2023-yilda O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi 5,5 foizni tashkil qildi

Saqlash
09:01 / 10.01.2024 765 0

Jahon banki O‘zbekistonning 2023-yilgi iqtisodiy o‘sishini 5,5 foizga baholadi. Mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmi bo‘yicha yaqin ikki yil uchun ham shunday prognoz berildi. Bu haqda har chorakda chop etiladigan “Jahon iqtisodiyoti istiqbollari” hisobotining so‘nggi sonida ma’lumotlar taqdim etildi.

 

2023-yil boshida Jahon banki O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishini 4,9 foiz darajasida prognoz qilgan bo‘lsa, iyun oyida ko‘rsatkichni 5,1 foizga, oktabr oyida esa 5,5 foizga yaxshilagan edi.

 

Yevropa va Markaziy Osiyodagi iqtisodiy vaziyatga baho

 

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa va Markaziy Osiyoda (YeMO) iqtisodiy o‘sish 2022-yildagi 1,2 foizdan 2023-yilda 2,7 foizgacha oshgan. O‘sishning bunday tezlashishiga ichki talabning kengayishi (byudjetni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha choralari tufayli), mehnat bozoridagi barqaror vaziyat hamda Rossiya va Ukrainadagi yangilangan o‘sish sabab bo‘ldi.

 

Biroq, agar ushbu davlatlar va Turkiya hisobga olinmasa, 2023-yilda YeMO mintaqasida iqtisodiy o‘sish 1,8 foizga sezilarli sekinlashgan. Sekinlashish mintaqaning barcha hududlarini qamrab olgan va umumiy iqtisodiyotning 78 foiziga ta’sir ko‘rsatgan.

 

Yevrohududdagi zaif tashqi talabning ta’siri, ayniqsa, Markaziy Yevropa (submintaqalar orasida eng zaif o‘sish — 0,7 foiz) va G‘arbiy Bolqonda sezilarli bo‘lgan.

 

Iqtisodiy o‘sish Janubiy Kavkazda ham sekinlashgan, lekin Markaziy Osiyoda tezlashgan. Pul o‘tkazmalari oqimi Armaniston, Qirg‘iziston va Tojikistonda talabni saqlab qolishda muhim rol o‘ynagan.

 

Sharqiy Yevropada iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari ijobiy saldoga qaytgan. Masalan, Ukrainada o‘sish sur’ati 4,8 foizni tashkil etgan. Ushbu ijobiy tendensiyaga qaramay, Ukrainaning 2023-yildagi ishlab chiqarish hajmi Rossiyaning mamlakatga bostirib kirishidan oldingi darajadan 30 foiz pastroq ko‘rsatkichda qoldi.

 

Prognoz

 

YeMO mintaqasida iqtisodiy o‘sish 2024-yilda 2,4 foizgacha pasayishi, 2025-yilda esa 2,7 foizgacha o‘sishi kutilmoqda. Ushbu o‘sishning asosiy omillari inflyatsiya bosimini yumshatish bilan qo‘llab-quvvatlanadigan xususiy iste’mol, shuningdek, yevro hududi iqtisodiyotining bosqichma-bosqich tiklanishi bilan rag‘batlantirilgan eksport hisoblanadi.

 

“Biroq Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bilan bog‘liq noaniqlik mintaqa istiqbollarini belgilashda muhim rol o‘ynaydi. Bu ikki davlatni hisobga olmasa, mintaqadagi o‘sish sur’atlari joriy yilda 3,1 foizga, 2025-yilda esa 3,7 foizgacha tezlashishi kutilmoqda”, — deya ta’kidlanadi Jahon banki prognozida.

 

Aksariyat YeMO mamlakatlari inflyatsiyaning prognoz qilinayotgan pasayishi sharoitida pul-kredit siyosatini yumshatishda davom etishi mumkin. Biroq, bank tahlilchilarining ta’kidlashicha, kutilayotgan budjet konsolidatsiyasi bu istiqbollarni yopib ketadi.

 

Pandemiyaning davom etayotgan oqibatlari va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi tufayli mintaqadagi o‘sish pandemiyadan oldingi tendensiyalardan past bo‘lishi kutilmoqda. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, YeMO mintaqasida aholi jon boshiga daromad darajasining yaqinlashuv sur’ati sekin darajada qolishi kutilyapti, shu sababli aholi jon boshiga o‘rtacha daromad darajasi 2025-yilda Yevropa Ittifoqi ko‘rsatkichining atigi 24 foizini tashkil etadi.

 

Energiya va oziq-ovqat narxlari bosimi pasaygani sababli mintaqadagi inflyatsiya sekinlashdi, lekin hali ham aksariyat mamlakatlarda maqsadli ko‘rsatkichdan yuqoriligicha qolmoqda.

 

“Sust iqtisodiy faollik va inflyatsiyaning sekinlashuvi fonida ko‘plab mamlakatlarda asosiy stavkalar maksimal darajaga yetdi, bu esa ayrim markaziy banklarning stavkalarni pasaytirishni boshlashiga turtki bo‘ldi”, — deya qayd etgan Jahon banki.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//