O‘zbekiston xorijiy sarmoyadorlarni nega qiziqtirmoqda?

Saqlash
12:10 / 11.10.2021 964 0

    Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki olti oyida yalpi ichki mahsulot 6,2 foizga o‘sdi. Holbuki, o‘tgan yilning shu davrida koronavirus pandemiyasi ta’siri tufayli iqtisodiyot atigi 1,1 foizga, 2021 yilning dastlabki uch oyida esa 3 foizga o‘sgan edi. Bunga yalpi ichki mahsulot o‘sishida mamlakatga kirib kelayotgan xorijiy sarmoyalar hajmining ortib borayotgani ham muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda, deyiladi Dunyo axborot agentligi e’lon qilingan maqolada.

  Unda yozilishicha, ko‘pchilik mutaxassislar O‘zbekiston xorijiy sarmoyadorlarni nega qiziqtirayotganiga quyidagi bir necha omillarni sabab qilib keltirgan:

Birinchi omil – mamlakat malakali, bilimli va nisbatan arzon ishchi kuchiga ega ekanligi.


Ma’lumki, O‘zbekiston boy inson resurslariga ega, Markaziy Osiyodagi yosh, jadal rivojlanayotgan, tashabbuskor davlat hisoblanadi. Respublikamiz mehnatsevar aholisining o‘rtacha yoshi 25 yoshni tashkil etadi. 
O‘zbekistonda bugungi kunda 19,2 million mehnat resursi mavjud bo‘lib, shundan iqtisodiy faol aholi 15 million nafarni tashkil qilmoqda va bu ko‘rsatkich har yili 500 mingdan ziyod kishiga ko‘paymokda.


Ikkinchi omil esa mamlakatning jo‘g‘rofiy jihatdan qulay joylashuvi va uning boy mineral resurslar bazasiga ega ekanligidir.


Ma’lumki, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning markazida joylashgan bo‘lib, butun mintaqaning barqarorligi va iqtisodiy rivojlanishini ta’minlaydi. Mamlakatga investitsiya kiritayotgan xorijiy kompaniyalar eng yirik va eng jadal o‘sib borayotgan bozorlarga chiqish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. Xususan. Erkin savdo zonasi to‘g‘risidagi kelishuv O‘zbekistonning MDH davlatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini rivojlantirishga ijobiy tasir ko‘rsatadigan muhim mexanizmlardan biridir. Shunday qilib, mazkur kelishuv doirasidagi erkin savdo shartlari o‘zbek ishlab chiqaruvchilarining 74 million aholiga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo bozorlariga va 300 million aholiga ega MDH davlatlariga bojsiz kirish imkoniyatini bergani holda MDH iqtisodiy makonida sanoat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, yengil sanoat va metallurgiya mahsulotlarini yanada samarali ilgari surish uchun barcha sharoitlarni yaratadi.
O‘zbekiston yerosti boyliklari 2 ming 800 dan ortiq kon va turli foydali qazilmalar. jumladan, 100 ga yaqin mineral xom-ashyo turlarini o‘z ichiga qamrab oladi. Foydali qazilmalarning tasdiqlangan zaxiralariga ko‘ra, mamlakat nafaqat MDH miqyosida, balki butun dunyoda yetakchi o‘rinlarni egallaydi.


Uchinchi omil ijtimoiy-siyosiy, makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlik bilan izohlanadi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan buyon mustahkam makroiqtisodiy barqarorlikni saqlagan holda yuqori sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda. Yalpi ichki mahsulot o‘sishi yiliga o‘rtacha 5 foizni tashkil etmoqda.
Dunyoda koronavirus pandemiyasining davom etishiga qaramasdan, O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari bo‘lgan davlatlar iqtisodiyotidagi vaziyat yilning birinchi yarmida barqarorlashib, o‘sish tamoyili qaytishiga intilmoqda. 
Iqtisodiyotga investitsiyalar oqimi o‘tgan yilning va joriy yilning birinchi choragidagi pasayishni bekor qildi va ijobiy dinamikaga qaytdi. Investitsiyalarning salmoqli oqimi tijorat banklari tomonidan jalb qilingan kreditlar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va xorijdan kredit mablag‘larining o‘sishi bilan bog‘liqdir. Tashqi savdoda ham pasayishni bartaraf etishga muvaffaq bo‘lindi. Joriy yilning yanvar-avgust oylari yakuni bilan respublikaning tashqi savdo aylanmasi qariyb 25 milliard AQSH dollarini tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 1,6 foizga o‘sdi.


J.P.Morgan investitsiya banki 2021 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining 8,1 foizga o‘sishini prognoz qilmoqda. Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston suveren xalqaro obligatsiyalarining narxlari makroiqtisodiy holatning yaxshilanayotganini aks ettiradi.
Xalqaro reyting agentliklari ham O‘zbekiston hukumatining COVID-19 pandemiyasiga qaramasdan, islohotlarni jadal tarzda davom ettirayotganini e’tirof etmoqda. Xususan, Moody’s xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning uzoq muddatli kredit reytingini «V1» darajasida saqlab qoldi, biroq “barqaror” prognozini “ijobiy”ga o‘zgartirdi. Prognozning o‘zgarishiga mamlakatning institutsional salohiyati yaxshilangani va davlat siyosati samaradorligi ijobiy ta’sir ko‘rsatgani ta’kidlab o‘tilmoqda.
Moody’s O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti YAIM o‘sishi 2021 yilda 5,5 foizgacha va 2022 yilda esa 6,3 foizgacha ko‘tarilishini kutmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//