Yaqin Sharqdagi keskinlik o‘chog‘i. Etnik mojarodan harbiy to‘qnashuvgacha


Saqlash
10:10 / 11.10.2023 2543 0

Falastin zamini ko‘plab din vakillari, xususan, yahudiylar, musulmonlar va xristianlar uchun tarixiy muqaddas hudud hisoblanadi. Bu yerda azaldan Salib yurishlari kabi qonli to‘qnashuvlar yuz berib kelgan. XX asrda bu keskinlik yangi darajaga chiqdi. Ikkinchi jahon urushidan keyin Yaqin Sharqda yahudiy davlati – Isroil tashkil topgach, mahalliy arab aholi bilan kelishmovchiliklar kuzatila boshladi. Ushbu qarama-qarshilik keng ko‘lamli urushlarga sabab bo‘ldi. Oxirgi to‘qnashuvdan esa o‘zingizning xabaringiz bor.

 

Falastinning qadimgi tarixi

 

Hozirgi O‘rta yer dengizi sharqidagi qirg‘oqlarning Falastin deya atalishi qadimdan bu yerlarda yashagan filistimliklar bilan bog‘liq. Bu xalq Falastinning eng qadimiy xalqlaridan biri hisoblanadi. Manbalarda (jumladan, Bibliyada) bu hudud Filistiya deb ham atalgan.

 

Falastinda turli xalqlar yashab keladi. Isroilliklarning Falastin yerlariga da’vosi bu yerda miloddan avvalgi XI asrda tashkil topgan qadimgi Isroil podsholigi merosi bilan asoslanadi. Aynan Isroil podsholigi filistimliklar hukmronligiga chek qo‘ygan. Afsonaviy podsholar Saul (Talut) va Sulaymon hukmdorligi davrida yagona Isroil qirolligi butun Finikiya va Kanaan (hozirgi Isroil, Falastin, Iordaniya, qisman Suriya va Livan) yerlarni nazorat qilgan. Tarixchilar yagona Isroil podsholigi mavjud bo‘lgani borasida turli xil fikr bildirsa-da, shimoliy Isroil podsholigi haqida hech qanday shubhaga bormaydi. Chunki bu podsholik tashkil topgani Bibliyadan tashqari Ossuriya hukmdori Salmansar III bitiklarida ham qayd etilgan.

 

Shimoliy Isroil davlati yerlari hozirgi Isroil, qisman Livan hududlariga to‘g‘ri keladi. Ushbu podsholik keyinchalik Ossuriya podsholigiga qo‘shib olingan. Yahudiylarning ikkinchi davlati – Yahudiya podsholigi esa janubroqda tashkil topgan bo‘lib, avval Ossuriya, so‘ng Bobil tomonidan zabt etilgan. Bobilliklar ko‘plab yahudiylarni olib ketgan va Bobil qulagach, ular sharq tomon harakatlanib, turli mamlakatlarga, xususan, Markaziy Osiyo, Hindiston, Xitoyga tarqalib ketgan.

 

Qadimgi Falastin xaritasi

 

Bobildan so‘ng Ahamoniylar, undan so‘ng Aleksandr Makedonskiy davlati tarkibiga kirgan sobiq Yahudiya nihoyat Rim imperiyasiga qo‘shib olingan.

 

Rim imperiyasi davrida isroil xalqi tez-tez isyon ko‘taradi va rimliklar ularni imperiyaning chekka hududlariga ko‘chirish siyosatini olib boradi. Yahudiylar Germaniya, Galliya va Pirineya yarimoroliga ko‘chiriladi. Rim imperiyasining ushbu siyosatidan so‘ng yahudiy xalqning Yaqin Sharqdagi entik markazi deyarli yo‘qolgan, biroq yahudiylarning bir qismi Falastinda muqim qolgan.

 

638 yili Finikiya, Falastin va Suriya Arab xalifaligiga qo‘shib olinadi va mintaqaning musulmon tarixi boshlanadi. Keyingi asrlarda arab qabilalarining Yaqin Sharqqa keng migratsiyasi ortidan Falastinda ularning soni ko‘payadi. Arab xalifaligidan so‘ng Falastin bir muddat Fotimiylar davlati tarkibiga kiradi. So‘ngra esa salib yurishlari boshlanib, o‘lkada bir qator nasroniy davlatlari tashkil topadi. Salibchilar Falastindagi musulmonlarga ham, yahudiylarga ham shafqat qilmaydi. Salibchilardan keyin bu yerda Ayyubiylar, Mamluklar va nihoyat Usmoniylar hukmronligi qaror topadi.

 

Salohiddin Ayyubiyning Quddusni fath qilishi

 

Yahudiylarning Falastinga qaytib kelishi

 

Rim imperiyasi davrida dunyo bo‘ylab tarqab ketgan yahudiylarning tarixiy vatanlariga keng ko‘lamda qaytishi XV asrdan boshlanadi. 1492-yili Ispaniya qiroli Ferdinand II va qirolicha Izabella yahudiylarni Ispaniyadan quvg‘in qilish to‘g‘risida edikt chiqaradi. O‘n minglab yahudiylar Shimoliy Afrika, Fransiya va Mamluklar nazorati ostidagi Falastinga ko‘chib keladi. 1882-yilda Rossiya imperiyasida yahudiylar qirg‘ini bo‘lib o‘tadi va imperiya tarkibidagi yahudiylar Falastinga qochib kela boshlaydi. 1882-1903 yillar oralig‘ida 35 mingdan ortiq yahudiy Falastin ko‘chib keladi. Bu ko‘chish tarixda Birinchi aliya deb ataladi. Keyinchalik yana bir nechta aliya amalga oshirladi.

 

Birinchi Jahon urushidan keyin Falastinda yahudiylar davlatini tashkil qilish haqida muzokaralar boshlanadi. Mintaqani o‘z mandatiga olgan Buyuk Britaniya bu yerga Yevropadan yahudiylarning ko‘chib kelishiga ruxsat beradi. Ammo bu mahalliy arablar noroziligiga sabab bo‘ladi va to‘qnashuvlar yuz beradi. Shundan so‘ng Britaniya yahudiylarning Falastinga migratsiyasini cheklashga majbur bo‘ladi.

 

Birinchi aliya 

 

Yahudiylar va mahalliy arablar o‘rtasida ilk kurashlar asosan iqtisodiy sabablar tufayli yuz bergandi. Falastindan tashqarida yashovchi boy arablar o‘z yerlarini ko‘chib kelgan yahudiylarga qimmat narxlarga sota boshlaydi hamda bu yerlarda uzoq yillardan beri yashab, ishlab kelayotgan qashshoq arab ijarachilari yangi yer egalari tomonidan quvib chiqariladi. Minglab arab dehqonlari (falloh) tirikchiligini tashlab, shaharlarga ketishga majbur bo‘ladi, bu esa ularning ahvolini og‘irlashtiradi. 1910–1944-yillar oralig‘ida Falastinda yer narxi 50 barobar oshib ketadi.

 

Falastinga yangi ko‘chib kelgan yahudiylar arzon ishchi kuchi ham edi. Ularning ko‘payishi kambag‘al arablar uchun raqobat yaratadi va, tabiiyki, daromadini kamaytirib yuboradi. Ushbu omillar norozilik hissini kuchaytirib boradi. Falastindagi yahudiylarga qarshi kurashuvchi maxfiy “Qora qo‘l” tashkiloti ham asosan kambag‘al arablardan tashkil topgandi.

 

1929-yili yosh millatchi sionistlar sabab Falastinda ilk yirik tartibsizlik yuz beradi. Ushbu tartibsizlik davomida yuzlab yahudiy va arab o‘ldiriladi. Shundan so‘ng to‘qnashuvlar tez-tez yuz berib turadi. 1936–1939-yillarda falastinlik arablarning Britaniya va yahudiylarga qarshi qo‘zg‘aloni bo‘lib o‘tadi va uning oqibatda Britaniya yahudiylarning Falastinga ko‘chib kelishini va bu yerdan yer sotib olishini butunlay taqiqlaydi.

 

Britaniya Falastinning Iordan daryosidan sharqdagi hududlarida Transiordaniya amirligiga asos soladi.

 

Mojaroning boshlanishi

 

Britaniyaning taqiqiga qaramay, fashistik Germaniya taqibidan qochgan minglab yahudiylar Falastinga kelishni davom ettiradi. Ularning umumiy aholidagi ulushi 30-40 foizgacha yetadi. London mintaqadagi etnik ziddiyatni bartaraf qilishga tobora qiynalib boradi. Britaniya taklif qilgan Falastinni ikkiga bo‘lish rejasi (ushbu rejada mamlakatning 80 foizi arablarga, qolgan 20 foizi yahudiylarga berilishi nazarda tutilgan) arab davlatlari tomonidan rad qilinadi.

 

Britaniya taklif qilgan Falastinni ikkiga bo‘lish rejasi

 

Ikkinchi jahon urushida tugaganidan so‘ng Britaniya Falastin mandatidan voz kechishini e’lon qiladi. Yangi tuzilgan BMT Falastindagi mojaroni mintaqani ikkiga (yahudiylar va arablar o‘rtasida) bo‘lish orqali hal qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Biroq arab davlatlari: Saudiya Arabistoni, Suriya, Yaman, Misr bu qarorni yana rad qiladi.

 

1948-yilning 16-may kuni Buyuk Britaniyaning Falastin ustidan mandati rasman tugaydi. Bundan bir kun oldin, 15-may kuni taniqli sionist David Ben Gurion Falastinda mustaqil Isroil davlati tashkil topganini e’lon qiladi. Bunga javoban Misr, Suriya, Livan, Transiordaniya, Iroq, Saudiya Arabistoni va Yaman o‘z qo‘shinlarini yangi tuzilgan Isroil davlatiga qarshi yuboradi. Shu bilan birinchi arab-isroil urushi boshlanadi.

 

BMT taklif qilgan Falastinni ikkiga bo‘lish rejasi

 

Arab davlatlari qo‘shinlari yomon muvofiqlashtirilgan, yagona harakatlar rejasiga ega emasdi. Faqatgina Misr va Transiordaniya kuchlari nisbatan muvaffaqiyatli harakat qiladi. Chunonchi, Misr armiyasi Tel-Avivga 32 kilometr masofagacha yaqinlashadi. Transiordaniyaning Arab legioni esa Iordan daryosining G‘ariy sohili va Quddusning sharqiy qismini egallaydi. Suriya, Iroq va Livan qo‘shinlari shimoldan hujumga o‘tadi va Isroil armiyasini qiyin ahvolga solib qo‘yadi. Isroil davlati mavjudligi xavf ostida qolgach, G‘arb davlatlari unga yordam berishga qaror qiladi. Sotsialistik Chexoslovakiya SSSR ruxsati bilan Isroilga sobiq fashistik Germaniyadan tortib olingan qurollarni yetkazib beradi. AQSH ham Chexoslovakiya orqali Isroilga samolyotlar yuboradi.

 

SSSR va Yevropa davlatlari Ikkinchi jahon urushida qatnashgan yahudiy askarlarga Isroilga ketishga ruxsat beradi. Kuchli qurollar va tajribali askarlarning kelishi urushdagi kuchlar muvozanatini jiddiy o‘zgartiradi. Isroil qarshi hujumga o‘tib, BMT rejasi bo‘yicha Falastin uchun ajratilgan yerlarni ham egallab oladi.

 

1949-yili arab davlatlari birin-ketin Isroil bilan tinchlik shartnomalarini tuzadi. G‘azo sektori Misr, Sharqiy Quddus va Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘i esa Iordaniya ixtiyorida qoladi. Arab davlatlari bu urushda mustaqil Falastin davlatini qurish uchun emas, uning hududlarni o‘z tarkibiga qo‘shib olish uchun kurashgandi.

 

Birinchi arab-isroil urushi

 

Isroil 1956 yili Fransiya va Buyuk Britaniya bilan birgalikda Misrga hujum qiladi hamda G‘azo sektori va Sinay yarimorolini bosib oladi.

 

Keyingi yillarda SSSR arab davlatlariga Isroil bilan kurashda yordam bera boshlaydi. Biroq Isroil 1967-yili olti kunlik urush boshlab, sharqiy Quddus, Golan tepaligi va G‘arbiy sohilni kuch bilan egallab oladi. Olti kunlik urushdan so‘ng dunyo hamjamiyatining Isroilga munosabati o‘zgaradi va u bosqinchi davlat sifatida ko‘rila boshlaydi.

 

1973-yili Sovet ittifoqidan katta harbiy va ma’naviy yordam olgan Misr va Suriya Isroilga hujum qiladi hamda bir qadar muvaffaqiyatga erishadi. Ammo Isroil tez fursatda vaziyatni o‘nglaydi va qarshi hujumga o‘tadi. Isroil nafaqat Misr va Suriya qo‘shinlari hujumini qaytaradi, balki ularning hududiga bostirib ham kiradi. AQSh va SSSRning o‘zaro ultimatumlari fonida Isroil yurishlarni to‘xtatadi va tinchlik shartnomalari imzolanadi.

 

Ushbu urushdan so‘ng arab davlatlari kelajakda Isroil bilan qanday munosabatda bo‘lish borasida bahslarga kirishadi. Misr va Iordaniya Isroil bilan aloqalarni normallashtiradi. Suriya va Iroq esa Isroilni tan olmaslik siyosatini davom ettiradi. Tinchlik shartnomalaridan so‘ng Isroil Sinay yarimorolini Misrga qaytarib beradi.

 

 

Chexoslovakiya Isroilga yetkazib bergan Messerschmitt Bf 109 samolyotlari

 

Yom Kuppur (Qiyomat kuni, 1973 yilgi urush shunday nomlangan) urushidan so‘ng arab davlatlari Isroil bilan boshqa keng ko‘lamli urushga kirmadi. Lekin ikki tomonlama urushlar (Isroil-Livan, Isroil-Iroq) yuz berib turdi.

 

2002-yili Arab davlatlari ligasi (ADL) Falastin bo‘yicha Saudiya tinchlik dasturini qabul qildi. Unga ko‘ra, Isroil 1967-yilgi olti kunlik urush paytida bosib olgan hududlarni qaytarib berishi, G‘arbiy sohil va G‘azo sektorini o‘z ichiga olgan, poytaxti Sharqiy Quddusda joylashgan Falastin davlatini tan olishi va falastinlik qochoqlar muammosini adolatli hal qilishi kerak edi. Arab Ligasiga a’zo davlatlar Isroil ushbu talablarni bajargan taqdirda arab-isroil mojarosini tugagan deb hisoblash, Isroilni tan olish, u bilan tinchlik o‘rnatish va diplomatik munosabatlarni yo‘lga qo‘yish majburiyatini oldi. Isroil hozirga qadar bu taklifga rasmiy javob bergani yo‘q.

 

Birinchi arab-isroil urushi

 

Hozirda Yaqin Sharqda ahvol qanday?

 

XXI asrga kelib, Yaqin Sharqdagi keskinlik sahnasi o‘zgardi. Mojaroga yangi o‘yinchi – Eron qo‘shildi. XX asrdagi arab-isroil ziddiyatida Falastinni asosan arab davlatlari qo‘llagan bo‘lsa, endilikda mintaqadagi asosiy qurolli tuzilmalar Eronga suyanadi. Livandagi Hizbulloh, G‘azo sektoridagi HAMAS tashkilotlari bevosita yoki bilvosita Tehron bilan bog‘langan. Oyatulloh rejimi bu tuzilmalarni qurol-yarog‘ bilan ta’minlaydi.

 

Bugungi kunda Eron Isroilning asosiy dushmaniga aylangan. G‘arbiy sohilni nazorat qiluvchi Falastinning FATH partiyasi 1994-1995-yillarda Isroil bilan tinchlik muzokaralari olib bordi va sulhga erishdi. Unga ko‘ra, Isroil Falastin ozodlik tashkilotini (FOT) Falastinning qonuniy vakili deb tan oldi, Yosir Arofat boshchiligidagi FOT esa Isroilni tan oldi. Ikki tomon tinchlik muzokaralarini davom ettirishga, zo‘ravonlik holatlariga yo‘l qo‘ymaslikka va’da berdi. Biroq har ikki taraf bu va’dalarni bajarmadi.

 

1967-yilgi urushda Isroil bosib olgan hududlar

 

G‘arbiy sohil bilan nisbatan kelishib olgan Isroil HAMAS va boshqa qurolli guruhlar joylashib olgan G‘azo sektoriga asosiy e’tiborini qaratdi. 2008-yildan boshlab Isroil armiyasi (SAXAL) G‘azoda muntazam operatsiyalar o‘tkazadi. O‘z navbatida HAMAS va boshqa tuzilmalar bunga javoban Isroilga havo hujumlari uyushtiradi. Ammo bu hujumlar arab davlatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaydi.

 

2023-yil 6-oktabrda G‘azo sektorida vaziyat yana jiddiylashdi. HAMAS ilk bor yaxshi rejalashtirilgan hujumni amalga oshirdi. Isroil shaharlariga yuzlab raketalar otildi. HAMAS jangchilari Isroil shaharlarida paydo bo‘ldi. Har ikki tomon tinch aholini nishonga oldi. SAXAL zaxiradagi kuchlarni safarbar etgan holda G‘azoni bombardimon qilishni boshladi.

 

Isroil-Falastin mojarosi tabiati oldingidan ancha o‘zgargan, hozirda boy arab davlatlari bu nizo davom etishini istamaydi. Ular Isroil bilan aloqalarni normallashtirishdan manfaador. Jumladan, Saudiya Arabiston ham Isroil bilan diplomatik aloqalarni o‘rnatish niyatida (ba’zi ekspertlar HAMAS aynan mana shu kelishuvga yo‘l qo‘ymaslik uchun ham hujum boshlaganini aytmoqda). Yaqin Sharqdagi faol harbiy harakatlar ko‘p jihatdan Eronga bog‘langan. Turkiya va Saudiya Hizbulloh va HAMAS kuchayib ketishi, ular orqali mintaqada Eronning ta’siri oshishidan xavotirda. Shu sabab ham ular bu tashkilotlarga yordam bermaydi. Qolaversa, ushbu tuzilmalar ko‘plab davlatlarda terrorchi tashkilot sifatida tan olingan.

 

Isroil harbiylar Falastinning arablar yashovchi qismida tez-tez reydlar uyushtirib turadi

 

Ammo Isroilning G‘arbiy sohil hududida yangi uylar qurishi va bu yerga o‘z fuqarolarini ko‘chirishga urinishi dunyo hamjamiyatida va arab davlatlarida norozilik uyg‘otmoqda. Arab tahlilchilari Tel-Aviv bosqichma-bosqich Falastinni tugatish niyatida ekanini ta’kidlayapti. Isroilda ultra-o‘ng siyosat tarafdorlari ta’siri ortib borishi vaziyatni jiddiylashtirmoqda.

 

Aksariyat ekspertlar Isroil ushbu voqealardan so‘ng HAMASni butunlay yo‘q qilish uchun G‘azo sektorini to‘liq qo‘shib olishi mumkinligini aytyapti. Bu yuz bergan taqdirda hududda yashovchi 2 milliondan ortiq insonning katta qismi qochqinga aylanishi, qolgan aholi diskirminatsiyaga uchrashi mumkin. Bu esa Yaqin Sharqda yana bir yirik gumanitar inqirozni keltirib chiqaradi. Va albatta eski mojaroni yana uzaytiradi.

 

                                                                                                                                                                                                                                                Muhammadqodir Sobirov tayyorladi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

14:05 / 21.05.2024 0 192
Layk gadolari yoxud xatarli inkubator





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19480
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16908
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi