Tahqir va qiynoqlar, konslagerga hukm, vahshiylarcha o‘lim – Xorazm qozilari tarixidan


Saqlash
14:10 / 03.10.2023 1147 1

Sherimbetqozi Davlatmurod o‘g‘li 1872-yil hozirgi Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qipchoq tumani, Utegen qishlog‘i, 3-ovulda dunyoga kelgan. O‘zbek xo‘jalaridan bo‘lgan Davlatmurod va Xanifaxon oilasida tug‘ilgan Oqmuhammad, Boymuhammad, Ermuhammad, Nurmuhammadlar orasida uchinchi bo‘lib tug‘ilgan Shermuhammad ularning eng iqtidorlisi edi. Shermuhammad avval qishloq maktabida o‘qiydi. So‘ng Xiva shahriga piyoda yo‘l olib, Xon madrasasida tahsil oladi. Talabalik yillaridayoq nafaqat yuksak salohiyati, ilmu zakosi bilan, balki halolligi, to‘g‘riso‘zligi va odilligi bilan ham mudarrislarining nazariga tushadi. Madrasani bitirishi bilan Vazir shahri qozixonasida ish boshlab, keyinroq xon tomonidan Xitoy eliga qozilikka tayinlanadi. Sherimbet qozi bu unvonni Muhammad Rahimxonning maxsus farmoni bilan olgan bo‘lsa, Asfandiyorxon zamonida xonlikning mashhur qozilaridan biriga aylanadi. Kamtarlik va xalqparvarlik sabab tanilgan Sherimbetqozi ayni damda ilmli ulamo, odil qozi sifatida turkman ovullarida ham nom qozonadi. Xorazm Xalq Jumhuriyat davrida ham u obro‘-e’tibori sabab qozilik lavozimida qoldi.

 

1921-yil Хorazm Jumhuriyati Adliya noziri bergan Mandat:

 


Ushbu mandat berildi Xorazm Sho‘rolar Jumhuriyatining Adliya nazoratidan fuqohiyat panoh domullo Shermuhammad Davlatmurod o‘g‘lig‘a bul to‘g‘ridakim mazkurning ilmi zakovati Adliya nazoratidagi imtihon mahalida vozeh loyih bo‘lg‘oni uchun Xitoy baldasig‘a qozi va rais nasab etuldi to insof diyonati hasanag‘a loyiq daovi minozaot qat’i sukuk va sijjilot kitobati tarikot qismati va aytom amvoli muhofazoti va shunlarg‘a o‘xshash amir sha’ria ahkomi ijrosig‘a aqdom kelturub musulmonlarga din doinlarin ta’lim berib mullo imom muazzinlarni tainlab yosh bachalarni maktabga berdurub ahli namozlarni namoz adosig‘a targ‘ib qilib, shaa’r qilg‘onlarg‘a jazovu sha’riy ta’in etub borar, qo‘ldan kelganicha shariat ahkomig‘a qiyom tamom ko‘rgizsunlar. Emdi bu mandat mazmunig‘a tamom ogoh bo‘lg‘och mazkur balda xaloyiqi mumi oliyani o‘zlarig‘a qozi va rais bilib har turluk da’vo va murofaa’lari bo‘lsa oni huzurida soflashub ne tug‘ nikohlari bo‘lsa anga aytur deb nikohonalarin topshursunlar va shariat yo‘lida amrin amr nahisin nahi e’tiqod etub amal qilmoqni o‘zlarig‘a lozim bil vojib bilib xilof etmasunlar.

 

Mudolaadog‘i xaloyiq bila nav’i maosh etsunkim tongla al hisob javob bissavob uhdasidin chiqolg‘oy deb hijriy ming uch yuz qirq birda muharramni avvalida bu bitildi.

 

Adliya noziri Iso mahdum Muso o‘g‘li

 

1924-yil 4-sentabrda XXSR Yustisiya Nozirligi “Faqihlar hay’ati” raisi Bobooxun Salimovning “Shahodatnoma”si bilan Sherimbet qozining vakolati yana tasdiqlandi:


 

“Ushbu shahodatnoma beriladur fuqahotpanoh domullo Shermuhammad Xitoylig‘a shul xususdakim mumo oliya mazkurning insof diyonati, salohiyati va qobiliyati ba’ad al imtihon hay’ati fuqaho huzurida ma’lum va mashhur bo‘lg‘onidin so‘ng Xitoy baldasig‘a ma’al tavobi’ va al Haq qozi nasab va ta’in etildi. Tokim insof va diyonati hasanag‘a loyiq va ilmi va ilmi birioyasig‘a muvofiq duo vu munzaot qat’iy sukuk va sijillat kitobati va muvoris va matrukot qismati va munlarg‘a o‘xshash amur sha’riya ahkomi ijrosig‘a adolat va rostlig‘ bila sa’i mufur va jiddano mahzur ko‘rguzsunlar. Mazkur balda xalqlari ham da’vo va marofaa’ sha’rialari bo‘lsa oning huzurig‘a eltub sha’riat ahkomi bobinda amrini amr va nahiysini nahi e’tiqod qilib hast mazkura tarafidan berilgan dasturi a’malig‘a muvofiq amal qilib tarkona va nikohona va mahronalari bo‘lsa anga topshursunlar va qozi mash’or oliyadog‘i xalqig‘a rafiq va shafqat ila nav’i maosh qilsunkim tongla yavmu yaqum al hisob javob bosavob uhdasidin chiqa olg‘ay deb ta’rix hijriy ming uch yuz dog‘i qirq uchda mohi muharramning oxiri, sichqon yili ushbu shahodatnoma bitildi. 1343.

 

Sarkotib Muhammad Rizo oxund

Muovun Nurmuhammad oxund

Rais Muhammad Karim Bobooxund

 

1920-25-yillar Xorazmda sovet mustamlakachiligiga qarshi qurolli kurash qahramoni Junaidxon ham Sherimbet qozini o‘zining ishonchli qozisi deb bildi. Turli shariy hukmlarda muammo tug‘ilishi bilan uning oldiga o‘z odamlarini yuborib maslahat so‘radi. 1926-yil Sherimbet qozi Davlatmurod o‘g‘li gumon bilan hibsga olinib bir qancha muddat Xivada qamoqda qoladi. Juda ko‘pchilik el oqsoqollarining aralashuvi bilangina ozodlikka chiqishga muvaffaq bo‘ladi. Ammo, u hibsda sho‘rolarning naqadar tuban siyosatiga, ayniqsa huquq sohasi insoniylik qiyofasini butunlay yo‘qotgan vahshiy kimsalarning qo‘liga topshirilganini ko‘radi. Har qanday insoniy tuyg‘ulardan benasib, kimsalar uchun na Alloh, na basharning chivincha qadr-qimmati yo‘q edi. Sherimbet qozi ozodlikka chiqdi-yu, sovet tashkilotlarida ishlashdan voz kechdi. Xatto qaytib shaharni, biror eski tanishlarining ham yuzini ko‘rmaslikka qaror qiladi. 1928-yil uning 12 tanob yeri, mol-hol, ot ulovli “Qizil sholi” kolxoziga musodara etilganida ham hech narsa demadi. Aksincha, farzandlariga bular bilan teng kelmang, kolxoziga a’zo bo‘ling, yashab qolishga intiling deyishdan nariga o‘tmadi. O‘zi esa maxfiy ibodatga ruju qo‘ydi, 1929-yil dekabrgacha taqdirga tan berib, ba’zan uyida, ko‘pincha o‘zi imom bo‘lgan masjidda tunab yashayverdi...

 

OGPU tomonidan yollangan “Erlepes” laqabli xufyaga tumandagi taniqli kishilarni aniqlash va ular haqida materiallar to‘plash topshirilgan edi. Tunu kun gap qidirib ma’lum xabarlarni jamlagan “Erlepes” 1929-yil 21-oktabr o‘zining ro‘yxatini jamlab qo‘shib-chatib go‘yoki 1929-yil 10-11-oktabr kunlari Sherimbetqozi Davlatmurodovning uyida sobiq boylar jami 11 nafar kishi jamlanib maslahat qilgani va sovet davlatiga qarshi qurolli kurash boshlash maqsadida ot va qurol qidirish uchun Nurimbet Tursunboyevni turkman qishlog‘iga yo‘llagani haqida uzundan uzoq chaquv yozdi. Mazkur chaquv asosida 1929-yil 14-dekabr kuni Qipchoq tuman OGPU tomonidan 3-ovulda istiqomat qiluvchi Sherimbetqozi Davlatmurodov, O‘razimbet Muhammadkarimov, mulla Paraxat Amonov, mulla Nurimbet Matniyazov, Qurbonniyoz Saidnazarov, Boboniyoz Yormanov, Nurimbet Tursunboyev, Shoniyozqozi Matrizayev, Nurmonhoji Davlatmurodov, Tadjen Saparniyozov (boqqol), Norimqari Safoyevlar, jami o‘n bir kishiga RSFSR JKning 58-moddasi 11-bandini qo‘llab, aksilinqilobiy guruh tuzishda ayblab qamoqqa olishga qaror chiqariladi. Xorazmning Gurlan, Qoraqalpog‘istonning Qipchoq tumanlaridan bo‘lgan bu odamlarning aksari el tanigan, davlatmand, ilmli qozi, olim zotlar edi.

 

1929-yil 21-dekabr kuni Sherimbetqozi Davlatmurodov o‘z uyidan hibsga olindi. Tintuv vaqtida uning qozilikka tayinlanganligi haqidagi Xorazm Sho‘rolar Jumhuriyati Adliya nozirligi tomonidan berilgan mandat, guvohnomalar, qozilik vaqtida yozgan hujjatlari aksilinqilobiy faoliyati uchun dalillar sifatida olib ketildi. Uning izidan esa turmush o‘rtog‘i Hadicha aya va olti nafar farzandi Habiba, Bibisora, Safarniyoz, Polvonniyoz, Olloniyoz, Bibihojarlar qon yig‘laganicha kuzatib qoldilar.

 

Shu kunning o‘zida ilk so‘roqda o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni eshitgan Sherimbetqozi: “men harbiy odam emasman, shu tufayli 1924-yil yanvar urushlarida ishtirok etmaganman. Keyingi uch yilki uyimdan ham chiqmadim. Barcha yaqinlarim bilan ham orani ancha avval uzganman. Shu yillarda ularni ko‘rganim ham yo‘q, bu gaplarning hammasi tuhmat” deyish bilan cheklanadi.

 

1929-yil 24-dekabr kuni so‘roqda esa Sherimbetqozi: “Ancha yillardan beri siyosat bilan qiziqmadim, deyarli uyda o‘tiraman. 10-11-oktabr kunlariga kelsak, uyimga hech kim kelmagan. U kuni o‘zim ham masjidda bo‘lib, masjidda tunagan edim. Bu gap esa mutloq tuhmat” deydi.

 

1929-yil 29-dekabr kuni asli Gurlanning Yana yop qishlog‘idan Shoniyozqozi Matrizayev so‘roq qilinadi. Shoniyozqozi Matrizayev 1862-yil tug‘ilgan bo‘lib, Xiva madrasasida Ibrohim oxund qo‘lida o‘qigan. Xonlik zamonida Sherimbetqozi xizmatida 3 yil kotib bo‘lgan, shundan keyin masjidda imom bo‘lib elga ilm tarqatgan, diniy marosimlariga rahbarlik qilgan. 1920-yil sho‘rolarning bir tadbirida ishtiroki uchun uni faxriy sifatida kompartiyaga a’zo qilishadi. Ammo bolsheviklarning kirdikorlarini ko‘rgan Shoniyozqozi qaytib biror tadbirida ko‘rinmagani uchun a’zolikdan ozod qilinadi. 1925-yilgacha imomlik qilib, so‘ng sho‘rolarning tazyiqi ortidan o‘zining 10 tanob yerida dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘ladi. 1928-yil sovetlar kollektivlashtirish bahonasida Shoniyozqozining 2 oti, 2 buqasi, 2 sigiri, 2 bizog‘i xatto 7 xonali uyini ham kolxoz foydasiga musodara etib, o‘zini huquqsizlar toifasiga kiritishadi. Shoniyozqozi Matrizayev o‘zining Sherimbetqozini unda kotib bo‘lib, ishlagani davridan bilishini, ammo uning uyidagi 11 kishilik yig‘inidan xabari yo‘qligini ta’kidlaydi. Shuningdek, O‘razimbet Muhammakarimovga Junayidxon yuzboshi unvonini bergani, mulla Nurimbet Matniyazov, Qurbonniyoz Saidnazarov eski boylardan bo‘lganligini tan oladi. O‘razimbet Muhammadkarimov Chor imperiyasi davrida Akim no‘g‘oyning paxta zavodida sherik bo‘lgani keyinroq sovetlar uning 21 tanob yeri, 2 tuya, 3 ot, 2 buqa, 2 sigir, 6 qo‘y, 10 echkisi, tegirmon va juvozlarini tortib olganini aytadi. Ammo ularning qandaydir aksilinqilobiy tashkilot tuzishi mumkinligini rad etadi.

 

1930-yil 8-yanvar kuni so‘nggi so‘roqda ham Sherimbetqozi Davlatmurodov o‘zining aybdor ekanligini qat’iy rad etadi, 10-11-oktabr kunlari uyiga hech kim kelmaganini ta’kidlaydi. Dahshatli qiynoq va xo‘rlashlar ostida o‘tkazilgan so‘roqlarga qaramay biror kishi aybiga iqror bo‘lmadi. Maxfiy yig‘in bo‘lmaganini qayta-qayta takrorladilar. Biroq, ayblov bayonnomasi butunlay teskari holda 1929- yil 10-11-oktabr kunlari soat 9.00 - 10.00 larda Sherimbetqozi Davlatmurodovning uyida aksilinqilobiy maqsadda yig‘in o‘tkazilgan va ular sovet davlatiga qarshi bosmachi guruh tuzib qurollantirmoqchi bo‘lgan, deb yozildi.

 

1930-yil 24-aprel kuni Qozog‘iston SSR OGPU qoshidagi maxsus “uchlik” tomonidan Sherimbetqozi Davlatmurodov, Paraxat Omonov, O‘razimbet Muhammadkarimov, Davlatmurodov Nurmonhoji, Matrizayev Shoniyozqozi, Saidnazarov Qurbonniyoz, Tursunboyev Nurimbet, Safoyev Norimqari, Saparniyozov Tajenlarni otuvga hukm etilgan. Matniyazov mulla Nurimbet va Yormonov Boboniyozlar 5 yildan konslagerga hukm etiladi...

 

“Tasodif”ni qarangki, “Erlepes” bilan bir vaqtda qo‘shni 4-ovul Eshonqal’a qishlog‘ida Ortiq Xolmurodov nomli mal’un ham Utegen Omonboyevnikida 6 nafar eshon jamlanib, Salay eshon rahbarligida sovetlarga qarshi aksilinqilobiy bosmachilar guruhini tuzish rejasini muhokama etganiga guvoh bo‘lgani haqida mahalliy OGPU idorasiga chaquv bitadi. 1929-yil 4-noyabr kuni so‘roq bergan Ortiq Xolmurodov bir yolg‘onga qirq yolg‘on aralashtirib Solih eshonning uyiga Gurlandan qochib kelib dehqonchilik qilayotgan Imomuddin oxund Salimov haqida so‘zlaydi. Nimagadir guruhga Vahm yop qishlog‘idan 1924-1927 yillar 4-ovul kengashi raisi bo‘lgan Sobir Ermonovni rahbar sifatida ta’riflaydi. Shu asosda 1929- yil 6-dekabr kuni Qipchoq tumani, 4-ovuldan Soli eshon Matrizayev, Allan eshon Yusupov, Ismat eshon Tadjiyev, Nuriddin eshon Yoqubov jami 10 nafar tumanning taniqli kishilarini RSFSR JK 58-moddasi 11-bandi bilan aybdor deb topib qamoqqa olishga qaror qilinadi.

 

Eshonqal’aning taniqli ulamolaridan Soli eshon Matrizayev Xiva madrasalarida tahsil olgan va ko‘p yil mudarrislik bilan mashg‘ul bo‘lib qator shogirdlar yetishtirgan edi. Shundan so‘ng, eshonlik rutbasini olib Eshonqal’aga qaytadi. 1906-yilda Muhammad Rahimxon Feruzning farmoni asosida Vazir shahriga qozilikka tayinlanadi.

 

Muhammad Rahimxonning Salay eshonni Vazir qozisi etib tayinlov qarori:


 

 

Abulmuzaffar val mansur Abulg‘ozi Said Muhammad Rahim Bahodurxon so‘zimiz!

 

Marohim shohona va inoyati hisravonamizdin sarbaland va arjumand qilib domullo Solih maxzumning insof va diyonati va furizamir mehri tanvirimizg‘a

 

Ravshan va mir hasan bo‘lg‘oni uchun Vazir baldasig‘a ma’ al-tavobe val Haq majid va an domullo Ortiq va domullo Muhammad Qurbon bila bil ishtirok qozi qilib nishon oliyshon suyurg‘ol qilduq to insof va diyonati husanig‘a muvofiq duovi va munzaot qat’iy sukuk va sijillot kitobati va tarikot qismatida aytom amvoli muhofazoti va munlarg‘a o‘xshash amvor sharia ahkomi ijrosig‘a kamoyanig‘i mufur zuhurg‘a yetkursunlar. Emdi bu yorlig‘ oliy mazmunig‘a ogoh bo‘ling‘och mazkura balda xaloyiqi mumi alahimlarni o‘zlarig‘a bil ishtirok qozi bilib har turluk da’vo va marofaa’lari bo‘lsa alarning oldida saf bo‘lsunlar va shariat bobida amirlarini amr va nahiylarini nahiy e’tiqod etib amal qilmoqni o‘zlariga lozim bil vojib bilib xilof etmoqni siyosati podshohi mujubi anglasunlar va mumi al ha’i dog‘i xaloyiq bila nav’i maosh qilsunlarkim tongla yavm yaqum al hisob javob bosavob ahdasidin chiqa olg‘oylar deb ta’rix hijriy ming uch yuz yigirma to‘rt va moh muharram al haramning o‘ninda muvofiq yilqi 1324 yili bu yorlig‘ bitildi.

 

Solih mahdum eshon ko‘p yillar odil qozi va imom sifatida elning ardog‘ida bo‘ladi. 73 yoshida hibsga olinib, 1929-yil 16-dekabr kuni so‘roq qilinadi. U o‘zining hech qachon Utegen qassobni uyiga bormaganini ta’kidlaydi. Aksar vaqtini ibodat o‘tkazishini aytadi. Ammo tergovdagi tahqir va qiynoqlar oqibatida 29-dekabr kuni soat 17.00 da jon berib dunyo azoblaridan ham sho‘ro jallodlaridan ham qutiladi.

 

Imomuddin oxund Salimov 1887-yil Xivada Xorazm xonligining qozikaloni Salimoxund xonadonida dunyoga kelgan. Bolaligidan iqtidori baland bo‘lgan Imomuddin 11 yoshidan 25 yoshigacha Xivaning mashhur madrasalari Yasovulboshi, Nurilloboy, Xon madrasalarida tahsil oladi. Madrasa ta’limidan so‘ng oxund unvonini olib mudarrislik qila boshlaydi. 1916-yil Asfandiyorxonga qarshi isyonda “Yosh xivaliklar” rahbarlaridan bo‘lgan akasi Bobooxun Salimovning xalq tomoniga o‘tishi oqibatida Imomuddin oxund ham xonlikni tark etishga majbur bo‘ladi. Imomuddin oxund Asfandiyorxon shahid etilganidan so‘nggina Gurlanga qaytib keladi. 1920-yil Xorazm Xalq Jumhuriyati e’lon qilingach, 7-8 oy davomida Gurlan tumani markaziy ijroqo‘mi raisi bo‘ldi. Qizil askarlarning o‘zboshimchaligiga qarshi jiddiy qarshilik ko‘rsatgani uchun lavozimdan olinadi. Faqat Bobooxun Salimovning aralashuvi bilan Gurlan qoziligiga tayinlanib 1924- yilgacha Gurlanda qozi bo‘ladi. Shu yili qozilikdan ketadi va “Inqilob quyoshi” jurnalining muharriri sifatida ish ko‘ra boshlaydi. Oilasi va farzandlari tufayli aksar vaqtini o‘zining yerida dehqonchilik bilan o‘tkazishga, imkon qadar sho‘ro hukumatining ko‘ziga ko‘rinmaslikka harakat qiladi. Biroq 1928-yil rejani bajarmagan deb, 1230 so‘m jarima soladi va unga tegishli 55 tanob yer, 2 tuya, 4 buqa, 2 ot va boshqa mol-mulklari davlat foydasiga musodara etiladi. O‘zi esa 3 oy davomida Urganchda qamoqda saqlanadi. Bor mulkidan mosuvo bo‘lgan Imomuddin oxund o‘z qishlog‘ini tark etib, Eshonqal’aga tog‘asi Solih eshon uyiga borib to‘rt farzandi ta’minoti uchun uning yerida dehqonchilik qilib tirikchilik qilishga kirishadi. Biroq, hech kimning ko‘ziga ko‘rinmaslikka intilsa-da, bor yo‘g‘i qozikalonning farzandi bo‘lgani uchun sho‘rolarning dushmani sifatida talqin etilar edi. Hibsga olingan Imomuddin oxund ilk so‘roqdayoq o‘zining O‘tagan degan kishining uyida bo‘lmagani va uning o‘zini ham tanimasligini aytadi.

 

1930-yil 24-aprel kuni Qozog‘iston OGPU huzuridagi uchlik tomonidan Imomiddin oxund tog‘alari Yoqubov Nuriddin eshon, Tojiyev Ismat eshon, Sobir Ermonov, Erniyoz Matkarimov, Madamin To‘raxo‘jayev, Qurbonniyoz Matrizayev, O‘tagan Omonov, Avazniyaz O‘rozboyevlar otuvga, Yusuf O‘rozov 5 yil konslagerga hukm qilingan.

 

1930-yil 24-aprel kungi “uchlik” qarori ijrosi 1930-yil 15-may kuni To‘rtko‘l shahrida OGPU viloyat bo‘limi boshlig‘i Aleksandr Maksimovich Belonogov, axborot boshlig‘i I.V.Kalinin, OGPU otliq diviziyasi komandiri I.A.Xarchenko va Qoraqalpog‘iston viloyat prokurori Xoliqulovlar tomonidan amalga oshirildi. Bir kunda Xorazm xonligida 40 yilga yaqin qozi ul-quzzot bo‘lgan ulamo, mudarris, Xorazm faqihlarining ustozi Salim oxudning mudarris o‘g‘li Imomiddin Salimov, Ismat Tojiyev (Ismat eshon), Sobir Ermonov, Utegen Omonov, Erniyoz Matkarimov, Madaminhoji To‘raxo‘jayev, Yusupov Allabergan, Qurbonniyoz Matrizayev, Avazniyoz O‘razimbetov, Nuriddin Yoqubovlar bilan birga Sherimbetqozi Davlatmurodov, O‘razimbet Muhammadkarimov, Shohniyoz Matrizayev, Narimbet Sapayev, Paraxat Amanov, Tajen Saparniyozov, Saidnazarov, Nurmonhoji Davlatmurodov kabi 18 nafar millatimizning sara insonlari vahshiylarcha otib tashlandi.

 

 

Bahrom IRZAYEV.

Oyina.uz

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

1 Izoh

Matyusuf Salimov

16:10 / 04.10.2023

maqola juda zo'r , ma'lumotlar asosida yozilga

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19946
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17587
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//