“Katta og‘a” tarifi unga mos kelardi” – Sobir O‘nar portretiga chizgilar


Saqlash
17:02 / 21.02.2024 4180 0

Iste’dodli va insofli adib akamiz Sobir O‘narni men “Katta og‘a” deb izzatlardim. “E, qo‘ying-e, katta og‘alar davri o‘tib ketgan”, deb kulardi u. “Siz o‘zimizning katta og‘asiz”, – bo‘sh kelmasdim men ham. Bu ta’rif uning bo‘y-bastiga, vazmin fe’l-atvoriga, adabiyotdagi o‘rni-mavqeiga ham mos keladiganday tuyulardi-da.

 

Sobir aka “katta og‘a”lik maqomiga talabalik davrlarimizdayoq erishgan edi. Bir necha kurs yuqorida o‘qiganlar uning bag‘rikeng, qaysar, nomusli yigit ekanini aytib yurishardi. Bizlar boshlang‘ich kurs talabasi ekanimizda, uning “Kunsuluvning sirli xatlari” hikoyasi “Yoshlik” jurnalida bosilib, katta shov-shuv uyg‘otgan, talabalarning ham hikoyasi bosilar ekan-da deb, ancha-muncha yoshlar yurak yutib jurnal dargohiga eshik qoqib borishgan, xullas, jurnalistika fakultetida birinchilardan bo‘lib yoshlar uchun “Yoshlik”ka yo‘l ochib bergan tanti ijodkor desam, yanglishmagan bo‘laman.

 

 

Bizlar ikkinchi bosqichga o‘tganimizda ularning kursi universitetni bitirdi. Sobir aka “Yoshlik” jurnalida ishlay boshladi. Shu-shu, deyarli umrining oxirigacha jurnalga sodiq bo‘lib qoldi. Avval xatlar, publitsistika, nasr bo‘limida ishlab, bosh muharrirlikkacha bo‘lgan mehnat yo‘lini bosib o‘tdi.

 

1993-yil yozida yotoqxonalar ta’mirlashga yopilib, shunday maskanlarda norasmiy “ijara”da turadigan bir qancha yoshlar ko‘chada qoldik. Har kim har joydan qo‘nim topdi. Iste’dodli shoir, barchaga yordamlashib yuradigan beminnat akamiz O‘rol O‘zbek Qoraqamishning oxiridagi quruvchilar yotoqxonasida bir necha kun yashasam bo‘lishini aytdi. U yerni topib borganimizda, yo‘lning chap tomonida ancha puturdan ketgan to‘rt qavatli bir uy ko‘rindi, yotoqxona shu ekan. Talabalar shaharchasidagi yotoqxonalarning o‘zginasi. O‘rol O‘zbek u yerning tabiatini maqtayverib esi ketdi, haqiqatan ham, kech kirganida g‘irillab salqin shabada esib, atrof chirildoqlar ovoziga to‘lib ketdi, yotoqxona ortidagi biyday dala uzra oy chiqib keldi.

 

...U jannatmakon joyning chivinlarini aytsangiz!

 

– Tomda yotsayam bo‘laveradi, maza qilasiz, – dedi O‘rol aka.

 

U yerda Sobir aka, Hoshimjon Mirzaahmedov va O‘rol O‘zbek istiqomat qilishar ekan. Xullas, bir necha kun ularning dasturxoniga sherik bo‘ldik, keyin yaqinroqdan boshqa arzonroq joy topib, chiqib ketdik. Shundan buyon suhbatlashib qolsak, o‘sha kunlarni ko‘p eslashardik.

 

Boya aytganimdek, men Sobir O‘narni “katta og‘a” deb atardim. O‘zi “katta og‘a”lar ikki kishi edi – Sobir O‘nar, Faxriddin Nizom. Ikkalovi ham o‘zlaridan uch-to‘rt yosh kichik havaskor yigitchalarga og‘alarcha g‘amxo‘rlik qilishganini ko‘pchilik eslab yursa kerak. Hamma har joyda bir amallab kun kechirib yurgani bilan, og‘alar orasida Sobir aka ancha-muncha “ini”larga jonkuyar bo‘lgani rost.

 

Sobir aka bilan ko‘p bor hamsuhbat bo‘lganmiz, to‘y-marosimlarida qatnashganmiz. Halol, vijdonli adib ekaniga ko‘p bora guvoh bo‘lganmiz.