Adabiyot — xalqlar do‘stligini mustahkamlovchi ko‘prik

Saqlash
12:08 / 09.08.2021 1078 0

Ijod til tanlamaydi, millat tanlamaydi. Uning har bir satrida hayotiy haqiqat yotadi. So‘zda, asarda butun insoniyatga tanish bo‘lgan tuyg‘ular kuylanadi. Shu sabab tarjimon ona tilidan boshqa tilda yozilgan asarni ham yuragi jizillab o‘qiydi, tarjima qiladi. Shu ma’noda o‘zbek tili va adabiyotiga qiziqish bildirib kelayotgan bir qator jahon ijodkorlarining fikr-mulohazalarini e’tiboringizga havola etishni xohladik.

Ke MORI (Yaponiya):

– Men ko‘p mamlakatlarda o‘tkazilgan adabiyot, she’riyat anjumanlarida faol ishtirok etib boraman. O‘zim ham ijodkor bo‘lganim bois boshqa xalq adabiyotiga juda qiziqaman. Ulardan yangi ilhom olaman.  Ona yurtimda “Nurga qasida”, “Lojuvard”, “66-mega zilzila”, “Sunami”, “Fukushima” kabi kitoblarim nashr etilgan. Xorij mamlakatlaridan ham tarjimon do‘stlarim ko‘p. Ayniqsa, O‘zbekistondan.

Yurtingizga ilk bor 2019 yili kelgan edim. O‘zbekistonlik shoir do‘stim menga Navoiy g‘azallarining ingliz tilidagi tarjimasini yuborgan edi. Ularni o‘qib juda ham ta’sirlanganman. Gʻazallar garchi ingliz tilida bo‘lsa ham, uning chuqur ma’nosi ta’sirli va chiroyli ekanini his qilganman. Satrlarda nafaqat insonning insonga bo‘lgan muhabbatini, balki Vatanga, zaminingizga bo‘lgan muhabbatni-da tuyganim bois ularni yapon tiliga tarjima qildim.


Hamza O‘zturk, Ototurk universiteti magistri (Turkiya):


— Bir kuni ustozim darsda Cho‘lponning mashxur “Go‘zal” nomli she’rini o‘zbek tilida o‘qib berdi. She’r shu qadar go‘zal ediki ta’siridan uzoq vaqt chiqa olmay yurganman. O‘zbek tilini Cho‘lpon bilan yaxshi ko‘rdim desam ham mubolag‘a bo‘lmaydi. 3-bosqichda o‘zbek tili fonetikasi, morfologiyasi bilan hozirgi o‘zbek adabiyoti, o‘zbek mumtoz adabiyoti va o‘zbek xalq adabiyoti darslari bo‘yicha ta’lim oldim. 2018 yilda Toshkentda tashkil qilingan adabiy simpoziumda qatnashdim. Olti kun Toshkentda bo‘ldim. Yurtingizga ikkinchi borishimda Samarqandga bordim. U yerda esa bir oy bo‘ldim. U yerda tarjima faoliyatlarimni qildim va xalq orasida o‘rganganlarimni mustahkamladim. Ya’ni o‘zbek tilini stolda emas, xalq orasida o‘rgandim. Hozirgi vaqtda masofaviy tarzda o‘zbek tilini o‘rganishda davom etyapmiz.

Tarjima borasidagi izlanishlarim doirasida o‘zbek nasrchiligidan 30 ta hikoya tarjima qilib, Turkiyada kitob holida chop etdim. Ushbu hikoyalar ichida klassik, modern, postmodern, sehrli-realizm oqimi bilan yozilgan asarlar o‘rin olgan.

 Tarjima hususida yana rejalarim bor. O‘zim ham hikoya va she’rlar yozaman. Kelasi oylarda o‘z hikoya kitobimni Turkiyada va O‘zbekistonda nashr etish niyatidaman.


Kiiyha Grey, Markaziy Osiyodagi Amerika universiteti (American University of Central Asia) magistranti:


Men o‘zbek tilini o‘rganganimdan so‘ng Uvaysiy, Nodira, Zulfiya va boshqa shoiralarning asarlarini o‘zim uchun kashf etganimda juda xursand bo‘ldim. Men yozuvchi ayollarga qiziqib qoldim va ularning asarlarini ingliz tilidagi tarjimalarida o‘qishni xohladim, ammo xorij tilida topishga imkon bo‘lmadi. Shunda o‘zim ularning she’rlarini o‘girishni niyat qildim. Nasib etsa kelajakda ushbu tarjimalarni nashr etib, dunyo kitobxonlariga taqdim etaman. O‘zbekistonning juda boy va chiroyli tarixi bor. Ammo afsuski, men hali O‘zbekistonda bo‘lmaganman... Bir kun o‘zbek xalqi bilan o‘zbek tilida gaplashishni, darslarimda va adabiyotlarda men eshitgan va o‘qigan barcha tarixiy qadamjolarni ko‘rishni xohlar edim. Shu yil avgust oyida yurtingizga borishni niyat qilganman.

Ilmiy ishim XIX asr Qo‘qon xonligidagi O‘zbekiston shoir ayollari haqida. Uvaysiy, Nodira va Anbar otinlar, shu jumladan, ayollar ta’lim olish qiyin kechgan, ijtimoiy hayotning ba’zi jihatlaridan chetda qolgan bir davrda shoirlar qanday qilib go‘zal g‘azallar yozganliklari meni qiziqtiradi. Meni ko‘proq otin yo‘nalishi e’tiborimni tortdi. Ayollar g‘azal yozishni hamda ijro qilishni adabiy otinlardan o‘rganishgan va bir-birlariga o‘rgatishgan.

Loyihamning maqsadi bu ayollar otin tarmoqlari orqali qanday qilib til va she’riyat bo‘yicha ta’lim olganliklarini va bu ayollar qanday qilib patriarxal jamiyatda chiroyli g‘azallar yozishganini ochib berishdir. Ushbu tadqiqotim Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romanini ingliz tiliga tarjima qilgan ustozlarim Kristofer Beyker va Kristofer Fort tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani meni yanada ruhlantiradi.

                                                                                                                                               Yulduz O'rmonova yozib oldi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//