Qodiriyga malol kelgan masala


Saqlash
09:09 / 07.09.2023 868 0

Turkfront siyosiy boshqarmasining qizil askarlar uchun mo‘ljallangan “Красная звезда” gazetasida bosh muharrir imzosi bilan chop etilgan “Sheflar va harbiy matbuot” sarlavhali bosh maqoladagi (Гейлер Г. Шефы и военная печать / Красная звезда, 19 сентября 1922 года. №59/­191) “sheflar” tushunchasi kishining diqqatini tortadi. Chunki atoqli adib Abdulla Qodiriyning bir maqolasida ham “Eski shahar ispolqo‘mining topqoni har xil yuqori shefstvolarga ketadi” (Qodiriy A. Nima qayoqqa ketadir? / Mushtum, 1923-yil, №3. 3-bet) degan jumla uchraydi. Xo‘sh, bu ikki manbada kelgan “sheflar” va “shefstvo” tushunchalarining o‘zaro bog‘liqligi bormi?

 

“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “shef” so‘zi fransuzcha “chef”dan olingani, uning birinchi ma’nosi – boshliq, rahbar, korxona boshlig‘i;  ikkinchi ma’nosi esa “biron muassasani, korxona va shu kabilarni otaliqqa olgan tashkilot” ekani qayd etilgan. Ayonlashadiki, yuqoridagi ikki manbada so‘zning ikkinchi ma’nosi aks etgan. Demak, birinchi maqolada gap harbiy matbuotni otaliqqa olish, unga homiylik qilish xususida ketyapti. Ikkinchisida esa qaysi idora va tashkilotlarning bu tartibni amalga oshirishga javobgarligi kinoya yo‘li bilan eslatilgan. Shu sababli o‘tgan asr 20-yillari boshlaridagi bu ikki atama bir-biriga bog‘liq bo‘lishi kerak va ular bir-birini to‘ldiradi, degan taxminda izlanishga kirishdik.

 

Nega bosh muharrir bong urib, otaliqqa oluvchilar va harbiy matbuot muammosini ko‘targan? Maqola kirishida bunga qisman javob beriladi. Ya’ni muallif sho‘roning markaziy nashridan shunday iqtibos keltiradi: “Moskva otaliqqa olish ijroiya byurosi Moskvadagi “Красный воин” okrug gazetasi chop etilishi uchun har oyda 12 milliard ajratadi... Respublika inqilobiy harbiy kengashining otaliqqa olish komissiyasi vaqtli harbiy nashrlarga yordam berishni kuchaytirish zaruratini ta’kidladi” (Umumrossiya markaziy ijroiya qo‘mitasi axboroti, 5 sentabr).

 

Bu faktni keltirar ekan, muallif maqolani achchiq kinoya bilan boshlaydi: “Moskvada sheflar shunday ishlashadi. Bizda, Turkistonda-chi? Bizning sheflarimiz tomonidan qizil armiya gazetasi bo‘lgan “Красная звезда”ga yordam berish uchun hamma ishlar qilinganmi? Yo‘q, uch karra yo‘q. Garchi mazkur muammo bir necha marta ko‘tarilgan bo‘lsa-da, hanuzgacha qoniqarli javob olingani yo‘q. Turkiston frontining qizil askari tarbiyasida murakkab vazifa yuklatilgan “Krasnaya zvezda” qiyin sharoitda chiqyapti. Bosmaxona xarajatlarining muntazam oshishi, markazdan mablag‘ kelishi to‘xtashi bizni kelajagimiz haqida jiddiy o‘ylashga majbur qilmoqda. Shuni esda tutishimiz lozimki, qizil armiya gazetasi o‘zini iqtisodiy jihatdan qoplay olmaydi. Gazeta tirajining to‘rtdan uch qismi frontga bepul tarqatilishi kerak”.

 

G.Geyler qizil armiyaga yordam beradigan otaliq tashkilotlar ishini nazorat qiladigan markaziy qo‘mitani gazetaga ko‘mak berish masalasini kun tartibiga qo‘yishga chaqiradi. Aniq taklifni ilgari surib, “Красная звезда”ga har oyda 6 mlrd rubl yordam berilishi kerakligini yozadi. “Красный воин” gazetasiga har oyda 12 mlrd ajratilishiga urg‘u berib, 6 mlrd rubl mablag‘ yordamning minimum darajasi ekanini, bu summa front matbuotiga berilishi shartligini aytadi. Muallif maqola oxirida bu o‘ta dolzarb siyosiy masala ekaniga e’tibor qaratib, “Turkiston frontining siyosiy va harbiy sharoitida bizga kundalik gazeta kerak. Hozir juda kam bo‘lgan adadni ko‘paytirib, gazeta mazmunini boyitish kerak. Uning ishiga yangi kuchlarni jalb qilish lozim. Buning uchun esa jiddiy qo‘llab-quvvatlash talab etiladi”, deydi.

 

Masalaga oydinlik kiritish uchun matbuotni otaliqqa olish muammosi bilan qiziqdik. Bunga tarix fanlari nomzodi, polkovnik Y.Pavlov muallifligidagi “Xalq va armiya yakdil” materialidan javob topildi. Muallifning yozishicha, Umumrossiya markaziy ijroiya qo‘mitasining 1921-yil 17-noyabridagi qarori bilan qizil armiyani otaliqqa olish bo‘yicha jamoatchilik harakati qonuniy kuchga ega bo‘lgan. Armiyada bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish uchun 1922-yilning 6-iyulida Respublika inqilobiy harbiy kengashi huzurida Markaziy otaliqqa olish komissiyasi tuzilgan.

 

Harbiy fanlar nomzodi, professor A.Vitkovskiyning bir maqolasidan ham mavzuga doir ayrim ma’lumotlarni topdik. Unda, jumladan, harbiy otaliq ishlari – davlat organlari, munitsipalitetlar, muassasalar, turli mulkchilik shaklidagi tashkilotlar, fuqarolar, harbiy tuzilmalarning moddiy, madaniy, ma’rifiy va boshqa yo‘nalishda o‘zaro yordam ko‘rsatish faoliyati ekani yozilgan (Витковский А.  Черноморский флот – форпост России на Черном море / Аналитический вестник Совета Федерации ФС РФ. №13/330. 2007).

 

O‘rnatilgan tartibga muvofiq, harbiy qismlarni kommunistik partiya tashkilotlari, markaziy va mahalliy ijro hukumati, ishlab chiqarish va xo‘jalik organlari, shuningdek, zavod va fabrikalar otaliqqa olishi mumkin bo‘lgan. Shu asosda qizil armiyaga, uning harbiy matbuotiga homiylik mablag‘lari ajratilgan, qizil askarlarga gazeta tekin tarqatilgan.

 

Otaliqqa olish va mablag‘ ajratish tashkilot va muassasalar uchun majburiy bo‘lganmi? A.Vitkovskiy savolga javoban bu ko‘ngilli ravishda amalga oshirilishini yozadi. Biroq shunday bo‘lganida, bu hol Abdulla Qodiriyning achchiq kinoyasiga sabab bo‘larmidi? “Mushtum”da shefstvolardan zada bo‘lingani yozilarmidi? Yoki bo‘lmasa, Geyler Turkfrontning harbiy nashriga kamida 6 mlrd rubl ajratilishi shartligini aytib bong urarmidi?

 

Yuqoridagilardan sho‘rolarning Turkistonda milliy ozodlik harakatiga qarshi kurash jarayonida harbiy matbuotga, otaliqqa olish bilan bog‘liq masalaga jiddiy e’tibor qaratgani anglashiladi. Qizil armiyani otaliqqa olish bo‘yicha qo‘mita va komissiyalar jamoatchilik harakati sifatida talqin etilsa-da, unga hukumat ta’siri bo‘lgan; harbiy matbuotni otaliqqa olish masalasi markazlashgan holda nazoratga olingan; otaliqqa olish orqali “majburiy obuna” tashkillashtirilgan; harbiy matbuot qizil askarlarni sho‘ro mafkurasi ruhida tarbiyalashda samarali vosita bo‘lgan; harbiy gazetalar siyosiy buyurtma asosida chiqarilgan va askarlarga tekin tarqatilgan; hukmron mafkura mahalliy korxona, tashkilot va ishlab chiqaruvchilar hisobiga harbiy nashrlarning muntazam chiqib turishini mablag‘ bilan ta’minlagan.

 

Mustabid tuzum milliy ozodlik harakatini jisman, ma’nan mahv etishda harbiy matbuotdan kuchli mafkuraviy qurol sifatida foydalanar ekan, ko‘rib o‘tilganidek, “sopini o‘zimizdan chiqargan”.

 

Alijon SAFAROV,

O‘zJOKU kafedra mudiri, filologiya

fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

“Tafakkur” jurnali, 2022 yil 3-son.

“Qodiriyni malollantirgan masala” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19986
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17635
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//