Butun umri qo‘zg‘olon, milliy ozodlik kurashlari bilan o‘tgan Usmonxo‘ja


Saqlash
22:06 / 10.06.2022 1549 0

Jadidchilik harakatining atoqli vakillaridan biri Usmonxo‘ja Bog‘chasaroy, Boku, Qozon, Istanbulda nashr etiladigan gazeta va jurnallarni muntazam o‘qib, dunyodagi voqea-hodisalar hamda o‘zgarishlardan xabardor bo‘lib ulg‘aygan.

 

Buxoro ziyolilari, tadbirkorlari va savdogarlari jadid maktablariga moliyaviy yordam berish maqsadida 1909-yil mart oyida “Shirkati Buxoroi Sharif” jamiyatini tuzadi. Bu shirkat jadid maktablarini darsliklar bilan ta’minlab, iste’dodli yoshlarni zamonaviy ta’limining yangi usullarini o‘rganish uchun xorijga yubora boshlaydi. Jumladan, Usmonxo‘ja va Homidxo‘ja ushbu shirkat homiyligida yangi usul maktablari bilan yaqindan tanishish uchun Bog‘chasaroy va Istanbulga jo‘natiladi. Ular Bog‘chasaroyda Ismoilbek G‘asparali yonida bir yil turib, Qrimdagi jadid maktablaridagi yangi ta’lim-tarbiya tizimi va uslubini kuzatib, chuqur o‘rganadi. 1910-yilda esa Istanbulga keladi. Yosh jadidlarning Turkiya safari Rossiyaning Istanbuldagi elchisini tashvishga soladi va Rossiya imperatori Nikolay II ni bu voqeadan xabardor qiladi. Imperator o‘z navbatida, Buxoro amiri Abdulahadxondan Usmonxo‘ja va Homidxo‘ja haqida ma’lumot so‘raganda, amir: “Ular yosh bolalardir. Turkiyaga tahsil olish uchun borganlar”, deb javob qaytaradi.

 

O‘sha paytda Abdurauf Fitrat va boshqa buxorolik yoshlar ham Istanbuldagi madrasalarda ta’lim olayotgan edi. Usmonxo‘ja, Abdurauf Fitrat va boshqalar Turkiyada o‘qiyotgan vatandosh o‘quvchi-talabalarga ham iqtisodiy, ham ma’naviy yordam ko‘rsatish, Buxoro va Turkistondan talabalar kelishini ko‘paytirish maqsadida 1909-yil 26-oktabrda “Tarbiyayi atfol” tashkilotining “Buxoro ta’mimi maorif jamiyati” (Buxoro umumiy xayriya jamiyati) Istanbul shahobchasini tuzadi.

 

Usmonxo‘ja 1913-yilda Turkiyadan o‘z yurtiga qaytib, Buxoro shahrida jadid maktabi ochadi. Shuningdek, Buxoro jadidlarining “Tarbiyayi atfol” (“Bolalar tarbiyasi”) tashkiloti faoliyati hamda “Buxoroi sharif” va “Turon” gazetalarini tashkil etishdek xayrli ishlarda ham ishtirok etadi.

 

Usmonxo‘ja maktabida bolalarni yoshlariga qarab sinflarga bo‘lish, bir kunda 4-5 soatdan ortiq dars o‘tmaslik, har bir darsdan so‘ng o‘n daqiqalik tanaffus joriy qilish, diniy va dunyoviy fanlarni barobar o‘qitish, har yili bolalarga ikki oylik ta’til berish, o‘quvchilardan vaqti-vaqti bilan imtihon olib turish kabi yangi tartiblar joriy qilingan. Dars jarayonlarida milliy o‘quv qo‘llanmalar va darsliklardan tashqari, Turkiyadan olib kelgan o‘quv qurollari, globus, xaritalar, turk tiliga tarjima qilingan Yevropa adabiyotlardan ham keng foydalanilgan.

 

Rossiya imperiyasining Buxorodagi amaldorlari jadid maktablarining xalq orasida tobora shuhrat topib borishidan xavotirga tusha boshlaydi va ularni yopish uchun mutaassib ulamolardan foydalanishga qaror qiladi. O‘zlarini Buxoro yoshlariga xayrixoh qilib ko‘rsatib, aslida ulamolarni ularga qarshi gijgijlaydi.

 

Ulamolar va saroy amaldorlari jadid maktabdorlariga katta miqdorda pul va yuqori lavozimlar berishni taklif qilishga urinib ko‘rganlarini tarixiy manbalar tasdiqlaydi. Sadriddin Ayniyning yozishicha, Buxoro qozikaloni Burhoniddinning vakili Mulla Qamariddin Usmonxo‘jaga: “Agar siz o‘z ixtiyoringiz ila maktabingizni bog‘lasangiz, tilagan yeringizda qozi yoki rais qildirmoqni qozikalon tomonidan va’da beraman”, deydi. Shunda Usmonxo‘ja: “Muallimlik qilishimiz, ochlikdan yoki mansabga yetisha olmaganligimizdan emas, balki xalqqa va yurtimizning bolalariga bir oz foyda yetkuzarmiz deb muncha mashaqqatlarni boshimizga yukladik, tutgan muqaddas maslagimizni dunyo mansabiga sotmaymiz”, deb javob beradi.

 

Rossiyaning Buxorodagi siyosiy agenti yordamchisi Shulga Usmonxo‘ja maktabiga ogohlantirmay borib, u yerdagi sharoitlarni ko‘rib, lol qoladi. Uning yozishicha, Usmonxo‘ja o‘z uyining ichki hovlisida birinchi va ikkinchi qavatda juda keng ikkita sinf xonasi tashkil qilgan bo‘lib, ularda Yevropa va Buxoroda ishlab chiqarilgan stol-stullar, devor ichidagi javonlarda ikki-uchta globus hamda Samarqandda nashr etilgan ko‘plab kitoblar, talabalarga berilgan daftarlar mavjud bo‘lgan. Shulga “... maktab juda ozoda bo‘lib, eski usul maktablari bilan solishtirganda juda taraqqiy etgan edi”, deb tan olgan. O‘zini Buxoro yoshlari va jadid maktablari himoyachisi qilib ko‘rsatgan Shulganing bu tashrifi aslida maktablar yopib qo‘yilganda, Rossiyaning Buxorodagi siyosiy agentligini aybsiz qilib ko‘rsatishdan iborat bo‘lgan.

 

Usmonxo‘ja maorif sohasida islohotlarni amalga oshirish bilan birga, Turkiston mintaqasida sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning ham faol ishtirokchisi edi. Jumladan, Birinchi jahon urushi davrida Rossiya imperatori Nikolay II ning front ortidagi ishlarga turkistonlik 16 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan erkaklarni mardikorlikka olish haqidagi 1916-yilgi farmoni e’lon qilingach, ko‘tarilgan xalq qo‘zg‘olonlarining g‘oyaviy yetakchilaridan biri Usmonxo‘ja bo‘ldi. Turkiston jadidlarining yetakchilari Munavvarqori, Pahlavon Niyoziy, Usmonxo‘ja, Qori Komil, Obidjon Mahmud va boshqalar Mahmudxo‘ja Behbudiyning Samarqanddagi uyida yig‘ilib, imperator farmoniga qarshi norozilik bildirish va Turkiston uchun ko‘proq erkinliklar talab qilishni kelishib oladi. Ulug‘ ma’rifatparvar keyinchalik Samarqanddagi mazkur yig‘in haqida shunday yozgan edi: “Men Buxoroda edim, Mahmudxo‘ja Behbudiy menga telegramma yuborib, zudlik bilan Samarqandga kelishimni so‘radi. Shunday qilib, men 1916-yilgi qo‘zg‘olonni rejalashtirish yig‘ilishida qatnashdim”.

 

1920-yil sentabrda Buxoro amirligi tugatilgach, Usmonxo‘ja yangi hukumat tarkibida moliya vaziri sifatida o‘z faoliyatini boshlaydi. Dastlab Davlat nazorati noziri, so‘ng Butun Buxoro markaziy ijroiya qo‘mitasining raisi lavozimlarida ishlaydi. Faoliyati davrida Buxoro Respublikasida vaqf yerlarini hisobga olish va ulardan foydalanishni tartibga solish, madaniy-ma’rifiy markazlar ochish, me’morchilik obidalarini ta’mirlash, 50 ming kishilik qizil qo‘shinni Buxorodan chiqarib yuborib, milliy armiyaga asos solish, mustaqil tashqi siyosat yuritish, mamlakat chegaralarini mustahkamlash va o‘zbek tilini davlat tili sifatida rasmiylashtirib, hayotga tatbiq qilish uchun kurashadi.

 

Ma’lumki, Buxoro Respublikasi tuzilgan paytda mamlakatda boshlangan milliy ozodlik va qarshilik harakatlari 1921-1922-yillarda kuchayib ketadi. Sovet rahbarlari ozodlik kurashchilarini tinchitishda Usmonxo‘ja singari obro‘-e’tiborli arboblardan foydalanishga kirishadi. 1921-yil 10-martda Butun Buxoro markaziy ijroiya qo‘mitasining Sharqiy Buxoro bo‘yicha favqulodda ishlar vakilligi tuzilib, Usmonxo‘ja rais etib tayinlanadi. Usmonxo‘ja Sharqiy Buxoroda yurgan davrida qizil qo‘shinlarning xalqni ayovsiz talayotganini o‘z ko‘zini bilan ko‘radi va ushbu voqeadan so‘ng bayonot e’lon qilib, aholini mustaqillik uchun qurol ko‘tarib, rus askarlariga qarshi kurashishga chaqiradi: “Hammamizning yuragimizdagi eng katta orzu Turkistonda yarim asrdan ko‘proq vaqt davomida hukmronlik qilib kelayotgan dushmanning tajovuzidan xalos bo‘lish orqali ozodlik va mustaqillikka erishishdur. Endi bu maqsadga erishish vaqti keldi. Men qo‘llarida qurollari bo‘lganlarni va qurol ishlata oladiganlarni ushbu sharafli vazifaga taklif qilaman. Yashasin ozodlik va mustaqillik!”

 

1921-yil 9-dekabrda Usmonxo‘ja o‘z yordamchilari harbiy ishlar noziri muovini Ali Rizobek, Termiz harbiy qo‘rg‘oni qo‘mondoni Hasanbek va Doniyolbek yordamida milliy harbiy qismlar ishtirokida Dushanbe harbiy qo‘rg‘onidagi qizil askarlarni qurolsizlantiradi. Bu paytda Dushanbe yaqinidagi Ibrohimbek qo‘rboshi qarorgohida turgan turkiyalik harbiy sarkarda Anvar Pasha o‘z yordamchilari Hoji Somiy (Salim Pasha) va Usmon Afandini bir guruh askarlari bilan Usmonxo‘jaga yordam berish uchun yuboradi. Biroq Ibrohimbek bilan til topisha olmagan Usmonxo‘ja Bobotog‘ tomonga chekinib, 1922-yil yanvar oyi boshlarida ixtiyoridagi milliy harbiy qismlar bilan Behbudiy (Qarshi) shahriga keladi. Bu yerda sho‘rolar bilan butunlay aloqani uzib, istiqlolchilar tomonga o‘tadi. Milliy ozodlik harakatlari mag‘lubiyatga uchray boshlagach, chet mamlakatlardan yordam so‘rash uchun Kobulga jo‘naydi. Kobulda 1922-yil 29-aprelda Buxoro Respublikasi rahbarlaridan biri sifatida Afg‘oniston amiri Omonullaxon bilan Rossiyaga qarshi kurash olib borish uchun shartnoma imzolaydi.

 

Usmonxo‘ja keyinchalik Buxoroga qaytmoqchi bo‘lganida, Fayzulla Xo‘jayev unga maktub yuborib, yurtga qaytmasligini, mabodo kelsa, bolsheviklar tomonidan qo‘lga olinishi mumkinligidan ogohlantiradi. Usmonxo‘janing Afg‘onistonda qolishi uzoqqa cho‘zilmaydi. U Hindiston orqali Turkiyaga otlanadi. 1923-yil sentabrda Istanbulga yetib boradi va Turkiya hukumatiga siyosiy boshpana so‘rab murojaat qiladi. Usmonxo‘jani o‘z mehmonidek qabul qilgan Mustafo Kamol unga endigina shakllanib kelayotgan yosh Turkiya Resublikasi hukumatida mas’ul vazifada ishlashni taklif etadi. Bu taklifga javoban Usmonxo‘ja bundan keyin Turkiston madaniyati masalalari bilan shug‘ullanish maqsadi borligini aytadi. Mustafo Kamol Usmonxo‘jaga ma’naviy va moddiy madad berishini aytib, unga Turkiya mamlakati miqyosidagi nafaqa belgilaydi. Ushbu nafaqani Usmonxo‘ja umrining oxirigacha, vafotidan so‘ng esa xotini oladigan bo‘ldi.

 

Usmonxo‘ja Turkiyada o‘zbek va turkiy xalqlar madaniyatini targ‘ib qiluvchi, bolsheviklarning bosqinchilik siyosatini qoralovchi maxsus gazeta “Yangi Turkiston”ga asos soladi. Natijada Usmonxo‘janing sovetlarga qarshi g‘oyaviy kurashidan norozi bo‘lgan bolsheviklar Turkiya hukumatiga tazyiqlar o‘tkazishni boshlaydi. Usmonxo‘ja Turkiya Vazirlar Kengashining qarori bilan 1938-yil oktabr oyida Turkiyadan chiqib ketadi va avval Polsha poytaxti Varshavada, Ikkinchi jahon urushi davrida Eron poytaxti Tehron shahrida yashaydi. Sovet josuslari o‘zbekning ulug‘ini Eronda ham izlashadi. Usmonxo‘ja 1944-yili Turkiyaga qaytsa-da, taqdir taqozosiga ko‘ra 19511957-yillar oralig‘ida Pokistonda yashaydi va u yerda “Turkiston” jamiyatini tuzadi. 1957-yili yana Istanbulga qaytadi va umrining oxirigacha shu yerda yashaydi. Umri qo‘zg‘olonlar, milliy ozodlik kurashlari bilan o‘tgan Usmonxo‘ja 1968-yil 28-iyulda Istanbulda vafot etadi.

 

Muxtasar aytganda, jadidchilik harakatining yirik namoyandalaridan biri Usmonxo‘ja butun umrini mustaqil davlatchiligimizni tiklash, milliy taraqqiyot uchun kurashga bag‘ishladi. Xalqni ma’rifatli qilishda tashabbuskor bo‘ldi. Dastlab Rossiya imperiyasi, keyinchalik bolsheviklar hukumatiga qarshi ozodlik harakatlarida ishtirok etdi. 1938-yilda boshlangan katta qirg‘in siyosati xorijda yashab turgan Usmonxo‘jani ham chetlab o‘tmadi. Doimiy ravishda sovet josuslari ta’qibida bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, o‘z maslagidan va maqsadidan voz kechmadi, qismatiga bitilgan vatanjudolik hasratida Turkiya tuproqlarida mangu qo‘nim topdi.

 

Dilnoza JAMOLOVA,

O‘zRFA Tarix instituti doktoranti,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

 

“Xalq so‘zi” gazetasi, 2022-yil 4-iyun soni.

 “Milliy istiqlol va taraqqiyot kurashchisi” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19986
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17636
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//