Uning fikrlarida asrimiz yaralari lovillab turardi – Ibrohim Haqqul fenomeni


Saqlash
15:03 / 28.03.2024 591 0

Yevgeniy Yevtushenkoning sovet qo‘shini Chexoslovakiyaga kiritilganiga bag‘ishlangan she’rida bir fikr bor: “Bas, dod solmang! “Rus yozuvchisi rus tanki ostida majaqlandi”, deb yozib qo‘ying, vassalom”.

 

Javobgarlik, daxldorlik yukini ko‘tarib yashash millatning hamma oydiniga ham buyurilmagan. Ibrohim Haqqul hayotini dolg‘ali qilgan, uning so‘zlariga jon ato etgan, ilmiga ijtimoiy ruh bergan, ziddiyatlar oloviga otgan va olimni jamiyat ichiga olib kirgan sir ham shu edi, nazarimda.

 

Ha, aynan ijtimoiy burch tuyg‘usi, aybdorlik hissi uni siyosatning savdolariga olib kirgandi. Ular mag‘lub bo‘lishdi, chekindi, biroq baribir, ijtimoiy bedor odam olimni hech qachon tark etmadi. U xoh Yassaviy, xoh Boqirg‘oniy yoki Navoiy haqida gapirsin, fikrlarida asrimiz yaralari lovillab turardi.

 

U bir er yigit boshidan o‘tkazishi kerak bo‘lgan hamma hissiyotlarni yashadi, bir bandasi ko‘tara olishi mumkin bo‘lgan ayriliq-u azoblarni chekdi. Ibrohim aka shunday hayotni yashadiki, faylasuf bo‘lmaslikning, donishmand bo‘lmaslikning iloji yo‘q edi. Rahmatli Bahodir Yo‘ldoshev “shaxsni SHAXS qiladigan boshi berk ko‘chalardir” deb ko‘p aytardilar. Olim boshi berk ko‘chalarga ko‘p bor tushdi, yo‘qotadiganini yo‘qotdi, topishi kerak bo‘lganini topdi. Hayotning hamma burchagida, har qirrasida o‘tirishiga to‘g‘ri keldi.

 

Ko‘hinur toshi misoli jilvalari bisyor, qirrador shaxs edi. Uning shaxsiyati hammaga o‘zi haqida nimadir aytish huquqini berardi. Har bir kimsa o‘zining darajasida Ibrohim aka haqida nedir ayta oladi. Hatto umrida kitob varaqlamagan, to‘rt sinf ma’lumotga ega odam ham nimadir deya olardi. Mayli, kim nima desa desin, past-u baland munosabatlar sizniki, meniki, lekin olimning SHUHRATI o‘ziniki edi, u o‘ta kamyob bo‘lgan HALOL shuhratga sazovor bo‘lgandi.

 

Iqbol QO‘SHSHAYEVA,

san’atshunos jurnalist

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19969
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17622
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//