“Asosan adabiy asarlar o‘qitilgan, yozuv o‘rgatilmagan” – mustamlaka davridagi Markaziy Osiyo xotin-qizlari ta’limi


Saqlash
16:08 / 02.08.2023 1405 0

Markaziy Osiyoda XX asrning boshiga qadar xotin-qizlarga otinlar (otinoyi, otinbibi) ta’lim bergan. Darslar odatda maktab muallimlarining uyida, ularning xotini tomonidan olib borilgan.

 

Mintaqada ayollarning turmush tarzi, bilimi, dunyoqarashi, ta’limi masalasiga doir fikrlar asosan mustamlaka davrida yaratilgan adabiyotlarda uchraydi. Ularda ayollarning hayoti “qorong‘i”likda, mazmunsiz ekani aytilgan; ta’limda asosan adabiy asarlar o‘qilishi, biroq yozuv o‘rgatilmasligi qayd etilgan.

 

XIX asrning 80-yillarida Toshkent shahrining o‘zida 137 o‘g‘il bolalar maktabida 4 ming 855, 86 xotin-qizlar maktabida 1 ming 324 o‘quvchi ta’lim olgan, ularga 86 o‘qituvchi ta’lim bergan (O‘zbekiston Milliy arxivi, fond I-47 jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 601-ish, 26-varaq).

 

Turkistondagi qizlar maktabida asosiy e’tibor turkiy va forsiy shoirlarning asarlariga qaratilgan. 1911-yilga oid arxiv ma’lumotiga ko‘ra, qizlar 11 yillik maktabni tugatganidan keyin 10–15 yoshlarida tikishni o‘rgangan (O‘zbekiston Milliy arxivi, fond I-47 jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 1149-ish, 39–49-varaqlar).

 

XIX asrda Qo‘qon hududida yashab o‘tgan shoiralar o‘z asarlarida xotin-qizlar hayoti, ularning tahsili borasida ham yozib qoldirgan. Jumladan, Dilshodi Barno (1800–1905) o‘z xotiralarida 51 yil maktabdorlik qilgani, madrasa bosqichida 23 toliba, maktabda 891 qizga ta’lim berganini qayd etadi (Dilshod. Muhojirlar tarixi / O‘zbek pedagogikasi antologiyasi. J. 1. Toshkent, “O‘qituvchi”, 2010).

 

Anbar Otin (1870–1906) ham Qo‘qonda Dilshod qo‘lida tahsil olgan. Xotin-qizlarga ta’lim berib, o‘ziga “Otin” taxallusini tanlagan. Shoira bir she’rida xotin-qizlarni kamsitganlarga nafratini bunday ifodalaydi: “Ayollar sochi uzun, aqli qisqadur” deganlarga, / Tovuqcha aqli yo‘q, axlatni titkonlarga o‘t tushsun. / Tariqcha ilmi yo‘q, “qozikalonman, muftiyman”, deydur, / Abu Sino, Ulug‘bekdin ko‘z yumgonlarga o‘t tushsun”.

 

XX asr boshida ilg‘or o‘zbek ziyolilari jadid maktablari tashkil etib, davriy matbuotda xotin-qizlarni bilim olishga chaqiruvchi murojaatlar bilan chiqqan. Behbudiy, Fitrat, Avloniy, Cho‘lpon kabi jadidlar jamiyatning intellektual darajasi ayollarga bog‘liq ekani haqida bong urganlar.

 

“Mehnatkashlar tovushi” gazetasining 1918-yil 24-dekabrdagi sonida shunday so‘zlarni o‘qiymiz: “Yigitlarni yetishdirguvchi, jamiyati bashariyani tarbiya etguvchi xotun-qizlarimizni ta’lim va tarbiyadan mahrum etsak, alarda bo‘lg‘on iste’dod va o‘ngunliklardan foydalanmasak, bizning holimiz ne bo‘lajak? Turkistonda xotun-qizlarg‘a maxsus na bir maktab, na bir jamiyat va na bir qiroatxona bor. Bizning Turkistonda xotun-qiz dunyosi eng tuban darajada bo‘lub, butun huquqlarindan mahrum etilib, to‘rt devor orasinda qamalub qo‘yulg‘on mahbusa kabidir. Bashariyat dunyosinda yashamoq uchun barcha a’zoning salomat bo‘lushi shartdir. Shunday bo‘lsa biz o‘n milyunli turkistonliklarning yarmindan ko‘bini tashkil etgan xotun-qizlarimizni ta’lim va tarbiyadan, ulum va maorifdan mahrum etib, alarg‘a ong va fikr bermasak – o‘qutmasak bizning holimiz ne bo‘lur?”

 

Hoji Muinning “Yoshlarimiz va qizlarimiz tarbiyasi” maqolasida qizlarni o‘qitish masalasi ko‘tariladi: “Turkiston markazi bo‘lg‘on Toshkandda xalq dorulfununining ibtidoiy qismi nomi ila o‘nlab maktablar bilan dorulmuallimin kursi ochildi, ammo bular qatorinda ko‘bdan beri to‘rt ko‘z ila kutub turdigimiz bir dona qizlar maktabi ochilmadi, loaqal dorulfunun sho‘rosinda kelar zamonda shunday maktablar ocharg‘a tashabbus etajagi haqinda biror xabar eshitilmadi” (“Mehnatkashlar tovushi” gazetasi. 1918-yil 28-iyun).

 

Keyingi yillarda qizlar uchun maktablar ochish boshlangan. “Mehnatkashlar tovushi” gazetasining 1919-yil 28-fevraldagi 62-sonida bunday yoziladi: “O‘g‘illarimiz bilan barobar, xotun-qizlarimizni ham o‘qutmog‘imiz farz va lozimdir. Muni hech bir turk bolasi va hech bir musulmon farzandi inkor qilmasa kerak. Lekin taassuf qilamizkim, ko‘b zamondan beri Payg‘ambarimizning (s.a.v.) xotun-qizlarni o‘qutmoq to‘g‘risindagi buyruqlarini xotiramizdan chiqorib, xotun-qizlarni yaxshi o‘qutmag‘onimiz uchun hozirda qizlar uchun lozimincha maktablar ochmoqg‘a muallimalar yo‘qlig‘idan imkon topa olmaymiz. Ruslardan choqirsak, til bilmaylar. O‘zimizda muallimalar yo‘q. Shuning uchun 10–15 ming ma’suma qizlarimiz din va dunyolari uchun zarur bo‘lg‘on ilm va hunardan mahrum bo‘lub qolmoqda. Turkiston maorif komissariati hozirligidagi turk sho‘basi mana shul holg‘a e’tiboran eski Toshkandda 7 oyliq bir muallimalar kursi ochmoqg‘a qaror berdi. Bu fursatda, ya’ni 7 oy o‘tub tamom qilg‘on xotun-qizlarning qo‘llarig‘a muallimalik shahodatnomasi berilib, har yerda qizlar maktabi ochilib, shul maktablarga muallimalik etarlar”.

 

1920-yil 28-mayda Xalq maorifi bo‘limi yig‘ilishida Namangan, Samarqand va Qo‘qonda alohida qizlar maktabi mavjudligi, ulardan birida 170 qiz tahsil olayotgani, mahalliy aholi o‘z turmush tarzidan kelib chiqib rus maktablari, ayollar gimnaziyalarida o‘qiy ololmayotgani, musulmon qizlari uchun alohida maktab ochish lozimligi masalasi ko‘tarilgan (O‘zbekiston markaziy arxivi, R-34 jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 461-ish, 101-102-varaqlar). Toshkent, Samarqand shaharlarida ayollar gimnaziyasi ochilib, faoliyat yuritgan bo‘lsa ham, unda asosan rus millatiga mansub ayollar tahsil olgan.

 

Sho‘ro davlati ta’lim sohasida olib borgan islohotlar tufayli qizlar va o‘g‘il bolalarni bir sinfda o‘qitish joriy qilingan. Buning natijasida 1924-1925-yillarda sovet maktabida 34 ming 735 nafar (26,1 %) qizlar o‘qigan, qishloq joylarida esa ularning soni 6 ming 235 nafarni (11,5%) tashkil etgan (O‘zbekiston markaziy arxivi, R-2748 jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 2514-ish, 19-20-varaqlar). 1927/28-o‘quv yilida respublikadagi maktablarda 35 mingga yaqin qiz ta’limga jalb etilgan, shundan qishloq joylaridagi maktablarda 6 ming o‘zbek qizi o‘qigan. 30-yillarda savodsizlikni tugatish kurslari va ayollar o‘qituvchilik kurslari ham tashkil etilgan.

 

Umuman, Turkistonda xotin-qizlar ta’limi masalasi XX asrning boshida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan. Bu boradagi sa’y-harakatlar jamiyatning intellektual hayotida ayollar ishtiroki va mavqei oshishiga xizmat qildi.

 

Zilola XALILOVA,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 2-son.

“Ma’rifatdan mahrum ma’sumlar” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19946
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17587
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//