Zayniddin Nizomxodjayev


11:05 / 13.05.2024 276 0

1954-yil 19-martda Toshkent viloyatining Qibray qishlogʻida tugʻilgan.

1978-yilda Toshkent davlat tibbiyo institutini tamomlagan.

1984–1987 yillarda Toshkent davlat tibbiyot institutining aspiranturasida oʻqib, tibbiyot fanlari nomzodi,

1999-yili fan doktori boʻldi.

1994–2015-yillarda akademik Vohidov nomidagi jarrohlik markazi katta ilmiy xodimi, boʻlim boshligʻi lavozimida ishladi.

2014-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan, 

2024-yilda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” unvoni bilan taqdirlandi

 

Nizomxodjayev Zayniddin Maxamatovichning nomi nafaqat mamlakatimiz, balki xorijda ham koʻpchilikka tanish. U taniqli jarroh, tibbiyot olimi, faol jamoat arbobi.

 

Tibbiyot sohasiga kirib kelishiga mehribon va oqkoʻngil amakisining oshqozon saratoni kasalligidan bevaqt vafot etgani sabab boʻlgan. Shifokorlar bemorda jarrohlik amaliyoti oʻtkazishgan, biroq uning hayotini saqlab qola olmagan. Oʻsha vaqtlarda 9-sinfda oʻqiyotgan Zayniddinga bu qattiq taʼsir etib, oshqozon-ichak kasalliklarini davolovchi shifokor boʻlishga ahd qilgan edi. Maktabni bitirgach, shifokorlik kasbiga qadamni, taʼbir joiz boʻlsa, uning ostonasidan, yaʼni Toshkent davlat tibbiyot instituti (hozirda Toshkent tibbiyot akademiyasi) klinikasida sanitar boʻlib ishlashdan boshladi. Qariyb ikki yilga yaqin shu vazifada ishladi, shifokorlar hayoti bilan yaqindan tanishdi, ularning insonlar salomatligi uchun nechogʻlik masʼul ekanini his qildi – bu kasbga yanada koʻproq mehr qoʻydi. 1972-yilda esa Toshkent davlat tibbiyot institutining davolash fakultetiga oʻqishga kirib, imtiyozli diplom bilan tugatdi.

 

1978–1980-yillarda Toshkent davlat tibbiyot instituti davolash fakulteti gospital jarrohlik kafedrasida jarroh ixtisosligi boʻyicha klinik ordinaturani tugatib, Toshkentdagi xirurgiya markazining “Yurak qontomir jarrohlik” boʻlimida shifokor boʻlib ish boshladi.

 

Zayniddin Nizomxodjayev tibbiyot ilmiga yanada chuqurroq kirib borish niyatida Toshkent davlat tibbiyot institutining “Xirurgik kasalliklar” kafedrasi aspiranturasida oʻqidi. Tibbiyot fanlari boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi va shu kafedrada assistent lavozimida faoliyat olib bordi.

 

1994-yilda tanlov asosida akademik Vohidov nomidagi jarrohlik markazining “Qiziloʻngach va oshqozon-ichak jarrohligi” boʻlimiga katta ilmiy xodim lavozimiga qabul qilindi. 2003–2015-yillarda boʻlim boshligʻi lavozimida ish olib bordi. Bu yillar davomida jarroh va olim sifatida yanada toblandi, tajriba orttirdi, tanildi. Bir qancha amali yotlar, xususan, qiziloʻngach-oshqozon xastaliklarini jarrohlik yoʻli bilan davolashning yangi usullarini ishlab chiqib, qanchadan-qancha bemorlar hayotini saqlab qolishga sababchi boʻldi.

 

Xalqimizda ayrim jarroh shifokorlar haqida “qoʻli yengil” degan taʼrif bor. Ana shu “qoʻli yengillik”ning mohiyatida qanchadan-qancha mehnat, tinimsiz izlanishlar, masʼuliyat va insonga muhabbat jamlangan.

 

Zayniddin Nizomxodjayev tibbiyot fanlari doktori dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. 2014-yilda professor ilmiy darajasini oldi. Uning rahbarligida yettita tibbiyot fanlari nomzodi, ikkita tibbiyot fanlari doktori yetishib chiqqan. Olim 400 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi. Uning uslubiy qoʻllanmalari, oʻquv darsliklari, amaliyot shifokorlari uchun risolalari xastaliklarni jarrohlik yoʻli bilan davolashda qimmatli manba boʻlib xizmat qilmoqda.

 

3ayniddin Nizomxodjayevning mamlakatimizda tibbiyot rivoji, xalqimiz salomatligini saqlash yoʻlida olib borayotgan ilmiy va amaliy faoliyati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. Xizmatlari eʼtirof etilib, davlatimizning oliy mukofoti – “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor boʻldi.

 

Taniqli shifokor 2015-yili mamlakatimiz Oliy Majlisi Senatining fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi sifatida faoliyat boshladi. Yurtimizda ilm-fan, madaniyat va sportga oid koʻplab qonunlar takomillashtirilishi va qabul qilinishiga hissa qoʻshdi.

 

Zayniddin Nizomxodjayev ayni paytda Markaziy saylov komissiyasi raisi vazifasida faoliyat yuritmoqda.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//