O‘zbek huquqshunosligining ilk qaldirg‘ochlari Muhammadjon Mo‘minov va Diloro Yusupovalarning sharafli va fojiali hayot yo‘li


Saqlash
15:05 / 13.05.2022 1396 0

Keyingi vaqtlarda ayol-qizlarimizning ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi faol ishtiroki, dadil fikrlari meni quvontiryapti. E’tiboringizga O‘zbekistonning birinchi ayol huquqshunoslaridan biri, O‘zSSR bosh prokurori yordamchisi Diloro (Dinara) Sabirjonovna Yusupovaning sharafli va fojiali hayot yo‘li haqida hikoya taqdim etmoqchiman.

 

Diloro Yusupova 1911-yil Buxoro shahrida dunyoga kelgan. Otasi Sobirjon Muhamedovich Yusupov (18811931) 19071910-yillar Toshkentda kasb-hunar real maktabida o‘qib, mexanik kasbini egallagan. 1911-yil Chor oxrankasining ta’qibiga uchrab, Buxoroga ketishga majbur bo‘ladi hamda “Yosh buxoroliklar” tashkilotining faol a’zolaridan biriga aylanadi. Biroq, Sobirjon Yusupov 1917-yil Amir Olimxon ta’qibiga uchragan “Yosh buxoroliklar” tarkibida yana Toshkentga keladi. U rus tilini bilgani va inqilobiy harakatlardan xabardorligi bois siyosiy harakatlarga osonlik bilan aralashib ketdi. Toshkentda Musulmon soldat deputatlari soveti a’zosi sifatida Orif Kilibliyev, Davlat Mirzayevlar qatori 1917-yil 1826-oktabr kunlari yig‘inda ishtirok etdi. So‘ng Qo‘qon Muxtoriyati hukumati prezidiumiga taklif etildi. Turkiston Muxtoriyati qonga botirilgach, u sovetlarning V syezdida ishtirok etadi. Sobirjon Yusupov tarkibida bo‘lgan guruh 1918-yil 16-dekabrda Leninning qabulida bo‘ladi. Unda bolsheviklar “dohiysi” so‘ralgan ishlar qolib Turkistondagi irrigatsiya masalasi haqida rosa vaysaydi. Shundan so‘ng sho‘ro ma’murlari el orasida obro‘si baland har ishda uddaburon Sobirjon Yusupovni aslo nazardan qochirmadi. Sobirjon Yusupov 1919-yilgacha Turkistonda RSFSR vakili maqomidagi shaxs bo‘ldi. Keyin Kolchakka qarshi kurashga tashlandi. 1920-yil avgustida esa Buxoroga yo‘llandi. U BXR revkom raisi, BuxChK raisi, harbiy nozir, Shahrisabz militsiyasi boshlig‘i lavozimlarida ish olib bordi. Shundan so‘ng Toshkentga kelib, “Qizil Sharq” tekstil fabrikasi direktori lavozimida ishladi.

 

Diloro Yusupovaning hayoti otasining siyosiy qarashi tufayli shu tariqa ta’qib va quvg‘inlarda kechdi. 1917-yil onasi bilan Buxoro amirligi hududidan surgun etildi. Ular Toshkentga kelgach ham avval chor oxrankasi ta’qibida, so‘ng doimiy ravishda ChK ayg‘oqchilaridan yashirinib yashashga majbur bo‘ldi. Sobirjon Yusupov qochqinda ba’zan yillab ko‘rinish bermasdi. Diloro onasi bilan hali u yerda, hali bu yerda makon tutib kun kechirdilar.

 

Diloro Yusupova 1922-yil, juda yoshligiga qaramay Buxoro Xalq Jumhuriyati tomonidan Moskvaga o‘qishga yuborildi. U yerda O‘zbek Maorif instituti qoshida ta’lim oldi. Diloro o‘zining ilmi, iqtidori, jamoat ishlarida faolligi bilan 1924-yildayoq Moskvadagi o‘zbek talabalari orasida tanildi. U o‘quvchilarning “yosh kashshoflar” guruhi yetakchisi bo‘ldi. 1926-yil maktabni a’lo baholarga tugatib, Toshkentga qaytadi. Diloro Yusupova Toshkent komsomolining okrug qo‘mitasida ish boshlaydi. Ayni paytda O‘rta Osiyo davlat universiteti (SAGU)ning sud bo‘limiga o‘qishga kirib, 1929-yilgacha tahsilni davom ettiradi. Diloro 1929-yil institutni bitirib, Samarqandga yo‘llanma bilan ishga yuboriladi. U yerda bir yil davomida Suv xo‘jaligi boshqarmasida ishlaydi. Diloro Yusupova Samarqandda Moskvadayoq tanishgan, bu vaqtda O‘zSSR Oliy sudi sudyasi bo‘lgan namanganlik Muhammadjon Mo‘minov (19031938) bilan turmush quradi. Shu o‘rinda Muhammadjon Mo‘minov haqida qisqacha: Muhammadjon 1923-yil “Ko‘mak” homiyligida ko‘plab tengdoshlari qatorida Moskvaga yo‘l olgan edi. U 1924-yildan Moskva davlat universitetining huquqshunoslik fakultetida tahsil ola boshlaydi. Muhammadjon 1928-yil so‘ngida “Mamlakatning boshqaruv tizimida Prokuror nazorati” mavzusida yozgan diplom ishini muvaffaqiyatli himoya qilib, universitetni qizil diplom bilan bitiradi. U 1929-yil Samarqandga kelib O‘zbekiston Oliy sudi kollegiyasi a’zosi bo‘ldi. 1931-yildan O‘zSSR Yustitsiya xalq komissarligida bo‘lim mudiri, 1932–1935-yillarda sotsialistik qurilish va huquq ilmiy tekshirish instituti direktori bo‘ldi. Keyinroq M.Mo‘minov tashabbusi bilan xuddi shu institut bazasida yuridik institut paydo bo‘ldi. Uning g‘ayrat shijoati bilan qisqa vaqtda ko‘plab yuridik lug‘atlar, jurnallar, kitoblar chiqarildi. Ayniqsa, 1932-yil “На фронте теории государства и права” kitobi nashrdan chiqishi katta shov-shuvga sabab bo‘ladi.

 

Diloro Yusupova dastlab Muhammadjonning tavsiyasi bilan aspiranturaga tayyorlanadi. Ular 1931-yil Toshkentga ko‘chib kelib, Diloro Sovet huquqi ilmiy-tekshirish institutiga o‘qishga kiradi. U 1934-yil dekabr oyida institutni bitirish imtihonlarini topshirgach, yo‘llanma bilan O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasiga ishga yuboriladi. Diloro Yusupova sinov muddatidan so‘ng 1935-yildan O‘zbekiston Respublikasi Prokurori yordamchisi lavozimiga tayinlanadi. Yosh oila baxtdan sarmast edi. Ishdagi ziddiyatlar hasadgar kimsalarning bo‘htonlariga qaramay ular har kuni yangi-yangi g‘oyalar, yangi asarlar ustida bahslashardi. Ularning bag‘rida o‘g‘li Marat va Surayyo ulg‘ayishardi...

 

1937-yil 29-mart kuni tun allamahalda Uyezdnoy ko‘chasi 11-uy eshigini noma’lum nusxalar taqqillatishdi. Qo‘lida orderini ko‘rsatib, oila a’zolarini devorga turg‘azib qo‘ygan holda tonggacha nimalarnidir qidirdilar. Ertalabga yaqin barcha narsalarni xatlab M.Mo‘minov bilan “Qora qarg‘a”ga joylab ketdilar. Qolganini muhrlab keyin olib ketishlarini aytdilar. Vaholanki, bu uy egalari Muhammadjon O‘zSSR Adliya komissarligi aholiga yuridik yordam va sud himoya bo‘limining boshlig‘i, Diloro Yusupova O‘zSSR Bosh prokurori yordamchisi edi. Ular ketar ekan Diloroga hech kimga hech narsa gapirmaslik, hech kimga murojaat etmaslikni tayinlab, aks holda o‘ziga ham juda qiyin bo‘lishi bilan tahdid qilib ketadilar. Bir kunda xomumonidan ayrilgan Diloro avval hech narsani tushunmay qoldi. Erining ortidan tez-tez bo‘lib turadigan tuhmatlardan biridir deb o‘yladi. Biroq, juda qiyin jarayonlardan so‘ng berilgan ruxsat ortidan eri bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ladi. Angladiki, bu gal vaziyat juda boshqacha, bir necha kungi dahshatli qiynoqlardan so‘ng Muhammadjon allaqachon o‘limni bo‘yniga olgan, tirik murdaga aylantirib tashlangan edi. Shundan so‘ng Diloro hamma chorani qo‘llashga kirishadi. Yashirin suratda Moskvaga NKVDning amalga oshirayotgan bedodliklari haqida maxsus xat yo‘llaydi. Zudlik bilan maxfiy tarzda erining sobiq do‘sti Davlat Rizayev bilan uchrashib, O‘zbekiston hukumati mas’ullarini M.Mo‘minovga nisbatan amalga oshirilayotgan jinoyatlardan xabardor etishini so‘raydi. Afsuski, bu vaqtga kelib na Moskvadan, na mahalliy hukumatdan hech qanday umid qolmagan edi.

 

1937-yil 22-sentabr kuni “xalq dushmani” Muhammadjon Mo‘minovning xotini, erining troskiychiligini, aksilinqilobiy faoliyatini yashirgan deb 25 yoshli O‘zSSR prokurori yordamchisi Diloro Yusupovani ham hibsga oladilar. Uning 6 yoshli o‘g‘li Marat hamda 4 yosh qizi Surayyolar bolalar uyiga yo‘llandi. Muttasil jismoniy qiynoq va tahqirlar ostida o‘tkazilgan so‘roqlarda Diloro Yusupova erining ham, o‘zining ham aybdor ekanligini asosli tarzda rad etadi. Biroq, 1938-yil 4-oktabrda Muhammadjon Mo‘minov 1927-yil Moskvada uyushtirilgan namoyish rahbarlaridan degan bo‘hton bilan otib tashlandi. Shundan so‘ng 1939-yil 14-mart kuni Diloro Yusupova ishi ko‘rilib, O‘zSSR JK 68-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyat alomatlari topilmadi degan xulosa bilan jinoyat ishi to‘xtatildi. 1939-yil 19-mart kuni undan tergov vaqtida qo‘llangan qiynoqlar va so‘roqlar haqida hech qachon gapirmaslik haqida tilxat olib, qamoqdan bo‘shatdilar. Diloro Yusupova uyiga kelganda uning xonadoni allaqachon Shutov degan NKVD xodimi tomonidan o‘zlashtirib olingan edi. Diloro 1939-yil 23-mayda uni uyidan chiqarib, bolalarini bolalar uyidan o‘z bag‘riga oladi. Shundan so‘ng hamma yo‘qotganlariga rozi bo‘lib, oddiy ishlarda ishlab, qolgan hayotini farzandlari tarbiyasiga bag‘ishlaydi. Stalin vafotidan so‘ng boshlangan “iliqlik davri”ning ilk kunlaridan Diloro Yusupova Markazga xat yo‘llab turmush o‘rtog‘i M.Mo‘minovning ishini qayta ko‘rishlarini so‘raydi.

 

1956-yil aprelda qayta so‘roqda Diloro Yusupova: Biz Muhammadjon bilan Moskvada tanishgandik. U 1929-yil Samarqandga kelishi bilan O‘zbekiston Oliy sudiga kollegiya a’zosi bo‘ldi. Shu yil Samarqandda unga turmushga chiqib, 1931-yil Toshkentga ko‘chib keldik. U ilmiy tekshirish instituti direktori bo‘ldi va shu bazada keyinroq yuridik soha bo‘yicha oliy ta’lim muassasasi paydo bo‘ldi. Men yetti yillik turmushim davomida Muhammadjon Mo‘minovdan biror marta xalq manfaatiga qarshi bo‘lgan bir gap eshitmadim, bir ish ko‘rmadim. U hamisha buyuk ishlarning tashabbuskori edi. Biroq, 1937-yilning martida Agabekovning g‘arazli maqsadi bilan qamaldi. Agabekov har qanday odamdan qo‘rqitish yo‘li bilan o‘zi istagan kishiga nisbatan o‘ziga kerakli ma’lumotlarni olardi. Hatto, men uchrashgan kishilarni ham ta’qib qilib, ular orqali meni tutishga intildi. Natijada 1937-yildan 1939-yil aprelgacha aybsiz holimda, nohaq turmada bo‘ldim, deydi.

 

1957-yil 23-yanvarda Muhammadjon Mo‘minov SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi tomonidan oqlandi. 1958-yil 22-fevral kuni bu xushxabarni olgan Diloroxon KGB idorasiga kelib, o‘zining sovet davlatiga hech qanday moddiy va ma’naviy da’vosi yo‘qligi haqida yozma tilxat tashlab ketdi. Diloro Yusupova bir muddat transport prokuraturasida ishladi, so‘ng boshqa idoralarda oddiy huquqshunos bo‘lib halol mehnat qildi. Uning tarbiyasi bilan o‘g‘li Marat Muhammedovich Mo‘minov (19301998) matematika fanlari doktori, professor bo‘lib ko‘p yillar mamlakatimiz ilm-fani taraqqiyoti yo‘lida zalvorli ishlarni amalga oshirdi. Go‘zal qizi Surayyo Muhammedovna Mo‘minova (19331954)ning umri qisqa ekan. Moskva meditsina institutini yakunlash arafasida avtohalokat natijasida vafot etdi. O‘zbek zamonaviy huquqshunosligining ilk qaldirg‘ochlari Muhammadjon Mo‘minov va Diloro Yusupovalarning sharafli va fojiali turmush yo‘li haqida yana ko‘p asarlar yoziladi degan umiddaman.

 

1956-yil 2-iyun kuni so‘roqda SAGU yuridik fakulteti dekani huquqshunos olima Xadicha Sulaymonova ustozi Muhammadjon Mo‘minov haqida shunday deydi: “Men 1932–1935-yillar sovet huquqi instutida o‘qiganimda u kishi direktor edi. M.Mo‘minovning ma’ruzalarini hamma sevib tinglar edi. U o‘z vaqtida yagona oliy ma’lumotli o‘zbek yuristi, haqiqiy olim edi. Tengsiz iqtidor sohibiga hayot oson kechmadi. Uning g‘ayrati ilmi hamisha boshqalarning hasadiga sabab bo‘laverardi va natijada uni 6-marta partiyadan haydadilar. Ammo, M.Mo‘minov mamlakatimiz uchun zarur milliy yuristlar armiyasini yetkazib bera oldi, o‘zidan keyin butun bir o‘zbek yuristlari maktabini qoldirdi”.

 

Bahrom IRZAYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19946
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17587
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//