Shaxsiy muhri bo‘lgan temuriy malika


Saqlash
14:09 / 06.09.2023 1712 1

Temuriy malikalardan biri Gavharshodbegim o‘zining donoligi, tadbirkorligi, bunyodkorligi bilan tarixga o‘z nomini muhrlagan.

 

Gavharshodbegim Amir Temurning to‘rtinchi o‘g‘li Shohruh Mirzoning katta xotini edi. U Chig‘atoy zodagonlaridan G‘iyosiddin Tarxonning qizi bo‘lib, Chig‘atoy ulusida bu avlod yuksak e’tibor va hurmatga sazovar bo‘lgan.

 

Gavharshodbegim (1379–1457) 1393-yilda Shohruh Mirzo nikohiga kirgan. Undan uch o‘g‘il-u ikki qiz ko‘rgan. To‘ng‘ich o‘g‘li Ulug‘bek Mirzo Ko‘ragon (Muhammad Tarag‘ay, 1394–1449), o‘rtancha o‘g‘li Boysung‘ur Mirzo (1397–1433) va kichik o‘g‘li Muhammad Jo‘ki Mirzo (1401–1445)lardir.

 

Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Gavharshodbegim yuksak did-farosatli, oqila, tadbirkor, suxandon, bir so‘zli – qat’iyatli, husn bobida ham benazir ayol bo‘lgan.  Shohruh Mirzo ham xotini Gavharshodbegimning donoligiga tan bergan, saltanatni boshqarishda oqilona va tadbirli maslahatlariga ehtiyoj sezgan. Shu bois saltanatga doir ko‘pgina ishlar malikaning nazar-e’tiboriga havola qilingan. Saltanat, devon ishlarini o‘ktam va tadbirkor Gavharshodbegim boshqargan.

 

Tarixchi olim Amriddin Berdimurodov o‘zining “Samarqand tarixidan tomchilar” nomli maqolalar to‘plamida Gavharshodbegimning hatto shaxsiy muhrga ega bo‘lganligini aytib o‘tadiki, bu malikaning ayrim davlat ishlarida o‘zi shaxsiy qaror qabul qilib, uning ijrosini kuzatganini, tasdiqlaganini ko‘rsatadi. Muhr to‘q yashil mohtobdan, to‘q yashil rangda, (nefritdan) bodomsimon shaklda yasalgan bo‘lib, sirtiga suls yozuvida arabcha xat bilan “Gavharshodbegim G‘iyosiddin Tarxonning qizi” deb yozilgan. Malikaning juda katta siyosiy kuchga ega bo‘lgan mazkur muhri bugungacha yetib kelgan, u tosh o‘ymakorligining go‘zal namunasidir. Bu noyob yodgorlik hozirda Sankt-Peterburgdagi Ermitaj muzeyida CA-13650 raqami ostida saqlanadi.

 

 

Shohruh Mirzo davrida Xuroson siyosiy-ijtimoiy va madaniy jihatdan ancha gurkirab o‘sdi. Mamlakat poytaxti Hirot iqtisodiy va madaniy yuksalishda Sharqning eng nufuzli shaharlaridan biriga aylandi. Tabiiyki, mamlakatning yuksalishida malika Gavharshodbegimning hissasi katta bo‘lgan. Bu davrda Hirotda va mamlakatning boshqa viloyatlarida qurilish ishlari avj olgan edi. Masjid-u madrasalar, xonaqoh, maqbara, dahma, musofirxona, shifoxona, ravot, ko‘prik va sardobalar qurilgan.

 

Tabiatan vatanparvar, bilimdon va zukko Gavharshodbegim mamlakat ravnaqi yo‘lida tinmay g‘amxo‘rlik qiladi. Uning dasturida madaniy va ma’rifiy hayot birinchi o‘rinda bo‘lgan. Shu boisdanmi, farzandlari hamda barcha nabiralari ilm-fan muxlislari bo‘lib, ba’zilari g‘azal ham bitgan.

 

Bunyodkorlik tabiatiga xos bo‘lgan malikaning farmoniga ko‘ra, Mashhaddagi mashhur qadamjo bo‘lgan Imom Rizo qabri yonida 1418-yilda g‘oyatda hashamatli masjidi jome’ qurilishi boshlanadi. Muarrix Abdurazzoq Samarqandiy bu qurilish haqida ma’lumot berib o‘tgan.

 

Gavharshodbegim Hirotdagi ko‘plab qurilish ishlariga rahnomalik qildi. Uning o‘zi ham bu yerda ikkita katta madrasa qurdirgan. Hirotdagi Gavharshodbegim madrasasi uning vafotidan so‘ng o‘z davri uchun ham, keyingi davrlar uchun ham turli mutaxassislar tayyorlovchi ilm-ma’rifat markazi sifatida faoliyat olib borgan.

 

Gavharshodbegimning ma’rifatparvar o‘laroq barpo etgan madrasasi, masjid-u xonaqohi me’moriy yodgorlik sifatida hozirda ham Hirotda qad ko‘tarib turibdi.

 

2003-yilda Qobul shahrida xotin-qizlar universiteti faoliyat boshladi. Universitet Gavharshodbegim xotirasiga hurmat va ehtirom ramzi sifatida uning nomi bilan yuritilmoqda.

 

Bugungi kunda tolmas ma’rifatchi, ulug‘ bunyodkor Mirzo Ulug‘bekning ilm-ma’rifat homiysi sifatida tilga olinayotganligi, u barpo etgan madrasayi oliyasi Samarqand davlat universiteti vorisi ekanligi e’tirof etilayotganida uning volidasi Gavharshodbegimni ham yodga olish ezgu ishlardan biridir. Qaysidir ma’noda Mirzo Ulug‘bekdagi bunyodkorlik, ma’rifatparvarlik tuyg‘usi ona qonidan o‘tganligini unutmaslik lozim.

 

Mirzo Ulug‘bek: Onamning ismi-yu ko‘zlarigina gavhar emas, balki aqli ham gavhar edi” deya qayd qilib o‘tgan edi.

 

Tarixda asrlar, yillar o‘tgan sayin ayrim tarixiy voqealar biroz xira tortib unutilishi mumkin. Ammo ezgu ishlarni amalga oshirgan, kashfiyotlar yaratgan tarixiy shaxslar nomi mangulikka daхldor.

 

Bo‘ri QODIROV,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi

huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar

 instituti bo‘lim boshlig‘i

1 Izoh

Sevinch

00:01 / 29.01.2024

Menimcha biz Boburiy va Temuriy malikalarni chuqurroq oʻrganishimiz va ularning oʻsha davrdagi liboslari bilan tanishib chiqishimiz kerak . Chunki ularda bizning oʻtmishimiz aks etgan. Rosti bizning sahna koʻrinishi miz boʻlishi kerak ammo biz malikalarimizning kiyimini obrazlashda qiynalyapmiz . Bu ham bir oʻtmish haqidagi fikrlarimizning torayishiga sabab boʻluvchi asoslardan biri emasmikan?

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19969
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17622
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//