“Narxi sunʼiy oshirib yuborilgan”. Prezident xususiylashtirish boʻyicha ishlar holatini tanqid qildi

Saqlash
11:01 / 16.01.2024 901 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024-yilda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida xususiylashtirish boʻyicha ishlar holati tahlil qilindi.

 

Qayd etilishicha, masalan “Donmahsulot” tarkibidagi savdoga chiqarilgan 43 ta korxonadan bor-yoʻgʻi 10 tasi sotilgan. Ayrimlari 2-3-yildan beri sotilmasdan turibdi. Bunga sabab xususiy sektorga bermaslik uchun narxi sunʼiy oshirib yuborilgan.

 

Davlat rahbari tomonidan mutasaddilarga sotilmasdan turgan 33 ta don korxonasi narxini bozor qiymatiga keltirib, joriy yilda sotilishini taʼminlash vazifasi qoʻyildi.

 

Shuningdek, xususiylashtirish dasturiga kiritilgan 484 ta davlat aktivlari savdoga chiqarilmayotgani tanqid qilindi. Vaholanki, bularning hisobidan yana 200 milliard soʻm tushum qilsa boʻlardi. Vazirlar Mahkamasiga qoloqliklarni bartaraf etib, 2024-yilda 20 trillion soʻm tushum taʼminlaydigan yangi xususiylashtirish dasturini kiritish topshirildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//