Yangi Ijod uyi foydalanishga topshirildi

Saqlash
18:08 / 27.08.2021 1850 0

Bugun Toshkent viloyatining Zarkent qishlog‘ida O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga tuhfa sifatida qurib bitkazilgan “Parkent ijod uyi”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda  davlat va jamoat vakillari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Toshkent viloyat hokimligi, “O‘zavtosanoat” AJ, taniqli adib va shoirlar, yosh ijodkorlar, jurnalistlar ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 dekabr kuni Toshkent shahrida barpo etilgan Adiblar xiyoboniga va A.Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga tashrifi davomida bergan topshirig‘ida, shuningdek, “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 5 apreldagi qarorida Toshkent viloyatida “Parkent ijod uyi”ni qurib foydalanishga topshirish vazifasi berilgan edi. Ushbu go‘zal maskan “O‘zavtosanoat” AJ tomonidan qurib bitkazildi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Abdujabbor Abduvaxitov, Bosh vazir  o‘rinbosari Behzod Musayevning tabrigi eshitildi. Yozuvchilar uyushmasi raisi S.Saidov, O‘zbekiston xalq shoiri M.Toir Yangi O‘zbekistondagi adabiy islohotlar haqida gapirib o‘tdi. O‘zbekiston qahramoni Ibrohim Gʻofurov ham bu dargohda hali ko‘plab romanlar yozilishini aytib, yosh ijodkorlarga iliq tilaklar bildirdi. Shundan so‘ng tabdirning rasmiy qismi tugab, kuy-qo‘shiqlar mehmonlar ko‘nglini xushnud etdi. 

So‘ngra yig‘ilganlar yangi ijod uyi bilan tanishtirildi. Qizil lentalar kesilgach, ustozlar oq fotihasi bilan ichkariga qadam bosildi. Bino zamonaviy andozalar asosida qurilgan bo‘lib, 152 o‘ringa mo‘ljallangan, 32 xonadan iborat. 2 gektar yer maydonida joylashgan inshoot ochiq va yopiq suv havzasiga, kutubxona, oshxona, choyxona, sport maydoni hamda 150 o‘rinli amfiteatrga ega.

Oromgoh hovlisida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Matbuot va axborot agentligi tomonidan yangi chop etilgan kitoblar ko‘rgazma-savdosi tashkil etildi. Tadbir davomida "Buyuk o‘zbek yo‘li" publisistik to‘plami, "Orzular xiyoboni" hikoyalar to‘plami, "Kelajakka boshlaydi ishonch" she’riy to‘plami hamda Turkiyada professor Munevver Tekjan tomonidan nashrga tayyorlangan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, "Fidokorona xizmatlari uchun" ordeni sohibi Zokirjon Mashrabov haqida "Bobur izida o‘tgan bir umr" kitobining taqdimot marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Tushlikdan so‘ng ijodkorlarning o‘zaro diltortar suhbatlari, mushoiralari boshlanib ketdi. Ijod uyi sentyabr oyidan boshlab mehmonlarni qabul qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//