Behuda yashamabman

Saqlash
11:08 / 31.08.2021 1052 0

 

Qaysi jabhada bo‘lishidan qat’iy nazar, uzoq yillar mehnat qilgan kishining davlat tomonidan rag‘batlantirilishi, albatta, katta voqea. Avvalo, bunday e’tirof insonga ichki mamnuniyat baxsh etadi. Uning dilidan, tilidan “Demak, men shuncha yillar behuda yashamabman, qilgan ishlarim yurtimga, xalqimga ozmi-ko‘p foyda keltiribdi, Allohga shukr!” degan tuyg‘ular, so‘zlar kechadi. Qolaversa, unga katta ma’naviy kuch bag‘ishlaydi. Yanada faolroq, jadalroq ishlashga undaydi.

O‘zim misolimda aytadigan bo‘lsam, ko‘pincha safarlarda yuraman. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Respublika Ma’naviyat markazi yo‘llanmasi bilan mamlakatimiz bo‘ylab shahar va qishloqlarda tadbirlar uyushtiramiz. Shoir va yozuvchilar, olim va san’atkor qatori ko‘ngildagi gaplarni aytamiz. She’rlarimizdan o‘qib beramiz. Umumxalq bayramlari, muhim sanalar haqida ma’lumot yetkazamiz, mazmun-mohiyati borasida so‘zlaymiz. So‘ngra yurtdoshlarimizning fikr-mulohazalariga quloq tutamiz. Muammolarini eshitamiz, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatamiz.

Aytish joizki, so‘nggi besh yilda odamlar qo‘rqmay, bemalol so‘zlaydigan, ochiq gapiradigan bo‘ldilar. Prezidentimiz boshlagan islohotlar borasida shaxsiy fikrlarini bildiryaptilar. Bu esa yozuvchi-shoirlar uchun bitmas-tuganmas ijod manbaidir.

Orden olishimni sira-sira kutmagandim. Avvallari kim mukofotga tavsiya etilsa, ko‘plab hujjatlar tayyorlardi, oldindan xabardor bo‘lardi. Boshqa ijodkorlar ham mukofotlanaman deb hech o‘ylamagan ekan. Bugun har kim halol mehnat qilsa, e’tibordan chetda qolmasligiga ishonmoqda. Bu ishonch esa belga g‘ayrat kamarini mahkam bog‘lab, ijod qilish ishtiyoqini oshirmoqda.

Minnatdorlik, shukronalik tuyg‘ulariga to‘lgan holda yurtdoshlarimizni Mustaqilligimizning shonli 30 yillik bayrami bilan qizg‘in tabriklayman. Bundan keyin ham Vatanimga, millatimga sidqidildan xizmat qilaman. Zamondoshlarimiz, ulug‘ ajdodlarimiz haqida doston, qissa, romanlar yozaveraman. Toki yoshlarimiz xalqimizning o‘tmishi naqadar buyuk bo‘lgani, ertasi undan ham go‘zal bo‘lajagini anglagan holda dadil qadam tashlasinlar! Hayot yo‘llarini to‘g‘ri tanlasinlar, Mustaqilligimizning munosib vorislari bo‘lib yetishsinlar!

Chorsham RO‘ZIYEV,

shoir, “Do‘stlik” ordeni sohibi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//