Men jangovar patsifistman, tinchlik uchun jang qilishga tayyorman – Eynshteynning prezidentga maktubi


Saqlash
23:08 / 08.08.2023 682 0

1939-yil ikkinchi avgustda Albert Eynshteyn AQSHning o‘sha vaqtdagi prezidenti Franklin Delano Ruzveltga maktub yo‘llaydi. Aslida Vengriyadan ko‘chib kelgan fiziklar – Leo Silard, Yudjin Vigner va Edvard Tellerlar ushbu maktub tashabbuskorlari edilar, matnning katta qismi o‘sha olimlar tomonidan yozilgan. Unda fashist Germaniyasi yadroviy qurol borasida faol tadqiqot olib borayotgani va yaqin kelajakda atom bombasiga ega bo‘lishi ehtimoli borligi bayon etilgandi. Xatda, shuningdek, Qo‘shma Shtatlarda keng ko‘lamli atom tadqiqotlarini boshlash zaruriyati taʼkidlanadi. Quyida o‘sha xat tarjimasi bilan tanishasiz.

 

Janob,

E. Fermi va L. Silardning baʼzi so‘nggi ishlari menga qo‘lyozma shaklida yetib keldi. Bu ishlar bilan tanishib chiqqanimdan so‘ng uran tez orada yangi va muhim energiya manbaiga aylanishi mumkin degan o‘y aqlimni band qildi. Yuzaga kelgan vaziyatning ayrim jihatlari hukumatni ogohlikka va kerak bo‘lsa, tezkor choralarni ko‘rishga undayotgandek. Men diqqatingizni quyidagi fakt va tavsiyalarga qaratishni burchim deb bildim.

 

Fransiyada Jolio, shuningdek, Amerikada Fermi va Silard bajargan ishlar tufayli oxirgi to‘rt oy ichida katta hajmli uranda yadroviy reaksiya vujudga kelishi ehtimoli oshdi. Buning natijasida sezilarli darajada energiya ajralib chiqishi va katta miqdordagi radioaktiv elementlar hosil bo‘lishi mumkin. Endi bu narsa yaqin kelajakda yuz berishi deyarli aniq.

 

Bu yangi kashfiyot bombalar ishlab chiqarishni ham rag‘batlantirishi ehtimoli bor. Hali to‘la ishonch bilan ayta olmasak-da, yangi turdagi favqulotda kuchli bombalar yaratiladi degan taxminimiz bor. Kemada eltilgan shu turdagi bitta bomba portda portlatilsa, u butun portni va uning atrofidagi hududni yo‘q qilib yubora oladi. Ammo bu bombalarni havoda tashib yurish katta noqulaylik tug‘diradi.

 

Qo‘shma Shtatlar juda oz miqdordagi uran zaxirasiga ega. Kanada va Chexoslovakiya uranga boy hududlar hisoblanadi. Katta konlar esa Belgiya Kongosida joylashgan.

 

Shuni hisobga olib, Amerikada zanjir reaksiyasi ustida tadqiqot olib borayotgan bir guruh fiziklar va hukumat o‘rtasida doimiy aloqa o‘rnatishni tavsiya qilgan bo‘lardim. Bu aloqa uchun siz o‘zingiz ishongan shaxsga quyidagi vazifalarni norasmiy ravishda yuklashingiz mumkin:

 

a) davlat organlari bilan aloqada bo‘lish, tadqiqotlar borasida ularni xabardor qilib turish va ularga kerakli maslahatlarni berish, ayniqsa, Qo‘shma Shtatlarni uran bilan taʼminlash bo‘yicha.

b) jismoniy shaxslar va zarur jihozlar bilan taʼminlangan sanoat laboratoriyalarini jalb qilish orqali hozirda universitet laboratoriyalari ichki mablag‘i hisobiga yurgizilayotgan tajriba-sinov ishlarini tezlashtirishga ko‘maklashish.

 

Bilishimcha, Germaniya o‘zi egallab olgan Chexoslovakiya konlarida uran sotishni to‘xtatgan. Germaniya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarining o‘g‘li fon Vayszekker Berlindagi Kayzer Vilgelm institutiga ishga yuborilgani va u yerda ham Amerikadagi kabi uran bo‘yicha izlanishlar ketayotganini hisobga olsak, buni tushunish mumkin.

 

Hurmat bilan, Albert Eynshteyn.

 

***

 

Ushbu maktubning bosh tashabbuskori Leo Silard bo‘lgan. U 1939-yilda urandagi zanjir reaksiyasi kashf etilgani va bu natsistlar tomonidan harbiy maqsadlarda faol qo‘llanishi mumkinligidan xabar topadi. O‘zining AQSh hukumatiga murojaati etiborsiz qolmasligi uchun Eynshteynni ham jalb etishga qaror qiladi. 1939-yilning iyul oyida Silard va Vigner u bilan uchrashadilar. Eynshteyn vaziyat jiddiyligini tezda anglab, nemis tilida davlat departamentiga yuboriluvchi maktub matnini tuzadi.

 

Vigner xatni ingliz tiliga o‘girib, bosmadan chiqarganidan so‘ng uni kim tezkor ravishda prezident Franklin Ruzveltga yetkazib bera oladi degan savol ko‘ndalang turardi. Avvaliga bu vazifani mashhur aviator Charlz Lindbergga topshirish haqida o‘ylab ko‘rishadi. Ammo u o‘sha orada radio orqali chiqish qilib, AQSH Yevropadagi mojaroga aralashmasligi haqida so‘zlaydi va Gitler rejimiga nisbatan nekbin munosabatini yashirmaydi. Shuning uchun xatni prezident bilan muntazam uchrashib turuvchi tanish bankir Aleksandr Saksga yuborishadi. U esa ishonchni oqlamay, xatni o‘zi bilan ikki oy, 1939-yil oktyabr oyi boshlarigacha ko‘tarib yuradi. Nihoyat, 11-oktyabrda, ikkinchi jahon urushi boshlanib ketgach, xat Silardning qo‘shimcha izohi bilan Ruzveltga yetkaziladi.

 

Eynshteyn yangi energiyadan qanday foydalanish mumkinligi haqida biror izoh bermagan. Faqat bir marta shunday deydi: “O‘zimni atom energiyasi otasi deb hisoblamayman. Bunda mening ishtirokim mutlaqo bilvosita edi”.

 

Shunga qaramay, olim imzolagan xat jarayonga sezilarli taʼsir ko‘rsatgan: Ruzvelt 1939-yil oktyabrda, yaʼni maktub yetkazilgan o‘sha oydayoq uran bo‘yicha Maslahat qo‘mitasi tuzadi. Keyinroq esa qo‘mita Manhetten loyihasiga aylanadi. Natijada, 1945-yil Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga tashlangan va taxminan 200 ming kishining boshiga yetgan atom bombalari ishlab chiqariladi.

 

Fashistlar Germaniyasi yadroviy qurol ishlab chiqishning uddasidan chiqa olmadi. Ehtimol, bunga harakat ham qilib ko‘rishmagandir. Eynshteynni esa bomba ishlab chiqarishdan chetlashtirganlar. Uning kelib chiqishi Germaniyaga aloqadorligi va yana chap qanot siyosiy faoli sifatida tanilgani uchun bu ishda katta xavf sifatida ko‘rilgan va Manhetten loyihasida ishtirok etishiga ruxsat berilmagan.

 

Eynshteyn keyinroq o‘sha xat uning hayotidagi mashʼum xato bo‘lganini tan oladi va shunday deydi: “Ish muvaffaqiyat bilan amalga oshirilsa, insoniyatni qanday kulfatlarga duchor qilishi mumkinligini to‘la anglab turardim. Ammo fashistlar Germaniyasi ham shu masala ustida bosh qotirayotgan bo‘lishi mumkinligi meni shu qadamni qo‘yishga majbur qildi”.

 

Tarixchilar Eynshteyn maktubining yadroviy qurol yaratilishidagi o‘rnini turlicha baholaydi. Kimdir muhim o‘rin tutgan desa, yana kimdir u qadar katta ahamiyat kasb etmagan deb biladi. Olim esa o‘zini tinchlikparvar deb bilgan. Jumladan, u shunday deydi: “Men shunchaki patsifist emas, jangovar patsifistman. Men tinchlik uchun kurashishga tayyorman. Agar odamlarning o‘zi jangga borishdan bosh tortsa, hech nima jang bilan yakunlanmaydi”.

 

Rafiq SAYDULLO tayyorladi,
Oyina.uz


 

Oyina.uz'ni Telegramda o‘qing!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19986
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17635
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//