Biror olim va shoiriga rahm qilmagan, yetilgan hosilga o‘t qo‘yishni buyurgan shoh Umarxonning hukmdorlik va shoirlik sifatlari


Saqlash
15:07 / 17.07.2023 1744 1

Qo‘qon adabiy muhiti – milliy so‘z san’ati tarixidagi xos hodisa. Uning vujudga kelishi, rivojlanishi va yaxlit voqelik darajasiga ko‘tarilishi Amir Umarxon nomi bilan bog‘liq. O‘tmish o‘zbek adabiyotini “saroy adabiyoti”dan ayro holda tasavvur qilish imkonsiz, albatta. Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy, Munis, Ogahiy, Uvaysiy, Nodira kabi zabardastlarimiz ijodi saroy muhiti bilan bog‘liq. Husayn Boyqaro, Zahiriddin Muhammad Bobur, Ubaydiy, Feruz kabi hukmdorlar esa badiiy ijod bilan shug‘ullanibgina qolmay, fan, madaniyat va adabiyot ahliga homiylik ham qilganlar.

 

Qo‘qon xoni Umarxon ham shoh-shoirlar silsilasining munosib davomchisi edi. Unga munosabatda ikki xil qarash hukm surib keldi. Bu haqda akademik Aziz Qayumov shunday yozadi: “Navoiy davridan keyin adabiyotimizda ikkinchi oltin asrni boshlab bergan Amiriy shaxsiyati haqida tarixiy manbalarda bir-biriga ziddiyatli dalillar keltiriladi. Amiriyga xayrixoh bo‘lgan muarrix va adiblar uning bunyodkorlik ishlari va ijodkorlik salohiyatini birinchi o‘ringa qo‘yib, sha’nida ko‘p maqtovlar yozgan bo‘lsalar, ayrim manbalarda buning aksini mushohada qilishimiz mumkin. Masalan, Amiriy saroyida kasbi kamol etgan yetmishga yaqin shoir haqida ma’lumot beruvchi “Majmuat ush-shuaro” muallifi Fazliy Namangoniy Amiriyni “jannatmakon” va shunga o‘xshash yuzlab baland pardadagi sifat va tavsiflar bilan zikr etsa, Buxoro tarixchilaridan Mirzo Muhammad Husayn “Ta’rixi Nasrulloxon” kitobida bunday deb yozgan edi: “Umarxon kecha-kunduz g‘aflat sharobidan mast bo‘lib, aysh-u ishratda edi. Olamdagi ishlardan butkul bexabar edi. Nimaiki ish bo‘lsa, Ismatullobiy va Tag‘ixon qozoq qilardilar. Ular o‘t sochuvchi to‘p-u to‘pxonalarni zindon ko‘chasidagi balandlik tepasiga o‘rnatishib, bozor tomonga qaratib qo‘ygandilar” (A.Qayumov. Amiriy – Qo‘qon adabiy muhitining asoschisi. “Amiriy va Qo‘qon adabiy muhiti” mavzusidagi ilmiy-amaliy anjuman materiallari. Toshkent, “Tamaddun”, 2017. 8-bet).

 

Shuningdek, Fazliy Namangoniy (“Umarnoma”), Mushrif Isfaragiy (“Shohnomai Nusratpayom”), Is’hoqxon Ibrat (“Farg‘ona tarixi”), Mirza Olim Mushrif (“Ansob us-salotin va tavorix ul-xavoqin”), Mulla Olim Maxdum Hoji (“Tarixi Turkiston”) kabilar o‘z davrida uni ta’rif-u tavsifga ko‘mib yubordi; Hakimxon To‘ra (“Muntaxab ut-tavorix”), Dilshodi Barno (“Tarixi muhojiron”), Buxoro tarixchilaridan Kavkabiy (“Tazkirai suxanvaroni Istaravshan”) esa tanqidiy munosabatda bo‘lishgan.

 

Sho‘ro davrida hukmron tabaqa vakili o‘laroq uning siyosiy faoliyati ham, adabiy merosi ham nuqul qoralandi. Bunga, bir tomondan, davr mafkurasi talablari, ikkinchi tomondan, adabiy manbalarga tanqidiy nuqtai nazarning yetarli emasligi sabab bo‘ldi. Masalan, professor Ergashali Shodiyev “Fazliy Namangoniy va Xo‘jand shoirlari” nomli risolasida Amiriy atrofidagi ijodkorlar, ko‘proq Xo‘jand shoirlari haqida fikr yuritadi, hukmdorning shoirlik iste’dodiga esa shubha bilan qaraydi. Bunday e’tirozli mulohazalar Amiriyning ko‘plab g‘azallari turli nashrlarda yanglish ravishda Yusuf Amiriyga nisbat berib kelingani natijasida ham paydo bo‘lgan. Mazkur masalada bahs-munozaralar hanuz davom etmoqda. Bunga esa, avvalo, Yusuf Amiriy devonining haligacha topilmagani sababdir. Lekin orada til va uslub masalalari ham bor. Biri XV asr, ikkinchisi XVIII asrda yashab ijod etgan ikki shoir orasida uch asrlik vaqt masofasi yotibdi. Bu davrda o‘zbek mumtoz she’riyati til va uslub jihatidan juda katta o‘zgarishlarga yuz tutdi. Yusuf Amiriy zamondoshlari Lutfiy, Atoiy, Hofiz Xorazmiy va Gadoiy kabi asosan mashhur fors-tojik shoiri Kamol Xo‘jandiyga izdoshlik qilgan. Amiriy esa Lutfiy, Navoiy, Fuzuliy, Mashrab, Zaliliy singari turkiy, Xo‘ja Hofiz, Mavlono Jomiy, Mirzo Bedil, Soib Tabriziy kabi forsiy shoirlarni ustoz bilib, mahorat sabog‘ini ular maktabida o‘tagan. Yusuf Amiriy davridagi she’riyat rivojini Umarxon davridagisi bilan hatto qiyoslab ham bo‘lmaydi. Jahon adabiyotida turkiy she’riyatning maqomini sarbaland etgan zabardast so‘z san’atkori Alisher Navoiyni, forsiy she’riyatda inqilob qilgan novator shoir Mirzo Abdulqodir Bedilni o‘ziga ustoz saylab, ularga bo‘ylashishga intilganining o‘zi Amiriy she’riyatining darajasini ko‘rsatadi.

 

Oliy o‘quv yurtlari uchun yozilgan “O‘zbek adabiyoti tarixi” darsligida (1964) Umarxon davridagi saroy adabiyoti reaksion feodal-klerikal adabiyot sifatida, shoir ijodi g‘oyaviy qashshoqlik hamda shaklbozlik namunasi o‘laroq qattiq qoralanadi. U haqda “Shon-shavkat va ishratga berilgan feodal hukmdor, o‘zini Husayn Boyqaroga o‘xshatishga intilgan mutakabbir va maqtanchoq xon edi. Amir Umarxon o‘z saroyi atrofiga ko‘pgina shoirlarni to‘plagan edi. Bu shoirlarning anchagina qismi Fazliy, Nusrat, Ado va Xijlatga o‘xshagan maddoh, xushomadgo‘y shoirlar edi” deb yoziladi. Vaholanki, akademik A.Qayumov Umarxon “shubhasiz, ancha iste’dodli shoir bo‘lgan”ini alohida ta’kidlagan. Sadriddin Ayniy 1926-yilda nashr qildirgan “Namunai adabiyoti tojik” to‘plamida uning “adabiyot olamida ko‘p ish qilgani”ni e’tirof etgan. “Fozil va raso va ulamo va shuaro birlan suhbat tutdilar. Alarni suhbatidin istifoda olib, kundan-kunga fazli ziyoda bo‘lub, ovozasi viloyatg‘a mashhur bo‘ldi” – Umarxonga berilgan bu tavsif XIX asrda Qo‘qon xonlari Mallaxon va Xudoyorxon saroyida xizmat qilgan Mushrif qalamiga mansub. Po‘latjon Qayyumiy ta’biri bilan aytganda esa, “bu kishining xonlig‘idin qat’i nazar, xo‘qandli buyuk shoir sifatida hurmat etamiz”.

 

Istiqlol sharofati bilan tarixiy adolat tiklanib, Amir Umarxonning o‘zbek davlatchiligi tarixidagi xizmati ham, ma’rifat homiysi o‘laroq amalga oshirgan xayrli ishlari ham, zullisonayn shoir sifatidagi adabiy merosi ham ilmiy xolislik nuqtai nazaridan tadqiq etila boshladi. Bu mavzuda yangi tadqiqotlar maydonga keldi, turli manbalar nashr ettirildi. Umumiy o‘rta ta’lim hamda oliy ta’lim dasturlariga Amiriy hayoti va ijodini o‘rganish bo‘yicha alohida soatlar kiritildi. “Qoshingg‘a teguzmagil qalamni” to‘plami, tavalludining 230 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjuman materiallari hamda o‘zbekcha va tojikcha devonlari chop etildi. Shu tariqa Amiriy shaxsi va serqirra faoliyatini xolis o‘rganish sari dastlabki qadamlar tashlandi.

 

Shunga qaramay, ijtimoiy fanlarda davom etib kelayotgan bir illat bu borada ham bo‘y ko‘rsatmoqda: ilgari nohaq qoralangan shaxslar endi me’yoridan ortiq ulug‘lanayotir. Bugun Amir Umarxonning faqat ijobiy ishlariga urg‘u berilmay, yo‘l qo‘ygan xatolari ham xolisona ko‘rsatilishi kerak. Qolaversa, aksar maqola va kitoblar birlamchi manbalardan bexabar holda, aniq tarixiy dalillarga tayanmay yozilayotgani sabab quruq maqtovlardan iborat bo‘lib qolmoqda.

 

Manbalar asosida Umarxonning tarjimai holi haqida quyidagilarni qayd etish mumkin: u 1787-yili Qo‘qon shahrida – o‘zbeklarning ming urug‘idan bo‘lgan Farg‘ona hukmdori Norbo‘tabiy xonadonida tug‘ilgan. Boshlang‘ich ma’lumotni saroy muallimlari qo‘lida olib, keyin Qo‘qon madrasasida o‘qiydi. Arab va fors tillarini chuqur o‘rganadi, Sharq mumtoz adabiyotini sevib mutolaa qiladi. Muhammad Ya’qubdan diniy va tasavvufiy ilmlarni o‘zlashtiradi. O‘z davrining asosiy ilmlarini egallab, harb san’atidan ham ta’lim oladi, fozil va shijoatli bir shaxs o‘laroq kamolga yetadi. Aqlli, tadbirli, tashkilotchi bo‘lgani uchun ham yoshligidan saroy xizmatiga jalb qilinadi: akasi – Qo‘qon xoni Olimxonning davlat boshqaruv ishlarida faol ishtirok etadi. 1807-1808-yillarda akasi unga Marg‘ilon hokimligini topshiradi. Shu yillari u tog‘asi – Andijon hokimi Rahmonqulibiyning qizi Komilaga (Nodira) uylanadi.

 

Norbo‘tabiyning mamlakat iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash yo‘lida amalga oshirgan islohotlari kutilgan natijani bermaydi. Bundan xulosa chiqargan Olimxon ichki siyosatni o‘z holiga tashlab, butun diqqat-e’tiborini davlat hududini kengaytirishga qaratadi. Boshqacha aytganda, mamlakatning iqtisodiy asosini istilochilik yurishlarida qo‘lga kiritiladigan o‘ljalar hisobiga mustahkamlamoqchi bo‘ladi. Umarxon esa otasi va og‘asining siyosatiga sin solib, Marg‘ilonda boshqaruv ishlarini o‘ziga xos usulda tashkil qiladi va obro‘-e’tibor qozonadi.

 

Fazliyning yozishicha, “Olimxon nihoyatda badgumon bo‘lib, atrofidagilardan, ayniqsa, arslondek jasur Umarxondan hamisha xavfsirardi. Arkoni davlat bilan maslahatlashmay, xayoliga nima kelsa shuni qilardi. A’yon-u mulozimlar hamisha undan qo‘rqib yashardilar, uning zulmidan uylar xarob, begunohlar g‘amda qolishdi. Valine’matlarni xor-zor qildi, razillarga davlat berdi. Xo‘jalar va mirlarni haqoratlab, qullarni amir qildi. Tog‘liklarni aziz tutib, qullarni atrofiga jamladi, ularga lutf-u inoyat ko‘rsatdi. Shu tog‘li qullar javridan shaharliklardan obro‘ ketdi. Nokas-u past kishi rivoj topib, olijanob mardlar xor bo‘lishdi. So‘fiylar guruhiga hujum qilish o‘sha davrda mo‘tabar ish bo‘lib qoldi”. Natijada, Zolimxon deb nom chiqargan Olimxonning siyosatidan norozi amir-amaldorlar va ulamolar undan qutulish yo‘lini izlaydilar, qish faslida Toshkentga qilingan harbiy yurish vaqtida Olimxonga qarshi fitna uyushtiradilar. Qo‘shin Olimxonning buyruqlariga itoat etmay tarqab ketadi. O‘zi fitnachilar, o‘g‘li Shohruxxon esa Toshkent hokimi tomonidan o‘ldiriladi. Shundan keyin Umarxonni “o‘zbek xonlari rasmicha oq namatga solib, Farg‘ona taxtiga o‘tqazdilar” (Muqimov Z. Qilich va qalam sohiblari. Samarqand, “Zarafshon”, 1996. 48-bet).

 

Taxtga o‘tirgach (1810), Umarxon hokimiyatni mustahkamlash, xonlik hududini kengaytirish siyosatini olib boradi. Iqtisodni ko‘tarish, yurtni obod qilish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘radi; ilm-fan, madaniyat va adabiyotning rivojiga alohida e’tibor beradi. “Bu jannatmakon asrinda ulamo-yu talaba va ahli ilmlar rivojda bo‘lib, she’riyat mo‘tabar ekan, –   deb yozadi Ibrat. – O‘zi she’rda benazir o‘lub, “Majmuat ush-shuaro”sinda fasohati bayon va balog‘ati ayondur”. Ko‘plab ariq-anhorlar qaziladi, natijada dehqonchilik ravnaq topadi, oziq-ovqat mahsulotlari ko‘payib, narx-navo birmuncha arzonlashadi. Mulla Olim Maxdum Hojining yozishicha, Umarxon “andak fursatda hamma ahli Farg‘onaning ko‘nglini o‘ziga jazb va musaxxar qilib, eski va qadimgi bid’at va zulmlarg‘a, shar’i sharif man’ qilgan ishlarga mutlaqo barham berubdur”.

 

Ichki hokimiyatni bir oz mustahkamlagach, Koshg‘ar, Turkiston, O‘ratepa, Jizzax, Toshkent kabi shaharlarni ham o‘z tasarrufiga kiritadi. O‘sha yillarda Olimxonga qarshi qattiq kurashib kelgan Toshkent aholisi Umarxonni hurmat bilan kutib oladi. U Dashti Qipchoq yerlarida Oqmasjid, Yangiqo‘rg‘on, Qamishqo‘rg‘on, Julek, Qo‘shqo‘rg‘on kabi qal’alar – harbiy istehkomlar qurdiradi. Bu qal’alar Turkiston mustaqilligini saqlashda, savdo-karvon yo‘llarini qo‘riqlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

 

Umarxon hukmronligi davrida Rossiya va Usmonlilar davlati bilan diplomatik aloqalar o‘rnatilgan.

 

Sharqshunos Vasiliy Bartoldga ko‘ra, yangi xonlikning vazifalari uning asoschisi davridayoq belgilangan bo‘lsa, madaniy ishlarning tamal toshi uning vorisi Umarxon davrida qo‘yildi va o‘g‘li Ma’dalixon tomonidan davom ettirildi. Amiriy devoni debochasida mudarrislar va muallimlarga ham alohida e’tibor va rag‘bat ko‘rsatgani, musofirlar osoyishi uchun sarmanzillar bino etgani, mamlakatda bog‘-u rog‘ni serob qilgani, sipoh va askarlarga maosh tayinlagani, bu ehson-u rag‘batdan barcha shod-xurram bo‘lgani aytiladi. Shuningdek, olimlar suhbatida tez-tez bo‘lib turgani, quloq sadafini oyat va hadis gavharlari bilan to‘ldirgani, fazilat va kamol egalari bilan o‘tgan majlislarda ilm-u donish nurlaridan bahramand bo‘lgani qayd etiladi.

 

Umarxon farmoyishiga ko‘ra diniy hayotda ham islohotlar qilindi. U Olimxon zulmidan qochib, qo‘shni mamlakatlarga ketib qolgan bir qancha ulamo, fuzalo hamda taniqli ziyolilarni Qo‘qonga qaytaradi. Uning tashabbusi bilan 1816–1818-yillarda poytaxtda jome’ masjid va madrasa quriladi. Ulamolar fatvosi bilan unga “amir ul-muslimin” – musulmonlar amiri degan unvon, shuningdek, “jannatmakon” laqabi beriladi. Umarxon “o‘z nomida tanga zarb qilish va nomi juma namozida xutbaga qo‘shib o‘qitilish huquqiga erishdi. Buxoro amirligida bo‘lgani kabi ma’muriy boshqaruv joriy etildi va ko‘p o‘tmay Qo‘qon xonligi huquqiy jihatdan rasmiylashtirildi” (O‘zbekiston xalqlari tarixi. 2-jild. Toshkent, “Fan”, 1993. 68-bet).

 

Ota-bobolaridan farqli ravishda, Umarxon o‘zini xon emas, balki amir deb ataydi. Qo‘qon xonlari o‘z nasl-nasabini Bobur Mirzo orqali Amir Temurga olib borib taqashadi, Temurdan boshlab barcha temuriylar esa o‘zini amir deb e’lon qilgan. Umarxon devoni debochasida bunday yozadi: “...vujudim gulbuni Temur Ko‘ragon gulistoni shajarasining samarasidur, asolat bo‘stonida izzat bahorining ob-u havosi tarbiyati birla bosh chekib, nash’u namo paydo qildi va xilqatim niholikim, Bobur Sulton chamanining navbodasidur...” Albatta, so‘ngroq – Kobul qo‘lga kiritilgach, Bobur o‘zini podshoh deb atashlarini amr etadi. Umarxonning bundan, ehtimol, xabari bo‘lmagandir.

 

“Oltin beshik” afsonasi ham Qo‘qon xonlari shajarasining ibtidosi haqida. Mirza Olim Mushrifning “Ansob us-salotin va tavorix ul-xavoqin” asarida yozilishicha, xonlik tarixi shu voqeadan boshlanadi. Is’hoqxon Ibratning “Farg‘ona tarixi”, Mulla Olim Mahdum Hojining “Tarixi Turkiston” asarlarida ham bu haqda muxtasar ma’lumot mavjud. Afsonaga ko‘ra, “Mirzo Bobur o‘z yurtini tashlab, Kobul va Hindistonga ketayotganida, yo‘lda o‘g‘il farzand ko‘radi. Har xil andishalar bilan chaqaloqni oltin beshikka solib, to‘qayda qoldirib ketadi. Tangri irodasi va taqdir taqozosi bilan u go‘dak ulg‘ayib, avlodlari keyinchalik Qo‘qon xonlari sulolasiga asos soladilar. Bu voqeaning haqiqatga qanchalik yaqinligi biz uchun qorong‘i. Biroq shuni qayd qilish lozimki, “Boburnoma”da bu haqda hech nima yozilmagan” (Matg‘oziyev  A. Shohid nigohida bo‘lgan voqealar (So‘zboshi) /  Mirzaolim  Mushrif. Ansob us-salotin va tarix ul-xavoqin. 4-bet).

 

Fazliy Umarxonning hayoti, faoliyati, harbiy yurishlari, shoh, shoir va inson sifatidagi fazilatlari haqida hikoya qiluvchi “Umarnoma” dostonini yaratgan. Lekin o‘z amriga ko‘ra yaratilgan bu asar shohga ma’qul kelmaydi va Mushrifdan ba’zi isloh va o‘zgartirishlar bilan uni nasrga ko‘chirishini so‘raydi. Tarixchi Shodmon Vohidov buning sababini unda aynan “Oltin beshik” qissasining yo‘qligi bilan izohlaydi.

 

Ibrat “Bu Umarxon asrida hech muhoraba va muqotala bo‘lmay, ahyonan Istaravshan, O‘ratepa umarolari ilan oralarida voqea bo‘lub, katta muhoraba bo‘lmay, osoyishta o‘tgan ekan”, deb yozadi. “Umarxon o‘z hukmronligi davrida ma’lum feodal guruhlarning manfaatlarini himoya qilib, ular orasidagi fitnalarni bostirib, ehtiyotkorona siyosat olib borgan” bo‘lsa-da, o‘zaro urushlar baribir to‘xtamagan – u xonlikka bo‘ysunmay qo‘ygan Turkiston, Chimkent, Sayram va Avliyootani qayta egallab mamlakat hududini kengaytirgan, O‘ratepa ustida Buxoro amiri bilan ko‘p talashgan.

 

Binobarin, Umarxon o‘z faoliyati davomida har doim ham adolat bilan ish ko‘rdi, jabr-zulmga yo‘l qo‘ymadi, deb bo‘lmaydi. Chunonchi, O‘ratepani qamal qilgan hukmdor shahar ahlining qarshiligini sindirish, ularning tinkasini quritish uchun yetilgan hosilga o‘t qo‘yishni buyurgan. “Uch kecha-kunduz mobaynida chumoli-yu chigirtka misoli son-sanoqsiz qo‘shin ahli dastidan na qishloqda uy va na bog‘da daraxt va na dashtda hosil qoldi va tog‘-u dashtni xas-xashakdan shunday ship-shiydon qildilarki, tosh-u tuproqdan boshqa hech narsa qolmadi”, deb yozadi bu haqda Muhammadhakimxon To‘ra “Muntaxab ut-tavorix” asarida. (Mavridi kelganda qayd etish joizki, Muhammadhakimxonning mazkur asarini Shodmon Vohidov “qahramon-yozuvchining ichki kechinmalariga boy sarguzasht-roman” deb ataydi. Biz ham bu fikrni ma’qullaymiz. Asarda Umarxon va Ma’dalixon faoliyatiga biryoqlama baho beriladi. Xolis kuzatuvchilik maqomidagi muallifdan ko‘ra shaxsiy g‘araz va hasadi kuchli qalamkash qiyofasi bo‘rtib ko‘rinadi. Mazkur asar haqidagi fikr-mulohazalarimizni alohida maqolada bildirish niyatimiz bor.)

 

Fojianing guvohi va ishtirokchisi bo‘lgan Dilshodi Barnoning shahodatiga ko‘ra, O‘ratepa istilo qilingach, qarshilik ko‘rsatganlardan 1213 kishi dorga osilgan, 13 ming kishi esa boshyalang-oyoqyalang Farg‘onaga haydalgan. Qo‘qonda bu asirlardan uch qizni haram uchun saylab olib (ular ichida Dilshodning o‘zi ham bo‘lgan), qolganlari “oq uylik” qilib, sahroga haydaladi – buning ma’nosi shuki, ular yetti yilgacha uy-joy qurish huquqidan mahrum bo‘lib, kapada yashashga majbur edi. Muhojirlar Umarxonga iltimosnoma bitgach, u yetti yildan so‘ng har bir asir o‘ziga uy-joy qurib, shahar barpo etsin, deb ruxsat bergan ekan. Yangi shahar Amir Umarxon sharafiga Shahrixon nomini olgan.

 

Dilshodi Barno Umarxonni hukmdor sifatida tanqid qiladi, shoir sifatida esa unga yuqori baho beradi. Uni “She’riyat kishvarig‘a shoh Amir, / Hamqalam do‘stlarig‘a panoh Amir. / Gar g‘azalxonlari lashkar esa, / O‘zi saf boshida peshvo Amir” deya ulug‘laydi-yu, “Tarixi muhojiron”da O‘ratepa istilosi voqealarini bayon etar ekan, “...o‘zi olim va katta shoir bo‘laturib, bu mazlum shaharning birorta olim va shoiriga rahm qilmadi”, deb yozadi. Unga ko‘ra, shoirlik va shohlik kelishmaydi, Umarxon taqdir taqozosi bilan toj kiygan ekan, hukmdorlik qoidalariga bo‘ysunishga, bu dunyoning o‘yinlariga o‘ynashga majbur. Boshqacha aytganda, shohligi tufayli Umarxon o‘z ixtiyoridan tashqari ishlarni qilgan. Chunki azaldan hukmronlik an’anasi shunday bo‘lgan va shoir bo‘lishiga qaramay, Umarxon bu odatlarga qarshi borishga ojiz. Shuning uchun shoira tanqidlarining tagida Umarxonni oqlash va unga achinish ohangi seziladi. Chunonchi “Urush” radifli g‘azalida o‘qiymiz:

 

Jahongirliq tamannosi shuncha erurkim,

Bu nomardg‘a Amirni ayladi a’zo urush...

Shohdin shoirliq otini yuvdi oxir, ko‘rung,

Shohni mot qoldirib, ayladi savdo urush.

Orzu Barnog‘a shulki, bu Amir shoir erur,

She’r shamshiri ila bo‘lg‘usi nopaydo urush.

 

Bizningcha, Umarxon shaxsi haqidagi eng samimiy fikrlarni Nodira aytgan. Chunki uning insoniy fazilatlarini hech kim sevimli umryo‘ldoshidan ortiq bilmasa kerak. Nodira devoni debochasini Amiriy shaxsi, uning oilaviy munosabatlari tavsifi sifatida qabul qilish, aksar she’rlarni bu ikki atoqli shaxs o‘rtasidagi munosabatlar hosilasi tarzida tahlil etish ko‘p jihatlarga oydinlik kiritadi. Negaki, Amiriy baytlaridagi tavsif-u tahlillar asosan umumiy xarakterda bo‘lsa, Nodira o‘z she’rlarida jufti halolining sifatlarini o‘ta nazokat bilan, sharqona odob doirasida birma-bir ko‘rsatib o‘tgani, xon-shoir o‘quvchi ko‘z o‘ngida shijoatli va fozil inson sifatida gavdalanganini his etish mumkin. Nodiraning fikricha, Umarxon asolat gulistonining shajarasi va najobat bo‘stonining samarasi, miskinlar murabbiysi bo‘lgan. Shu sabab ham Nodira uning bilan o‘tgan damlarini xushbaxt onlar deya tasvirlaydi. Debochadagi nazmiy tavsif Amiriy shaxsiga xos jihatlarni shoirona jonlantirishga xizmat qiladi:

 

Amiri jahonkim, menga yor edi,

Aning birla xush davlatim bor edi.

Iskandar janob-u ulug‘shon edi,

Karampesha Jamshidi davron edi.

 

Amiriy va Nodirani “o‘zaro abadiy mustahkam bog‘lovchi rishtalardan biri har ikki shaxs tabiatiga xos tug‘ma fazilatlar – adabiyotga muhabbat, she’riyatga ixlos, iste’dod qadri va ijod nashidasi tuyg‘usi bo‘lgan. Nodirabegimning Umarxon haqida so‘z ochganida xuddi shu fazilatlarga alohida urg‘u berib qayd etishi tasodifiy emas” (Abdug‘afurov A. Qalb qa’ridagi qadriyatlar. Toshkent, “O‘qituvchi”, 1998. 173-174-betlar).

 

Umarxon 1822-yilda qisqa xastalikdan so‘ng vafot etadi.

 

Amiriyning adabiy faoliyati Turkiston tarixining g‘oyat ziddiyatli – uch xonlikka bo‘linish davriga to‘g‘ri keldi. Turli ijtimoiy guruh, urug‘ va qabilalarni o‘z atrofida birlashtirishi mumkin bo‘lgan barcha uchun umumiy mafkuraning yo‘qligi   –   bo‘linishning bosh sababi edi. U shunday murakkab bir sharoitda tinchlik o‘rnatishga, ayirmachilik kayfiyatidagi turli bekliklarni yagona hukumatga bo‘ysundirishga erishdi. Bunda adabiyot jamiyat mafkurasining muhim bo‘g‘ini bo‘lib xizmat qilganini ko‘rishimiz mumkin. Zotan, Umarxonning adabiy faoliyati siyosiy faoliyati bilan chambarchas bog‘liqdir.

 

Zebo QOBILOVA

 

“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 2-son.

“Oltin beshikda ulg‘aygan siymo” maqolasi

1 Izoh

Abdulaziz

21:09 / 06.09.2023

Bugun mamlakatimizda Zebo Qobilovadan koʻra Amiriy ijodini chuqur oʻrgangan olim yoʻq. Ustoz uzoq yillik mehnati natijasida amiriyshunoslik yoʻnalishini boshlab berdilar. Qoʻqon adabiy muhiti ijodkorlariga bagʻishlangan qator tadqiqodlarga rahbarlik qildilar. Ustozning kelgusi ishlarida omad yor boʻlsin

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19968
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17622
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//