Vijdon erkinligi – har bir jamiyat erkinligining ko‘zgusidir


Saqlash
05:08 / 11.08.2021 1841 0

O‘ttiz yil davomida qancha zahmat, sinovli kunlarni boshdan kechirdik, mustaqil taraqqiyotga intilib, milliy tiklanish yo‘lini bosib o‘tdik. Bugunga kelib hayotimiz tubdan o‘zgardi, Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotchilik siyosati nafaqat O‘zbekistonni taraqqiyotning milliy yuksalish bosqichiga olib chiqdi, balki Markaziy Osiyoda yangicha munosabatlar shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

Bugun islohotlar, munosabatlar, qarashlar yangi, yondashuvlar, ijrolar yangicha. Davlatimiz rahbari aytganidek, bugun biz kechagi odamlar emasmiz, mutlaqo shiddatli bir davrda, yangi O‘zbekistonda yashayapmiz. Ongimiz, dunyoqarashimiz, fikrlarimiz o‘zgarmoqda. Qadamlarimiz salmoqli, mo‘ljalimiz baland, murodimiz yuksak. Bu o‘zgarishlar tufayli jahon hamjamiyati mamlakatimizga nisbatan “Yangi O‘zbekiston” iborasini qo‘llamoqda. Agar O‘zbekistonni yaxlit bir vujud deb oladigan bo‘lsak, bugun uning qalbi limmo-lim orzularga to‘la. Eng muhimi, bu orzularning juda tez sur’atda ro‘yobga chiqayotganidir.

Yangi davr tom ma’noda jamiyatimizda O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunini yangicha nazar bilan, eng yuksak demokratik mezonlar asosida tahrir qildi. Bu bilan mazkur qonun ijrosi tamomila yangi bosqichga ko‘tarildi. Yangi tahrirdagi qonun bilan tanishar ekanmiz, O‘zbekiston kimgadir yoqish, qaysidir xalqaro tashkilot e’tirofiga sazovor bo‘lish uchun emas, birinchi navbatda, o‘z xalqining xohish-irodasi, qalb amri, imon ehtiyoji, beg‘ubor bag‘rikengligi, shu bilan birga, jamiyatdagi tenglik, barqarorlik, hamjihatlikni har tomonlama mustahkamlash uchun ham yangi tahrirdagi bu qonunni qabul qilganiga guvoh bo‘lamiz.

Shoirlarimiz aytganidek, kecha ko‘rgan qora kunlarimiz bugun xotiramizda yomon bir tushdek saqlanib qolmoqda. Biz mustabid tuzum davrida millatimiz erki, insoniy haq-huquqlari, imon-e’tiqodi qanchalar toptalganini eslar ekanmiz, bugungi munavvar kunlarimizga cheksiz shukronalar aytamiz.

 

“Hurriyat, kelding-ey, al-omon kelding...”

O‘ttiz yil avval erku saodati, vijdoni, imoni toptalgan millat edik. O‘ylab ko‘ring, haligacha mustabid tuzum davrida yashagan kishilarga “Musulmonmisiz?” deb savol bersangiz, “Alhamdulillah, musulmonman” deyishga qo‘rqadi. Qabriston oldidan o‘tayotganda sezdirmaygina, birov ko‘rib qolmasin deb sekin yuziga fotiha tortadi. Bu qon-qonimizgacha singib ketgan mustabid tuzum siyosatining ta’siri, to‘g‘rirog‘i, qo‘rquvi. Negaki, bir yuz o‘ttiz yil davomida ming xil yo‘llar bilan xalqning yuragiga vahima solindi. Milliy, diniy qadriyatlar, go‘zal an’analar oyoq osti qilindi. Arab alifbosidagi bor kitoblar yondirildi, uyidan kitob chiqqan qancha odam gunohkor qilindi. Hali-hanuz eski devorlar tokchalari, ko‘hna qabristonlardan o‘sha davrlarda qo‘rqib ko‘mib tashlangan kitoblar chiqadi. Mustabid tuzum diniy qadriyatlarga hujum asnosida milliy qadriyatlarni ham qatag‘on qildi. Negaki, sho‘ro siyosatchilari bu xalqning diniy va milliy qadriyatlari uyg‘un ekanligini, ularning birini ikkinchisidan ajratib bo‘lmasligini yaxshi bilardi.

Ulamolarimizning aytishlaricha, mustabid tuzum sohiblari 1920 yildan turkistonlik musulmonlarni muqaddas Haj ziyoratiga borishini taqiqlab qo‘ygan ekan. Shu bois 1944-yilgacha hech kim haj ziyoratiga borolmagan. Keyinchalik, jahon hamjamiyati e’tirozlari tufayli Haj va Umra ziyoratiga yiliga 5-10 nafargina odamga ruxsat berilgan. Qanchadan-qancha bobo va buvilarimiz haj ziyorati orzusida armon bilan ko‘z yumdi.

Qishlog‘u mahallalarimizda sanoqli keksalar besh vaqt ibodatni ado etar, lekin shular ham chekkaroq hovlidami yoxud qabristonlarning tobut saqlanadigan hujralarida biqinib tarovehlarni o‘qir edi.

Atoqli shoiramiz Zulfiyaxonim istiqlol yillarida yaratilgan “Xotiram siniqlari” dostonida necha yillar zirqirab kelgan qalb yaralarini ochar ekan, shunday yozgan edi:

 

Hurriyat, keldingmi – nahotki kelding,

Pinhona sog‘indim, pinhona kutdim.

Yomg‘irga bag‘rini tutgan sahrodek

Sening nasimingga qalbimni tutdim.

 

Qanchadan-qancha ajdodlarimiz istiqlolni pinhona kutib o‘tib ketdi. Oshkora kutganlarining taqdiri nima bo‘lgani haqida bugun “Qatag‘on qurbonlari” muzeyi, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan hududlarda tashkil etilgan uning bo‘limlaridagi faktlar, ma’lumotlar guvohlik berib turibdi. Olimlar, yozuvchi va shoirlar, ziyoli ma’rifatparvarlar, millat fidoyilari qatorida ko‘plab diniy ulamolarimiz ham qatag‘on qilindi. Butun umrini surgunlarda o‘tkazdi.

Ulug‘ erksevar shoirimiz Abdulla Oripov Mustaqillik haqida so‘z ketganda, bejiz “Yelkamizga oftobning tekkanligi rost bo‘lsin!” deya yozmagandi. Haqiqatan ham, istiqlol oftobga o‘xshaydi. Oftobda hayot nuri, mehr nafasi bor.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan keyin ma’naviy hayotdagi yangilanish jarayoni, tub islohotlar samarasi o‘laroq dinga bo‘lgan munosabat ham ijobiy tomonga o‘zgardi. Vijdon erkinligi qonun orqali kafolatlandi. Davlatimiz demokratik rivojlanish yo‘lini tanladi. Din davlatdan ajratildi va ikkisi bir-birining faoliyatiga aralashmasligi huquqiy jihatdan belgilandi. Bu qonun-qoidalarning barchasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida o‘z aksini topdi.

Bahouddin Naqshband, Hoja Ahror Valiy, Mahmud Zamaxshariy, Najmiddin Kubro, Imom Buxoriy, Ahmad Farg‘oniy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniyning qutlug‘ to‘ylari xalqaro miqyosda nishonlanishi, ular mangu qo‘nim topgan joylar obod bo‘lishi, yangi masjid va madrasalar, ziyoratgohlar qurilishi ma’naviy hayotimizda muhim voqea bo‘ldi.

Mamlakatdagi diniy tashkilot hamda konfessiyalar faoliyatini tartibga solib turuvchi, aniqroq qilib aytganda, davlat va diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajaruvchi yangi bir tuzilma – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tashkil qilindi.

Bugungi kunga kelib, mamlakatimizda 16 ta diniy konfessiya vakillari o‘z ibodatlarini emin-erkin ado etib, tinch-totuv, ahil-inoqlikda yashab kelmoqda. Ikki ming bir yuzga yaqin masjidlarda yurtdoshlarimiz tinchlik-xotirjamlikda ibodatlarini ado etmoqda. O‘ttiz yil ichida bu borada ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi. Shu bilan birga, ba’zida qaltis xatolar, cheklashlarga ham yo‘l qo‘yildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 19-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan rezolutsiyani qabul qilish taklifi bilan chiqar ekan, shunday degan edi: “...Ushbu rezolutsiya bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka ko‘maklashishga qaratilgan”. Bu rezolutsiya BMT ga a’zo davlatlar tomonidan yuksak hurmat bilan qarshi olinishi va qabul qilingani O‘zbekistonga nisbatan jahon hamjamiyatining ehtiromi va e’tirofi yanada kuchayishiga xizmat qildi.

Keyingi yillarda tobora obod bo‘lib borayotgan masjidlarimiz, u yerda ibodatga keluvchilar uchun yaratilayotgan pokiza sharoitlar, issiq suv, sovuq suv, masjidlar sahniga to‘shalgan yaxlit gilam-joynamozlarni ko‘rganda, Qurbon va Ramazon hayitlaridagi o‘zgacha munosabat, o‘zgacha fayzni ko‘rganda beixtiyor dilingizda “Bo‘lar ekan-ku!” deb yuborasiz. O‘zbekistonni avtomobilda kezsangiz, qurilayotgan ko‘plab masjidlarga ko‘zingiz tushadi. Katta yo‘l bo‘ylaridagi maxsus belgilar shu yaqin atrofda masjid borligini ko‘rsatib turadi. Har bir mehmonxonada maxsus belgilar bilan qibla tomon belgilab qo‘yilgan. Yana bir jihat, islom diniga xos masjidlardan tashqari mamlakatimizdagi boshqa diniy tashkilotlarga tegishli ibodatxonalarda ham ko‘plab qurilish ishlari amalga oshirildi.

Yana bir muhim jihat. Mustaqillik yillarida 305 ming nafar yurtdoshimiz Saudiya Arabistoniga ziyorat uchun borib, shulardan 130 ming kishi Haj, 175 ming kishi Umra amalini ado etgan bo‘lsa, keyingi yillarda yaratilgan sharoit, emin-erkinlik, xalqimiz xohish-istaklari asosida bu ko‘rsatkich yanada o‘sdi. 2017-yili O‘zbekiston tarixida birinchi marta Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 150 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va ularning hamrohlari imtiyozli ravishda Haj ziyoratiga yuborilishi yuksak insonparvarlikning yana bir namunasi bo‘ldi. 2018-yildan boshlab esa Umra ziyorati yil davomida amalga oshirila boshlandi, o‘sha yili 16 000 nafar, 2019-yili 38 000 nafar, 2020-yilning I choragida 28 000 nafar yurtdoshimizga ulug‘ ziyorat saodati nasib etdi.

2017-yil 1-sentabr kuni davlatimiz rahbari Hazrati Imom majmuasiga tashrifi chog‘ida diniy soha xodimlari, jamoatchilik vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda “Qur’on musobaqasi” o‘tkazish taklifini ilgari surdi. Qur’oni karim tilovati bo‘yicha qorilar ochiq musobaqasi tashkil etilib, unda besh mingdan ziyod qori ishtirok etdi. Bu xalqimizga cheksiz quvonch va shukronalik baxsh etdi.

 

“Hayitingiz qutlug‘ bo‘lsin!”.

Bu gapni aytish qanchalar qiyin edi

Masjidlar, madrasalar, nurxonalar, pirxonalar... Lekin sobiq ittifoq davrida ular qanday ahvolda edi. Omborxonalar, o‘g‘itxonalarga aylantirildi. Mashhur ulamolarimizdan biri aytib bergan bir holat hech yodimdan chiqmaydi. Mamlakatimizdagi tarixiy obidalarda joylashgan masjidlardan biri O‘lkashunoslik muzeyiga aylantirilibdi va atayin mehrobga qotirilgan yovvoyi to‘ng‘iz qo‘yilibdi. Haqiqatda qancha muqaddas ziyoratgohlar, qadamjolar to‘ng‘izlarcha payhon etildi.

Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband, Burhoniddin Marg‘inoniy, Imom Moturidiy, Abul Muin Nasafiy, Xo‘ja Ahror Valiy... bu muborak nomlar ro‘yxatini qancha davom ettirish mumkin. Ammo biz o‘sha paytlarda ularni bilarmidik. Ular mangu qo‘nim topgan ziyoratgohlar qay ahvolda edi? Uzoqqa bormaylik, yaqin o‘tmishda 80-yillarda xalqimiz Navro‘zni bayram qilgani, sumalak pishirgani uchun qancha tahqirlandi. Farzandiga sunnat to‘yi qilganlar-chi? Otasiga janoza o‘qitgan rahbarlarning holi nima kechdi? Hayit bayrami kuni namozga kelgan odamlarni haydab, yo‘li to‘silganlari-chi? Xalqimiz necha yillar davomida farzandlariga yashirin nikoh o‘qittirmadimi? Yodimda, to‘qsoninchi yillar boshida ulug‘ erksevar shoirimiz Erkin Vohidov O‘zbekiston televideniyesining tongda to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib boriladigan “Assalom, O‘zbekiston” ko‘rsatuvida xalqimizni Hayit bayrami bilan tabriklab yubordi. O‘shanda onam rahmatlining yig‘lab, “Shunday kunlarni ko‘rsatganingga shukr”, degan so‘zlari bir umr qulog‘imda jaranglaydi.

O‘zlikni anglash, o‘zlikni topish, o‘zlikka qaytish oson kechgani yo‘q. Bu borada taniqli yozuvchi Hakim Sattoriy shunday voqeani aytib bergandi:

– 1990 yil Shahrisabz tumanining “Kommunizm bayrog‘i” gazetasi muharriri, shoir Bozor Nomozov yangilanishlar nafasidan kuch olib nashr peshtoqidagi “Butun dunyo proletarlari, birlashingiz!” shiori o‘rniga hech kimdan so‘ramay, “Assalomu alaykum!” degan o‘zbekona so‘zlarni qo‘yib yuboradi. Shundan keyin boshiga qancha ko‘rguliklar tushadi... Ishdan haydashadi, qamalishiga bir bahya qoladi. Qariyb qirq yillik muharrir ko‘chada qoladi. Tirikchilik vajidan bir necha yil arang chekka bir qishloq kengashida kotib bo‘lib yuradi.

Bugun masrur gazeta varaqlayman, nashrlar shiorlariga nazar tashlayman: “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari”, “O‘zbekiston kelajagi buyuk davlat”, “Adabiyot, madaniyat yashasa – millat yashaydi”, “Inson manfaatlari – oliy qadriyat”, “Ta’limga e’tibor – kelajakka e’tibor”, “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz!”. Ha, butun dunyo proletarlari birlashmadi. Negaki, butun olamga ikki Renessans davrini o‘tkazib, ulug‘ allomalarni bergan xalq, millat, Haq yo‘ldan, Haq dindan voz kechmadi. Bashariyatni faqat ezgu g‘oyalar birlashtirishi mumkin. Olijanob da’vatlargina insoniyatni haq yo‘lga boshlashi mumkin.

 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridan taralgan nur

2017-yil 19-sentyabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72 sessiyasi minbaridan turib so‘zlagan nutqini butun dunyo hamjamiyati, qanchadan qancha davlatlarning prezidentlari, islom olami ulamolari, butun dunyo musulmonlari, jumladan, O‘zbekiston xalqi katta hayajon, g‘urur, shukronalik bilan tingladi. Negaki, shu kuni ilk bor islom dinining asl insonparvarlik mohiyati bilan birga buyuk vatandoshimiz, ulug‘ muhaddis Imom Buxoriy nomi ushbu qutlug‘ minbarda uning munosib avlodi tomonidan yangradi.

“Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz.

Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi. Markaziy Osiyo Uyg‘onish davrining ko‘plab yorqin namoyandalarining islom va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasini alohida qayd etmoqchiman. Ana shunday buyuk allomalardan biri Imom Buxoriy o‘z ahamiyatiga ko‘ra islom dinida Qur’oni karimdan keyingi muqaddas kitob hisoblangan “Sahihi Buxoriy”ning muallifi sifatida butun dunyoda tan olingan. Bu ulug‘ zotning g‘oyat boy merosini asrab-avaylash va o‘rganish, ma’rifiy islom to‘g‘risidagi ta’limotini keng yoyish maqsadida biz Samarqand shahrida Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qildik. Toshkentda tashkil etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”.

Davlatimiz rahbarining bu so‘zlari millionlab, ehtimol, milliardlab dillarda aks-sado berdi. Bu muqaddas dinimiz, buyuk ajdodimizga nisbatan juda katta ehtirom edi. Bu juda katta jur’at ila muqaddas dinimiz himoyasi yo‘lidagi qat’iy fikrlar edi. Bu payg‘ambar shaxsini karikatura qilganlar, islom dini dunyodagi ko‘plab xunrezliklarning asosi, ekstremizm, zo‘ravonlik va qon to‘kish omili deb qaraydiganlarga munosib javob bo‘ldi.

Bu dunyodagi milliardlab yoshlar tarbiyasi, buyuk axloq himoyasi sari qo‘yilgan qadam edi. Shu bois O‘zbekiston davlati rahbarining ulug‘vor rejalari, mintaqaviy va jahon miqyosidagi muammolar va ularning hal etilishi bo‘yicha bildirgan aniq fikr va takliflari xalqaro jamoatchilik tomonidan qizg‘in kutib olindi.

Dunyoda musulmonlarga nisbatan salbiy munosabat kuchayib borayotgan bir paytda jaholatga qarshi jaholat bilan emas, balki ma’rifat bilan kurashish, oqibat bilan emas, avvalo, sabab bilan kurashish hikmati Imom Buxoriy yurtiga xos ulug‘ da’vat bo‘ldi. Keyingi yillarda jinoyat sodir etgan shaxslarni afv etish bo‘yicha 8 ta farmon qabul qilinib, 4 mingdan ziyod mahkum jazoni o‘tash joylaridan ozod etildi. Jinoyat yo‘liga adashib kirib, qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lgan 993 nafar fuqaro Yoshlar ittifoqi, mahallalar va xotin-qizlar qo‘mitalari kafilligiga olindi. 2019-yili Jasliq qo‘rg‘onidagi jazoni ijro etish koloniyasining yopilishi insonparvar siyosatning yana bir amaliy namunasidir. O‘zbekiston jahonning qayerida bo‘lmasin, o‘z fuqarolariga g‘amxo‘rlik qila olishining yorqin namunasi bugungi kungacha o‘tkazilgan “Mehr 1, 2 3, 4, 5” operatsiyalari doirasida, asosan, xotin-qizlar va bolalardan iborat 531 nafar vatandoshimiz ona yurtga qaytarib kelindi. Ushbu vaziyatda Vatan kechirimli ota o‘rnida bo‘ldi go‘yo.

 

Azon tovushidan qalblar uyg‘onar

Erta tong. Muazzinning sehrli ovozi qalblarni uyg‘otadi. Masjidlar minorlaridan uchgan najot da’vati ezgulik nuri bo‘lib borliqqa taraladi. Qadrli, sirli, yoqimli ovoz. Har birimiz dunyoga kelganimizda ulug‘larimiz qulog‘imizga azon aytgan, u shundan bir umr qalbimizga naqsh etilgan. Bu imon naqshi, vijdon, halollik, poklik naqshi, bir umr yaxshilik yo‘lida yashab, yaxshilikka xizmat qilib o‘tish naqshi. Shukrki, yana azon tovushlari yangramoqda.

O‘zbekiston milliy taraqqiyotning yangi davrida qadriyatlar yanada qadr topa boshladi. Buni barcha sohalardagi tub o‘zgarishlar qatori ma’naviyat, muqaddas islom dini ta’limoti, qadriyatlarga munosabatlarda ham ko‘rish mumkin. Keyingi uch yilda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizasiyasi markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi borasidagi harakatlar diqqatga sazovordir.

Surxondaryo viloyatida Hakim at-Termiziy, Qashqadaryo viloyatida Abul Muin Nasafiy, Toshkent shahrida Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf majmualarining bunyod etilishi, ko‘plab yangi masjidlarning ochilishi, ulug‘larimiz maqbaralarining tubdan ta’mirlanishi, diyorimizda ta’lim, ilm-fan, madaniyat va ma’rifat, ajdodlar merosini o‘rganish, qadrlashga bo‘layotgan yuksak e’tibor nafaqat mamlakatimiz va mintaqa aholisi, balki jahon hamjamiyati tomonidan ham e’tirof etilmoqda. Shunisi quvonarliki, o‘tmishda ma’rifatli dunyo buxoriylar, farg‘oniylar, samarqandiylar, xorazmiylar, termiziylar, nasafiylar taratgan ilm ziyosidan qanchalar bahramand bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kungacha bu bahramandlik davom etmoqda, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho meros o‘z qadri va ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.

Qosh qoraya boshladi. Muazzin shom namoziga azon aytdi. Ko‘ngillar yana tengsiz huzur tuydi. Kun bo‘yi rizq izlab turli tomonlarga uchib ketgan qushlar yana daraxtlarni makon tutdi. Ularning jam bo‘lib chug‘urlashlariga quloq solar ekanman, xayolimdan bir fikr o‘tdi: “Qushlar ham ibodat qilmoqda”. Shunda beixtiyor Prezidentimizning shu yil fevral oyida Namangan shahridagi xonadonlardan biriga qilgan tashrifi, o‘sha paytda azon yangragan holatda aytgan so‘zlari yodimga tushdi: “Xudoga shukr, oldin azonlar eshitarmidik? Qanday yoqimli! Hamma narsa yopiq edi, ko‘p narsa mumkin emasdi. Mumkin emas, nimaga mumkin emas? Bu ham o‘zligimizni anglash, qadriyat-ku! Islom dinini o‘qigan to‘g‘ri tahlil qilgan, to‘g‘ri yo‘l tanlagan odam hech qachon kam bo‘lmaydi. Dinimizning buyukligini, dinimizning insonparvarligini, ezguligini tarannum qilishimiz kerak. Bu ham bizning tariximiz, ertangi kunimiz, o‘zligimiz...”.

Minhojiddin MIRZO,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19975
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17628
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//