Asakalik tadbirkorlar gul changgidan dori ishlab chiqaradi

Saqlash
10:08 / 13.08.2021 998 0

     Ona tabiat siru sinoatga boy. Har bir o‘simlikda ildizidan changgiga qadar inson salomatligiga koni foyda yashiringan. Andijon viloyatida faoliyat olib boruvchi “Asaka” asalarichilik agro fermer xo‘jaligi 700 dan ortiq karpat zotli asalarilarni goh tog‘ sharoitida, goh paxta dalalarida, pista maydonlarida parvarishlaydi. Aqlli arilar daraxtlar, gullar va boshqa xil o‘simliklardan chang yig‘ib kelib, o‘z uyalarini asalga to‘ldiradi va eng qizig‘i, arilar bir-birlarining uyalarini adashtirmaydi.

     “Asaka” asalarichilik agro fermer xo‘jaligi rahbari Elmurod Chekalovning ta’kidlashicha, karpat zotli asalarilar turli iqlim sharoitiga moslashuvchan bo‘lib, bitta oila (quti)dan o‘rtacha 15-20 kilo asal olinadi. Ob-havo ochiq va quyoshli bo‘lsa bundan ham ko‘p asal olish mumkin.

     — Pandemiya sharoiti faoliyatimizga ta’sir qilmadi. Sababi bizga quyosh charaqlab tursa kifoya. Asosiy ishimiz ochiq tabiat bilan bog‘liq. Arilarni yilda 3-4 marta kanaga qarshi dorilaymiz, xolos. Qolgan ishlarni o‘zlari bajaradi hisob: o‘zlari chang topib oziqlanadi, o‘zlari uyalarini topib qaytib keladi.
    Xo‘jalik qoshida asal qadoqlash syexlarimiz ham bor. U yerda 50 grammgacha asal idishlarga qadoqlanadi va shartnoma asosida hamkorlik o‘rnatgan tashkilotlarga yetkaziladi. Asallarning tog‘ asali, paxta asali, yana quritilgan mevalar aralashgan asallar kabi ko‘plab turlari bor, shunga qarab ular 40 mingdan 60 minggacha baholanadi. Kelgusi yilda O‘rmon xo‘jaligi vzirligi bilan hamkorlikda daraxtlardagi gul changgidan tabletka ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Bu tabletkalar darmondori vazifasini o‘taydi. Masalan, olma daraxti changgidan tayyorlangan dorining bir donasi 7 ta olma yegan bilan barobar kaloriya beradi. Buning uchun bizga 7 xil maxsus uskuna kerak. Biz davlatdan kredit olgan holda 2021 yilda Xitoydan buyurtma asosida uskunalarni sotib olib, faoliyatni boshlashni reja qilganmiz, — deydi tadbirkor.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//