milliy tarixning umumiy strukturasi, asosiy yondashuvlar, milliy qahramonlar o‘zgarmadi” degan fikringizni to‘g‘ri deya olmayman. Biroq ba’zi mulohazalaringizda jon bor. Inchunin, sovet davri paradigmalaridan to‘liq voz kechilmaganini rad etib bo‘lmas. Buning asosiy sababi shuki, so‘nggi o‘n yillarda O‘zbekistonda akademiya faoliyati, ilm-fan tizimi e’tibordan xiyla chetda qoldi. Olim-u ziyolilar, ta’bir joiz bo‘lsa, ko‘chaga chiqarib qo‘yildi. Korrupsiya va poraxo‘rlik taraqqiyotga tushov bo‘ldi. Iqtisodiyotda ham ahvol achinarli: katta-katta zavod-fabrikalar yopildi, ularning bino-yu dov-dastgohi “xususiylashtirish” yorlig‘i ostida korchalonlar amlokiga aylandi. Muhtasham imoratlar qurishga zo‘r berdig-u, aholining turish-turmushini unutib qo‘ydik. Ko‘psonli yurtdoshlarimiz ish qidirib yaqin-yiroq o‘lkalarga yo‘l oldi. Boshqa soha vakillari kabi ayrim tarixchi olimlar ham ro‘zg‘or tebratish uchun sevimli mashg‘ulotidan voz kechib, o‘zini bozorga urdi yoki muhojirotda mardikorlik qilishga majbur bo‘ldi...

 

Sovet Ittifoqi parchalangach, mustaqil bo‘lgan aksar davlatlarda milliy tarixga munosabat tubdan o‘zgardi, akademik adabiyotlar chop etildi. So‘nggi yillarda 5 jildli “Qozog‘iston tarixi” qozoq va rus tillarida, 6 jildli “Ozarboyjon tarixi” ozarcha chop etilganidan xabarim bor. Iqtisodiy jihatdan bizdan nochorroq Tojikistonda ham 5 jildli “Tojikiston tarixi” rus tilida bosib chiqarildi. Hatto Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Tatariston Respublikasida 7 jildli “Tatar tarixi” tatar, rus, ingliz tillarida chop etildi. Ko‘p jildlikning turkcha, arabcha, xitoycha tarjimalari ham nashrga tayyorlanmoqda ekan. Latviya, Ukraina, Belarus, Gruziya, Qirg‘iziston kabi mamlakatlarda ham milliy ruh bilan sug‘orilgan tarix kitoblari dunyo yuzini ko‘rdi.

 

Yurtimizda so‘nggi 30 yilda bu sohada amalga oshirilgan ishlarni ham bir sarhisob qilsak. Qo‘shni davlatlar orasida aynan bizda birinchi marta 1993-1994-yillarda kommunistik mafkuradan xoli bo‘lgan, milliy qadriyatlar bilan sug‘orilgan, 5–9-sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan “O‘zbekiston tarixi” darsliklari avval o‘zbek va rus tillarida; so‘ngra qozoq, qirg‘iz, turkman, tojik, qoraqalpoq tillarida nashr qilindi.

 

2019-yilda “O‘zbekiston” nashriyotida 2 jildli “O‘zbekiston tarixi (1917–1991)” akademik nashri 1000 (ming!) nusxada chop etildi. 34 million nufusli xalq uchun bu juda kam emasmi?! Nahotki, shunday fundamental kitoblarni ko‘proq adadda chop etish uchun mablag‘ topilmasa? Qay bir mashhur sportchining arzanda maykasini kimoshdi savdosida falon ming dollarga sotib olyapmiz-ku...

 

Shu zalvorli ilmiy tadqiqotning mualliflaridan biri va mas’ul muharriri sifatida ta’kidlab o‘tishim joizki, uni tayyorlash va chop etishga 30 dan ortiq muallif jalb qilindi, salkam 10 yil vaqt ketdi. Ikki jildlikda O‘zbekistonning sovet yillaridagi tarixi butun murakkablik va ziddiyatlari bilan ko‘rsatildi. Kam adadda chop etilgan kitob bir oy ichida sotilib ketdi. O‘zimizda va xorijda uni izlab yurganlar qancha! Ammo kitobni qayta chop etish to‘g‘risida ko‘p marta taklif aytilgan esa-da, hozircha murod hosil bo‘lmadi.

 

Men faoliyat yuritayotgan Fanlar akademiyasi Tarix instituti rahbariyati 2021-yildan 10 jildli “O‘zbekiston tarixi”ni yaratish boshlanganini e’lon qildi. Aslida, ko‘p jildlik bo‘yicha ishlar men aspiranturaga kirgan 1989-yilda ham qizg‘in kechayotgan, o‘sha kezlar ilmiy jamoa oldiga 6 yoki 8 jildlik yaratish vazifasi qo‘yilgan edi. Akademiya institutlari joriy yildan to‘liq davlat byudjeti hisobiga o‘tkazilgani, olimlar maoshi oshirilgani e’tiborga olinsa, milliy istiqlol g‘oyalariga yo‘g‘rilgan ko‘p jildlik yaqin o‘n yillarda dunyo yuzini ko‘rishiga umid qilsa bo‘ladi.

 

Sovet davrida tarix kommunistlar belgilab bergan ko‘rsatmalar asosida yozilgani ma’lum. (Moskvada 1938-yili Iosif Stalin mas’ul muharrirligida birinchi marta rus tilida chop etilgan “VKP(b) tarixi. Qisqacha kurs” kitobini eslaylik!) Afsuski, bugun ham hur fikrga tob-toqati yo‘q, mahdud qarashli arboblar uchrab turadi. Shunday toifaga qarata “Baraka topkurlar, tarixchilarni o‘z holiga qo‘ying. Oyoqdan chalish o‘rniga andak moddiy ko‘mak bering, fikriy erkinlikni hurmat qiling! Yordam ko‘rsatish qo‘lingizdan kelmasa, jillaqursa, ishga xalal bermang!” degim keladi. Arxivlardagi “Mutlaqo maxfiy” tamg‘ali hujjatlarni o‘rganishga ruxsat berilsami, o‘n yillar davomida g‘aladonda chang bosib yotgan ayrim qo‘lyozmalar nashr qilinsami!..

 

Shu o‘rinda AQSh davlat kotibi Henri Kissenjerning quyidagi fikri yodimga tushdi: “Amerikaning doimiy do‘stlari va dushmanlari yo‘q, balki milliy manfaatlari bor. Men ana shu manfaatlar yo‘lida kamarbastaman!”

 

– Sovet davrida “bosmachilik harakati” degan yorliq yopishtirilgan qurolli kurash harakati zamonaviy tarixchilikda “istiqlolchilik” deb atalmoqda. Mazkur atama qabul qilinishida sizning ham xizmatingiz katta. Qarshilik harakatiga qayta baho berilgani yaxshi, albatta. Lekin bir noxolis qarashdan voz kechib, ikkinchi noxolis qarashga yo‘l ochib bermadikmikan? Ushbu harakat ishtirokchilari orasida maqsad-mo‘ljali har xil bo‘lgan guruhlar mavjud edi. Sirasi, ularning barchasi ham tom ma’noda istiqlolchi emas edi. Ular sidirg‘asiga istiqlolchi, vatanparvar deb atalsa, tarixiy haqiqat buzilmaydimi? Qolaversa, harakat vakillari o‘zini “bosmachi” yoki “istiqlolchi” emas, “mujohid” deb atagani ma’lum. O‘tmishdagi harbiy, siyosiy va mafkuraviy guruhlarning nomini o‘zgartirib ishlatish qay darajada to‘g‘ri? O‘zlari istifoda etgan nomni qoldirgan ma’qul emasmi?

 

– Atamalar haqida bahsga kirishuvdan oldin “lirik chekinish” qilsam. Men 1989-yil yozda Toshkent davlat universiteti tarix fakulteti KPSS tarixi bo‘limini (e’tibor bering-a, u kezlarda respublikada “O‘zbekiston tarixi” ixtisosligi bo‘yicha birorta mutaxassis tayyorlanmagan!) tugatgach, Fanlar akademiyasi Tarix institutiga bordim. Hujjatlarim bilan tanishgan institut direktori, tarix fanlari doktori Ra’no Rajapova aspiranturaga kirishni maslahat berdi. O‘sha yili aspiranturaga kirdim, Ra’no Yodgorovnaning o‘zi menga ilmiy rahbar bo‘ldi. 1995-yili “Farg‘ona vodiysidagi istiqlolchilik harakati: mohiyati va asosiy rivojlanish bosqichlari (1918–1924)” mavzusida nomzodlik, 2005-yili “Turkiston mintaqasida sovet rejimiga qarshi qurolli harakat (1918–1924)” mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini yoqladim. Yillar o‘tib, o‘zim shogirddan ustozga aylangach, bu murakkab mavzuning turli jihatlari yoritilgan dissertatsiyalarga rahbarlik qildim...

 

Ilmiy ishlarimizda Turkiston hududida, jumladan, Farg‘ona vodiysida Rossiya va SSSRning mustamlakachilik siyosatiga qarshi kechgan istiqlolchilik harakati sovet davrida soxtalashtirilgani, ushbu harakat aslida milliy mujodala kurashi ekanini asoslab berganmiz. Istiqlolchilik harakati bo‘sh bir zaminda paydo bo‘lib qolmadi, uning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, g‘oyaviy, diniy-ma’naviy, milliy ildizlari hamda mustahkam asoslari mavjud edi. O‘lka xalqlarining 50 yil davomida Rusiya imperiyasi zulmi ostida og‘ir turmush kechirgani, bolshevikcha rejim ushbu tartibotni yanada mustahkamlagani, Turkiston Muxtoriyati hukumatining qizil gvardiyachilar tomonidan 1918-yil fevral oyida tor-mor qilinishi bunda faqat bir turtki vazifasini o‘tagan, xolos. Istiqlolchilik harakati “bir hovuch bandit va bezorilar”ning qurolli xuruji bo‘lmay, o‘z sarchashmalari, jadid munavvarlari va ulamolardan iborat g‘oyaviy rahnamo-mafkurachilariga, qo‘rboshi va sardorlardan iborat yo‘lboshchilariga ega bo‘lgan muazzam harakat edi. Ushbu harakat mag‘lubiyatining talay jiddiy sabablari bor: qo‘rboshilar kurash jarayonida yaxlit birlik yarata olmadi; mujohidlar yetarli miqdorda zamonaviy qurol-yaroqqa ega emas edi; ocharchilikning dahshatli changali istiqlolchilar va aholi bo‘g‘zidan olib turgan bir davrda sovet Rossiyasi o‘z qo‘shiniga Markazdan g‘alla yuborib turardi; bolshevikcha rejim mahalliy millat vakillaridan bir qismini o‘z tomoniga og‘dirib olishga muvaffaq bo‘lgan edi; istiqlolchilarga xorijiy davlatlardan moddiy va harbiy yordam ko‘rsatilmagan edi. Istiqlolchilar ana shunday mushkul vaziyatda yolg‘iz holda, bosqinchi qo‘shinga qarshi 17 yil davomida hayot-mamot kurashini olib bordi.

 

Farg‘ona vodiysi, Samarqand viloyati, Buxoro va Xorazm respublikalarida qizil armiyaga qarshi kurashga otlangan ajdodlarimiz o‘zlarini hech qachon “bosmachi” yoki “qaroqchi” deb atamagan. Ularga bolshevizm maddohlari tomonidan taqilgan bu nom tarix sahifalarida muhrlanib qoldi. Afsuski, bunday nomaqbul atamalarga bugun ham duch kelamiz. Arxiv hujjatlarida ular istiqlolchilar, qo‘rboshilar, mujohidlar, fidoyilar, ozodlik kurashchilari, yigitlar kabi nomlar bilan tilga olingan. Biz ham o‘z tadqiqotlarimizda shu nomlarni qo‘llaganmiz. “Bosmachilik” o‘rniga “istiqlolchilik” istilohini ilk bor ilmiy iste’molga kiritganimiz rost. Bu atamalarning ilmiy jamoatchilik tomonidan e’tirof etilishida ustozim Ra’no Rajapovaning hissasi beqiyos bo‘ldi. Mendek g‘o‘r shogird va isyonkor aspirantga umrboqiy bir mavzuni o‘rganishni tavsiya qilgan, yaqindan ko‘mak ko‘rsatgan, o‘sha kezlar “tarix va siyosat” osmonida kalxatdek parvoz qilayotgan kimsalardan meni umrining oxirigacha himoya qilgan talabchan va bilimdon ustozim xotirasi oldida hamisha qarzdorman.

 

Boya qayd etganimdek, doktorlik dissertatsiyam ham Turkiston istiqlolchilari va qo‘rboshilariga bag‘ishlangan. Ammo ne ajabki, 20 yildan buyon monografiyani chop etadigan jur’atli noshir topilmayapti.

 

– Xabaringiz bor, uch yil oldin qardosh ozar o‘lkasida Ozarboyjon Demokratik Respublikasining yuz yilligi keng nishonlandi. Binobarin, u Ozarboyjon tarixidagi ilk demokratik davlat edi. O‘zbekiston zaminida ta’sis etilgan Turkiston Muxtoriyati ham, qisqa muddat yashagan bo‘lsa-da, milliy davlatchilikda muhim o‘rin tutadi. Lekin mamlakatimizda Turkiston Muxtoriyatiga nisbatan munosabat mavhum va ziddiyatli bo‘lib qolmoqda. Bir tomondan, ilmiy adabiyotlarda unga ijobiy baho berildi. Boshqa tomondan, muxtoriyat tarixini abadiylashtirish, jiddiy tadqiqot, ekspeditsiya, anjumanlar uyushtirish unutilgandek. Turkiston Muxtoriyatining 100 yilligi ham bir guruh ziyolilar tashabbusiga ko‘ra mo‘jaz anjuman tariqasida nishonlandi, rasmiy darajada tadbirlar o‘tkazilmadi...

 

– Meni ham ko‘pdan o‘ylantirib kelayotgan masaladan gap ochdingiz. Istiqlolchilik harakati va qo‘rboshilarga bo‘lgani kabi mintaqadagi dastlabki demokratik davlat – Turkiston Muxtoriyatiga nisbatan ham tushuniksiz munosabatni kuzatish mumkin. Mamlakatimizdagi ayrim siyosiy elita namoyandalariga milliy tuyg‘u, vatanparvarlik xususiyatlari begona emasmikan degan xayollarga boraman goho. Yaqin o‘tmishda shunday bir guruh mansabdorlar davlat rahbariga murojaat qilib, bundan 100 yil oldin “Hokimingga bormayman, mingboshingga yalinmayman” deb yozgan otashqalb ma’rifatparvar Hamza shaxsiyatiga tabu e’lon qilishdi. Toshkent va Farg‘onadagi ko‘plab maskanlardan shoir nomi o‘chirildi, uni qoralab maqolalar chop qilindi. Ko‘pchilik bu holatning asl sababini tushunishga ojiz qoldi.

 

Turkiston Muxtoriyatining (2017), istiqlolchilik harakati boshlanganining (2018), Xorazm va Buxoro Xalq Sovet Respublikalari tashkil topganining (2020) 100 yilligi kabi muhim tarixiy sanalar ham keng miqyosda nishonlanmadi.

 

Ozarboyjon Demokratik Respublikasining 1918–1920-yillardagi qisqa, biroq yorqin tarixi menga yaxshi tanish. Kamina 2018-yili Ganja shahrida tashkil etilgan xalqaro ilmiy anjumanda “Ozarboyjon Xalq Respublikasi va Turkiston Muxtoriyati – turkiy xalqlar davlatchiligi tarixida nodir hodisa” mavzusida ma’ruza qilganman. Turkiy tilli davlatlarda o‘tkaziladigan anjumanlarda men odatda o‘zbekchada gapiraman. Yassaviy va Navoiy tili butun turkiy dunyoda tushunarli va muloqot uchun qulaydir...

 

1918-yil fevralda Qo‘qon shahri qizil gvardiyachilar va arman dashnoq otryadlari tomonidan qonga botiriladi, uch kunda 10 ming nafar tinch aholi o‘ldiriladi. Qo‘qonda birgina Rus-Osiyo banki binosi omon qoladi. Mag‘lub mahalliy xalq bilan g‘olib sovet hokimiyati vakillari o‘rtasida sulh tuziladi. O‘n yillar davomida siyosatchilar va sovet tarixchilari Turkiston Muxtoriyati burjua-pomeshchiklar va boy feodallarning avtonomiyasi edi deya yolg‘on tashviqot yuritib keldi. Shu tariqa mahalliy aholi ongidan muxtoriyatning shonli tarixi haqidagi xotiralar o‘chirildi. Sovet davlati yemirilgach, hokimiyat tepasiga kelgan milliy siyosiy elita vakillari esa negadir bu masalaga e’tibor qaratishni ep ko‘rmadi. Sovet davri va kommunistik mafkuraning bunday tutumlari joni qattiq virus kabi hozirgacha yashab kelayotganiga nima deysiz?!

 

– Milliy tarix va millatchilik mavzusida ham mulohazalaringizni eshitsak. Milliy tarixga mahliyo bo‘lish, uni ideallashtirish millatchilikka olib boradi degan qarash mavjud. Bunday nuqtai nazar milliylik tushunchasiga nisbatan o‘gaylik, hatto nafratni yuzaga keltirmoqda. Panturkchilar va paneronchilar, millatparvarlar va milliylik muxoliflari... turli guruhlar o‘rtasida g‘oyaviy kurash avjiga chiqmoqda.

 

Tarix siyosat xizmatida bo‘lishini yoqlaydigan hamkasblaringizni ham uchratganman. Holbuki, akademik tarixchilik xolis bo‘lmog‘i, voqea-hodisalarni obyektiv baholamog‘i lozim. Tarix mafkura quroli bo‘lib qolishini qanday baholaysiz? Uni mafkura, millatchilik ta’siridan asrashning imkoni bormi?

 

– Qarang, bu savolingiz ham ikki qismdan iborat ekan. Birinchi qismiga o‘zingiz javob berib o‘tdingiz. Ikkinchi qismga kelsak, darhaqiqat, akademik tarixchilik har qanday masalada xolis mavqeda turmog‘i lozim. “Tarix – siyosat xizmatida” degan iborani esa siyosatchilar o‘ylab topgani aniq. Bu yog‘ini so‘rasangiz, nainki rasmiy tarix, boshqa ijtimoiy-madaniy institutlar ham siyosatga xizmat qilishi siz-u bizga tanish holat emasmi.

 

Albatta, tarixni millatchilikdan ajratib olish muhim. Ayni choqda, mafkurasiz, milliy g‘oya va manfaatlarsiz tarix bo‘lmasligini ham unutmaslik kerak. Har qanday xalq yoki davlatning tarixi eng avvalo o‘sha xalq yoki mamlakat manfaatlariga xizmat qilsagina haqiqiy tarix hisoblanadi.

 

Ko‘p kuzataman, boshqa soha mutaxassislari tarixchilarni o‘tmish voqealari yoki jamiyatda sodir bo‘layotgan bugungi o‘zgarishlarni noto‘g‘ri talqin etishda ayblaydi. “Pichoqni avval o‘zingga ur, og‘rimasa birovga” degim keladi ularga. Ayni choqda, o‘zini hurmat qiladigan, tarixchi degan nomga gard yuqtirishni xohlamaydigan har bir olim mudom xolislikka sodiq qolmog‘i, hushyorlik va ziyraklik ila haqiqat tarozisining qo‘sh pallasini muvozanatda tutib turmog‘i darkor.

 

Panturkchilar va paneronchilarni eslab o‘tdingiz. Nega paninglizchilar, pangermanchilar yoki panruschilar demaysiz? Albatta, bunday ilmiy istilohlarning yo‘qligini yaxshi bilaman. Gap shundaki, panturkizm, panturonizm, panislomizm, paneronizm atamalari XIX asrda bosib olingan hududlarda milliy ozodlik harakati kuchaygan kezlarda Yevropa mustamlakachilari tomonidan o‘ylab topildi. Buyuk Britaniya imperiyasi mutlaq hukmronlikka intilgani ma’lum. Bu yo‘lda raqobatchi davlatlar bor edi: Rusiya, Germaniya, AQSh, Fransiya, Yaponiya... Ular bir bo‘lib Usmonli turk imperiyasini parchalash, bo‘lingan dunyoni qaytadan taqsimlash uchun kurashga kirishdi. Yevropalik ekspertlarning fikricha, jahon urushi aslida Usmonlilar davlatiga qarshi boshlanishi kerak edi. Chunki u davrda barcha musulmon o‘lkalari, jumladan, turkiy xalqlar Yevropa jahongirlari changalida bo‘lib, faqat Usmonli saltanatigina mustamlakachilik siyosatiga qarshi chiqayotgan edi. O‘ttiz yil ichida bo‘lib o‘tgan Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari esa dunyoda kuchlar nisbatini tubdan o‘zgartirib yubordi...

 

Rossiyada 1917-yil kuzida bolsheviklar hokimiyatga kelgach, ingliz imperialistlari joriy qilgan panturkizm, panislomizm tushunchalari qayta “tiriltirildi”. Turkiy xalqlar va musulmonlarga qarshi o‘ziga xos “salib urushi”ni olib borgan sovet Rossiyasining harbiy-siyosiy kuchlari sovet rejimiga qarshi qaratilgan isyon va norozilik chiqishlarini bostirish asnosida ozodlik harakati vakillariga “millatchi”, “bosmachi”, “panturkist”, “panislomist”, “xalq dushmani” kabi tamg‘alarni bosdi. Qo‘yib bersangiz, hozir ham bu yorliqlarni mustaqil qarashga ega, o‘z “men”ini yo‘qotmagan jur’atli ziyoli va millatparvarlarga yopishtiradiganlar topiladi.

 

– Ilm-fanning jamiyatdagi o‘rni borasida munozaralar ko‘p zamondan beri davom etib keladi. Ayrimlar faqat aniq fanlar ahamiyatiga urg‘u berib, gumanitar fanlarni befoyda deb hisoblaydi. Vaholanki, jamiyat ravnaqida har qanday sohaning ayricha o‘rni bor. Sizningcha, olimlarning, fanning missiyasi nimadan iborat? Ilm ahli boshqaruvni takomillashtirish, jamiyatning g‘oyaviy o‘sishi, ijtimoiy muammolarni hal etishga qay darajada hissa qo‘shmog‘i lozim?

 

– Har bir millatning o‘z tarixi bor. Uning shakllanishida esa til va adabiyot muhim ahamiyat kasb etadi. Yashirib nima qildim, o‘zbek tili, adabiyoti va tarixining hozirgi ahvolidan qoniqmayman. Davlat tilining nufuzini qonun-u qarorlar chiqarish, turli departamentlar tashkil qilish, til bayramlari o‘tkazish bilan ko‘tarib bo‘lmaydi. Maktab-boqchadan tortib oliy idoralargacha davlat tilida ish olib borishi kerak. Bu hol kampaniyabozlikka emas, kundalik tutumga, oddiy qoidaga aylanmog‘i lozim. Ozarbayjonda, Turkiyada, Yevropa davlatlarida shunday. Nega bizda unday emas?.. Men minba’d rus tili yoki boshqa tillarga qarshi emasman. Ziyoli, xususan, tarixchi olim qancha ko‘p til bilsa – koni foyda. Ammo O‘zbekistonda davlat tili o‘zbek tili ekanini unutmaslik kerak.

 

Qayta qurish, oshkoralik zamonida, atoqli shoir va tarjimon Jamol Kamol bilan suhbat e’lon qilingan edi (“Til – xalqning nomusi, tarix – uning qomusi!” // “Yoshlik” jurnali, 1989-yil 4-son). Unda olimlar, shoir-u yozuvchilar, umuman, ziyolilarning jamiyatda tutgan o‘rni haqida zalvorli fikrlar bildirilgan edi. O‘sha kezlar millat oydinlari jamiyatning peshqadamlari, ilg‘orlari bo‘lgani ma’lum. Xo‘sh, o‘tgan 30 yil mobaynida-chi, ziyolilarimizda millat tuyg‘usi qanchalik o‘sdi? Bu borada so‘z ochilsa, ko‘proq yutuqlar emas, yutqiziqlar haqida gapirgim keladi. Kechmish davr mobaynida asriy orzu ushaldi: mustaqillikka erishdik, shu bilan birga hafsalani pir qilguvchi talay hodisalarga ham guvoh bo‘ldik... Deylik, butun dunyoda fanlar akademiyasi a’zolari, ya’ni akademiklar tegishli ilmiy muassasalarda olimlar tomonidan saylanadi. Bizda esa salkam chorak asr davomida akademiya a’zoligiga saylov o‘tkazilmadi. 2017-yildan yangi akademiklar nomi e’lon qilina boshladi. Nazarimda, bu borada tayinlov emas, saylov tamoyiliga qat’iy rioya qilish kerak.

 

– Yurtimizda fan infrastrukturasi eskirgani, olim-tadqiqotchilarning saviyasi haminqadar ekani, umuman, ilm ahliga tanish muammolarni o‘ylasam, fanimizning kelajagiga shubha bilan qaray boshlayman. Lekin, ayni choqda, bu hissiy yondashuv ekanini-da anglayman. Fanimizning nuqsonlari qatorida yutuqlari talaygina. Vaziyatni o‘nglashning ham hali imkoni bor. Umrini tarix ilmiga bag‘ishlagan, shu sohada sochi oqargan ziyoli sifatida ayting-chi, jahon fanidan ortda qolib ketmaslik, yurtimizda olimlikning nufuzini yanada oshirish uchun nima qilmoq kerak?

 

– Nihoyat, eng og‘ir savolga ham yetib keldik! Men ham so‘nggi chorak asr mobaynida mamlakatimiz ilm-fani mushkul-murakkab ahvolga tushib qolgani sabablarini ko‘p o‘ylayman. Bu boradagi ayrim mulohazalarimni suhbat davomida ham aytib o‘tdim.

 

Hozir o‘ttiz-qirq yoshlardagi avlodning aksari Vladimir Lenin qanday tarixiy shaxs bo‘lganini yaxshi bilmaydi. Holbuki, uning g‘oyalari, ta’limoti Sovet Ittifoqi parchalanguncha O‘zbekistonda ham dasturulamal bo‘lib kelgan. Lenin 1917-yil oktabrda hokimiyatga kelgach, “burjua professorlari”ni sovet jamiyatining ashaddiy dushmani deb e’lon qiladi. Talabalarni esa jamiyatning inqilobiy va o‘zgartiruvchi qatlami deb ataydi. V.Lenin “burjua professorlari”ga qarshi beayov urush ochar ekan, hukumat oldiga o‘sha og‘ir yillarda ham ilm-fanni rivojlantirish vazifasini qo‘yadi. Jamiyatda kommunistik mafkuraga sadoqat bilan xizmat qiluvchi sovet olimlari shakllanmog‘i lozim edi. Shu tariqa XX asr 20-yillarida sovet Rossiyasida, hatto Turkistonda ko‘p ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Ikkinchi jahon urushi ayni qizigan davrda (1943-yil 4-noyabr) Toshkentdagi SSSR FA O‘zbekiston filiali (O‘zFAN) negizida jumhuriyat Fanlar akademiyasi tashkil qilindi. Til, adabiyot va tarix instituti negizida esa O‘zbekiston SSR Tarix va arxeologiya instituti tuzildi. Bu urush yillarida respublika madaniy hayotida ro‘y bergan katta hodisa edi.

 

O‘zbekistonda sovet davrida ilm-fan va ta’lim, tibbiyot va sog‘liqni saqlash sohasiga katta e’tibor qaratilganini rad etib bo‘lmaydi. Ammo sovet hukumati jamiyatning barcha jabhalarida bo‘lgani singari ilm-fan, xususan, tarix, adabiyot, falsafa, huquq kabi ijtimoiy sohalarda kuchli nazorat o‘rnatib, olimlarni kommunistik mafkura yo‘rig‘idan yurishga majbur qildi. Tabiiyki, O‘zbekiston tarix fanida ham milliylikning har qanday ko‘rinishlariga, milliy qahramonlarga qarshi shafqatsiz kurash olib borildi...

 

XXI asr uchinchi o‘n yilligining dastlabki yilida yurtimiz ilm-fani qay ahvolda ekanini hammamiz ko‘rib-bilib turibmiz. 2017-yildan fanimizni qayta jonlashtirishga kirishildi. O‘tgan to‘rt yil ichida bir qator islohotlar joriy qilindi. Lekin, nazarimda, hali kutilgan natijalar uchun xiylagina fursat bor. Bu boradagi muhim vazifalar sifatida kadrlar va mutaxassislarni joy-joyiga qo‘yish, ilm-fanda mahalliychilik, guruhbozlik, qarindosh-urug‘chilik, o‘rtamiyonalik kabi illatlar ildizini qirqish kabilarni ta’kidlashni istayman.

 

Muammolar ko‘p, vazifalar undan-da bisyor. Tarixchi, etnolog va arxeolog olimlar qisqa muddatda ulkan yumushlarni ado etmog‘i kerak. Boya aytganimdek, Tarix instituti ilmiy jamoasi joriy yildan 10 jildli “O‘zbekiston tarixi” akademik nashrini tayyorlashga kirishdi. Men ham zahmatli, ayni choqda sharafli bu ishga o‘z hissamni qo‘shaman deya yeng shimarib turibman.

 

Eldor ASANOV suhbatlashdi.

 

“Tafakkur” jurnali, 2021-yil 1-son.

“Kelajak soxtalikni kechirmas” suhbati

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19946
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17588
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//