“Temir general”ning sirli tarixi


Saqlash
14:01 / 14.01.2022 3698 0

Sobir Rahimov 1902-yilda Toshkent shahrida dunyoga kelgan. Otasi Umar Rahim o‘g‘li tegirmonchi edi. 1909-yil otasi vafot etib, yetim qoldi. Sobirjon 1921-yilgacha tikuvchiga shogird tushib, onasiga tayanch bo‘ldi. Uning tafakkuri Toshkentning qaynoq muhitida shakllandi. Ayni paytda jadid maktabida tirishqoqlik bilan ta’lim oldi.

 

1922-yil “Ko‘mak” jamiyati homiyligida bir qator o‘zbek yoshlari safida tahsil olish uchun Ozarboyjonga yo‘l oldi va 1925-yilgacha Boku Birlashgan harbiy maktabida o‘qidi. Vatanga qaytishi bilan “Alohida o‘zbek otliq askarlar polki”da kapitan unvonida faoliyat boshladi. 1930-yil komandirlar sostavi malakasini oshirish kursini tamomladi. 1932-yil 17-maydan 6-O‘zbek tog‘-otliq diviziyasi, 1936-yildan 19-O‘zbek tog‘-otliq diviziyasi tarkibidagi 42-o‘zbek tog‘ otliq polki shtab boshlig‘i lavozimida ish olib bordi. Darhaqiqat, Mirkomil Mirsharopov rahbarligidagi O‘zbek tog‘-otliq diviziyasining shuhrati va harbiy salohiyati mislsiz yuksaldi.

 

1935-yil yanvardan diviziya qo‘mondonligiga I.V.Selivanov (18861942) tayinlanadi. Biroq, 19-O‘zbek tog‘-otliq diviziyasida I.V.Selivanov o‘zining tajangligi, axloqsiz tili bilan tez orada hurmatsizlanadi. U ahvolni tuzatish maqsadida ayrim mahalliy zobitlarni sotib olishga kirishadi. Jumladan, 1936-yil 30-aprelda Sobir Rahimovni ham bosmachilar bilan kurashda ko‘rsatgan qahramonliklari uchun deb “Qizil yulduz” ordeni bilan taqdirlaydi. Shunga qaramay u Selivanovning ordeniga uchib do‘stlariga xiyonat qilmadi va totalitar tuzumning qatag‘on ro‘yxatidan o‘rin oldi.

 

1938-yil 17-mart kuni bitilgan order asosida Sobir Rahimov qamoqqa olinadi. Shaxsiy anketasiga ko‘ra bu vaqtda uning oila a’zolari sifatida turmush o‘rtog‘i Rahima Hasanova va uning onasi Shosiro‘y xonimlarning nomlari keltirilgan. U ilk so‘roqdayoq o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni mutloq rad etadi. Shunga qaramay, 1938-yil 28-mart kuni unga O‘zSSR JKning 57-(chet el josusi) va 67-(aksilinqilobiy tashkilot a’zosi) moddalarini qo‘llab hukm chiqarishadi. 1938-yil 1-apreldan tergovchilar undan aksilinqilobiy tashkilot a’zosi ekanligini tan olishini talab qiladi. U tahqir va qiynoqlarga sabot bilan bardosh berdi. 1938-yil 7-8-aprel kunlari tergovchi Vasilyev avval musht, so‘ng 1,20 metrlik metal kaltak bilan tinimsiz savalaydi. Shundan so‘ng 7 kun davomida tik oyoqda turg‘izib qo‘yib, muttasil jismoniy qiynoqlar qo‘llaydi. 15-aprel kuni aqldan ozish darajasiga kelgan Sobir Rahimov qo‘liga tutilgan qog‘ozlarga imzo chekadi va shu kuni uni kameraga sudrab olib kelishadi.

 

Sobir Rahimovni 1938-yil 19-may kuni yana tergovga chaqiradilar. Bu gal undan diviziyada mavjud aksilinqilobiy tashkilot a’zosisan va qolgan a’zolarning nomlarini ham keltirasan deb talab qilishadi. U 19-O‘zbek tog‘-otliq diviziyasida hech qanday aksilinqilobiy tashkilot yo‘q deb javob beradi. Shundan so‘ng Vasilyev uni tahqirli so‘zlar bilan haqoratlab, “Mirsharopov marshi”ni kuylagansan, “Ruslar ustimizdan to‘la hukmronlik qilmoqchi, bu dayuslar bizni komandir sifatida tan olmayapti”, degansan, endi hammasiga javob berasan, deydi. Sobir birorta ayblovni tan olmasligini va biror joyga imzo chekmasligini ma’lum qiladi. 22-may kunidan boshlab yana 4 kun mobaynida tik oyoqda saqlab, qiynoqqa soladilar. Zulm va ochlikdan holsizlangan Sobir Rahimov 1938-yil 25-may kuni hushidan ketib yiqiladi.

 

1938-yil 12-sentabr kuni yana so‘roqqa chiqariladi. Bu gal uning oldiga guvoh Muhammad Ziyoyev degan kimsani keltirishadi. Yuzlashtirishda Muhammad Ziyoyev  1932-yil may oyida Samarqandda, aksilinqilobiy tashkilot yig‘inida uni ko‘rganligini aytadi. Sobir Rahimov indamay tinglaydi va o‘zining aynan o‘sha vaqtda Samarqandda emas, Toshkentda bo‘lganini isbotlab beradi. Bu gal ham ishi o‘xshamagan tergovchilar S.Rahimovni 1419-sentabr kunlari yana tik holatda, mislsiz qiynoqlarga soladi. Sobir Rahimov o‘ziga qo‘yilgan barcha bo‘htonlarni qat’iy rad etib, birorta ayblovni tan olmasligini ma’lum qiladi.

 

Sobir Rahimovning 1939-yil 30-aprel kuni Beriyaga yozgan arizasi, baxtli tasodifmi, uning qo‘liga yetib boradi. Mazkur ariza asosida 1939-yil 17-may kuni S.Rahimov ishi yuzasidan qayta tekshirishlar boshlanadi. 1939-yil 25-iyun kungi so‘roqda Sobir Rahimov o‘ziga nisbatan qilingan bo‘hton, noqonuniy qiynoq va tahqirlarni so‘zlaydi. 1939-yil 29-iyun kuni qayta tergov yakunlanib, unga qo‘yilgan O‘zSSR JKning 57-2, 63-, 65-, 67-moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlar dalillar bilan isbotini topmagani uchun oqlashga qaror chiqariladi. 1939-yil 2-iyul kuni Sobir Rahimovdan qamoqda qo‘llanilgan qiynoqlar va so‘roqlarni mutloq sir tutishga so‘z beruvchi tilxat olinadi va turmadan chiqishi uchun talon beriladi.

 

1939-yil 9-oktabr kuni Sobir Rahimov bilan birga Yo‘ldosh Shokirov, Solijon Meliyev, Ivan Anvarov, Qo‘shoq To‘xtaboyev, Abduqodir Abdurahimov, Mahmud Eshmatov, Hamid Ismoilov kabi qatag‘onga uchragan o‘zbek zobitlarining ozodlikka chiqqani qonuniylashtirildi.

 

Sobir Rahimov uzoq davom etgan sarson-sargardonliklardan so‘ng, 1940-yil oxiriga kelib qurolli kuchlar safiga qayta tiklanishga muvaffaq bo‘ldi va G‘arbiy maxsus harbiy okrugga jo‘natildi. 1941-yil iyun oyida Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan Sobir Rahimov mayor unvonida, motoo‘qchilar polkining komandiri o‘rinbosari lavozimida faoliyat boshladi. U 1941-yil iyulda yaralanadi, 1941-yilning noyabr oyi so‘ngida shiddatli janglarda o‘z polki bilan Rostov shahrini birinchi bo‘lib ishg‘ol etadi va bu xizmati uchun “Qizil bayroq” ordeni bilan taqdirlanadi.

 

1942-yil yanvarida yana yaralanib, may oyida frontga qaytadi. 1942-yilning yozida Vermaxt Qizil armiyani Volgaga taqab qo‘ygan paytda Sobir Rahimov Shimoliy Kavkaz mudofaasiga mas’ul bo‘ladi. Sentabrga kelib diviziya qo‘mondonligini qo‘lga olib, dushmanning Qora dengizga chiqishiga asosiy to‘siq yaratadi. Dushman qancha kuch tashlamasin, u chekinishni xayoliga ham keltirmadi. 1943-yil boshida polkovnik Sobir Rahimov diviziyasi Shimoliy Kavkazdagi hujum operatsiyalarida, mislsiz janglarda haqiqiy qahramonlik ko‘rsatdi. 1943-yil 19-martda general-mayor harbiy unvonini oldi. U general bo‘lishiga qaramay, qadim turkiy qo‘mondonlar an’anasiga amal qilib, har qanday jangda oldingi saflarda turdi. Hamisha oddiy askarlar bilan hamsuhbat va hamfikr bo‘ldi. 1943-yil 8-aprelda general-mayor Rahimov diviziya boshqaruvidan olinib, Moskvaga bosh shtab harbiy akademiyasiga o‘qishga yuborildi. Bosh shtab harbiy akademiyasining jadallashtirilgan kursini tugatgach, frontga qaytadi va 1944-yil noyabrda o‘qchilar diviziyasiga komandir etib tayinlanadi. Sobir Rahimov 65-armiya tarkibida Sharqiy Prussiyaga hujum operatsiyasida ham jonbozlik ko‘rsatadi. U Janubiy frontdagi motorlashtirilgan polk komandiri, Zakavkaze frontida o‘qchi diviziya komandiri sifatida eng og‘ir nuqtalardagi janglarda shaxsan o‘zi boshchilik qildi. General Sobir Rahimov 1-Belorussiya fronti qo‘shinlari tarkibida Baranovichi, Slonim, Belostok, Graudens va boshqa shaharlarni, Belorussiya va Polshani ozod qilishda qatnashdi. Gdansk ko‘chalariga ham birinchi bo‘lib kirib keldi. 1945-yil 26-mart kuni Gdansk shahrini ozod etish uchun bo‘lgan jangda hujumga o‘tgan dushman kemalari artilleriyasidan otilgan katta kalibrli to‘plardan diviziyaning kuzatuv punkti yo‘q qilindi. Kuzatuv postida bo‘lgan general-mayor S.Rahimovning boshi snaryad parchasidan og‘ir yaralandi va sakkiz soatdan keyin hushiga kelmasdan kasalxonada vafot etdi.

 

Polsha xalqi o‘zbek o‘g‘lonini hamon ardoqlab kelmoqda. Gdansk shahridagi ko‘chalar, maktablarga uning nomi berilgan. 1965-yil 6-mart kuni S.Rahimovga haqli ravishda Qahramon unvoni berildi. Uning xoki Toshkentga keltiriladi. Toshkent shahrida tuman, metro stansiyasi, bir necha maktablarga nomi berildi. 1967-yil Komil Yashin pyesasi asosida  “General Rahimov” badiiy filmi yaratildi. 1981-yil Toshkentning Sobir Rahimov tumanida muhtasham haykal o‘rnatildi. Biroq na tarixchilar, na san’atkorlar tomonidan uning qatag‘oni bilan bog‘liq voqeliklar eslanmadi. 19-O‘zbek tog‘-otliq diviziyasidagi Mirkomil Mirsharopov yigitlarining achchiq qismati tilga ham olinmadi. Vaholanki, u hech qachon o‘ziga nisbatan qilingan nohaq zulmlarni unutmadi. Hayotining so‘nggi kunlarida “Qizil O‘zbekiston” gazetasi muxbiriga intervyu berar ekan, o‘zining ilk qurol tutgan kunlari, do‘stlari haqida eslaganida bekorga ko‘zidan yosh kelmagan edi. Balki, Stalinning uni “temir general” deb ta’riflaganida ham ma’lum ma’no bo‘lsa kerak.

 

Bahrom IRZAYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19946
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17587
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//