“Taraqqiy”, “Najot”, “Hurriyat” – Turkistonni larzaga solgan gazetalar


Saqlash
16:06 / 20.06.2022 7532 0

“Madaniy davlatning barcha fuqarolari ma’rifatning

porloq ziyosiga intilmog‘i kerak. Madaniyat ziyosiga

yo‘l ochmoqning eng yaxshi omili matbuotdir”.

M.Behbudiy

“Taraqqiy” gazetasi

 

Turkistondagi ilk milliy gazeta 1906-yil 14-iyun (yangi hisobda 27-iyun) kuni tatar taraqqiyparvari Ismoil Obidiy muharrirligi ostida chop etilgan “Taraqqiy” gazetasi hisoblanadi. Gazeta chiqishi munosabati bilan Ismoilbek G‘aspirali, Abdulla To‘qaylardek yirik taraqqiyparvarlar tabrik nomalarini yo‘lladilar, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniylarning maqolalari bu gazetaning xalq orasida yanada mashhur bo‘lishiga yordam berdi.

 

“Taraqqiy”ning kirish maqolasi Ismoil Obidiyning “Toshkent 14-iyun” maqolasi bo‘lgan. Unda muharrir Turkiston musulmonlariga murojaat qilib, barchani o‘zaro nizolarga chek qo‘yib, birlikka chaqiradi. Gazetaning shiori ham maqsadidan kelib chiqqan holda “Najot: maslakda sabot; to‘g‘rilikni ijobat” deb belgilandi. Muallif millatning yorug‘ jahonda yashab qolish-qolmasligi, uning taraqqiyoti yoxud tanazzuli yolg‘izgina mana shu totuvlikka, millatning ilm-u ma’rifatiga bog‘liq, deydi. U Rossiya imperiyasida kechayotgan kurashlar va inqilob natijasida joriy etilayotgan demokratik islohotlardan faqatgina ma’rifatli millatlar foydalana olishini uqtiradi. Bu maqola turkistonlik taraqqiyparvarlar tomonidan juda qizg‘in qarshi olindi. Gazetaning ilk sonida Munavvar qori Abdurashidxonovning “Bizning jahl, jahli murakkab” maqolasi ham bosilgan. Bu maqolada butun Turkiston xalqlarining an’anaviy turmush tarzi tahlil etilgan. Unda mavjud illat, bid’at va xurofotlarning jamiyat taraqqiyoti uchun g‘ov bo‘layotganligi aytiladi, bularga qarshi kurashga butun millatni chorlaydi. Maqola o‘z vaqtida butun Turkiston elining ilg‘or qismini larzaga soldi va Munavvar qori g‘oyalaridan, uning aqliy dahosidan namuna o‘laroq, hali hamon sevib o‘qiladi.

 

 

“Taraqqiy”ning 3-sonida “Toshkent 22-iyun” deb nomlangan maqolani I.Obidiy Turkiston kelajagi uchun yagona najot yo‘li bo‘lgan ilm-u ma’rifatni ta’riflashdan boshlaydi. Biroq, maqola davomida muallif rus inqilobi va uning mustamlaka xalqlari foydasi uchun chiqarilayotgan ayrim imtiyozlarini, qonun va qarorlarini Turkiston tuprog‘iga ham joriy etish masalalarini muhokama qiladi. U muammolarni ochiqchasiga ko‘tarmaydi, chunki gazetaning ochilish jarayonida siyosiy masalalarga aralashmaslikka xat bergan edi. Shunga qaramay Turkiston xalqining siyosiy madaniyatini oshirish, ma’lum maqsadlar tegrasida tashkilotlar atrofida uyushish va siyosiy partiyalar zarurligiga ahamiyat qaratadi. Bu borada turkistonliklarning Yevropa ta’limini olgan mutaxassislarga, ilmga, tajribali yuristlarga muxtojligiga e’tibor qaratadi. Shu sonning o‘zida “Qalamkash” imzosi bilan yozilgan “Ul-bul narsalar” maqolasida masala yanada oydinlashtiriladi. Ya’ni, inqilob natijasida qo‘rquvga tushib qolgan Chor hukumatining siyosiy chekinishlaridan unumli foydalanib qolishga, bu yo‘lda mahalliy kuchlarni siyosiy birlikka chaqiradi.

 

Gazetaning 16-sonida “Turkiston 9-avgust” nomli maqolada muallif odatdagidek mutaassib ulamolarga qarshi emas, bu gal ma’murlarning kalondimog‘ligi, o‘z burchiga nisbatan sovuqqonligiga misollar keltiradi. Agar ma’murlarni xalqning o‘zi saylasa, albatta ular bu darajada tubanlashib ketmasdi, deb demokratik boshqaruvning ustivor jihatlariga e’tibor qaratadi. Shuningdek, “Umumiy o‘qituv” maqolasi muallifi ham Rossiya imperiyasining ruslashtirish siyosatiga qarshi dadillik bilan boshlang‘ich ta’lim, eng avvalo, mahalliy millatlarning ona tilida bo‘luvi lozim, degan qarorni ilgari suradi.

 

“Turkiston 12-avgust” maqolasida muharrir Turkistonning shonli tarixidan gap boshlaydi. XIX asrning insoniyat boshiga ko‘plab tashvishlar keltirgani, ojiz millatlarning imperialistik zulm ostida qolgani yoziladi. Turkistonning mustamlakaga aylanishi sabablari tahlil etiladi. Ayniqsa, mahalliy millatlarning orasiga rahna solinishi, din va qadriyatlarning tahqirlanishi hamda kelajakda bu siquv yanada avj oldirilishi mumkinligiga e’tibor qaratadi. Shuningdek, Fansurulloxon Xudoyorxonovning xati bosilgan. U mahalliy boylarni xayriya jamiyati ochib, musulmonlarning yetim bolalarini homiylikka olish, ular uchun maktablar ochishga chaqiradi.

 

Shuni ham aytib o‘tish mumkinki, mazkur gazeta faoliyati uchun ruxsat berishda ishtirok etgan Ostroumovning asl maqsadi kundan kun xalq orasida obro‘si ortib borayotgan taraqqiyparvarlarni mutaassib ulamolar qo‘li bilan yo‘q qilish edi. Shuning uchun muharrirlikni ham Turkiston taraqqiyparvarlariga emas, aynan o‘zining kantorasiga uncha uzoq bo‘lmagan Ismoil Obidiyga topshirgandi. Ismoil Obidiy o‘z maqolalarida eskilik bilan qattiq kurashib, qora guruh-ulamolarning xalq o‘rtasidagi e’tiborini tushurishga harakat qildi. Biroq, Munavvar qori va boshqa turkistonlik taraqqiyparvarlarning harakati bilan gazetaning mazmuni butunlay o‘zgarib ketdi. Unda millat, milliy ozodlik, milliy madaniyat uchun kurash, din va vatan haqidagi otashin maqolalar elning asriy uyqudan qalqishiga sabab bo‘ldi. “Taraqqiy” gazetasi Turkistondagi ilk jadid gazetasi bo‘lishiga qaramay, butun mintaqani jadid g‘oyalari atrofida jipslashtirishga erishdi. Hatto, Ismoil Obidiyning nomini ham “Taraqqiy” deb atay boshladilar. Maqsadiga yeta olmagan hukumat gazetani siyosatga aralashgan degan ayblov bilan yopadi. Uning 20-soni so‘nggisi bo‘ldi. Hukumat gazetaning mulklarini musodara etib, muharririni qamoqqa oldi.

 

 

Sadoi Farg‘ona” gazetasi

 

Jadid matbuotining yirik nashrlaridan biri 1914-yil 3-aprelidan Qo‘qon shahrida chiqa boshlagan “Sadoi Farg‘ona” gazetasidir. Uning egasi va muharriri tog‘-kon muhandisi Obidjon Mahmudov bo‘lib, gazeta uning xususiy matbaasida bosilgan. Gazeta xalqni jaholatga qarshi kurashga, foydasiz rasm-rusum va bad’atlarni tugatishga, ularga sarflanadigan mablag‘larni esa millat bolalarini o‘qishi uchun ishlatishga chaqirdi. “Sadoi Farg‘ona” ilk sonlaridanoq xalqning sevimli gazetasi va muhokama minbariga aylanib ulgurdi.

 

 

Gazeta Turkiston jadidlarining afkor ommasi sifatida ta’limni isloh etishni bosh masala sifatida o‘z oldiga qo‘ydi va “usuli jadida” maktablarini targ‘ib etdi. Uning 9-sonida “Muallim afandilarga ochuq maktub” nomli xabarda jadid maktablari muallimlarining mehnatlariga va imtihonga tayyorgarliklariga tashakkur izhor etadi. “Sadoi Farg‘ona”ning 13-sonida 5-may kuni Qo‘qonning Xonaqoh mahallasidagi “Maktabi Muhammadiya”ning, 17-sonida Yahyo qorining Shahrixon jadid maktablarida o‘tkazilgan imtihonlarda o‘quvchilarning ilmidan mag‘rur bo‘ladi va muallimlarni alqaydi. “Sadoi Farg‘ona”ning 44- va 47-sonlarida Obidjonning “Usuli jadidni ixtiro qilib turub, yana boshqalardan shikoyat qiluvchilarg‘a taajjub” maqolasida maktab va madrasalarda ta’lim berish usulini mujtahidlar ilgari ham isloh qilgani haqida yozadi. Usuli jadida endi o‘ylab topilgan narsa emas, eski maktabni isloh qilishga qarshi turuvchilar bir oz mulohaza qilsinlar, hozirgi voqelik, ijtimoiy turmushning mohiyatiga yetmay, ularning johilligi tufayli aziyat chekayotganlar bor. Bunga qaysi biri – usuli qadimmi yoki usuli jadid maktablari aybdormi, deb o‘z fikrini xulosalaydi.

 

Gazetaning 76-sonida qo‘qonlik H.H.N. imzosi ostida (Hamza) “Muallim afandilarimiza ulug‘ rajomiz” sarlavhali murojaatida turkistonlik musulmonlarning hayotda tuban va xor bo‘lib yashayotganlariga zamonaviy bilimlardan chetda qolayotgani sabab bo‘lmoqda, deydi. Hamzaning “Maktabi “dor ul-aytom”, yangi yetimlar maktabi” maqolasida esa ota-onasi yo‘q, ko‘cha-ko‘yda qolgan bolalarni o‘qitish masalasi ko‘tarilgan. “Sadoi Farg‘ona”ning 61-sonida Mahmudxo‘ja Ahmadxo‘ja o‘g‘lining “Kecha maktabi ochilur maqolasida kechki maktablarni ochish masalasining dolzarbligi va unda o‘qitiladigan bilimlar batafsil bayon qilinadi. “Sadoi Farg‘ona”ning 93-sonida “Hunar maktabi” nomli xabarda Andijonda Sartaroshlik maktabi ochilgani va hunar egalarining ish bilan ta’minlanishi haqida yoziladi. Shuningdek, “Sadoi Farg‘ona”ning 7-sonida bosilgan “Rusiyada yahudiy maktablari” nomli maqolada “Rusiya yahudiylari musulmonlarning choragidan ham kam bo‘lib, hammasi 6 million miqdoricha bordir. ...1914-yilgi hisobotga qaraganda. Yahudiylarning o‘z din va tillarini o‘rgatadirgan milliy maktablari Rusiyada rasmiy 10 000 dan ortiq ekan. Ulardan besh barobar ortuq musulmonlarning eski va yangi maktab madrasalari bilan bari qo‘shilib ham 9000 ga yetmaydur, deyilgan.

 

“Sadoi Farg‘ona” gazetasining 44-sonida e’lon qilingan “Buxoroda maktablar yopilmoq” nomli maqolada 1914-yil 5-iyul, shanba kuni Buxoro qozikaloni va Qo‘shbegisining Buxoroda 3 ta (Govkushon 70 nafar, Bozori Kafsh 20 nafar, Labi Hovuz 35 nafar) yangi usul maktablarining yopilib, o‘qituvchilardan xat olinganligini ma’lum qiladi. Ko‘chada qolgan bolalarning yig‘lab yurgani haqida yozadi. Turkiston o‘lkasidagi taraqqiyparvarlik harakatini qo‘llab-quvvatlab, Turkmanistonning Chelikin ovulida ochilgan jadid maktabi muvaffaqiyatlari, Qoshg‘arda ochilgan jadid maktabi haqida xabar beradi.

 

“Sadoi Farg‘ona” sahifalarida oliy ta’lim muammolari, ayniqsa madrasa ta’limini isloh etish bilan bog‘liq munozaralarga keng o‘rin ajratilgan. “Sadoi Farg‘ona”ning ilk sonida Shokir Muxtorovning “Islohni nimadan boshlarg‘a?” maqolasida tarbiyani, eng avvalo, ibtidoiy maktablarni isloh qilishdan boshlash kerak, deydi. Gazetaning 3-sonida mulla Abdullabek Musobek hoji o‘g‘lining “Isloh ul-isloh” maqolasi ham shu mavzuga bag‘ishlangan. U Sh.Muxtorovni tanqid etib, mavjud madrasalarni tanqid qilish deb, ularni yoppasiga yerga uraverish kerak emas, negaki, hozircha ushbu madrasalarimizdan boshqa oliy tahsil oladigan muassasalarimiz yo‘q, deydi. Buning ustiga, alloma darajasiga ko‘tarilgan buyuk ajdodlarimizning barchasi madrasalardan chiqqan. Faqat qadimda mudarrislar to‘y, ziyofat, ta’ziya va hakozo deb darsni tashlab ketmaganlar. Agar vijdon bilan yondashilsa, hozirgi madrasa ta’limi dasturidagi barcha fanlarni o‘zlashtirish mumkin, deydi. Gazetaning 7-sonida Sh.Muxtorovning “Mo fi isloh ul-isloh” maqolasi yuqoridagi fikrlarga javob shaklida yozilgan bo‘lib, muallif “ulumi qadima”ni inkor etmasligini, faqat talabalarga dunyoviy ilmlar bo‘yicha asl manbalarni emas, hoshiyalarni o‘qitishga, eng mo‘tabar va kerakli kitoblar o‘rniga “Rivoyati mutanoqaza”, “Jome’ ar-rumuz” kabilarni o‘qitishga qarshiman, deydi. Darhaqiqat, keng muhokama etilgan bu munozaralar jamoatchilikda ijtimoiy fikrning uyg‘onishiga, ziyolilarimiz, xususan, ulamolarimizning o‘z faoliyatlariga bir oz bo‘lsa-da tanqidiy yondashishlariga sabab bo‘lgan edi. “Samavarda mullabachchalar” maqolasida talabalarning axloq-odoblari va ko‘chada bekor yurmasliklari, o‘zlarining odob va axloqlari bilan xalqqa o‘rnak bo‘lishlariga chaqiradi.

 

“Sadoi Farg‘ona” o‘z sahifalarida siyosiy xabarlarga ham keng o‘rin bergan. Muhimi, bu materiallar to‘g‘ridan-to‘g‘ri mustamlakachi manfaatini emas, aksincha, Turkiston xalqlarining qiziqishlarini ifoda etgan. “Sadoi Farg‘ona”ning 44-sonining ilk sahifasida bosilgan “Avstriya-Serbiya ixtilofi” maqolasi urush mavzusiga bag‘ishlanadi. Unda urush harakatlari haqida o‘quvchilarga batafsil ma’lumot beriladi. Gazetaning 52-sonida Nuriyning “Ovro‘pa urushi” maqolasida urush endi jahonning barcha mamlakatlarini qamrab olganligi va barcha katta mamlakatlarni qurshab olayotganiga e’tibor qaratadi. E’tiborli tomoni shundaki, muallif qardosh Turkiya mamlakatining urushga kirishi kutilayotganidan tashvish bildiradi. U aslida Turkiyaning do‘sti yo‘q va uning bataraf turgani yaxshi edi, deb xulosa bildiradi. “Sadoi Farg‘ona” gazetasining 77-sonida “Ranniy utro” gazetasidan olingan maqola berilib, unda Turkiyaning urushga kirishi va uning harbiy ahvoli haqida o‘quvchilarga xabar beriladi. Bu, avvalo, o‘quvchilarning talablari natijasi bo‘lib, jahon urushida Turkiston xalqining Turkiya mamlakatiga nisbatan hamdard munosabatidan dalolat beradi. Gazetaning 82-sonining “Targ‘ib iona” maqolasida urushning insoniyat boshiga solayotgan kulfatlari haqida to‘xtalib, aholini jabrdiyda musulmonlarga yordam tariqasida ionalar yig‘ishga chaqiradi. Shuningdek, 84-sonida “Hind musulmonlariga murojaat” nomli xabarda musulmonlarning urushga nisbatan pozitsiyasi qanday bo‘lishi kerakligi aytiladi. Jumladan, islom mamlakatlarining yetakchisi bo‘lgan Turkiyaning urushga kirishi oxirida har qanday holatda uning ziyoniga o‘ynashi va davlatning imperialistlar tomonidan bo‘lib olnishiga olib kelishi aytiladi. Darhaqiqat, urush yakunlanishi bilan Turkiya o‘z hududlarining deyarli 80 foizidan ayrilgan edi. “Sadoi Farg‘ona”ning 94-sonida N.Donchenkoning “Русская слова” gazetasida e’lon qilingan “Urush maydonidagi turkmanlar” maqolasida turkiy yigitlarning azaldan jasoratli bo‘lgani, bu dasht arslonlari Chingizxon, Amir Temur qo‘shinlarida dunyoning eng qudratli armiyalarini barpo etganini esga oladi va turkman yigitlarining tug‘ma bahodirliklarini, otlarining chidamliligi, sardorlari askarlar bilan teng yashashlari hamda jangda yagona kuchga aylanishi va ularni hech qanaqasiga yutib bo‘lmasligini yozadi. Bu maqola mustamlaka zulmi ostida ahvoli zabun, milliy armiyadan mahrum xalqning g‘ururini tiklashga qaratilgan bo‘lib, milliy istiqlol uchun birinchi zaruriy shart bo‘lgan milliy armiya orzusining ifodasi edi.

 

“Sadoi Farg‘ona”ning 96-sonida e’lon qilingan “Insoniyat qahramoni betaraf qiz” haqidagi maqolada urush maydonlaridagi hayot qalamga olinadi va insoniyat uchun urush hech qachon foyda keltirmasligi aytib o‘tiladi. Bu Turkiston jadidlarining urushga nisbatan yakdil pozitsiyasini ifodalar edi. “Sadoi Farg‘ona” gazetasining sahifalari dunyoda kechayotgan jarayonlarni aynan milliy manfaatlar va intilishlar yuzasidan aks ettirgan. Jumladan, Yaponiyada tatar teatri qo‘yilishi, Yaponiyada musulmon deputati va ayollar huquqi masalalariga ham o‘rin ajratdi.

 

Xullas, “Sadoi Farg‘ona”ning oxirgi 123-soni 1915-yilning 6-iyunida chiqdi. “Sadoi Farg‘ona” gazetasi o‘z davrining siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy, maishiy muammolarini dadil ko‘tara olgan nashr sifatida o‘zbek jurnalistikasi tarixidan munosib o‘rin egalladi. Turkistondagi boshqa jadid matbuoti gazetalaridan “Sadoi Farg‘ona”ning yana bir farqli jihati shu ediki, u o‘zining sahifalarida ulamolar uchun ham keng o‘rin ajratdi va hech qachon keskin ziddiyatga sabab bo‘luvchi maqolalarni chop etmadi. Mana shu mo‘tadil siyosati tufayli gazeta Turkiston ulamolarining ham, jadid taraqqiyparvarlarining ham birday sevimli minbariga aylana oldi. Ikkinchi tomondan, gazeta ijod ahli uchun ham bag‘rikenglik qildi. Gazeta sahifalarida So‘fizoda, Tavallo she’rlari, yosh Cho‘lpon, Ibrohim Davronlarning ilk ijodiy namunalari e’lon qilindi. Aytish mumkinki, “Sadoi Farg‘ona” keyinchalik Turkistondan ko‘plab ijodkorlarning, jurnalistlarning yetishib chiqishida ham katta rol o‘ynadi. “Sadoi Farg‘ona” o‘z sahifalarida siyosiy axborotlar uchun ham keng o‘rin ajratgan. Bu materiallar asosan Birinchi jahon urushi bilan bog‘liq bo‘lsa-da, Turkiston jadidlarining ma’lum maqsadlarini ifodalashi bilan ahamiyatga molikdir. “Sadoi Farg‘ona” o‘z davrida xalqimizning siyosiy ongini, siyosiy madaniyatini oshirishda bemisl xizmat qildi. Va keyinchalik ilk siyosiy tashkilotlar, siyosiy partiyalarning paydo bo‘lishida ham xizmati katta bo‘ldi.

 

 

“Najot” gazetasi

(1917-yil 23-mart – 1917-yil iyun)

 

“Najot”ning shiori “Musovvat, hurriyat, adolat” bo‘lib, Turkiston musulmonlari markaziy sho‘rosining nashri sifatida dunyoga kelgan. Munavvar qori Abdurashidxonov muharrir bo‘lgan bu gazeta, Avloniyning yozishicha, Chor hukumati zulmidan qutilish uchun “Najot” deb nomlangan. Gazetaning maslak va maqsadini ifodalovchi “Xitobnoma”sida “Bizning shiorimiz – musulmonlar birikingiz. Biz musulmonlar aksari “demokrat”, ya’ni avom atalgan xalqdan iboratdir... Sinflarning farqlari musulmonlar orasida juda zaif, bizning kamolotimiz shundadir. Kamchiligimiz ham shunda, sinflarning farqlari siyosiy hayotni juda kuchaytiradir, uning fazilati shundadir. Lekin ul millatni bo‘ladir – oning kamchiligi shundadir, biz fazilatimizni orttiraylik, kamchiligimizni tugallataylik. Yashasin zo‘r islom dunyosi” deyilgandi. Gazetada Munavvar qori, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Avloniy, Salohiddin Muftizoda, Abdulla Qodiriy, Shokirjon Rahimiy, Laziz Azizzodalarning maqolalari, Kamiy va Tavallolarning she’rlari bosilgan.

 

Shu o‘rinda “Najot”ning mavjud sonlarini varaqlaymiz. Uning 10-sonida Salohiddin Muftizodaning “Sukut qiling! Sohibi sarvatlarning nidosi” maqolasiga raddiyasi bosilgan. Maqola muallifi mavjud iqtisodiy qiyinchiliklardan foydalanib, bolsheviklarning tashabbusini o‘z qo‘llariga olishga chaqiradi, kambag‘al qatlamlarni boylarga qarshi gij-gijlaydi. S.Muftizoda buning oqibatini oldindan ko‘rgani holda, davlatmand insonlarga murojaat etib, xalq orasida notinchlik va hukumatga ishonchsizlikning tarafdori bo‘lgan kuchlarning g‘arazli maqsadidan ogohlantiradi. Bozorlarni arzonlashtirish, xalqning eng zaruriy muammolarini zudlik bilan hal etishga chaqiradi. “Najot”ning 12-sonida S.Muftizoda “Tahqiqsiz sadjoqat” maqolasini “Men “Turon” jamiyati a’zosiman, taraqqiyparvarman. Taraqqiyparvarlik din va shariat ila qoyimdir” deb boshlaydi. Shundan so‘ng maqsadga o‘tib, gazetaning avvalgi sonida o‘zini taraqqiyparvar deb tanishtirgan Husayinovning “Туркистанский куръер” gazetasini taraqqiyparvarlarga xizmat qilgan gazeta sifatida tanishtirishiga qarshi chiqadi. Aksincha, bu gazetaning Turkistondagi missionerlik faoliyatiga oid maqolalarini misol keltirib, Husayinovning o‘zini tanazzulparvarlikda ayblaydi.

 

 

“Najot”ning 15-soni xabarlar ruknida “...10-may kuni mundan ketgan mardikorlarning bir guruhi Namanganga keldilar. Ular qizil bayroqlar ko‘tarib, bir necha yerlarda yig‘inlar tashkil etadilar va ular xalqqa hurriyat haqida ma’ruzalar qilib, boylarga tegizib so‘ylandilar” deb yozadi. Gazetaning tashvishi mardikorlikdan qaytganlarning bir qismi allaqachon bolsheviklar ta’siriga tushib qolganida edi. “Qardoshlik hissi” nomli xabarda Andijondagi “Aynul Islom” jamiyati 5-may kuni Yettisuvdagi ochlikni muhokama etib, 4 kishilik komissiya qirg‘iz qardoshlar uchun iona yig‘gani va 12-may kuni “Aynul Islom” raisi mullo Zahriddin A’lam 427 so‘mni pochta orqali muhtojlarga yo‘llaganini xabar beradi. Shuningdek, Mullo Abdurahmon Abdulqayyum o‘g‘li Xo‘jandda Hoji Homid mullo Qosim o‘g‘lining bozorga urug‘lik chiqarib tekinga tarqatgani, Toshkentdagi “Guliston” jamiyatining maktab va madrasalarda o‘qiyotgan moddiy ham ma’naviy yordamga muhtoj yoshlarga ko‘makka tayyorligi haqida xabar beradi.

 

Qo‘qonda Imomnazar qori Ali Nazar o‘g‘lining Misr, Istambul, Bayrut, va tatar nashrlaridan chiqqan yangi kitoblarni olib kelib “Zamon” nomli kutubxona ochgani va 3-may kuni Qo‘qonda “Hurriyat” nomida nashriyot shirkati ta’sis etilgani haqida yozadi.

 

Shokirjon Rahimiyning “Sh.R.” imzosi ostida yozgan “Hurriyatdan nechuk foydalanamiz” maqolasi “Ostroumov boboy missioner Turkistonni qalin ko‘rpaga o‘rab uxlatishda o‘ziga “qadimchi ulamolar”ni do‘st etdi” degan xulosasi bilan ahamiyatli bo‘lsa, G‘uljalik Toshmuhammad al Noamiyning maqolasi “... hech bir xayolimizga kelmagan ushbu shodlik va hurriyat ila jumla dindosh va vatandoshlarimizni chin ko‘nglimdan tabrik qilaman. Bizim Turkiston ziyolilaridan o‘tinamanki, har xususda xizmatlarini ayamay vatanimiz bo‘lgan Turkiston uchun har bir foydalik ishlarni ishlashga, shundog‘ vaqtda har bir minutni zoye qilmasdan mumkin qadar tezlik ila vatanimizga eng zaruriy bo‘lgan har bir kamchiliklarimizni to‘ldirmoq va shul maqsadda hurriyatdan foydalanmoq yo‘llarini qidirsalar. Aholini hurriyatdan ogohlantirib, hurriyatning nima ekanligini va qancha yildan beri tortisha-tortisha nihoyatta ko‘p qon to‘kilganidan keyin kelib chiqqan bul hurriyatning qadrini bilib, zamonaga muvofiq ishlar qilishga yo‘lboshchi bo‘lsalar. Ham mumkin qadar xizmatlarin ayamay xalq orasinda birlik fikrini tarqatib birlashtirmak hamda shul birlashuv orqasinda har bir diniy va milliy ishlarni yo‘lga solmoq, maktab va madrasalarimizni eski ko‘yicha qoldirmay, zamonaga muvofiq keng programmali qilib isloh qilmoq, milliy matbuot xususida har bir bo‘lgan og‘riqlarni yo‘q qilib, gazeta jurnallar nashriga kirishmakdir. Vatanimizning milliy matbuotining nimaligini tushunib hamda tashna bo‘lib turganda chiqqan gazeta, jurnallar InshaaAlloh, burungi mushtariysizlik balosidan qutulib, aholi qo‘lidan kelgan yordamni hech qizg‘onmas deb bilaman. InshaaAlloh, bundan keyin chiqadirgan gazetalarimiz, vatanimiz bo‘lgan Turkistonga har bir foydalik ishlar xususinda yozib, xalqimizni oqartirmoq yo‘lini tutsalar kerak” degan fikrlari bilan ahamiyatlidir.

 

Xullas, bu gazeta bor yo‘g‘i 20 son chiqqan. Undan ham yomoni 5 ta soni ancha abgor holda bo‘lsa ham, kutubxonalarimizda mavjud. Umid qilamanki, yaqin kelajakda uning qolgan sonlarini jamlab tadqiq etishga muyassar bo‘lamiz.

 

 

“Hurriyat” gazetasi 

(1917-yil 16-aprel – 1918-yil 30-aprel)

 

Turkistondagi jadid matbuotining eng nufuzli, dadil va sermazmun gazetalaridan biri “Hurriyat”dir. “Hurriyat” garchi Turkistonning bir viloyati Samarqandda chiqsa ham, o‘sha paytda o‘lkaning markaziy gazetasi mavqeiga erishgan edi. Gazetaning birinchi muharriri Akobir Shohmansurov bo‘lib, 9-sonidan 26-sonigacha Mardonqul Shohmuhammadzoda, 27-sonidan 87-sonigacha Abdurauf Fitrat muharrirlik qilgan. “Hurriyat”ning asosiy yozuvchilari Mahmudxo‘ja Behbudiy, Said Ahmad Vasliy, Said Ahmadxo‘ja Siddiqiy, Said Rizo Alizoda va Hoji Muinlar edi. Shuningdek, Cho‘lpon, Sadriddin Ayniy, G‘ozi Yunus, Ufadan No‘shiravon Yavushev, Xayrunnos Aysin, Najib kabi ijodkorlar ham o‘z maqolalari bilan qatnashib turardi.

 

Gazetaning ilk sonida Mardonquli Shohmuhammadzodaning “Ta’mini istiqbol” maqolasi bosilgan. Unda muallif mazkur gazetaning asosiy vazifasi xalqimizning ma’naviy kamoloti, ma’rifati va ilmi rivojiga xizmat qilishdir, deb va’da beradi. Sadriddin Ayniy “Tashakkur” maqolasida gazetani inqilobning mevasi sifatida baholaydi. Xalqimizni zulm davrining yakuni bilan qutlaydi va “Hurriyat”ga omad tilaydi. Maqolani “Yashasin hurriyat” deb tugatadi. Shuningdek, Buxoro amirining islohot to‘g‘risidagi farmoni berilgan. “Buxoroda islohot” maqolasi 1917-yil 9-aprel, Buxoro voqealariga bag‘ishlangan.

 

“Hurriyat”ning 5-sonida A.Abdujabborzoda o‘z maqolasida “...barcha inqiloblarning boshi maktabdir” deb muallimlarni maktab islohotiga bel bog‘lashga chaqirsa, “Buxoro voqealari” maqolasida Mahmudxo‘ja Behbudiy gazetxonlarga amirlikda kechayotgan inqilobiy o‘zgarishlar haqida xabar beradi.

 

 

1917-yil 4-may kuni “Hurriyat”ning 6-sonida bosilgan M.Shohmuhammadzodaning “Turkistonda qahati rijol” maqolasida “...hurriyat qo‘lga kiritildi, inqilob amalga oshdi endi yana ilm, yana maorif kerak. Bugun manaman degan boylarimiz ham qonun oldida o‘zlarini mudofaa etarlik bilimga ega emas” deydi. Mahmudiya muallimining “M.N.K.” imzosi bilan yozilgan “Hayot yo‘linda” maqolasi “Hayot yo‘lida birinchi masala maktab masalasidir” deb boshlanadi. Muallif Samarqandda mavjud 2-3 ta jadid maktabida ham hech qanday nazoratning yo‘qligi va ularning iqtisodiy jihatdan naqadar nochorligiga ahamiyat qaratadi. Samarqandda tashkil etilgan “Anjumani maorif” jamiyati shaharda muallimlar tayyorlovchi maktab (dor ul-muallimin) ta’sis etish zarur, deydi. Jamiyatni maktab islohi uchun yordam qo‘lini uzatishga chaqiradi. Shuningdek, M.Shohmuhammadzoda “Dehqon gazetasi” maqolasida atrof va dasht xalqi uchun maxsus “Dehqon” nomli gazeta ta’sis etishga chaqiradi. Millatni jamiyatdagi siyosiy o‘zgarishlar va xalqaro ahvol bilan tanishtirib borishning zaruratiga to‘xtaladi. Aholining siyosiy faolligini oshirish hamda xalqni siyosiy harakatga tortish masalalarini muhokama qiladi.

 

“Hurriyat”ning 1917-yil 19-may 10-sonida chop qilingan M.Shohmuhammadzodaning “Turkiston partiyalari va nodonlik” maqolasi juda muhim masalaga bag‘ishlangan. Muallif Bizning Turkistonda ham partiyadan ko‘p ekan, lekin maqsadlarini bilmadik. Andijonda mirkomilchevin va mirahmadchevin, Toshkentda ulamochevin, Samarqandda nafoqchevin va nafsoniyatchevin partiyalari bor. Ularning manbasi ilmsizlik, mansabi nodonlik. Buning oqibati yomon bo‘lar” deb, xalqning ayni paytda ishonishi lozim bo‘lgan yagona kuch sifatida yoshlar (jadid taraqqiyparvarlari)ni tavsiya qiladi. Maqolani “...yoshlarimiz izzat nafs, mansablarni qo‘yib, xolis, manfaatlarsiz, xalqqa xizmat etarlar. Bu yo‘lda qarshiliklarga chidarlar. Bu kun xizmatlari ma’lum bo‘lmay qolsa, o‘lganlaridan so‘ng ma’lum bo‘lar” deb tugatadi. Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Muhtaram Samarqandliklarga xolisona arz” maqolasi achchiq bir kinoya bilan bitilgan. Unda muallif “...Samarqandda “klub Islomiya” tuzildi, ular madaniy kurashga kirishdilar, ammo turli maqsadlar ilinjida hamma o‘z manfaatiga urushib ketdilar. Natijada ittifoq qo‘ldan chiqdi, aksincha nizolar natijasida birlik ketdi” deb yakunlaydi...

 

Mahmudxo‘ja Behbudiy “Hurriyat”ning 1917-yil 26-sentabr 41-sonidagi maqolasida Samarqandda ochlik masalasida bo‘lgan majlisdan hikoya qiladi. Jumladan: “... Bu yil suvsizlik bois, g‘alla kam hosil bo‘ldi. Samarqandda bug‘doy yo‘q, o‘zi non avval ham yetishmasdi. Hali erta, ertaga kech bo‘lmasdan bug‘doy keltirish zarur. Aks holda kasalliklar ortib, hammasi battar bo‘ladi. Xalqqa sharoit yaratishimiz kerak. Yig‘ilganlar boylardan pul yig‘ishni va o‘sha pulga bug‘doy keltirishni aytdilar. Aslida hozir Rossiyada ishonsa bo‘ladigan hokimiyat ham, g‘alla ham yo‘q” deydi. Majlisda bir soldat Jizzaxda musulmon bolalarining harbiy kazarmalarga borib, bir burda non uchun cho‘qinayotganlari voqeasini aytdi. Hamma ko‘ziga yosh oldi, men chiday olmadim”, deydi Behbudiy. S.Sidqiyning “Dizaxda ochlik” maqolasi ham shu mavzuga bag‘ishlangan. Jizzaxda shu kunlarda kamida o‘n kishining ochidan o‘lgani, musulmon bolalarining rus oilalariga borib, cho‘qinib non tilanganlarini yozadi. Majlis so‘ngida ochlarga yordam uchun pul yig‘ilganida Mahmudxo‘ja Behbudiyning 100 so‘m berganini, ko‘pchilik savdogar-u boylarning dahshatli voqe’liklarni tinglab ta’sirlangani, biroq, ikki uch tomchi ko‘z yoshdan boshqasiga yaramaganlarini hikoya qiladi. Gazetaning “Buxoro xabarlari” ruknida: Qorako‘l qozisi O‘roq Ikromiddin maxdumning sudur rutbasini olib, Chorjo‘y viloyatiga qozisi bo‘lgani xabari berilgan. “...Ikromiddin maxdum Buxoroning yaxshi taraqqiyparvarlaridan. Eskidan gazetalarni o‘qib, o‘z uyida tatar va o‘zbek muallimlarini saqlab, bolalarni usuli jadida bilan o‘qitar edi. Eshitishimizga ko‘ra, Ikromiddin maxdum Kogondagi yoshlarga buyuk bir mablag‘ iona bermish” deb yozadi. Keyingi xabarda “...23-sentabrda Buxoroda askarlar isyon qilgan. To‘pchiboshi (o‘ris vazir)ning yasovulini urib tashlagan. Qushbegini ham so‘kib tashlagan va “Seshanbalik” qo‘shin ham askarlarga qo‘shiladi. Isyonni oylikni 15 dan 25 so‘mga oshirish bilan to‘xtatdi” deyiladi. Shuningdek, Qozoli shahridagi buxorolik yoshlarning “teatr to‘garagi” tuzilgani va qadimchi Abdurahmon Karvonboshi degan kimsaning o‘sha to‘garakni yopish maqsadida va uning a’zolarini 75 darradan urdirish niyatida ariza yig‘ib yurgani va yoshlar qo‘rqib “Yosh buxorolik”lardan yordam so‘ragani voqeasi yozilgan. Keyingi 42-sondagi Fitratning “Buxoroning askarlari” maqolasi ham o‘zida juda qiziq ma’lumotlarni aks ettirgan. Jumladan, Buxoro 12 ming askar yig‘ish mumkinligi holda, amalda 4-5 ming askar bor. Ularda ham na qurol, na kiyim, na yotoq joy mavjud. Bu yerda harbiylik shon-sharaf emas, eng past lavozim hisoblanadi. Ular pora bera olmagan qashshoqlardan majburiy to‘plangan. Armiyada do‘xtirlik xizmati yo‘q. Askarlarda na huquq, na pul bor. Bechora hech bir huquqsiz mardikorlardek, amir va beklarning qadrsiz qullaridir, deydi.

 

Xullas, “Hurriyat”ning 1918-yil 30-aprelda chop etilgan 87-soni so‘nggisi bo‘ldi. Gazeta bolsheviklar tomonidan yopildi. Biroq, “Hurriyat” o‘zbek matbuotining yorqin namunasi sifatida tariximiz zarvaraqlaridan mustahkam o‘rin oldi.

 

 

“Ulug‘ Turkiston” gazetasi

(1917 yil 25 aprel – 1918 yil 30 noyabr)

 

“Ulug‘ Turkiston” gazetasi 1917-yilning 25-aprelidan tatarlarning “Ittifoq” jamiyati tomonidan Toshkentda chiqarila boshlangan. Shiori “Yashasin millatlarning muxtoriyati!” bo‘lib, bu gazetaga Kabir Bakir va Sodiq Abdusattorovlar muharrirlik qilgan. “Ulug‘ Turkiston”ning tahririyatida asosan ichki Rossiyadan kelgan jurnalistlar ishlagani uchun materiallari qamrovi va saviyasi jihatidan boshqa mahalliy gazetalarga qaraganda yuksakroq edi. Unda Rossiyaning markaziy shaharlaridan, urush jabhalaridan, turli o‘lkalar (Ukraina, Finlandiya, Kavkaz kabi)dan, Turkistonning turli viloyatlaridagi muxbirlari orqali tezkor xabarlar berib borilgan.

 

1917-yil 25-aprel sanasi bilan dunyo yuzini ko‘rgan “Ulug‘ Turkiston”ning ilk sonida muharrir Kabir Bakir gazetaning “Maslak va maqsad”ini bayon qiladi. Unda “Ulug‘ Turkiston”ning asosiy maqsadi Turkiston ravnaqiga, uning maorifi va ilm-u fani rivojiga hissa qo‘shmoqdir. “Ulug‘ Turkiston” Turkistonning barcha millat vakillarining gazetasi, o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman millatlarining manfaatini birday aks ettiradi. Biror sinfning gazetasi emas, barcha sinflarning manfaatlarini himoya qiladi, deydi. Shuningdek, Nuriddin Sayfulmulkning 1917-yil 4-aprelda ta’sis etilgan “Ittifoq” jamiyati haqida axboroti ham muhim hisoblanadi.

 

 

“Ulug‘ Turkiston”ning 3-sonida chop etilgan “Turkistonga avtonomiya oluv haqqinda” maqolasida muallif No‘shiravon Yovushev Rossiyada 30 mln turkiy qavmlar yashaydi. Ularning hammasi uchun ham Turkistonga avtonomiya berilishi kerak. Bu yo‘lda barcha Turkistonga avtonomiya oluvga yordam bermagi kerak. To‘g‘ri, bugun bu uchun qurol yo‘q, oqcha yo‘q. Ammo, ularni ham intilsak topa bilamiz va buni kerak deb bilamiz, deydi. Ibrohim Tohirning “Maktab va madrasalar islohi” maqolasida hurriyatdan to‘rt-besh kun o‘tib, Munavvar qori uyida Turkistonda mavjud barcha maktablarning o‘qituvchilarini to‘plab majlis qilgani va unda 8 kishidan iborat komissiya tuzilganligi xabarini beradi. Shundan so‘ng mazkur komissiya o‘zining 5 yillik milliy ta’lim tizimini ishlab chiqqani hamda endilikda madrasalar islohotiga kirishish masalasida munozaralar o‘tkazayotganini bayon qiladi.

 

“Ulug‘ Turkiston” 1917-yil 13-may 5-sonida N.Yovushov “Ochlikdan qutiluv choralari” maqolasini “Hurriyatdan xalq to‘qliq so‘raydi, ochlik talonlarga imkon beradi” deb boshlaydi. O‘zi Sharqiy Turkistonga safari davomida guvohi bo‘lgan holatlarga to‘xtalib, Xitoy Turkistonida ozuqa ko‘p, lekin aloqa yo‘llari yomon, deydi. Ikkinchidan, u yerda Rus pulining qadri yo‘q (1 rus so‘mi ularda 24 tiyin qiymatiga teng), deydi. Shu sonning o‘zida bosilgan “Konsulxonalarimiz haqqinda” nomli ikkinchi maqolasida: “... Qoshg‘arda edim, u yerdagi konsullar hamon zulm bilan ishlarlar, eski davr imperatorni qo‘msaydi. Xalq orasida hech kim hurriyatga ishonmaydi. Ular yana tezda zo‘ravonlar hokimiyatga keladi o‘ylarlar” deb yozadi.

 

Gazetaning 6-sonida N.Sayfulmulk va I.Tohirlarning “Xalq jumhuriyati” maqolasida boshqaruvning demokratik respublika usuli haqida o‘quvchilarga keng qamrovli ma’lumot beriladi. “... Demokratiya bu jamiyatga teng huquqlar, umumiy saylovlar, bepul ta’lim va tibbiy xizmatlarni joriylash demakdir” deb hammani Respublika uchun ovoz beruvga chaqiradi.

 

“Ulug‘ Turkiston”ning 8-sonidagi “Shoyon taassuf va voqealar” maqolada “To‘ron” gazetasi bilan bog‘liq janjallar va ularning eski shahardan quvilishi, “Sho‘roi Islom”ga qarshi “Ittifoqi muslimin”ning paydo bo‘lishi kabi voqe’liklarni qalamga olib, gazetxonlarga bularning hammasi taraqqiyparvarning birlashishiga qarshi mustamlakachilarning xiylasidir, degan fikrni ilgari suriladi. Gazetaning 9-sonidagi “Xivada ko‘ngilsiz voqealar” maqolasida esa Xorazmda kechayotgan voqe’liklar tahlil etilgan. Muallif Buxoro va Xivadagi ko‘ngilsizliklarning zaminida ham o‘lkada islohotlarga to‘sqinlik qilishni istayotgan rus zadagonlarining fitnasi yotadir, deydi.

 

“Ulug‘ Turkiston”ning 12-sonida N.Sayfulmulkning “Turkistonlilar ham askariy xizmat” maqolasida 1917-yil 31-iyunda Ishchi, dehqon va Soldat sovetlari o‘zlarining jahon urushi maydonlariga turkistonliklardan askar olish to‘g‘risida qarorini Kirenskiyga topshirgani, biroq, Muvaqqat hukumatning bu borada o‘z munosabatini ochiq qoldirayotganini yozadi.

 

“Ulug‘ Turkiston”ning 15-sonida Kabir Bakirning “Qardoshlik nomina” maqolasida Abduvahhob Murodiy, Salim Tillaxonov, Qayum Ramozonlarning “Ochiq so‘z” gazetasida bosilgan “Milliy matbuotimiz diqqatina” nomli maqolasiga o‘z munosabatini bildiradi. Unda turkistonlik yoshlar barcha nashrlarga murojaat etib, matbuotda xalqimizni kamsituv ma’nosida ishlatilgan “sart” va “sartiya” so‘zlarini butunlay ta’qiqlashni talab etgan edi. Kabir Bakir mazkur masalaga to‘xtalib, o‘zining Turkiston turklariga nisbatan hech qachon “sart” so‘zini qo‘llamaganini yozadi. Ayni paytda, “sart” so‘zining Ostroumov tomonidan kashf etilmaganiga, aksincha, Navoiy va undan oldingi turkiy manbalarda ham bu so‘z uchrashiga e’tibor qaratadi. Millatni ulug‘lash va uning obro‘sini to‘kish yo oshirish uning nomi bilan emas, uning vakillarining shijoati va g‘ayrati bilan belgilanadi, deydi. Shuningdek, “Yettisuvdagi dahshatli hollar” nomli maqolada mahalliy qirg‘izlarning yerlariga joylashib olgan rus mujiklarining qirg‘izlarga nisbatan kamsitish, xo‘rlash siyosati qalamga olingan. Ayni paytda vahshiyliklar yanada avj olib, qurollangan mujiklar qirg‘iz xalqini turli bahonalar bilan qirib tashlashga harakat qilayotgani yoziladi.

 

“Ulug‘ Turkiston”ning 1917-yil 12-avgust 22-sonida N.Yovushevning “O‘quv yo‘linda bir tavsiya” maqolasi bosilgan. Unda turkistonlik qizlarni Orenburg gubernatorligi Trilisk shahridagi Latif Yaushevning 5 yillik o‘rta maxsus qizlar maktabida o‘qitishni taklif etadi. Unda o‘qigan qizlarning kelajakda Turkiston ayollari orasida ta’lim-tarbiyaning rivojiga katta hissa qo‘shishiga ishonch bildiradi. Shuningdek, “O‘rolboy”ning “Kichkina felyeton” nomli hajviyasi ham bosilgan. Unda yangi Dumaga “Ulamo jamiyati” va “Sho‘roi Islom”dan saylangan musulmon deputatlarining o‘zaro nizolari Turkistonning taraqqiysi uchun emas, aksincha, tanazzuli uchun, ya’ni dushmanlarning g‘alabasiga olib kelishiga xizmat qilishini ta’kidlaydi. Eng qizig‘i, Dumaga hamon eski zamondagi rais rahbarlik qilayotganiga e’tibor qaratadi. Muallif “...nima uchun, axir bu holda o‘zgarishlarga ishongan xalq boshsiz qoladi-ku” deb savol qo‘yadi va keyingi qatorda “Xalqning boshi bo‘lsa, shul kimsalarni saylaydirmidi” deb o‘zi javob beradi. “O‘rolboy” muvaqqat hukumatning e’lon qilgan “hurriyat”i faqatgina qog‘ozda qolayotganiga sha’ma qiladi.

 

“Ulug‘ Turkistonning” 23-sonida “Sodiq” “Milliy xossamizni izhor qilaylik” maqolasida o‘ta muhim onda butun Turkiston xalqini birlikka chaqirsa, “Soldat” “Milliy sarmoya kerak” maqolasida millat boylarini milliy armiya uchun sarmoya to‘plashda himmatli bo‘lishga chaqiradi.

 

Darhaqiqat, “Ulug‘ Turkiston” Rossiyada yuzaga kelgan siyosiy-ijtimoiy vaziyatni sinchiklab kuzatib borar ekan, milliy zulm ostida ezilib kelgan Rossiya musulmonlariga o‘z mustaqilliklarini qo‘lga kiritish imkoniyatlari yuzaga kelayotganini qayta-qayta ta’kidlab turdi. Turkistonda bolsheviklar hokimiyatga kelganidan so‘ng ham gazeta o‘z maslagini o‘zgartirmaslikka intildi. Natijada, 1918-yilning noyabriga kelib, 160-sonida Sho‘rolar hukumati tomonidan to‘xtatildi.

 

Bahrom IRZAYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19969
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17622
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//