Oʻzbekiston hududida boʻlishi nomaqbul deb topilgan shaxslar mamlakatdan chiqarib yuboriladi

Saqlash
18:06 / 12.06.2024 299 0

“Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartirish kiritilmoqda. Bu boʻyicha qonun loyihasi ishlab chiqilib, qonunchilik tashabbusi huquqi asosida quyi palataga kiritilgan.

 

Taʼkidlanishicha, qonun loyihasi hozirgi globallashuv sharoitida Oʻzbekiston suvereniteti va hududiy yaxlitligini muhofaza qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni belgilash zarurati yuzasidan ishlab chiqilgan.

 

Hujjatda nazarda tutilgan bandlar Qozogʻiston, Ozarbayjon, Rossiya Federatsiyasi, Polsha, Belarus, XXR kabi davlatlarning ilgʻor tajribasidan oʻtgan.

 

Qonun loyihada birinchi navbatda chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasida boʻlishi nomaqbul deb topish asoslari va tartibi belgilanmoqda.

 

Mazkur shaxslar tomonidan quyidagi mazmundagi ommaviy chiqishlar qilish yoxud harakatlar sodir etish ularni Oʻzbekiston Respublikasida boʻlishi nomaqbul deb topish uchun asos boʻladi:

◻️ Oʻzbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid boʻlgan ommaviy chiqishlar;

◻️ davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi ommaviy chiqishlar;

◻️ Oʻzbekiston xalqining shaʼnini, qadr-qimmatini yoki tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlar.

 

Ikkinchi navbatda, mamlakatda boʻlishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga besh yil davomida quyidagilar taqiqlanadi:

▪️ Oʻzbekistonga kirish;

▪️ banklarda hisobvaraq ochish;

▪️ koʻchmas mulk sotib olish;

▪️ davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish;

▪️ moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishish.

 

Shuningdek, Oʻzbekistonda vaqtincha turgan yoki doimiy yashaydigan chet el fuqarosi yoki vaqtincha turgan fuqaroligi boʻlmagan shaxsning mamlakatda boʻlishi nomaqbul deb topilishi uning Oʻzbekiston hududida qonuniy asoslarda yashash va boʻlish huquqini bekor qilishga hamda mazkur shaxs deportatsiya qilinishga sabab boʻladi.

 

Bundan tashqari, qonun loyihasida mamlakatda boʻlishi nomaqbul deb topilgan shaxslarni deportatsiya qilish asoslari va tartibi ham nazarda tutilgan.

 

Yaʼni, shaxs mamlakatda boʻlishi nomaqbul deb topilganligi toʻgʻrisida Tashqi ishlar vazirligi xabarnomasini olgan kundan eʼtiboran 10 kun ichida ixtiyoriy ravishda Oʻzbekistondan chiqib ketishi kerak. Agar ushbu muddat ichida ixtiyoriy ravishda chiqib ketmasa, mazkur shaxs ichki ishlar organlari va boshqa vakolatli organlar tomonidan deportatsiya qilinadi, yaʼni majburiy tarzda chiqarib yuboriladi.

 

“Qonun loyihasi Oʻzbekistonning davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligini mustahkamlashga, yurtimizda davlatlararo, millatlararo, dinlararo ahillik, totuvlikni himoya qilishga hamda Oʻzbekiston xalqining shaʼni, qadr-qimmati va tarixi hurmat qilinishini taʼminlashga qaratilgan”, deyiladi Qonunchilik palatasi axborotida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//