Shavkat Mirziyoyev Oydin Hojiyeva vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Saqlash
14:05 / 16.05.2023 1211 0

O‘zbek adabiyoti og‘ir judolikka uchradi. O‘zbekiston xalq shoiri, taniqli ijodkor, jamoat arbobi Oydin Hojiyeva 81 yoshida vafot etdi. 

 

Oydin Hojiyeva 1942-yil 22-aprelda Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi Bo‘ston qishlog‘ida tug‘ildi. Ushbu tumandagi o‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakultetida tahsil oldi. “Sharq yulduzi” jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri, keyinchalik “Gulxan” jurnalida bosh muharrir vazifasida xizmat qildi.

 

Oydin Hojiyeva mashhur Zulfiyaxonimning munosib izdoshi sifatida O‘zbekiston xotin-qizlarining “Saodat” jurnalida samarali ishlab, ko‘p yillar unga bosh muharrirlik qildi. Bu davrda ushbu nashr mamlakatimiz xotin-qizlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qiladigan, opa-singillarimizning hayoti, orzu-intilishlarini haqqoniy aks ettiradigan nufuzli so‘z minbariga aylandi.

 

O.Hojiyeva el-yurtimizning yuksak e’tirofi va mehriga sazovor bo‘lgan ustoz ijodkorlardan biri edi. Uning “Shabnam” deb nomlangan dastlabki  she’riy kitobi 1970-yilda nashr qilindi. O‘zining qariyb oltmish yillik ijodiy faoliyati davomida she’riyat va publitsistika janrlarida “Manzillar”, “Men sevgan qo‘shiq”, “Navo”, “Xushxabar”, “Mushfiq onajon”, “Chashmalarni izlayman”, “Tanlangan asarlar” nomli va boshqa o‘nlab betakror asarlar yaratib, Vatanga muhabbat va sadoqat, onaga, ayol zotiga yuksak ehtirom, qadrdon zaminga beqiyos mehr kabi tuyg‘ularni o‘zbek shoiralariga xos yuksak nazokat va yoniq qalb bilan kuylab o‘tdi.

 

Uning asarlari dunyoning o‘nlab tillarida nashr etilgan edi.

 

O‘z navbatida Oydin Hojiyeva ko‘plab jahon va qardosh xalqlar adabiyoti yetuk namoyandalarining she’riy asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan.

 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining faol a’zosi sifatida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib etish, adabiy jarayonlarni yangi bosqichga ko‘tarish, yosh iste’dod egalari, ayniqsa, ijodkor qizlarni tarbiyalash borasida ham ibrat ko‘rsatdi.

 

Oydin Hojiyevaning milliy adabiyotimizni rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston xalq shoiri” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati”, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan edi.

 

Taniqli ijodkor, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Oydin Hojiyevaning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//