Sohasidan qatʼi nazar barcha maʼnaviyatchi boʻlishi kerak – Baxtiyor Husanov

Saqlash
21:05 / 18.05.2023 2617 0

Buxoro shahrida “Uchinchi Renessans-maʼrifatli jamiyat sari” mavzusida oʻtkaziladigan Respublika anjumani oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 100 nafardan ziyod maʼnaviyat fidoyilari, ziyolilar, olimlar, oʻzbek milliy sanʼatining dargʻalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

 

Matbuot anjumanida “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati rahbari Baxtiyor Husanov soʻzga chiqib, mazkur tadbir haqida maʼlumot berdi. Unga koʻra, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati, Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida joriy yilning 18 – 20-may kunlari Buxoro viloyatida “Uchinchi Renessans – maʼrifatli jamiyat sari!” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani doirasida qator ijtimoiy loyihalarni oʻtkazish rejalashtirilgan.

 

 

«Maʼnaviyatni tanqid qilayotgan jurnalistlar Oʻzbekiston fuqarosi. Maʼnaviyat soʻzi, maʼrifat soʻzi odamni yomonlikka chaqiruvchi yoki odob-axloq qoidalaridan chiqaruvchi narsa emas. Aslida barchamiz maʼnaviyat uchun kurashishga masʼulmiz. Chunki shu vatanda, shu yurtda, shu xonadonda bizning farzandlarimiz ham voyaga yetyapti. Biz esa sohamizdan qatʼiy nazar maʼnaviyatchi boʻlishimiz kerak. Shundagina avlodlarimizga yorqin va porloq, sogʻlom jamiyatni qoldiramiz.

 

Misol keltiraman, bir anjumanda ishtirokchilar nima uchun biz maʼnaviyat bilan shugʻullamishimiz kerak, axir sohaning masʼullari borku, deyishdi. Shunda bir olim «agar siz shugʻullanmasangiz boshqalar shugʻullanadi sizning farzandingizning maʼnaviyati bilan, dedi.

 

Endi eʼtibor bersak, 5-10 yildan keyin maʼnaviyatimiz qanday holga kelib qoldi?! Axir ayni vaqtda ham insoniyatning aqliga sigʻmaydigan holatlar roʻy beryapti. Turli rangli bayroqlarni koʻtarib chiqayotgan insonlar bor boshqa davlatlarda. Shunaqa jamiyat boʻlishimizni oʻylasak, oʻzimizning yuragimiz orqaga tortadi. Shu kabi anjumanlar, uchrashuvlarni tashkil qilishimiz bejizga emas», dedi Baxtiyor Husanov.

 

Qayd etilishicha, anjumandan koʻzlangan asosiy maqsad maʼnaviy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, mamlakatda faoliyat yuritayotgan ziyolilar uchun ilmiy-maʼrifiy muloqot maydonini tashkil etish orqali, ular oʻrtasida oʻzaro tajriba almashinish uchun xizmat qiladigan maʼnaviy koʻprik yaratishdan iborat. Bu albatta kelgusida ziyolilarimiz, ayniqsa yosh tadqiqodchilarning ijtimoiy va ilmiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//