Bolalarda noma’lum jigar xastaligi uchrayotgani haqida ma’lumot berildi

Saqlash
13:04 / 25.04.2022 1083 0

Dunyoning qator mamlakatlarida tarqalayotgan noma’lum infeksiya bolalarning jigariga jiddiy ziyon yetkazayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kuni kecha bo‘lib o‘tgan brifingda ushbu xavfli xastalik yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.
 

Qayd etilishicha, mazkur virusning belgilari ham, asoratlari ham gepatitniki bilan juda o‘xshash. Ammo tekshiruvlarda u gepatitning hech bir, ya’ni A, B, S, D va E turlariga mansub emasligi ma’lum bo‘ldi.
 

Hozirgacha bu xastalikka chalingan bolalar soni Buyuk Britaniyada 114, Ispaniyada 13, AQSHda 9, Daniyada 6, Irlandiyada 5, Isroilda 2 nafarni tashkil etmoqda. Niderlandiya va Italiyada ham 4 nafardan o‘g‘il-qizda infeksiya aniqlandi. Qolaversa, Fransiya va Norvegiyadan ikki nafardan, Belgiya hamda Ruminiyada esa bir nafardan  bemorda virus qayd etildi.

 

Tahlillarga ko‘ra, bemorlar orasida bir oylik chaqaloqdan 16 yoshli o‘cmirlargacha bor. Eng yomoni, ulardan bir nafari kasallik asoratlari tufayli hayotdan ko‘z yumdi.

 

Umuman, hozir infeksiyani yuqtirganlarning o‘n foizi hayoti jiddiy xavf ostida. Ularda tezkor jigar transplantasiyasi o‘tkazish talab etilmoqda.

 

JSSTning bayonotida xastalik qorin og‘riqi, diareya, qayt qilish singari alomatlar bilan namoyon bo‘layotgani aytiladi. Aksariyat hollarda yuqori tana harorati kuzatilayotgani yo‘q.

 

Ammo dastlabki tahlillarga ko‘ra, 74 nafar bemor bolada adenovirus asoratlari kuzatilgan. Shunga qaramay, mutaxassislar kasallikning kelib chiqishi qaysidir turga mansub mavjud viruslar bilan bog‘liq, degan aniq xulosani aytishga shoshilgani yo‘q, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//