“Taraqqiy”, “Mohiyat”, “Mustaqil gazeta” – mashhuru marhum matbuot nashrlarining qisqa, ammo sharafli yo‘li


Saqlash
18:06 / 29.06.2022 1989 0

1906-yil 27-iyun – birinchi milliy gazetamiz “Taraqqiy”ning ilk soni chiqqan sana. Shu yuz yilning nari-berisida qancha davriy nashrlar ochilib, qanchasi yopilib ketdi. Taraqqiyot va matbuot so‘zlarining yonma-yon kelishi yoqimli. Ammo shunisi borki, tarixdagi eng dadil gazetalar faoliyati taraqqiyot dushmanlari tomonidan to‘xtatilgan. Oyina.uz ana shunday nashrlardan ayrimlarini yodga oldi.

 

 

Sirojiddin Ahmad:

“Taraqqiy” – Turkistonga najot yo‘lining berkilishi

 

O‘zini yengilmas davlat deb bilgan chor Rusiyasi yaponlar bilan urushda qaqshatqich zarbaga uchrab, Finlandiya, Polsha, Boltiq bo‘yi va Turkiston xalqlari oldida obro‘sini boy berganini anglagach, mamlakat ichkarisida va chegara qismlarida avj olayotgan siyosiy harakatlarni jilovlash, imperiyani saqlab qolish uchun ayrim islohotlar o‘tkazishga, mustamlaka xalqlariga hurriyat – siyosiy va ma’rifiy erkinlik va’da etishga majbur bo‘ldi. 1905-yil 17-oktabrda imperator e’lon qilgan manifest ta’siri o‘laroq Tatariston, Boshqirdiston, Ozarboyjonda milliy matbuot maydonga keldi.

 

Turkiston xalqini ma’rifiy jihatdan isloh qilishga intilgan milliy ziyolilar ham ana shu tarixiy imkoniyatdan foydalanib, gazeta-jurnal ochishga harakat boshladilar. Tataristondan kelgan ziyoli Ismoil Obidov muharrirligida “Taraqqiy” gazetasini nashr etish uchun Turkiston bosh gubernatoridan ruxsat olindi. 1906-yil 14 (yangi taqvim bo‘yicha 27)-iyunda “ilmiy, adabiy, siyosiy, fanniy, tijoriy g‘azita”ning birinchi soni o‘quvchilar qo‘liga borib yetdi. Shiori “Najot: maslakda sabot; to‘g‘rilikni ijobat” edi.

 

Gazeta birinchi sonidan boshlab adabiy-siyosiy maqolalar, badiiy asarlardan namunalar chop etish bilan birga Qrim, Kavkaz, Tatariston, xorijiy nashrlarda bosilgan ixcham xabarlar va maqolalarni ko‘chirib bosishni odatga aylantirdi.

 

“Taraqqiy” ilk qadamdanoq “Turkistonga najot yo‘li”ni ko‘rsatish uchun hozirligini isbotladi. Bosh maqolada umumimperiya maydonida sodir bo‘layotgan siyosiy harakatlardan chetda turgan yurtdoshlarni faoliyatsizlikda tanqid qila turib ana shu fojianing zaminida yotgan milliy zulmni oshkor qildi.

 

“Bizlarg‘a olamda naqadar baxtiyorsizliq! Yo‘q ersa jabr va zulm bila ezilub xorliqg‘a tushgan bizning millat edi. Chunonchi, musulmoncha bir kichkina risola bostirmoqchi bo‘lsak, senzurning qizil qalami bila sahifalar qizil bo‘lub, ortiqli, tirnoqli buzulub qo‘limizg‘a qaytur edi. Shul tariqa bir yerda maktab ochub bolalarimizni o‘qutmoqchi bo‘lsak “direktor” hozir yetub bu ish hukumatg‘a xilof, muallimlar bul tariqa ekan deb muallimlarni o‘chirtirub, madrasalarimizni pechatlatub 2-3 tiyn masjid-madrasa, vaqflardan ham ayrilur edik”.

 

Gazetaning og‘ir yukini yelkasida tortgan Munavvar qori Abdurashidxon nashrning oshkor qilinmagan tahririyati atrofiga Orifxo‘jaboy Azizxo‘jayev, Abduvalihojiboy Abdumalikov kabi boylarni, Fansurullohbek Xudoyorxonov, Rahimxo‘ja Nurmuhamadxo‘jayev, shoir Kamiy va boshqa ziyolilarni to‘pladi. Tijorat ahli, adiblar, mudarrislar olami talab va ehtiyojlari, takliflari o‘rganilib, Turkiston muammolari matbuot maydoniga dadil olib chiqildi.

 

Munavvar qori Abdurashidxonovning “Bizning jahl, jahli murakkab”, Bahrombek–Tarjimon Davlatshoyevning “Tush” turkum maqolalari, “Irshod” gazetasidan ko‘chirilib bosilgan rus, arman-ozarboyjon urushi haqidagi fiqralar, mahalliy xalq uchun “Jamiyati xayriya” ochish to‘g‘risidagi taklif-mulohazalar Turkiston gubernatorining siyosiy qamchisi, “Turkiston viloyatining gazeti” muharriri, missioner Nikolay Ostroumovning esini teskari qilib yubordi.

 

“Taraqqiy” gazetasi 20-soni tayyorlangan bir paytda zulmat iblisining tavsiyasi bilan biror bir siyosiy ayblovsiz, chor hukumati qonunlariga xilof ravishda musodara qilindi va faoliyati tugatildi. Lekin millat xodimlari harakatdan to‘xtab qolgani yo‘q: mustamlakachilar milliy matbuot nashrlarining birini berkitishsa, bular yana birini, balki ikki-uchtasini ochib, istiqlol va ma’rifat maslagida sobitlik ko‘rsatdilar.

 

 

Abduqayum Yo‘ldoshev:

Bugun kulgili tuyuladi, biroq o‘shanda juda og‘ir bo‘lgan

“Mohiyat” ham ezgu istaklar natijasida dunyo yuzini ko‘rgan: davlat axborot agentligiga raqobatbardosh nodavlat agentlik tashkil etilsa, bu muassasa dunyo miqyosida tobora qimmatlashib borayotgan axborotni sotish bilan birga rus va o‘zbek tilida chop etiladigan o‘z nashrlariga ham ega bo‘lsa.

 

O‘tgan asrning oxirgi yillari deng... Kichkinagina jamoamiz. Hammasini boshidan boshlash kerak. Buning ustiga, dastlab “Mohiyat” rus tilida chiqadigan gazetaga shunchaki ilova sifatida chop etib turilsa yetadi, moliyaviy masalalarni o‘ylamayoq qo‘ya qolsin, degan iddaolar bo‘ldi. Odamga og‘ir botadi-da...

 

Xullas, ishga kirishdik. Talab ham odatdagiday, faqat ramziy “planka” balandroq edi: har kim o‘z ishini halol bajarsin; maqtovparastlar bizsiz ham oshib-toshib yotibdi, kelinglar, shu elning ziyolisi, qaysidir ma’noda – aslini olganda shunday-ku – vijdoni sifatida, qancha ishlashimizdan qat’i nazar, haqiqatni va faqat haqiqatni yozaylik...

 

Yana deng, gazetamizga muassis tashkilotning boshlig‘i dunyo ko‘rgan, shoir va san’atkor oilasida ulg‘aygan, demokrat Zafar aka Ro‘ziyevning ijodkorlarga ishonchi, mehri baland edi. Mohir rahbar, tadbirkor inson qisqa muddat ichida agentlikning mablag‘ini deyarli o‘n barobarga ko‘paytirdi, bosmaxona ochdi.

 

Baribir odamlar gazeta o‘qirkan (o‘sha paytlari deb qo‘shib qo‘ygim keladi). Biz uchun kutilmaganda “Mohiyat”ning reytingi ko‘tarila boshladi. Tinimsiz xatlar, murojaatlar... Deyarli har juma kuni rahmatli Shukur aka (Xolmirzayev), Norboy aka (Xudoyberganov) kabi taniqli ijodkorlar tahririyatga kirib kelishadi, gazetadan olishadi, fikrlarini bildirishadi, “letuchka”larda qatnashishadi...

 

Shov-shuv bo‘lgan maqolalar ko‘p, birma-bir sanab o‘tirmay. Ammo gazetaning har sonini o‘zimiz istaganday chiqarish oson kechmasdi. Har gal asabbuzarlik... “Mohiyat” adadi oshdi, foyda keltira boshladi. Birdan aynan bizga reklama berishni istovchilar ko‘payib qoldi. Xalqaro tashkilotlardan takliflar to‘xtamaydi deng.

 

Yana bir gap. U paytlari katta-kichik idoralar matbuotdagi chiqishlarga e’tibor qaratar ekan-da. Yana deng, bu yoqda televizor “Gazetalar sharhi”ni gurillatib aytib turibdi. Deylik, “Mohiyat” juma kuni ertalab chiqqan bo‘lsa, tushdan keyin bir jiddiy tanqidiy maqolamizga Samarqanddagi katta bir tashkilotdan rasmiy javob yetib kelgani yodimizda.

 

To‘g‘ri, ba’zan odamni ranjitadigan natijalar ham bo‘lardi. Bir so‘kong‘ich tuman hokimini birinchi sahifada urib chiqqandik, tez orada viloyat hokimining o‘rinbosari bo‘lib ko‘tarilib ketdi. “Ishonchli kadr” bo‘lgandir-da...

 

Syenzura rasman man etilganidan keyin bir-ikki yil rosa yayrab ishladik. Eh, o‘shal kunlar romantikasi... “Nimadir ish qilyapmiz-ku”, degan qoniqishga o‘xshash tuyg‘u... Germaniyaning Toshkentdagi Konrad Adenauer fondi vakili bir tadbirda bizni “jadidlar” deb ataganida-ku (yaxshi gap eshitib o‘rganmaganimiz uchunmi), boshimiz osmonga yetgan...

 

Tan olaylik, eldoshlarimizga xos bir illat bor: gazetani ko‘pchilik minbar deb emas, falonchidan o‘ch olish, kimnidir amaldan tushirish vositasi deb bilishadi. “Mohiyat”ning nomi chiqqandan so‘ng bunday g‘irrom yozg‘uvchilar ham tahririyat atrofida o‘ralashib qolishdi...

 

Kutilmaganda muassis tashkilotning rahbari almashdi. Yangi boshliq ishni gazetaning maket holidagi har bir sahifasini sinchiklab o‘qib chiqishdan boshladi. Hozir eslasam kulgim keladi, ammo o‘shanda gazetada chiqmagan, biroq maket-sahifaga qo‘yilgan bir tanqidiy material uchun... tushuntirish xati yozib berishimni talab qilishgan.

 

...Ba’zi maqolalar, misol uchun, Karim Bahriyev maqolasi (“Aytsam o‘ldirurlar, aytmasam o‘lam”) ham qo‘lma-qo‘l o‘qilgan, ksero qilib tarqatilgan. Ammo chuqurlashmaylik. Bilgan o‘zi biladi. Biz o‘zimizdan qahramon yasamaylik. Shusiz ham, endi o‘qib ko‘rsam, ancha maqtanib qo‘yibman. Gʻazal, sudlashish... voqeasini eslagim ham kelmaydi. Bugun kulgili tuyuladi, biroq o‘shanda juda og‘ir bo‘lgan. Men unday gaplarni unutishga harakat qilaman, faqat saboqlarini yodda saqlayman.

 

Xullas, jamoamiz bir bo‘lib o‘z ixtiyorimizga ko‘ra ishdan bo‘shashga ariza yozdik. Ketdik... Isfandiyor degan yozuvchi bizga “Mohiyat”ning bolalari” degan gazeta ochib bermoqchi ham bo‘ldi, biroq endi ishlashga avvalgi hafsala, ishtiyoq qolmagandi...

 

Ikki yilcha “Mohiyat”ni olib yurdim. So‘ng qog‘ozga achindim... Keyinroq orqavoratdan gazeta ora-sira chiqib turganini, og‘ir iqtisodiy ahvolda qolganini eshitdim. Nihoyat... besh-olti yil bo‘lib qoldi-yov, “Mohiyat” yopildi, deyishdi. Xuddi yaqin kishing vaqtidan burun... Achinadi-da odam... Ammo nima ham qilardik, buni hayot deydilar.

 

Gazeta baribir qog‘oz shaklida, hech bo‘lmasa kutubxonalar taxlamlarida, arxivlarda qoladi. Shu bois unga nisbatan “marhum” so‘zini ishlatish noo‘rin. Ayniqsa, o‘zingga qadrdon bo‘lib ketgan, umringning to‘rt-besh yillik qaynoq davri o‘tgan gazeta haqida gap ketsa...

 

 

 

Habibullo Olimjonov:

Tanqid – vatanning do‘sti, jurnalistning dushmani

 

2003-yili tashkil etilgan birinchi xususiy “Mustaqil gazeta” nega yopildi, axir talabalar kseronusxalab tarqatardi, gazetxonlar qo‘lma-qo‘l olib o‘qishardi, degan savol muxlislar orasida uchrab turadi. Bunga bir og‘iz, oddiygina qilib, korrupsiyani fosh qilgani uchun korrupsiya tomonidan to‘xtatildi, deb javob berish to‘g‘ri bo‘ladi.

 

Rasmiy sabab nashrning birinchi sahifasida berilgan Erkin Vohidovning o‘n ikki satrli “Bu zamon g‘azali” bo‘ldi go‘yo (Tillashibdir bo‘ri birla tozilar, Birlashibdir o‘g‘ri birla qozilar...). Aslida esa “Test imtihonlari ostonasida” maqolasini asosiy sabab deb bilaman. Chunki unda birov anglab, birov anglamaydigan tarzda “dollarli sharshara”ni bo‘g‘ishga urinish ruhi bor edi.

 

Tarix fanlari doktori aytadi: “Test imtihonida o‘zimning yo‘nalishimda berilgan 36 ta savolning 25-26 tasiga to‘g‘ri javob topa olaman, xolos”. Ana endi o‘ylang: uch fan olimi 25-26 tadan testni to‘g‘ri yechsa, ular birgalashib to‘plagan ball yuridik institutga kontraktga kirish uchun ham yetmaydi (2002-yili 187 ball bo‘lgan). Xo‘sh, bu oliy ta’lim dargohiga 200–210 ball bilan o‘qishga kirayotganlar boshqa rivojlangan davlatlarda o‘qiganmi yoki o‘zga sayyoradan kelganmi?

 

Bu – fakt. Dollarli sharshara ostida rohatlanayotganlar uchun qo‘rqinchli fakt. “Mustaqil gazeta”ning boshqa sonida “Yuridicheskiy”ga kirish uchun

42 million so‘m” sarlavhali, sud hukmi asosida yozilgan maqolaning chop etilgani ham fakt! Quruq fikr-mulohaza emas, fakt.

 

2003 yili Davlat test markazi rahbari o‘zgargan, yangi tayinlangan Bahrom Ismoilov bilan muxbir suhbati asnosida yuqoridagi maqola e’lon qilingan edi. Keyin ilgaridan tanish yuridik institut rektori bilan gurungda “Mana ko‘rasiz, bu yil kirish bali 150 dan past bo‘ladi”, dedim. “Ne-yet, gde-to sto semdesyat, vot tak budet”, dedi u.

 

2003-yili kirish balli 150 bo‘ldi. Men buni nega maydalab gapiryapman? Matbuotning jamiyatdagi o‘rnini, ta’sirini aytmoqchiman. Bunda, albatta, DTMning yangi rahbari roli salmoqli ekani shubhasiz, ayni paytda gazetaning yopilishiga sabab bo‘lgan maqolaning, avvalroq 13-sonda e’lon qilingan DTMning sobiq rahbari haqidagi “Tadbirkor olim” maqolasining ham hissasi kam emas.

 

Ha, matbuot – davlat tirgagi, tanqid – taraqqiyot tayanchi. Ayni paytda, ming afsuski, to‘g‘ri gap tuqqaningga yoqmas, degan purhikmat haqiqat ham bor. Tanqid yozib birovning oshiga tushgan pashsha bo‘lib tursang, ishtahani bo‘g‘asan, kimga ham yoqasan. Yoqasan, faqat xalqqa. Lekin kerak paytda “xalq” degan tushuncha aniq masala bo‘yicha seni kelib himoya qilolmaydi, qilmaydi.

 

Tanqid esa kasb emas, qalb chaqirig‘i. Adolatsizlikka, yovuzlikka, davlatni o‘g‘irlashlariga, xalqni qaqshatishlariga, noqonuniylikka qarshi murosasizlik. Atrofingda shunday nayrangbozliklarni ko‘rib turib, ko‘z yumib ketish qo‘lingdan kelmasligi... Bu haqiqatgo‘ylik ehtiyoji qayerdan kuch olishini Xurshid Do‘stmuhammadning “Vijdonli jurnalist jasoratli bo‘ladi”, Alber Kamyuning “Men vatanimni tanqid qilaman, chunki boshqalarga nisbatan ko‘proq yaxshi ko‘raman” degan so‘zlaridan so‘ng anglaganday bo‘laman.

 

“Mustaqil gazeta”ning yopilish sababini yuqorida yozdim, qanday tashkil etilganiga kelsak, bu ham bevosita Vatanni sevish bilan bog‘liq. Bir kuni Mirakmal Mirolimov Oliy Majlisdagi xonasiga taklif qilib, o‘zi yozgan maqolani o‘qib berdi. Tagi jurnalist-da, rasmiy idoraning ishi boshidan oshib yotganiga qaramay, qo‘li qalam istab qaltirab qoladi. Mavzu – chet ellik sarmoyadorlar nega dod deyishmoqda, investor bu davlatda kimlar uchun keragu kimlarga kerakmas?

 

“Maqola dahshat! – dedim astoydil. – Lekin qaysi gazetada berasiz buni, qaysi nashr chop etadi?!” U aftimga tikildi: “O‘zim ham shuni o‘ylayapman-da”, dedi sokin... Oradan ikki yil o‘tib, 2003-yil 22-fevral kuni “Mustaqil gazeta”ning 1-sonida ushbu maqola imzosiz nashr etildi. Sarlavhasi: “Amaldor investorni xush ko‘radimi?”

 

Bu paytda Mirakmal Mirolimov matbuot qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlayotgan, “Mustaqil gazeta” uning tashabbusi bilan tashkil etilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan edi. Men bosh muharrirlikka taklif qilindim, “tepa” ruxsat bermadi, shekilli (tanqid yozganim uchun xushlamaydilar ko‘p edi idoralarda), bosh muharrir o‘rniga “tahririyat” deb chop etaverdik.

 

Hali mobil aloqa urf bo‘lib ulgurmagandi. Xonada telefon jiringladi. Go‘shakni ko‘tardim – Ozod Sharafiddinov ekan. “Mustaqil gazeta”ning bitta soni qo‘limga tushdi, keyin hammasini qoldirmay o‘qiyapman. Bosh muharriri ham yo‘q, tahrir kengashi ham yo‘q...”. Domla qisqa sukut saqlab savol berdilar: “Hechkim hech narsa demayaptimi?”. “Hozircha yo‘q”, dedim mamnun bo‘lib.

 

Gazetaning 13-sonida jiddiy tanqidiy maqolalar berilgan edi. O‘shandan keyin “to‘xtash” xavfi o‘rmaladi. Tushdan so‘ng Mirakmal “Keyingi haftanikini tayyorlayveringlar”, dedi. Ruxsat tegibdi. Cal o‘pkani bosib oldik. Ozod domla gazetaning navbatdagi soni haqida “Polvonga ham dam kerak-ku, degandek bo‘libdi”, dedi. O‘xshatishning obrazliligidan kulib yubordim...

 

Bugun matbuot tevaragida yana bir bahs: gazeta kerakmi-yo‘qmi, internet bor-ku, qulay-ku!.. Bizdan yuz yil olg‘a ketgan, kompyuterlashgan mamlakatlarda ham gazeta internet bilan yonma-yon yashab kelayotganining o‘zi bu bahsga o‘rin qoldirmasa kerak. Nokamtarlikka yo‘ymang-u, bugun gazeta kerak emas deydiganlar, “Mustaqil gazeta” taxlamlarini bir varaqlab ko‘ring.

 

 

Nodira IBROHIMOVA

оyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19946
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17588
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//