Hindiston va Buyuk Britaniyada koronavirusning yangi  – Eris mutatsiyasi tarqalmoqda

Saqlash
15:08 / 10.08.2023 1167 0

Shu kunlarda dunyoning baʼzi mintaqalarida COVID-19 infeksiyasi yana faollasha boshladi. Bu holat koronavirusning yangi EG.5.1 subvarianti tarqala boshlagani bilan izohlanmoqda.

 

Xususan, Eris deb nomlangan mazkur mutatsiya ilk bor shu yilning mart oyida Hindistonda aniqlangan edi. Bir oy avval esa u Buyuk Britaniyada ham qayd etildi.

 

Hozir har ikki mamlakatda EG.5.1ni yuqtirganlar soni ortib bormoqda. Jumladan, Hindistonda bu mutatsiya bilan xastalangan bemorlar soni 1574 nafarga yetgan.

 

Buyuk Britaniyada esa iyul oyi birinchi yarmida COVID-19 tashxisi qoʻyilganlarning taxminan 11,8 foizida Eris aniqlanayotgandi. Avgust oyidagi maʼlumotlar bu koʻrsatkich 14,6 foizga oshganini tasdiqladi.

 

Hozir JSST ekspertlari virusni yuqtirganlar soni jadal oʻsishi mumkinligidan xavotirda. Bu dunyodagi epidemiologik vaziyatga jiddiy taʼsir koʻrsatmay qolmaydi.

 

Eslatib oʻtamiz, “omikron” shtammining subvarianti hisoblangan EG.5.1 aksariyat hollarda burun oqishi, bosh va tomoq ogʻrigʻi, aksirish hamda holsizlik kabi alomatlar bilan namoyon boʻlmoqda. Hozircha yangi mutatsiyaning yuquvchanlik darajasi va asoratlari haqida yakuniy xulosalar yoʻq.

 

Ammo Buyuk Britaniyada Eris tufayli shifoxonada yotib davolanuvchilar soni ortgan. Shulardan kelib chiqqan holda, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti EG.5.1 ni kuzatuv ostidagi subvariantlar roʻyxatiga qoʻshdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//